O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlariga doir
10.02.2011
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlariga doir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kanning taklifiga binoan 2011 yil 8-10 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashrif davomida Tokioda Yaponiya Imperatori Akixito, Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan, Yaponiya Parlamentining yuqori va quyi palatalari raislari – T.Nishioka va T.Yokomichi, tashqi ishlar vaziri S.Mayexara, “Yaponiya demokratik partiyasi – O‘zbekiston” va “Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi – O‘zbekiston” parlament do‘stlik ligalari rahbariyati va a’zolari bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan, hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlari bo‘yicha samarali va batafsil muloqot o‘tkazdilar.

Tomonlar O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng va 1991 yil dekabr oyida davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganidan keyin ikki tomonlama aloqalar teng huquqlilik, konstruktiv hamkorlik va manfaatlarni o‘zaro hurmat qilish tamoyillari asosida izchil rivojlanib kelayotganini ta’kidladilar. O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga 1994 yil may oyidagi ilk tashrifi chog‘ida o‘zaro uzoq muddatli va keng ko‘lamli munosabatlarning mustahkam asosi yaratildi.

Tokioda 2002 yil iyul oyida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasidagi Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot O‘zbekiston-Yaponiya oliy darajadagi hamkorligi rivojining amaliy ifodasi bo‘ldi. Yaponiya Bosh vaziri Jun’ichiro Koidzumining 2006 yil avgust oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki tomonlama siyosiy muloqot izchil davom ettirildi. 2010 yilning may oyida Toshkentda o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisida Yaponiya delegatsiyasi rahbari bo‘lgan, bugungi kunda ushbu mamlakat Bosh vaziri Naoto Kan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro tashkilotlar va institutlar doirasida ham konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zoligiga Yaponiya nomzodini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘z navbatida Yaponiya O‘zbekistonning O‘rta Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot mexanizmi doirasida ko‘p tomonlama aloqalarni faol rivojlantirmoqda.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalar O‘zbekiston va Yaponiya strategik hamkorligining g‘oyat muhim yo‘nalishlari hisoblanaldi. Yaponiya O‘zbekiston Respublikasining eng yirik sarmoyaviy sheriklaridandir. Neft-gaz sanoati, transport sektori, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi ustuvor loyihalar ijrosi uchun ajratilgan moliyaviy mablag‘lar miqdori 2,3 milliard, jumladan, davlat imtiyozli iyenali kreditlar liniyasi bo‘yicha – 1,2 milliard, beg‘araz yordam liniyasi bo‘yicha – 280 million, texnikaviy yordam liniyasi bo‘yicha – 110 million, tijoriy kreditlar liniyasi bo‘yicha – 720 million AQSH dollaridan oshdi.

Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va Toshkent vagon ta’mirlash zavodini rekonstruksiya qilish kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirildi, O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi aeroportlar modernizatsiya qilindi, mamlakat telekommunikatsiya tarmoqlari raqamli tizimga o‘tkazildi.

Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy temir yo‘l magistrali barpo etildi. Samarqand shahrida “Isuzu” va “Itochu” kompaniyalari bilan tuzilgan avtobuslar va yuk mashinalari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona, shuningdek, aksiyalar paketiga “Sumitomo Korporeyshn” egalik qiladigan telekommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. BMT shafe’ligidagi Toza rivojlanish mexanizmi doirasida Yaponiya kompaniyalari bilan birgalikda yettita loyiha amalga oshirilmoqda.

2009 yil 24 sentabrda kuchga kirgan “Sarmoyalarni liberallashtirish, o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitim Yaponiya yirik kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishini yanada kuchaytirmoqda, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda o‘zbekistonlik sheriklar bilan barqaror aloqalar o‘rnatishga xizmat qilmoqda. Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) o‘zlarining Toshkent shahridagi vakolatxonalari orqali O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Toshkentdagi O‘zbekiston-Yaponiya markazi yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayoniga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning o‘quv dasturlari Yaponiyani iqtisodiy rivojlantirish tajribasiga asoslangan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda 1994 yilda tuzilgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tashrif doirasida Prezident Islom Karimovning Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan bilan uchrashuvi va muzokaralari O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlariga xos an’anaviy do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tdi. Tomonlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng qamrovli masalalarni muhokama qilish bilan bir qatorda, xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Yaponiya tomoni mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlashda O‘zbekiston hal qiluvchi o‘rin tutishini qayd etdi.

Yaponiya tomoni O‘zbekiston Respublikasining mintaqamizga oid, jumladan, O‘rta Osiyodagi suv resurslaridan foydalanishga doir masalalarni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari asosida, mintaqa davlatlari manfaatlarini inobatga olgan holda yechish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etadi.

O‘zbekiston va Yaponiya Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ushbu mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Afg‘onistonning tiklanishi va tinch-osoyishta rivojlanishi uchun xalqaro miqyosda yordam ko‘rsatish jarayonini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashrifi doirasida Yaponiyaning yuqori texnologiyalar sohasiga ixtisoslashgan yirik kompaniyalari bilan qator bitimlar imzolandi. Bu hujjatlar mamlakatimiz iqtisodiyotining neft-gaz, kimyo, neft kimyosi, energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati kabi jadal rivojlanayotgan sohalariga Yaponiya texnologiyalari va sarmoyalarini jalb etishga qaratilgan.

Uzoq muddatli asosda uran konsentratini yetkazib berish, O‘zbekiston hududidagi istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, nodir metallar va nodir elementlarni olishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimlar tuzildi.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiyaning yetakchi “Tokio-Mitsubisi” va “Sumitomo-Mitsui” banklari bilan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish to‘g‘risida bitim imzoladi.

“Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi doirasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, Unda, jumladan, Qarshi-Termiz temir yo‘li uchastkasini elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga uzoq muddatli imtiyozli iyenali kredit ajratish nazarda tutilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi o‘rtasida imzolangan tashqi savdo va sarmoyalarni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandumda hamkorlikni kengaytirish hamda Yaponiya yuqori texnologiyalari va nou-xaularini mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etish, energiya va resurs tejashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Rasmiy tashrif chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Mazkur hujjatda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollariga berilgan baho, shuningdek, xalqaro maydondagi hamkorlikka mushtarak yondashuvlar o‘z ifodasini topgan.

Tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar serqirra hamkorlikning asosini mustahkamlashini va strategik sheriklikni yangi, yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladilar.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati