Islom Karimov va Qobus bin Said uchrashuvi
04.10.2009

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 oktabr kuni davlat tashrifi bilan Ummon Sultonligiga keldi.

Ummon Sultoligi Qirollik saroyi majmuida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Ummon Sultoni Qobus bin Said faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Marosimdan keyin O‘zbekiston va Ummon rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Islom Karimov O‘zbekiston Ummon Sultonligi bilan rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

Qobus bin Said O‘zbekiston rahbarining Ummonga davlat tashrifi O‘zbekiston-Ummon aloqalaridagi tarixiy voqea ekanini, shu tariqa ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlarga muqaddima bo‘lganini qayd etdi.

Muzokaralarda bugun erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ummon Sultonligiga davlat tashrifi davom etmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati