O‘zbekiston-Ummon: hamkorlikning yangi ufqlari
05.10.2009
O‘zbekiston-Ummon: hamkorlikning yangi ufqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4-5 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Ummon Sultonligida bo‘ldi.

Ummon Sultonining saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Ummon Sultoni Qobus bin Said faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

O‘zbekiston va Ummon rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Islom Karimov O‘zbekiston Ummon Sultonligi bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

Qobus bin Said O‘zbekiston rahbarining Ummonga davlat tashrifi O‘zbekiston-Ummon aloqalaridagi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va hamkorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatlarimiz terrorizm, ekstremizm, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasi kabi tahdidlarning oldini olish bilan bog‘liq masalalarda hamfikrdir. Ummon O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaydi.

O‘zbekiston va Ummon BMT, Islom konferensiyasi tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.

Ummon bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun arab mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashning yangi imkoniyatlarini ochadi. Ummon O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida qaraydi. Mamlakatimiz bilan aloqalarni kengaytirish orqali Ummon uchun butun mintaqamiz bilan hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati yanada kengayadi.

O‘zbekiston ham, Ummon ham yoqilg‘i-energetika majmui sohasida ulkan salohiyatga ega, qishloq xo‘jaligida katta tajriba orttirgan. Neft-gaz, neft kimyosi, metallurgiya, qurilish, mashinasozlik, to‘qimachilik kabi sohalarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib borishdan ikki tomon ham manfaatdor.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari faollashib bormoqda. 2007 yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. So‘nggi ikki yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshdi, ammo mamlakatlarimiz imkoniyatlari erishilgan natijalardan ancha keng. 2008 yilning dekabr oyida qator vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Ummon Sultonligiga tashrif buyurib, iqtisodiyot, savdo, sanoat, mehnat, transport va kommunikatsiyalar, turizm kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralarida hamda Markaziy bankda uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda Ummon vakillari alohida e’tibor qaratgan jihat oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bo‘ldi. Rasmiy Masqat O‘zbekiston g‘allasi va meva-sabzavot mahsulotlari importini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, Ummonning Davlat bosh zaxira va Sarmoya jamg‘armalari bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi asnosida Ummon Savdo-sanoat palatasida ikki mamlakat ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Ummonning o‘ttizdan ortiq yetakchi firma va kompaniyalari, qator banklari vakillari ishtirok etdi. Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlikka oid shartnoma, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Masqat banki hamda Ummon arab banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

2009 yil mart oyida esa Ummon Sultonligi milliy iqtisodiyot vaziri, Moliyaviy ishlar va energetik resurslar bo‘yicha kengash raisining o‘rinbosari Ahmad bin Abdunabi Makkiy rahbarligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif asnosida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, Ummon firma va kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etishga oid masalalar muhokama qilindi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi bilan Ummon Sultonligi o‘rtasida Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, Daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarni to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar, O‘zbekiston-Ummon qo‘shma sarmoyaviy jamg‘armasini tashkil qilish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, Toshkentda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining kutubxonasi binosini qurish to‘g‘risidagi protokol imzolangan edi.

Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ulkan salohiyatga ega. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, me’moriy obidalari, buyuk allomalar xoki qo‘nim topgan qadamjolari Ummon ahlida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Ayni paytda Ummonda ham ko‘plab tarixiy obidalar borki, ular O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari uchun o‘z mijozlariga taklif etadigan yaxshi resurs bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Islom Karimov va Qobus bin Said muzokaralari O‘zbekiston-Ummon munosabatlarini ikki mamlakat manfaatlariga mos tarzda yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ummon Sultonligiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Tomonlar Toshkentda va Masqatda o‘z elchixonalarini ochish xususida kelishib oldi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik va munosabatlar asoslari, savdo-iqtisodiy hamkorlik, havo transporti qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish, oliy ta’lim, sayyohlik, sarmoya kabi sohalarga oid o‘ndan ziyod hujjat imzolandi.

Mamlakatimiz rahbarining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Ummon ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilib, sarmoyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston iqtisodiyoti ustuvor sohalarining taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Masqat shahridagi Sulton Qobus masjidi va Ummon Qurolli Kuchlari Sultonlik muzeyini borib ko‘rdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning davlat tashrifi Ummon Sultonligi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ummon Sultonligiga davlat tashrifi yakuniga yetdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 13.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati