O‘zbekiston-Qatar: hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lida
24.11.2010
O‘zbekiston-Qatar: hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qatar Davlati Amiri shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning taklifiga binoan 23-24 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Qatar Davlati arab dunyosida jadal rivojlanayotgan, nafaqat o‘z mintaqasi, balki butun jahonda salmoqli nufuzga ega mamlakatlardandir. Uning yirik siyosiy anjumanlarga, sport musobaqalariga mezbonlik qilishi bunga misoldir. Qatar ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirish, sarmoyaviy faoliyat sohalarida ham arab mamlakatlari orasida yetakchilik qiladi.

O‘zbekiston va Qatar xalqlarining tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligi, mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi mushtarak intilishlari ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun puxta zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Iqtisodiyot globallashib, jahon bozorlarida raqobat kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda energiya manbalariga, zamonaviy texnologiyalarga, transport kommunikatsiyalari tarmoqlarini yanada rivojlantirishga talab tobora oshmoqda. Bularning barchasi O‘zbekiston va Qatarning o‘zaro aloqalarini rivojlantirishni zamonning o‘zi talab qilayotganini anglatadi. Shu jihatdan Prezident Islom Karimovning Qatarga tashrifi o‘z vaqtida amalga oshirilgan, siyosiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.

24 noyabr kuni Qatar Davlati Amirining saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezident Islom Karimov va Amir shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qatarning davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Prezidenti va Qatar Amiri faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

O‘zbekiston va Qatar rahbarlarining muzokarasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, jumladan, transport kommunikatsiyalari sohasidagi, shuningdek, gumanitar hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston va Qatar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega ekanini, ayniqsa transport kommunikatsiyalari, neft-gaz, kimyo sanoati, qurilish, savdo, sayyohlik, yuqori texnologiyalar kabi sohalarda hamkorlikning istiqboli porloq bo‘lishini ta’kidladi. Ayni paytda davlatimiz rahbari ushbu tashrif O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi va butun arab dunyosi bilan munosabatlarini rivojlantirishda ham dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Amir shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy Qatarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar diqqat bilan kuzatib borilayotganini ta’kidladi. Qatar ishbilarmon doiralari va tadbirkorlari O‘zbekistondagi sarmoyaviy loyihalarga, Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar yo‘nalishidagi transport kommunikatsiyalari tarmog‘ini barpo etish borasidagi tashabbusiga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi. Amir shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy O‘zbekiston rahbarining mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan siyosatiga yuksak baho berdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qatar BMT, Islom konferensiyasi tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining muzokarasida O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Qatar tabiiy resurslardan unumli foydalanish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, eksport tarkibida tayyor mahsulot ulushini oshirish, umuman, iqtisodiyotni har tomonlama rivojlantirish borasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida tajriba almashish, energetika, kimyo sanoati, transport kommunikatsiyalari, qurilish, sayyohlik, yuqori texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish ikki tomon uchun ham foydalidir.

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar yo‘nalishidagi transport kommunikatsiyalari tarmog‘ini shakllantirish borasidagi tashabbusini hayotga joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yaqinda Tehronda O‘zbekiston, Eron, Ummon va Turkmaniston vakillarining kengashi o‘tkazilib, unda transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkmanistonni Eronning janubiy bandargohlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash Fors va Ummon ko‘rfazlari bilan butun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida g‘oyat muhim aloqa tarmog‘ini yaratish imkonini beradi. Yuklar, jumladan, tranzit yuklar tashuviga avtomobil va dengiz transporti ham jalb etilsa, savdo hajmi yanada ortadi. Qatarning bu jarayonda ishtirok etishi mintaqada sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Katta sarmoyaviy salohiyatga ega bo‘lgan “Navoy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish, jumladan, mazkur transport tarmog‘ini rivojlantirish uchun asos vazifasini o‘taydi.

O‘zbekiston va Qatar neft va gazni qayta ishlash, savdo, qurilish, to‘qimachilik sanoati va boshqa sohalarda ham hamkorlik uchun ulkan salohiyatga ega. Xususan, neft-gaz va to‘qimachilik sanoatida xomashyo va tayyor mahsulot narxi o‘rtasida katta farq bo‘ladi. Qo‘shma korxonalar tuzish bu yo‘nalishlarda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston va Qatar qurilish sohasida ham boy tajriba orttirgan. Shu ma’noda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasi istiqbolli sanaladi.

Tomonlar yaqinda Qatar poytaxtida o‘tgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi natijalarini yuksak baholadilar. Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olingan edi. Bunday tadbirlar ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati bilan atroflicha tanishish va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining muzokarasida gumanitar hamkorlik, jumladan, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, sport va madaniyat kabi sohalardagi aloqalarga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Yaqinda Qatarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi arab tilida nashr etilib, Doha universitetida uning taqdimoti bo‘ldi. Bu Qatarda O‘zbekiston rahbariga, o‘zbek xalqiga va uning ma’naviy qadriyatlariga, Movarounnahrning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalariga yuksak hurmat-ehtiromdan yana bir yorqin dalolatdir. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Ikki mamlakatni bir-biriga yaqinlashtiradigan yana bir muhim jihat bor. Yetakchi xalqaro moliya institutlarining bahosiga ko‘ra, bugun O‘zbekiston va Qatar dunyodagi iqtisodiyoti eng jadal rivojlanayotgan besh mamlakat sirasiga kiradi. Ikki mamlakat ham eksportda xomashyoning ulushini qisqartirib, tayyor mahsulot hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Muzokara yakunida qator hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi va Qatar Davlatining Qo‘shma bayonoti, Savdo-iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan “Qatar xolding” sarmoyaviy kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan «Qatar Petrolium Interneshnl limited» kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi, O‘zbekiston va Qatar savdo-sanoat palatalari o‘rtasida Tadbirkorlar qo‘shma kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim shular jumlasidandir. Bu hujjatlar O‘zbekiston va Qatarning turli sohalardagi hamkorligi uchun mustahkam asos yaratadi.

Kunning ikkinchi yarmida mamlakatimiz rahbari islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi. Bu yerda Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlaridan, Hindiston, Ispaniya va ko‘plab boshqa davlatlardan keltirilgan qadimiy artefaktlar, manuskriptlar, qurol-aslaha namunalari, amaliy san’at va xalq hunarmandligi buyumlari namoyish etiladi. Muzeydagi qimmatli tarixiy materiallar orasida Temuriylar davriga oid ekspozitsiyaga alohida o‘rin ajratilgan. Mamlakatimiz rahbari ushbu muzey Qatarda islom sivilizatsiyasi qadriyatlari alohida e’zozlanishidan dalolat ekanini ta’kidladi. Muzeyning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Prezident Islom Karimov Doha markazidagi “Ta’lim shaharchasi” – zamonaviy ilm-fan va ta’lim majmuasiga ham tashrif buyurdi. Bir necha universitet va ilmiy markazlarni o‘z ichiga olgan bu majmua yuz gektardan ziyod maydonni egallagan. Ta’kidlash joizki, bu yerda dunyodagi ko‘plab yirik universitetlarning filiallari joylashgan. Ular orasida Jorjtaun va Virjiniya universitetlarining (AQSH) filiallari ham bor. “Ta’lim shaharchasi” nafaqat Qatar, balki butun Fors ko‘rfazi mintaqasining eng nufuzli ilm-fan va ta’lim markazi sifatida e’tirof etilgan.

Tashrif asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qatar Davlati Bosh vazirining o‘rinbosari, energetika va sanoat vaziri Abdulla bin Hamad al-Atiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakatning iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qatar Davlatiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif ikki mamlakat munosabatlari tarixidagi oliy darajadagi ilk uchrashuv bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikni har tomonlama kengaytirish va rivojlantirish uchun huquqiy asos va ulkan imkoniyatlar yaratdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati