Buyuk mamlakatning buyuk bayrami
31.08.2009

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Istiqlolimizning 18 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

O‘n sakkiz yil. Kamolot yoshi. Ma’naviy yetuklik ayyomi. Bilaklar kuchga to‘lgan, yuraklar ishonch, umid, muhabbat bilan depsinayotgan navqironlik pallasi. Istiqlolimiz tom ma’noda ana shu kamolot yoshiga qadam qo‘ydi. Dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni, o‘z salohiyati, o‘z so‘ziga ega, iqtisodiy jihatdan qudratli, ilmu ma’rifat bobida benazir Vatanimizda bu yillar yangi jamiyat, yangi davlat qurish yo‘lida asrlarga teng yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramini nishonlayotgan vatandoshlarimiz hayotimizdagi, turmushimiz, o‘y-fikrlarimizdagi ulkan o‘zgarishlar Istiqlol tufayli ekanini teran anglaydilar. “Mustaqillik biz uchun – o‘zligimizni anglash, yurt tinchligi va barqarorligining, inson manfaati, erkinligi va farovonligining, biz ko‘zlagan demokratik jamiyat barpo etishning garovidir” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ushbu ulug‘ ayyom yurtdoshlarimiz qalbiga so‘ngsiz iftixor, g‘urur bag‘ishlaydi.

2009 yil, 31 avgust. Bugun azim Toshkentning barcha ko‘chalari bizni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga eltadi. Shafaq ol rangda tovlanadi. Ko‘chalarni to‘ldirgan odamlar oqimi minglab chiroqlar nuridan shu’lalanayotgan ramziy minoralar tomon oshiqadi. O‘zbekning eng katta bayrami shu yerdan boshlanadi va butun yurt uzra parvoz qiladi. Vatanimiz sarhadlari bo‘ylab kezayotgan bu sarrin yel eng chekka qishloqdagi xonadonlargacha kirib boradi.

O‘zbekiston Milliy bog‘iga hukumat a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan.

Soat 19.30. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.

Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.

Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning o‘n sakkiz yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

Maydon uzra taralayotgan kuy va qo‘shiqlar go‘yo Istiqlol kitobining o‘n sakkiz sahifasini birma-bir varaqlagandek, ko‘z o‘ngimizda o‘n sakkiz yillik tarix tajalli etgandek bo‘ladi. O‘zbekistonimiz o‘tgan qisqa davr mobaynida asrlar bilan bo‘ylashadigan dovonlarni oshib o‘tdi, yuz yilliklarga teng taraqqiyotga erishdi.

Yurtboshimiz rahnamoligida istiqlol yillarida huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar saylov tizimini erkinlashtirish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bugun O‘zbekiston saylov qonunchiligi demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. 2009 yil dekabr oyida mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga bo‘lajak saylovlarni yuksak demokratik saviyada, ochiq va oshkora o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni partiyalarning mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashga yo‘naltirilgan islohotlarni amalga oshirishdagi rolini, fuqarolik jamiyati institutlari hamda bevosita aholining saylov jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirdi, saylov tizimi yanada liberallashuvini ta’minladi. Bu qoidalarda Parlamentning quyi palatasida deputatlik o‘rinlari 150 taga yetkazildi, 135 nafar deputat hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida, 15 nafar deputat esa O‘zbekiston ekologik harakatidan saylanishi belgilab qo‘yildi.

Maydonda taralayotgan ohanglar oshufta dillarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. Qo‘shiqlar sehridan ko‘ngillar sururga to‘ladi. Turfa ranglar og‘ushida jilolanayotgan raqslar qanotida ozod va obod Vatan manzaralari, xalqimizning ezgu orzu-umidlari namoyon bo‘ladi. Bayram dasturi orqali ifoda etilayotgan o‘n sakkiz yillik hayotimiz, qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarimizga boqib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz yanada mustahkamlanadi…

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ta’siri va salbiy oqibatlarini yumshatish, yuzaga kelayotgan vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlayotgan, ommaviy ishsizlikning oldini olish, aholining turmush darajasini ko‘tarish choralarini ko‘rayotgan bir vaziyatda bizning xalqimiz Vatan ravnaqi yo‘lida azmu shijoat bilan mehnat qilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qabul qilingan islohot va modernizatsiyaning “o‘zbek modeli”da belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilmoqda.

O‘zbekistonda moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimi, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori korxonalari va tarmoqlarining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun yetarli darajada mustahkam zaxiralar yaratilgan.

Mana, 18 yildirki, mamlakatimizdagi siyosiy barqarorlik, yuksalib borayotgan turmush darajasi, qulay investitsion muhit tufayli yuzlab xorijiy davlatlar O‘zbekistonga ishonchli sherik sifatida qaramoqda. Xalqaro ekspertlar taraqqiyot modelimizni “O‘zbekiston mo‘jizasi” deb baholamoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” kitobi o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilingani va ilmiy asosda chuqur o‘rganilayotganining boisi ham shunda.

Eng go‘zal she’r Vatan haqidagi she’rdir. Eng jozibali qo‘shiq Vatan haqidagi qo‘shiqdir. Vatan haqidagi qo‘shiq boshlanadi. Qalblarga titroq, ko‘zlarga halqa-halqa yosh inadi bu qo‘shiqdan! Bu sevinch yoshlari.

Iqtisodiyotimizning jahon xo‘jalik va moliyaviy-iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuv jarayoni chuqurlashib borayotgan bir sharoitda jahon moliyaviy inqirozi bizni chetlab o‘tishi, uning salbiy oqibatlari bizga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas edi. O‘zbekistonda har tomonlama asoslangan tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, faol investitsiya siyosati, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturini amalga oshirish, eksportga yo‘naltirilgan yangi ishlab chiqarishlarning tashkil etilishi, ishlab chiqarish infratuzilmasi va transport kommunikatsiyalarining jadal rivojlantirilishi dunyoning aksariyat mamlakatlari uchun xos bo‘lgan inflatsiyaning o‘sishi, ishlab chiqarishning pasayishi, savdo balansining salbiy saldosi, investitsion faollikning susayishi, ishsizlikning o‘sishi, aholi turmush darajasi va real daromadlarining keskin tushib ketishining oldini olibgina qolmay, balki iqtisodiyotni barqaror va muvozanatlashgan holda rivojlantirish imkonini berdi.

2009 yilning birinchi yarmida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,2 foizni tashkil etgani e’tiborga molikdir. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,3 foiz miqdordagi profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi, iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Bank tizimining investitsiya faoliyatini kuchaytirish, eng muhim investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish, qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmining 32,7 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishning 2,6 baravar o‘sishini ta’minladi. Ularning 71,1 foizi bevosita ishlab chiqarishga yo‘naltirilgani ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi qurilishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga yo‘naltirilgan, yangi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan 667 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 2009 yilning birinchi yarmida 193 ishlab chiqarish obyekti faoliyat boshladi. Mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 95 yangi turini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, bunday mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini 1,8 baravar oshirish, 708 million AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish va sotish imkonini berdi.

Biz bugundan gapirganda, ertani o‘ylaydigan, ertadan so‘zlaganda, kechani unutmaydigan xalqmiz. Shodumon kunlarimizdan masrur bo‘lganimizda qorong‘u tunlarimizni eslaymiz va yorug‘ kunlarga yetkazganiga shukur qilamiz. Istiqlol istiqbol ekanini, Istiqlol mas’uliyat ekanini yaxshi bilamiz. Yashash mas’uliyati, Vatanga sadoqat, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, ota-bobolar merosini asrash, yurtni obod qilish mas’uliyati hech qachon bizni tark etmaydi. Shu bois yurtimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin, rizqimiz but, topganimiz barakali.

Dehqon borki, tabiat injiqliklarini ko‘tarib, yengib keladi. Goh qurg‘oqchilik, goh sel… Erta ko‘klamdagi surunkali yomg‘irlardan esankiramagan mirishkorlarimiz, sohibkoru g‘allakorlarimiz peshona teri evaziga mo‘l-ko‘l hosil yetishtirildi. G‘allakorlarimizning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz g‘allachilik tarixidagi eng yuksak natija – 6 million 600 ming tonnalik ulkan xirmon bunyod etildi.

Aholi bandligi darajasini oshirishning eng muhim manbalaridan bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish doimiy e’tiborda.

Mamlakatimizda mehnatni rag‘batlantirish, ish haqini ko‘paytirish va aholi daromadlari o‘sishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy siyosat amalga oshirilmoqda. 2008 yilda o‘rtacha ish haqi 1,4 barobar oshdi. Aholining real daromadlari esa yil davomida jon boshiga 23 foiz ko‘paydi. 2009 yilda ish haqi miqdorini 1,4 barobar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan va bu boradagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

2009 yil 22 may kuni Toshkentda, oltmishdan ziyod mamlakat vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlari yuksak baholangani bejiz emas.

Shunday hayajonli lahzalarda, farahbaxsh daqiqalarda bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlagisi, ko‘krak kerib, xalqimiz qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlardan g‘ururlangisi keladi kishining.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2007-2010 yillarda umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi bugungi kunda respublikamizning barcha mintaqalari o‘rtasida yil davomida ishonchli transport aloqasini ta’minlayotir.

Joriy yilda yanada ishonchli transport xizmati ko‘rsatish uchun qabul qilingan qo‘shimcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda xalqaro ahamiyatga molik umumiy foydalaniladigan 400 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda.Jumladan, Beynov–Buxoro–Samarqand–Toshkent–Andijon yo‘nalishi bo‘yicha to‘rt qatorli xalqaro avtomobil yo‘lini, shuningdek, Buxoro–Olot va Samarqand–G‘uzor yo‘llarining strategik uchastkalarini qurish ishlari boshlandi. Mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ko‘lami yanada kengaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qaroriga muvofiq 2009 yilning birinchi yarmida umumiy foydalaniladigan xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va yo‘llarni ta’mirlash borasida 141 milliard so‘mlik ish bajarildi.

Temir yo‘l tarmoqlarini qurish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2007 yilda qurib bitkazilgan “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi bu boradagi ishlarning yorqin namunasidir.

Mustaqilligimizning 18 yilligi arafasida bu yerda yana bir quvonchli voqea yuz berdi – yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Navoiy aeroporti bazasida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etilishi, bu yerda Xalqaro intermodal logistika markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz oldida katta istiqbollar ochadi. U nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan qit’alararo transport-ekspeditsiya uzeli sifatida foydalanish imkonini beradi, ayni paytda Navoiy viloyati va qo‘shni hududlarda yangi, yuksak texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga xizmat qiladi.

Xalqimiz erishayotgan bunday yutuqlar bayram dasturida o‘z ifodasini topgan.

Mustaqilligimizning o‘n sakkizinchi yili Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili deb e’lon qilingani zamirida chuqur ma’no-mazmun mujassam. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, barchamizning ildizimiz, tomirimiz qishloqqa borib taqaladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturiga muvofiq qishloqlarimiz qiyofasini, qishloqda hayot darajasini, ishlab chiqarish munosabatlarining mazmun-mohiyatini o‘zgartirishga, agrar sohada olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun qishloqlarimizda hayot sifatini tubdan yuksaltirish maqsadida, mintaqalarning iqlim, demografik holatini hisobga olgan holda, qishloq uylarining namunaviy loyihalari tayyorlanib, shu asosda zamonaviy qishloqlar barpo etilmoqda. Bu vazifalarni bajarish uchun maxsus “Qishloq-qurilish-loyiha” loyiha-tadqiqot instituti, “Qishloqqurilishbank”i tashkil etildi.

Tabiiyki, bunday ulkan bunyodkorlik ishlari uchun zamonaviy qurilish materiallari zarur bo‘ladi. Ayni paytda joylarda ana shunday maqsadlar uchun xizmat qiluvchi yuzlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Bu esa aholining qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun shart-sharoit yaratmoqda. 2009 yilning birinchi yarmida qishloqlarimizda 435 kilometr gaz va 839 kilometr suv quvurlari tortilgani, 2,9 million kvadrat metr yakka tartibdagi uy-joy qurilgani, 233 umumta’lim maktabi foydalanishga topshirilgani, 196 kasb-hunar kolleji va 18 akademik litsey qurib bitkazilgani fikrimizning yorqin dalilidir.

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan navqiron avlodning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, yoshlarimizning milliy va jahon musiqa madaniyatining yuksak namunalaridan keng bahramand bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti, “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovi iqtidor egalarini yuzaga chiqarish, yoshlarga keng yo‘l ochib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sahnada saf tortgan iqtidorli yoshlarimiz – turli tanlovlar sovrindorlarini olqishlar ekanmiz, qalbimizda yana bir bor betakror Vatanimiz, uning kelajakka intilayotgan iqtidorli yigit-qizlari bilan faxrlanish tuyg‘ulari jo‘sh uradi.

Bu dunyoda bola qiyqirig‘idan ko‘ra jozibaliroq ovoz bormi!? Bolalar yayrasa, ko‘ngil yayraydi, bolalar kulganda, olam kuladi. Ohular misoli sakrab, quvalashib raqsga tushayotgan bolajonlar shodlik va quvonch haqida, oftob va kitob haqida, Vatan va ona haqida kuylaydi. Ularning billurdek shaffof yuraklarida o‘tmishning alamli kunlaridan, hasratu armonlardan qolgan dog‘lar yo‘q. Ular – ozod yurt bolalari. Kuy va qo‘shiqlari ham shunga monand.

Sog‘lom zurriyod – barkamol avlod va sog‘lom millat asosi. 2009 yilda Prezidentimiz rahnamoligida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirish, tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Aholiga shoshilinch va yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yuksak talablarga javob beradigan shifoxona va bo‘limlar tarmog‘i, eng yuksak zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va texnikasi bilan ta’minlangan ixtisoslashgan klinikalar tashkil etilishi bu bosqichning samarali natijalaridan bo‘ldi. Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi – zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan minglab qishloq vrachlik punktlari bunyod etildi…

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu orzu-niyatlarimizga, buyuk maqsad-muddaolarimizga yetish, ayni paytda xalqaro maydonda el-yurtimizning nomi, obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida xizmat qilayotgan siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa omillar qatorida yana bir o‘ta muhim mezon borki, uning nomi – milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usidir.

Turli tantanalarda, xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangragan kezlarda Mustaqillik nechog‘li buyuk ne’mat ekanini, Istiqlolimizni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirish barchamizning sharafli burchimiz ekanini yanada teranroq anglaymiz.

Maydonga yurtimizning mard o‘g‘lonlari – harbiylar kirib keladi. Ular Vatanni madh aylab, Qurolli Kuchlarimiz qudratini namoyish etadi. Ularga qarab dillarda iftixor jo‘shadi, Vatan tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi ishonchli qo‘llarda ekaniga amin bo‘ladi kishi.

Harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlari salohiyatini, qudrati va nufuzini yanada yuksaltirdi. Yoshlarimiz qalbida harbiylikka muhabbat kuchaydi. Harbiylik o‘zini shu yurtga daxldorman degan har bir yigit uchun sharafli ishga aylandi.

O‘n sakkiz yil tarix oldida bir lahza. Ammo bizning o‘tgan har bir yilimiz bir asrga teng, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Asrlar davomida erishiladigan yutuqlarga oylar, yillarda erishdik. Har bir kunimizni tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan muhrlashga muvaffaq bo‘lmoqdamiz. Zero, mana shunday shodu xurramlik bilan Mustaqillik kunini nishonlayotganimizning o‘ziyoq tanlagan yo‘limiz to‘g‘riligidan, Vatanimiz kelajagi buyukligidan dalolatdir.

Istiqlol tufayli boy tariximiz va madaniy merosimiz, urf-odat va an’analarimiz, dinu diyonatimiz qayta tiklandi. Qon-qonimizga singib ketgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi ezgu fazilatlar milliy qiyofamizning in’ikosi sifatida bizni dunyoga tanitdi. Bu bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan madaniy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va boyitish, davlatchiligimiz tarixini chuqur o‘rganish, o‘zligimizni anglash va namoyon etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqimizni dunyo musiqa san’ati an’analari bilan, jahon ahlini esa o‘zbek milliy musiqasi bilan yaqindan tanishtirishda Prezidentimiz tashabbusi bilan 1997 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ahamiyati beqiyos. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” yettinchi xalqaro musiqa festivalida ellikka yaqin mamlakatdan vakillar ishtirok etdi. Registon maydonida yangragan turfa navolar, kuy-qo‘shiq va raqslar qanchadan-qancha dillarni rom qildi, minglab insonlar xotirasida o‘chmas iz qoldirdi.

Dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan qadimiy shaharlarimizning yubileylarini nishonlash istiqlol an’analaridan biriga aylangan. O‘tgan yillarda Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg‘ilon singari shaharlarimizning qutlug‘ to‘ylari xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Endi muazzam poytaxtimiz – Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyini keng nishonlamoqdamiz.

Maydon sahnida bayram dasturi davom etadi. Ulkan sahnada xalqimizning o‘tmishi, buguni, kelajagi, asriy orzulari tarannum etilmoqda. Har bir kuy, har bir qo‘shiq o‘n sakkiz yilda erishilgan yutuqlardan so‘zlaydi. Ranglar jilosi, ohanglar sadosi o‘zgaradi.

Maydon uzra yurt navolari yangraydi. Jonfizo qo‘shiqlarga ahli maydon jo‘r bo‘ladi. Istiqlol – Istiqbol, deya kuylaydi osmon, yulduzlar, azim chinorlar, butun shahar, butun yurt!

Musiqa sadolari ko‘zlarni qamashtirguvchi mushaklar jilosida yanada jozibaliroq, yanada shukuhliroq eshitiladi.

Avj pardalarda kechgan bayram tantanalari Vatanimizning barcha shahar va qishloqlari bo‘ylab yoyiladi. Va har tarafdan sado keladi:

– Istiqloling muborak bo‘lsin, muqaddas yurtim!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati