Hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida
25.01.2011
Hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Yevropa Ittifoqi Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barrozoning taklifiga binoan 2011 yil 24 yanvar kuni Bryusselda bo‘ldi.

Belgiya Qirolligi poytaxtiga tashrif asnosida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Yevropa Ittifoqi Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barrozo, YEIning energetika bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger, NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan uchrashdi.

Do‘stona va ochiqlik ruhida kechgan muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston- YEI, O‘zbekiston- NATO munosabatlarining bugungi ahvoli va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident Islom Karimovning Yevrokomissiya Prezidenti Joze Manuel Barrozo bilan tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlari belgilangan vaqtdan ancha uzoq davom etdi. Ochiq va konstruktiv o‘tgan ushbu uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga oid hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.

Yevrokomissiya rahbari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ushbu tashrifi dolzarb va o‘z vaqtida amalga oshirilgan tashrif bo‘lganini hamda siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun bugun barcha zarur sharoitlar mavjudligini ta’kidladi.

Joze Manuel Barrozo Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi strategiyasini amalga oshirishdagi ko‘rsatgan yordami uchun mamlakatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etib, ushbu tashrif Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirdi.

Yevrokomissiya Prezidenti O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha jahon hamjamiyatida eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotganini ta’kidlab, Yevropa Ittifoqi davlatlari ustuvor loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ilmiy-texnikaviy aloqalar ko‘lamini kengaytirish uchun yuqori texnologiyalar taqdim etish orqali mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va tuzilmaviy yangilanishlar jarayonida faol qatnashishga tayyor ekanini qayd etdi. Tashrif asnosida Moliyaviy va texnikaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Joze Manuel Barrozo tashrif asnosida Energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangani istiqbolda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun, jumladan, yoqilg‘i-energetika majmui tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda mintaqalar o‘rtasida transport-kommunikatsiya va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish borasida ulkan imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining O‘rta Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv zaxiralaridan foydalanish masalalariga oqilona yondashuvini yuksak qadrlaydi. YEI manfaatdor mamlakatlar, ekologik muvozanatni saqlash hamda transchegaraviy daryolar suv resurslaridan odilona, barqaror va oqilona foydalanish tamoyillariga asoslangan holda, suv va energetika masalalarida hamkorlik bo‘yicha mustahkam va ochiq mexanizmni ishlab chiqishda birgalikda ish olib borishi zarur, deb hisoblaydi.

Joze Manuel Barrozo Yevropa Ittifoqi rahbariyati Prezident Islom Karimov tomonidan 2010 yil 12 noyabrda O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida bayon etilgan mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini katta e’tibor va qiziqish bilan qabul qilganini qayd etdi. Yevrokomissiya Prezidenti Yevropa Ittifoqi rahbariyati ushbu konsepsiyani hayotga tatbiq etishda, jumladan, jamiyatni demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy ahamiyatga molik loyihalarni ishlab chiqishda, mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishda, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirishda barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladi. Tomonlar inson huquqlari va qonun ustuvorligi masalalarida muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.

Yevrokomissiya rahbari Prezident Islom Karimovning Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyun oyida ro‘y bergan fojiali voqealar chog‘idagi vazmin va konstruktiv pozitsiyasi chuqur hurmat-ehtirom uyg‘otganini ta’kidladi. O‘sha murakkab vaziyatda O‘zbekistonning uzoqni ko‘zlab yuritgan siyosati mojaro yoyilib ketishining oldini olganini va bu Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlash hamda mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasi hal qiluvchi rol o‘ynashini yana bir karra tasdiqlaganini qayd etdi.

Tomonlar Qirg‘izistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik saqlanishidan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Yevropa Ittifoqi rahbariyati o‘zining 2010 yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan fojiali voqealar yuzasidan har tomonlama, xolis va mustaqil xalqaro tergov o‘tkazish zarur, aks holda, bu mamlakatda uzoq muddatli barqarorlik o‘rnatishga erishib bo‘lmaydi, degan prinsipial pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.

Muzokaralar chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyat rivojiga baho berilib, turli manfaatdor tomonlarni muloqotga jalb etish orqali bu mamlakatdagi ichki vaziyatni barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi. Yevrokomissiya rahbari O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib kelayotgani uchun mamlakatimiz Prezidentiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Tashrif asnosida imzolangan O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimga yuqori baho berildi va ushbu hujjat erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun puxta zamin yaratishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan uchrashuvi tomonlarning O‘zbekiston bilan Alyans o‘rtasida konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish borasida mushtarak manfaatlarga ega ekanini namoyon etdi. Bunda Individual sheriklik dasturi hamda qabul qilinadigan qarorlarni rejalashtirish va tahlil qilish jarayoni doirasidagi hamkorlik, yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi bilan bog‘liq tahdidlarni bartaraf etish, terrorizm va narkotiklarning g‘ayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi hamkorlikni mustahkamlash bu aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Afg‘onistondagi o‘ta murakkab vaziyat sharoitida ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikka erishishning muqobil yo‘llarini topish muhim ahamiyat kasb etib borayotgani qayd etildi. O‘zbekiston rahbarining fikricha, BMT shafe’ligida Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar hamda AQSH, NATO va Rossiya vakillaridan iborat “6+3” muloqot guruhini tuzish muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlikka oid ayrim masalalar bo‘yicha O‘zbekiston tomonining pozitsiyasi yuzasidan zarur va to‘liq izohlar berildi.

NATO Bosh kotibi O‘zbekiston Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidlab, ushbu mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish borasida hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Prezident Islom Karimovning Bryussel shahriga tashrifi Yevropa Ittifoqi, NATO va O‘zbekistonning teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasidagi fikri mushtarakligini namoyon etdi. Tashrif chog‘ida bir necha bor qayd etilganidek, tomonlar yuksak salohiyatga ega bo‘lib, uning amalga oshirilishi o‘zaro manfaatlar ro‘yobiga xizmat qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati