Oqsaroyda qabul
11.09.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11 sentabr kuni Oqsaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini, MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori va Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi majlisi ishtirokchilarini qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, SHHT sakkiz yillik faoliyati davomida mintaqaviy va global xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotgan nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. O‘tgan davrda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi, tashkilot oldida turgan g‘oyat muhim dasturiy maqsad va vazifalarni bajarish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yildi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri SHHTning amaldagi mexanizmlarini SHHT Xartiyasida belgilangan maqsadlar, vazifalar va tamoyillarga mos tarzda takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Oqsaroydagi uchrashuvda SHHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va 2009-2010 yillarga mo‘ljallangan aniq rejalar muhokama qilindi.

SHHT Bosh kotibi B.Nurgaliyev O‘zbekiston rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi va tashkilot faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan bildirgan takliflarini yuksak baholadi.

Muloqot chog‘ida SHHT Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashining Toshkent shahrida o‘tgan majlisi yuksak samarali bo‘lgani, SHHTni rivojlantirish masalalari yuzasidan ochiq va atroflicha fikr almashilgani qayd etildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati