Xavfsizlik va hamkorlik masalalari muhokamasi
11.12.2010
Xavfsizlik va hamkorlik masalalari muhokamasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 dekabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi va MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Kremlda dastlab ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi bo‘ldi. Unda mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar Prezidentlari qatnashdi.

Muzokarada ODKB doirasida xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik kabi tahdidlarni bartaraf etish, kollektiv xavfsizlik tizimini shakllantirish borasida hamkorlikni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar joriy yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan voqealar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentlar ODKB davlatlariga umumiy tahdidlarning tezkorlik bilan oldini olishni nazarda tutadigan hujjatlarni ko‘rib chiqdilar. Sessiyada xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa favqulodda vaziyatlarda ODKBning sa’y-harakatlari qanday bo‘lishi zarurligi muhokama qilindi. Turli tahdidlar oqibatida kelib chiqadigan xavf-xatarlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatimiz rahbari ODKBning eng muhim vazifasi – a’zo davlatlarni, avvalo, tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iborat ekanini ta’kidladi. Mamlakatlar ichidagi zo‘ravonlik xatti-harakatlariga hech qanday aralashuvga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bizning qat’iy pozitsiyamiz shundan iborat, deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov.

Mamlakat ichidagi zo‘ravonlik xatti-harakatlari turli ssenariylar bo‘yicha, tashqi kuchlarning bevosita aralashuvi va moliyalashtiruvi orqali yuzaga kelishi mumkin. Shu bois ular yuzasidan biror qaror qabul qilishdan avval bunday xatti-harakatlarning tashkilotchilarini aniqlab olish zarur. Joriy yil 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan voqealar barchamiz uchun saboq bo‘lishi kerak. Chunki o‘sha fojiali kunlarda yuz mingdan ziyod qochqinlarni boshpana, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlash kerak bo‘ldi. Bundan tashqari, mamlakatimizning aholi zich yashaydigan, ko‘p millatli mintaqasi – Farg‘ona vodiysi xavfsizligini ta’minlash, chegaradagi vaziyatni qat’iy nazorat qilish zarur bo‘ldi. Aks holda, yanada katta ko‘lamdagi xunrezliklar ro‘y bergan bo‘lur edi.

MDH mintaqasidagi davlatlar tarixidan ham bunday mojarolarga yetarlicha misol keltirish mumkin. Ozarboyjon va Armaniston o‘tgan yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida Qorabog‘ muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha kelisha olmayotgani ham shundan dalolatdir.

ODKB muhim mintaqaviy tashkilot sifatida favqulodda vaziyat yuzasidan biror bir chora-tadbir qo‘llashdan avval muammoning sabablarini, ehtimoldagi tashkilotchilarini aniqlashi, bunday harakatlarning oqibatlarini oldindan ko‘ra bilishi va to‘g‘ri xulosalar chiqarishi zarur, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Sessiyada ODKB faoliyatiga doir tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida MDHga a’zo mamlakatlar Prezidentlari ishtirok etdi. Tomonlar MDHni rivojlantirish, uning organlari faoliyatini takomillashtirishga oid masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Majlisda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati