O‘zbekiston Konstitutsiyasi – biz uchun demokratik taraqqiyot yo‘lida va fuqarolik jamiyatini barpo etishda mustahkam poydevordir
05.12.2009

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 17 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli do‘stlar!

Shu kunlarda xalqimiz davlatimiz va jamiyatimiz hayotida eng katta, alohida o‘rin olgan qutlug‘ bayramlar qatorida mustaqilligimizning tamal toshini qo‘ygan, erkin va obod kelajagimizning poydevorini belgilab bergan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlamoqda.

Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni shu buyuk ayyom bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning samimiy tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Haqiqatan ham, biz bundan 17 yil oldin, ya’ni 1992 yil 8 dekabr kuni mohiyati va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan, tom ma’noda tarixiy hujjatni – hayotimiz qomusi bo‘lmish Konstitutsiyamizni qabul qilish bilan o‘zini oqlamagan eski tuzumdan butunlay voz kechib, yangi davlat, yangi jamiyat qurish yo‘li va imkoniyatlarini ochdik.

Aynan ana shu kundan boshlab yurtimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish, xalqaro maydonda o‘zimizga munosib o‘rin egallashda Asosiy qonunimiz mustahkam zamin bo‘lib kelmoqda.

Bugun o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan yo‘limizni tanqidiy baholar ekanmiz, avvalo Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplari va qoidalari negizida qabul qilingan qonun va dasturlar bo‘yicha davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy qurilish borasida bosqichma-bosqich va izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini qayd etishimiz tabiiy, albatta.

Mamlakatimiz erishgan bunday ulkan marralarning barchasini butun dunyo tan olayotganini ko‘rib, Asosiy qonunimiz belgilab bergan mustaqil taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri ekaniga takror va takror ishonch hosil qilmoqdamiz.

Hammamizga ma’lum, bu yil Konstitutsiyamiz bayramini nishonlash alohida ma’no-mazmun va ahamiyat kasb etmoqda. Buning sababi shundaki, shu yil 27 dekabr kuni mamlakatimizda parlamentga va joylardagi vakillik organlari bo‘lgan mahalliy kengashlarga umumxalq saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Yurtimiz hayotida katta siyosiy voqea bo‘lmish ana shu saylovlarni Konstitutsiyamiz va saylovlar haqidagi tegishli qonunlarimiz talablariga, xalqaro andoza va normalarga to‘liq rioya qilgan holda, munosib tarzda o‘tkazish maqsadida, mana, keyingi uch oy mobaynida Markaziy saylov komissiyasi rahbarligi va nazoratida keng ko‘lamli va katta ishlar olib borilmoqda.

Shu o‘rinda aytish kerakki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda umume’tirof etilgan standartlar va yuksak demokratik talablarga har tomonlama javob beradigan saylov tizimi shakllandi. Bu borada Konstitutsiyamiz va saylov qonunchiligimizga asoslangan mustahkam huquqiy-me’yoriy zamin yaratildi.

Oxirgi yillarda, xususan, mana shu yilning boshida O‘zbekiston Respublikasining saylov tizimiga zamon talablari va xalqaro andozalarga mos bo‘lgan, avvalo, saylov qonunlarini yanada liberallashtirish va demokratlashtirish maqsadlariga qaratilgan o‘zgartirish va yangi normalarning kiritilgani e’tiborga sazovordir.

Ayniqsa, siyosiy partiyalarning roli va ta’sirini kuchaytirish, ularning ishonchli vakillari sonini ko‘paytirish, saylov jarayonida ularga qo‘shimcha huquq va vakolatlar berish, umuman, saylovchilarning huquqini kengaytirishni ko‘zda tutadigan bu imkoniyatlar saylov tizimini yanada takomillashtirishga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Saylov haqidagi qonunchilikka kiritilgan bir qancha o‘zgarishlar qatorida bo‘lajak saylovlarda fuqarolar ishtirokining ko‘lamini kengaytirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining o‘rinlari soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirildi. Va shuning hisobidan, avvalo, atrof muhitni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi tamoyil joriy etildi. Ya’ni, mamlakat parlamentidagi deputatlik o‘rinlari soniga O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylanadigan deputatlar uchun 15 ta o‘rin ajratildi.

Eng muhimi, saylov qonunchiligida Markaziy saylov komissiyasining huquq va vakolatlarini kuchaytirish masalasiga alohida ahamiyat berildi.

Bizning qonunlarimizda qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayoniga hech kimning, avvalambor, markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashishga haqqi yo‘q. Bunday holatlarga yo‘l qo‘yish qonunda qat’iyan man qilingan va bunga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, kerak bo‘lsa, ularni tegishli javobgarlikka tortish ham belgilab qo‘yilgan.

Ana shu fikrlarni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning barchasi, avvalambor, saylovlarni ochiqlik, erkinlik va haqqoniylik asosida o‘tkazishga qaratilganini qayd etish lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, shu yurtda g‘urur va iftixor bilan yashayotgan har qaysi inson, o‘ylaymanki, navbatdagi saylov barchamiz uchun muhim sinov, ta’bir joiz bo‘lsa, jiddiy imtihon ekanini yaxshi tushunadi va anglaydi.

Bo‘lg‘usi saylovlarga aynan shu ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, bu imtihon birinchi navbatda quyidagi mezon va talablardan iborat bo‘lishini o‘zimizga tasavvur qilishimizni istardim:

avvalo, bu jarayon so‘z erkinligi va tanlash erkinligining hayotimizdagi tasdig‘ini sinash demakdir;

ikkinchidan, bu jarayon yurtimizning siyosiy hayotida ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanib borayotganini, har qaysi partiya o‘ziga xos, o‘ziga mos maqsadlari va harakat dasturi bilan saylov maydoniga chiqishi va saylovchilarning ovozi uchun o‘zaro kurash olib borishini anglatadi;

uchinchidan, qonun ustunligi va uning barchaga tengligining namoyishi bo‘lib, saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalar va har qaysi nomzodning siyosiy qarashlari va e’tiqodidan qat’i nazar, ularning hammasiga teng imkoniyat va sharoit tug‘dirib berishni bildiradi;

to‘rtinchidan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining saviyasi va yetuklik darajasini ko‘rsatadi;

va nihoyat, beshinchidan, bu saylovlar aholimizning siyosiy-ijtimoiy saviyasi va madaniyati, fuqarolik ongini imtihondan o‘tkazadi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bir o‘ylab ko‘raylik, ana shunday murakkab va mas’uliyatli siyosiy sinovdan o‘tishga, bu saylov jarayonlarini rivojlangan demokratik davlatlarda amal qilayotgan saylov tizimi darajasida o‘tkazishga biz qanchalik tayyormiz?

Nafaqat saylovni tashkil etishga bevosita mas’ul bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasi va uning joylardagi tuzilmalari, siyosiy partiyalar faollari va ijtimoiy harakatlar, nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchiligimiz, balki bugun ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan har bir fuqaro, har bir saylovchi bu savolni o‘ziga berishi albatta o‘rinli va ayni muddao bo‘lur edi.

Chunki, yuqorida tilga olingan va biz amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan o‘ta muhim omillar demokratik asosda rivojlanib borayotgan har qanday jamiyatning yetuklik darajasini aks ettiradi.

Bu talablarga amal qilish – bu shunchaki bir maqsad emas, avvalambor erkin va ozod yashash, har tomonlama farovon hayot qurish dasturining o‘zagini tashkil qilib, yuksak taraqqiyotga erishishning hal qiluvchi uzviy qismi va asosiy yo‘li ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz tobora anglab bormoqdamiz.

Aytish kerakki, biz bu yo‘lni kimgadir ko‘z-ko‘z qilish, kimningdir oldida namoyish etish uchun tanlaganimiz yo‘q.

Bu yo‘l qanday og‘ir va murakkab bo‘lmasin, takror-takror aytaman, bizning milliy manfaatlarimizga, asrlar davomida intilib kelgan orzu-niyatlarimizga to‘la javob beradigan taraqqiyot yo‘lidir.

Shu bilan birga, barchamiz yana bir haqiqatni chuqur tushunamiz – biz ko‘zlagan marralarga erishish, ham siyosiy, ham iqtisodiy nuqtai nazardan o‘zimiz istagan, taraqqiy topgan davlatlar qatoriga chiqish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.

Bu borada eng asosiy masala – amalga oshirgan ishlarimizga tanqidiy baho berish, manmanlikka berilmaslik, xalqaro tajriba va o‘zgalarning yutuqlariga bepisand qaramaslik, hayotimizda bu yo‘nalishda hali-beri uchraydigan g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. Bu o‘tkir haqiqatni avvalo o‘zimiz anglashimiz va amaliy xulosalar chiqarishimiz ijtimoiy-siyosiy hayotimizda g‘oyat muhim o‘rin tutadi.

Shu fursatdan foydalanib, oldimizda turgan, mamlakatimiz hayotida, haqiqatan ham katta bir siyosiy voqea bo‘lmish saylovlarni munosib o‘tkazish maqsadida ba’zi bir dolzarb masalalarga yana bir bor to‘xtalib o‘tishni joiz, deb bilaman.

Birinchidan, Konstitutsiyamiz va shu asosda qabul qilingan, Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga saylovlar haqidagi qonunlarga, shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi va uning joylardagi tuzilmalari tomonidan belgilab berilgan qoida va normalarga rioya qilish, ularni so‘zsiz bajarish barchamizning, har qaysi saylovchining asosiy burchi bo‘lishini xohlardim.

Ayniqsa, ba’zi bir saylovchilarimizga mayda yoki ortiqcha bo‘lib tuyuladigan, umume’tirof etilgan saylov qoidalariga mos kelmaydigan ayrim holatlar bo‘yicha kuzatuvchilar tomonidan – bular xalqaro tashkilotlar yoki o‘zimizning ijtimoiy-nodavlat tashkilotlar vakillari bo‘ladimi – bildiriladigan e’tirozlarga hurmat bilan qarash, ularning fikrlariga e’tibor berish, qanday rasmiyatchilik bo‘lib ko‘rinmasin, bu talablarni albatta bajo keltirishimiz kerak.

Eng muhimi, chetdan turib saylov jarayonlariga aralashish, ularga ta’sir o‘tkazishga urinish kabi nojo‘ya harakatlar butunlay man etilishini barcha saylov ishtirokchilari, kim bo‘lishidan qat’i nazar, chuqur anglab olishlari darkor.

Ikkinchidan, yana bir bor aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi – qonun barchaga teng. Binobarin, barcha partiyalar va ularning nomzodlari uchun saylovoldi jarayonlarida, matbuot, televideniye orqali va saylovchilar bilan bo‘ladigan muloqot va uchrashuvlarda, ular olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarida teng va bir xil sharoit tug‘dirib berish, ularning huquq va intilishlariga bir ko‘z bilan qarash, hech kimni ajratmaslik, aytish kerakki, ayni shu masalalar saylovni yuksak saviyada o‘tkazishda eng katta va muhim o‘rin tutadi.

Bu masalalar uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar tomonidan hech qanday istisno yoki kimgadir alohida e’tibor berish holatlariga aslo yo‘l qo‘yilmasligi shart.

Uchinchidan, aslida saylov degani – bu avvalo o‘z huquqini anglagan holda, erkin tanlash va ongli ovoz berish demakdir.

Shu bilan birga, saylovda qatnashish har birimizdan nafaqat Konstitutsiyamiz kafolatlab bergan ovoz berish huquqini bajo keltirishni, balki fuqarolik burchimizni chuqur anglash va bu masalaga katta mas’uliyat bilan qarashni ham talab qiladi.

Nega deganda, har bir fuqaro o‘zi saylaydigan nomzod – u ertaga mahalliy kengashlarga yoki Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga a’zo bo‘ladimi – deputatlik mandatiga ega bo‘lganidan so‘ng unga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash maqsadida mamlakatimiz, yurtimiz ravnaqi uchun, xalqimizning hayoti yanada obod va farovon bo‘lishi uchun qanday hissa qo‘shishini har qaysi saylovchi o‘ziga aniq tasavvur qilishi, ya’ni, ovoz berishda adashmasligi lozim.

Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bugun biz, haqiqatan ham, Vatanimizning ertangi kunini hal qiladigan, katta siyosiy jarayon arafasida turibmiz.

O‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad-muddaolarimizga yetishda, hech shubhasiz, alohida muhim bosqich bo‘ladigan bu jarayon yurtimizda yashayotgan barcha-barcha insonlarga bevosita daxldor bo‘lib, hech kim undan chetda qolishi mumkin emas.

Bugun mana shu zalda o‘tirgan siz, azizlarning yuzlaringizga qarab, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni o‘zimga tasavvur qilib aytmoqchiman: biz navbatdagi saylovni munosib darajada o‘tkazib, xalqaro maydonda o‘zimizning siyosiy yetukligimizni yana bir bor namoyon etishga albatta qodirmiz. Chunki bizning O‘zbekistonimiz, bizning jamiyatimiz kechagi davlat, kechagi jamiyat emas – ta’bir joiz bo‘lsa, ularning o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor.

Eng muhimi, bugun odamlarimizning dunyoqarashi, ongu shuuri va tafakkuri, hayotga va mehnatga munosabati, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik tuyg‘usi, o‘z Vatanidan g‘urur va iftixori, kelajakka ishonchi kundan-kunga tobora oshib borayotganini ko‘rmaslik, sezmaslik, anglamaslik mumkin emas.

Ishonchim komilki, ko‘pni ko‘rgan, el-yurt taqdiriga mas’uliyat bilan yondashadigan xalqimiz bu siyosiy jarayonning naqadar ulkan ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, saylovda avvalo faol ishtirok etadi va o‘zining, oilasining ezgu orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, yurtimizning tinchligi, Vatanimizning taraqqiyoti uchun ovoz beradi.

Aziz do‘stlar!

Ma’lumki, bundan bir yil muqaddam sizlar bilan maslahatlashib, 2009 yilga yurtimizda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb nom bergan edik. Va shu asosda mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab e’tiborimiz markazida bo‘lib kelayotgan ustuvor masala, ya’ni qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, agrosanoat majmuida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, qishloq aholisining hayot darajasi, ijtimoiy-siyosiy va madaniy saviyasini oshirish maqsadida maxsus davlat dasturi qabul qilganimizdan ham xabaringiz bor.

“Qishloq taraqqiy topsa, yurtimiz obod, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan bu dasturning ma’no-mohiyati, eng muhim yo‘nalishlari va moliyaviy manbalari nafaqat 2009 yil uchun, balki o‘rta va uzoq muddatli istiqbol uchun belgilanib, uning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Men ushbu dasturning o‘ta keng qamrovli miqyosini inobatga olgan holda, faqatgina uni amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan birinchi qadamlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu haqda gapirganda, avvalambor, qishloq ahlining manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berilganini qayd etish lozim.

Qishloq hayotini obod etishda ularning qiyofasini o‘zgartirish, bugun qishloq joylarda yashayotgan odamlarning turmush sharoitini zamon talablariga moslashtirish, kerak bo‘lsa, uni shahar sharoitiga yaqinlashtirish g‘oyat muhim o‘rin tutadi, desam, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘laman.

Shu maqsadda 2009 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloqlarimizning zamonaviy arxitektura nuqtai nazaridan rejalashtirilishi, qishloq joylarda uy-joy va ijtimoiy obyektlar qurilishini loyihalashtirish va bunyod etish tizimini takomillashtirish, «Qishloqqurilishloyiha» institutini tashkil etish bo‘yicha qarorlari qabul qilindi.

Aytish kerakki, mazkur institut tomonidan hozirga qadar 2 xonadan 5 xonagacha bo‘lgan zamonaviy uy-joylar, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarining namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.

Bu ishga respublikamizdagi ko‘zga ko‘ringan, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilib, yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi bo‘yicha 22 ta, ijtimoiy obyektlar bo‘yicha esa 16 ta namunaviy loyiha tasdiqlanib, qurilishga tavsiya qilindi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq tayyorgarlik va qurilish ishlarini bajarish maqsadida tashkil etilgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bugungi kunda markazda va joylarda faoliyat olib bormoqda.

Joriy yilning sentabr oyida poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tgan va hozirgi vaqtda viloyat markazlarida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda bu loyihalar keng jamoatchiligimizga namoyish etilmoqda va xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.

Bu loyihalarni amalga oshirish uchun katta miqdordagi zarur mablag‘larni jalb etish maqsadida alohida qaror bilan «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tashkil etilib, ayni paytda ko‘pchilik mijozlar uning xizmatidan foydalanmoqda.

Shuni aytish kerakki, qishloq joylarda qurilish ishlarini olib borish uchun joriy yilning o‘zida mazkur bank orqali qariyb 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Kelgusi yilda esa ana shu maqsadlar uchun qo‘shimcha ravishda yana salkam 530 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning 256 milliard so‘mdan ziyodi davlat tomonidan beriladigan mablag‘dir.

Bunday keng ko‘lamli ishlarni bajarish uchun hozirga qadar mamlakatimizda 670 ta ixtisoslashtirilgan qurilish-ta’mirlash tashkiloti tuzildi va ular yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis kadrlar bilan ta’minlandi.

Ana shunday har tomonlama puxta o‘ylangan reja asosida joriy yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 42 ta yer massivi ajratilib, qishloq hududlarida eksperiment tariqasida 840 ta yakka tartibdagi uy-joy barpo etilmoqda va ularni 2010 yilning mart-aprel oylarida foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bu uylar avvalo ishlab chiqilgan namunaviy loyihalarni amalda sinash, ertaga shu uylarda yashaydigan odamlarning taklif va istaklarini har tomonlama o‘rganish va bajo keltirish uchun tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi.

Bu qurilishlarda ana shu uy-joylarning bo‘lg‘usi egalari ham o‘z mablag‘lari bilan ishtirok etmoqda. Eng muhim jihati shundaki, qurilish sarf-xarajatlarining aksariyat qismi aholiga “Qishloq qurilish bank” tomonidan beriladigan uzoq muddatli imtiyozli kredit hisobidan qoplanadi.

Ayni shu holat, ya’ni, bu uylar uchun sarflangan mablag‘ni birdaniga emas, balki 15 yil davomida asta-sekin, bosqichma-bosqich to‘lash tartibi xalqimizga katta imtiyoz va yengilliklar beradi.

Bu boradagi ishlarimiz 2010 yilda yanada keng ko‘lamda davom ettirilib, mamlakatimizning 159 ta, ya’ni barcha qishloq tumanlarida 7 ming 630 ta yangi uy-joy barpo etiladi. Nasib etsa, ularni kelgusi yilning avgust-sentabr oylarida o‘z egalariga topshiramiz, albatta.

Alohida diqqatga sazovor tomoni shundaki, bu boradagi rejalarimizda nafaqat shinam va obod uylar qurish, ayni paytda bolalar bog‘chalari, umumta’lim va musiqa maktablari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari, maishiy xizmat obyektlari, ravon yo‘llar, bir so‘z bilan aytganda, qishloq ahlining har tomonlama munosib va qulay hayot kechirishi uchun zarur barcha sharoitlarni o‘z ichiga oladigan zamonaviy turar-joy mavzelarini kompleks barpo etish aniq belgilab berilgan.

O‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalishda eng muhim masalalardan biri bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ham ancha ishlar qilindi.

Bu haqda gapirganda, avvalo qurilish materiallari ishlab chiqaradigan 31 ta ishlab chiqarish quvvati, jumladan, 2 million kvadrat metr zamonaviy tom yopish materiallari ishlab chiqaradigan 6 ta korxona, shuningdek, gips, alebastr, gipsokarton kabi qurilish va pardozlash materiallari, yig‘ma konstruksiyalar tayyorlaydigan yangi korxonalar foydalanishga topshirilganini qayd etish lozim. Shular qatorida yiliga 81 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 12 ta yangi zavod ishga tushirildi.

Ta’kidlash kerakki, yangitdan barpo etilgan bu korxonalarda tayyorlanadigan qurilish materiallari, xususan, g‘isht narxini pasaytirish maqsadida ularga har tomonlama imtiyoz va sharoitlar tug‘dirib berilmoqda.

Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish haqida so‘z borganda, bu sohada eng dolzarb masalalardan biri bo‘lmish qishloq joylarda yangi yo‘llar qurish va mavjudlarini kengaytirish uchun qariyb 100 milliard so‘m mablag‘ sarflangani, transport qatnovini yaxshilash maqsadida ko‘plab yangi yo‘nalishlar ochilib, ular Samarqandda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar bilan ta’minlanganini aytish lozim.

Ayni paytda qishloqlarimizni energetika resurslari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash uchun yil davomida 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan uzunligi 2 ming 700 kilometrdan ziyod elektr tarmoqlari, 300 kilometrdan ko‘proq tabiiy gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi va kapital ta’mirlandi.

Aziz do‘stlar!

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, eng muhimi, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotini yuksaltirish, yurtimizni obod etish yo‘lida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan fermerlik harakatining samarasini yanada oshirish maqsadida qilinayotgan ishlardan, o‘ylaymanki, barchangiz xabardorsiz.

Bu haqda gapirganda, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” dasturi doirasida rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan yer unumdorligini oshirish, uning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilgani xususida to‘xtalishimiz tabiiy, albatta.

Shular qatorida 81 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 10 ming kilometrdan ortiq zovurlar, salkam 1000 kilometrlik drenaj tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash ishlari bajarildi, ko‘plab suv inshootlari rekonstruksiya qilindi, 50 kilometr uzunlikdagi yangi kanallar va boshqa obyektlar qurilishi yakuniga yetkazildi.

Bu raqamlar ortida qanday o‘ta og‘ir va mashaqqatli mehnat yotgani, ularning zamirida yuz minglab dehqon va mexanizatorlarimizning fidokorona xizmati borligini, eng muhimi, ana shunday mehnatlar evaziga hosilimizga qo‘shimcha yana qancha hosil qo‘shilayotganini inobatga oladigan, bularning barchasini o‘zimizga tasavvur etadigan bo‘lsak, takror aytaman, bunday g‘oyat og‘ir ishni bajargan mehnatchilarimizga har qancha tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Shuni minnatdorlik bilan ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishdagi ulkan loyihalarni amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya va bir qator arab mamlakatlarining moliya institutlari tomonidan ajratilgan sarmoyalar katta hissa bo‘lib qo‘shildi.

Yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritganda, qishloq joylarda tobora rivojlanib borayotgan xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va muassasalarining faoliyati, servis xizmati xususida kengroq to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Ma’lumki, hozirgi vaqtda qishloqlarimizda an’anaviy maishiy xizmatlar bilan bir qatorda zamonaviy telekommunikatsiya tizimlari, xususan, internet, uyali aloqa, ya’ni mobil telefon aloqasi, kompyuterda turli xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga oladigan yangi servis shoxobchalari jadal rivojlanmoqda.

Bugungi kunda qishloq joylarda uyali aloqa xizmati abonentlari soni 5 millionga yetgani, bu esa mamlakatimiz bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning 30 foizini tashkil etayotgani va ushbu raqam tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgani ham shundan dalolat beradi.

Shu bilan birga, qishloq hududlarida yangi texnologiyalar asosida kommunal xizmatlar uchun ekspress to‘lovlarni qabul qiladigan 3 mingta shoxobcha tashkil etildi.

Ayniqsa, joriy yilda 4 ming 200 ta qishloq maktabi, takror aytaman, faqatgina qishloqda joylashgan maktablar internet tarmog‘iga ulangani bu sohada amalga oshirgan jiddiy ishlarimiz qatoriga kiradi.

Aziz do‘stlar, o‘zimiz bir o‘ylab ko‘raylik, hozirgi kunda aynan mana shunday kommunikatsiya xizmatlaridan foydalanib, eng olis qishloqda yashayotgan odamlar ham – u fermer yoki tadbirkor bo‘ladimi, hunarmand yoki o‘qituvchi bo‘ladimi – dunyoning istalgan chekkasi bilan bog‘lanish, muloqot qilish, turli xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishini bundan besh-olti yil oldin faraz qilish mumkinmidi?

Eng asosiysi, bunday xizmat turlari aholi ehtiyojini qondiribgina qolmasdan, ayni paytda qishloq joylardagi litsey va kollejlarni bitirgan minglab farzandlarimizni ish bilan ta’minlash, ularning mana shunday zamonaviy kasb egasi bo‘lishiga imkon yaratayotgani, o‘zingiz ayting, bugun unib-o‘sib, hayotga kirayotgan yoshlarimizning kelajagini, istiqbolini belgilab bermaydimi?

Birgina joriy yilning o‘zida faqat qishloq joylarda 460 mingta, jumladan, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish hisobidan qariyb 380 mingta yangi ish o‘rni ochilib, ularda asosan ana shunday o‘g‘il-qizlarimiz faoliyat ko‘rsatayotgani barchamizni quvontiradi, albatta.

Qishloqda turmush madaniyati va sifatini oshirish haqida gapirganda, eng o‘tkir va dolzarb yana bir masalaning yechimi to‘g‘risida doimo o‘ylashimiz tabiiydir. U ham bo‘lsa, biz uchun bebaho boylik bo‘lgan inson salomatligini asrash, onalik va bolalik muhofazasi, sog‘lom avlod tarbiyasi, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, bu borada ham ancha ishlar qilindi.

Misol tariqasida barcha qishloq tumanlarining markaziy shifoxonalari umumiy qiymati 12 million dollar bo‘lgan tibbiy anjomlar, 44 ta “Uaz” sanitariya mashinasi, 280 ta «Damas-ambulans» tez yordam mashinasi bilan ta’minlangani, qishloq vrachlik punktlariga 1 million dollar miqdorida tibbiy laboratoriya anjomlari yetkazib berilganini aytish o‘rinli bo‘ladi.

Eng muhimi, yil davomida 3 million 750 ming nafar qishloq aholisi malakali tibbiy ko‘rikdan, 22 ming nafardan ziyod homilador ayol maxsus skrining tekshiruvidan o‘tkazilgani, 400 ming nafar bemor shifoxonalarda davolanib, o‘z salomatligini mustahkamlaganini qayd etish kerak.

Qadrli do‘stlar!

Ijozatingiz bilan, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturidan o‘rin olgan yana bir ustuvor yo‘nalish haqida atroflicha to‘xtalib o‘tishni zarur, deb bilaman.

Bugungi kunda hayotimizda tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, dunyo jamoatchiligi haqli ravishda e’tirof etayotgan ta’lim-tarbiya sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz qanday katta natijalar berayotgani haqida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib gapirsak arziydi, albatta.

Haqiqatan ham, bundan 12 yil oldin boshlangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va 2004 yilda uning tarkibiy qismi sifatida qabul qilingan Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturi ijtimoiy hayotimizda tub burilish yasadi.

Bu dasturlar doirasida yurtimizda ming-minglab litsey va kollejlar, maktablar qurish va ularni rekonstruksiya qilish, eng yuksak talablar asosida jihozlashdek keng ko‘lamli vazifani qo‘yganimizda, bu ishlarning qanday ulkan, aytish mumkinki, beqiyos maqsadlarni ko‘zda tutishini kamdan-kam odam o‘ziga tasavvur qilardi.

Bugun mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, biz qanday qiyin va og‘ir bo‘lmasin, bu dasturlarni qat’iyat bilan amalga oshirib, bunday bilim maskanlarini nafaqat shaharlarimizda, balki olis qishloq va ovullarimizda ham yagona namunaviy loyiha va mezonlar asosida bunyod etishga erishdik.

Buning natijasida barcha yoshlarimiz qatori qishloq bolalarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega bo‘lishi, eng muhimi, ularning mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga kirib ta’lim olishiga munosib sharoit tug‘dirib berish uchun ana shu ikkita dastur qanday mustahkam zamin yaratganini bugun vaqt o‘tib, barchamiz tushunib yetmoqdamiz.

O‘tgan davr mobaynida ana shu litsey va kollejlarni 1 million 446 mingdan ziyod farzandlarimiz, jumladan, 1 million 55 ming nafardan ortiq qishloq yoshlari bitirib, bugungi kunda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, boshqaruv va ijtimoiy sohalarda, barcha jabhalarda mehnat qilayotgani bizning shu yo‘lda erishgan eng katta yutug‘imiz bo‘ldi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bir o‘ylab ko‘raylik, bundan o‘n-o‘n besh yil oldin maktablarimiz, umuman, ta’lim muassasalarimiz qay ahvolda edi?

O‘sha paytda ularning bugungidek eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan jihozlanishini, sport infratuzilmasiga ega bo‘lishi, maktab hayotiga internet tizimi keng kirib borishini kim faraz qila olar edi?

Ayniqsa, birgina joriy yilning o‘zida shu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilib, yurtimiz bo‘yicha jami 1 ming 957 ta maktab qurilgan va rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, ularning 1 ming 622 tasi aynan qishloq joylarda ekani diqqatga sazovordir. Shular qatorida 2009 yilda barpo etilgan 214 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejining 170 tasi qishloq tumanlarimizda bunyod etilgani va rekonstruksiya qilinganini ta’kidlash lozim.

Aynan qishloq joylardagi ana shu bilim dargohlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash uchun jami 895 milliard so‘m mablag‘ sarflangani, aytish kerakki, mamlakatimiz tarixida ilgari hech qachon ko‘rilmagan hodisadir.

Muhtaram do‘stlar, men joylarda bo‘lib, odamlar bilan, fermer va dehqonlar bilan uchrashganimda, qishloq hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida, paxta, g‘alla haqida gaplashamiz, bular albatta kerak. Lekin, e’tibor bergan bo‘lsangiz, bunday muloqotlarda yoshu qari o‘z qishlog‘i yoki tumanida qurilayotgan maktab, litsey va kollejlar qishloq hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgani haqida to‘xtalib, gapni avvalambor shundan boshlaydi.

Men yurtdoshlarimizning bunday to‘lqinlanib, quvonib gapirishini tabiiy deb o‘ylayman. Chunki xalqimizning qonida, tabiatida bo‘lgan ezgu fazilatga ko‘ra odamlarimiz ko‘proq o‘zini emas, balki farzandlarini, ularning kelajagini, baxtu saodatini o‘ylab yashaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz tanlagan taraqqiyot yo‘lining tarkibiy qismiga, aniqroq aytadigan bo‘lsak, kelajagimizning mustahkam poydevoriga aylanib borayotgan ta’lim sohasidagi buyuk dasturlarimizni o‘z vaqtida, uzoqni ko‘zlab ishlab chiqqanimiz va amalga oshirganimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini bugun mamlakatimiz erishgan yuksak marra va natijalar yaqqol namoyon etmoqda.

Shular haqida gapirar ekanmiz, joriy yilda o‘zining amaliy yo‘lini boshlagan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” dasturi ham teran ma’no-mazmuni va maqsadlariga ko‘ra yuqorida tilga olingan dasturlar bilan chambarchas va uzviy bog‘lanib ketganini ta’kidlash lozim.

Eng muhimi, bu dasturlar bir-birini to‘ldirib, bir-biriga zamin tug‘dirib berayotgan, bir-birining mantiqiy davomi bo‘lib, davlatimiz va jamiyatimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan hujjatlar, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Shu ma’noda, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” dasturi o‘z ko‘lami, ahamiyati va mohiyati bilan bugungi kunimiz va ertangi kelajagimizning nafaqat moddiy tomonlarini, ayni paytda, madaniy va ma’naviy saviyamizni oshirish, muxtasar aytganda, butun hayotimizni yuksaltirishga qaratilgan bo‘lib, hech shubhasiz, mamlakatimiz tarixida munosib o‘rin egallashi muqarrar.

Buning tasdig‘i va isboti sifatida – shunga alohida e’tibor berish zarur – faqatgina shu yilning o‘zida bu dasturni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan 2 trillion 612 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanganining o‘zi, o‘ylaymanki, ko‘p narsadan dalolat beradi.

Ishonamanki, kirib kelayotgan 2010 yilda bu maqsadlarga sarflanadigan mablag‘lar o‘tgan yilga nisbatan kam bo‘lmaydi, inshoollo.

Shu fursatdan foydalanib, mana shunday ulug‘, qiyosi va o‘lchovi bo‘lmagan olijanob ishlarga o‘z hissasini qo‘shayotgan yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlarga, fermerlik va tadbirkorlik subyektlariga, xorijiy davlatlar va jamg‘armalar, xalqaro tuzilmalarga, mana shu zalda o‘tirgan chet mamlakatlarning elchi va vakillariga, shu yo‘lda xolis xizmat qilgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur bildirishga ijozat bergaysiz.

Qadrli vatandoshlar!

Endi, siz, azizlar bilan kirib kelayotgan yangi 2010 yil haqida, unga qanday nom berish, boshqacha aytganda, el-yurtimizning ezgu intilishlariga javob beradigan ustuvor maqsadlar xususida fikr almashib, ularni o‘zimiz uchun aniq belgilab olsak, ayni muddao bo‘lardi.

Shu haqda o‘ylaganda, biz birinchi navbatda davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, keng qamrovli maqsadlarni amalga oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutadigan reja va vazifalarni hisobga olishimiz zarur.

Yangi yilga oldimizda turgan eng dolzarb maqsadlarni ko‘zlab nom berishning yana bir boisi shundan iboratki, shu tariqa biz yurtimizdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar, xo‘jalik va korxonalar, tijorat tuzilmalarining kuch va imkoniyatlarini qo‘yilgan vazifani bajarish yo‘lida safarbar etishni nazarda tutamiz.

O‘ylaymanki, agar bu masalaning tub mohiyatini, xalqimizning orzu-niyatlariga hamohang bo‘lgan ahamiyatini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, uning naqadar muhim va shu bilan birga, naqadar murakkab ekani ayon bo‘ladi.

Bu masala ustida juda ko‘p o‘ylab, fikrlashib, ko‘pchilikning taklif va mulohazalarini inobatga olib, men kirib kelayotgan 2010 yilga yurtimizda “Barkamol avlod yili” deb nom berishni taklif etmoqchiman.

Yangi yilga aynan shunday nom berishning sabablarini isbotlab berish, o‘ylaymanki, qiyin emas.

Avvalo, biz, ya’ni xalqimiz va davlatimiz, har qaysi inson nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lmaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida nima turadi?

Bu savolga hammamiz, tabiiyki, barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi, deb javob beramiz.

Haqiqatan ham, hayotimizning ma’no-mazmuni shunda emasmi?

Aynan mana shunday har tomonlama yetuk avlodgina bugun hayot oldimizga qo‘yayotgan o‘ta murakkab, og‘ir sinov va qiyinchiliklarni yengish, biz ko‘zlagan yuksak marralarni egallashning eng asosiy sharti ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz, albatta.

Kelinglar, shu masala ustida atroflicha bir fikr yuritib ko‘raylik.

Agar biz o‘z vaqtida uzoqni ko‘zlab ertaga hayotga kirib kelayotgan yoshlarimizning chuqur bilim va kasb-hunar egallashi uchun zamin yaratmasak, ularni zamon talab qiladigan mutaxassis kadrlar etib tayyorlamasak, bugungi kunda butun dunyoni qamrab olgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida yurtimizda tinchlikni saqlab, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashga, ayni shunday og‘ir sharoitda xalqimiz hayotining tobora yuksalishiga erisha olarmidik?

Yo‘q, albatta.

Hammamizga teran bir haqiqat ayon bo‘lishi kerak – biz yurtimizning ertangi rivoji yo‘lida qanday chuqur o‘ylangan dasturlarni tuzmaylik, bu rejalarni bajarish uchun qanday moddiy baza va imkoniyatlarni yaratmaylik, buning uchun qancha ko‘p sarmoya safarbar etmaylik, ularning barchasini amalga oshiradigan, ro‘yobga chiqaradigan qudratli bir omil borki, u ham bo‘lsa, yuqori malakali ish kuchi va yurtimizning ertangi kuni, taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yetuk mutaxassis yoshlarimiz, desak, o‘ylaymanki, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Shuning uchun ham bu o‘ta muhim masalani doimo davlatimiz, jamiyatimizning asosiy vazifasi sifatida ko‘rishimiz darkor.

Albatta, o‘tgan yillar tajribasini inobatga olgan holda, biz 2010 yilga “Barkamol avlod yili” deb nom berishimiz munosabati bilan maxsus davlat dasturini tayyorlashimiz va uning ijrosini ta’minlashimiz zarur.

Bu dasturni ishlab chiqishda manfaatdor idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar, mahalliy hokimliklar, tegishli mutaxassislar, qisqacha aytganda, keng jamoatchiligimiz jalb qilinishi tabiiy, albatta.

Men, shu fursatdan foydalanib, bu dastur o‘ziga qamrab oladigan yo‘nalishlar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan asosiy chora-tadbirlar qatorida eng muhim masalalar va vazifalar haqida to‘xtalib o‘tishni joiz, deb bilaman.

Eng avvalo, bu borada mavjud huquqiy va yuridik bazani tanqidiy ko‘z bilan qarab, ularga bugun zamon talab qiladigan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, kerak bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan maqsadlarga javob beradigan yangi huquqiy normalarni ishlab chiqish va Oliy Majlisimiz tomonidan qabul qilish katta ahamiyatga ega.

Tabiiyki, sog‘lom avlod deganda, barchamiz birinchi navbatda sog‘lom naslni tushunamiz. Shu borada o‘tgan yillar davomida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi. Xususan, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari, yangi tug‘ruqxonalar barpo etish, bir so‘z bilan aytganda, onalar va bolalar salomatligini himoyalash maqsadida markazda va joylarda ancha ishlar qilinganidan barchamiz xabardormiz.

Bu ishlarni e’tirof etgan holda, turli xil sabablar tufayli inson sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xavf-xatarlarning oldini olish, meditsina xizmatining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, shu sohaga posbon bo‘lgan shifokorlarning mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha bugun oldimizda yangi-yangi vazifalar paydo bo‘layotganini ham biz o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz.

Ana shunday keng qamrovli vazifalarni hisobga olib, biz 2010 yilda davlat budjetida sog‘liqni saqlash sohasidagi xarajatlarimizni 1 trillion 700 milliard so‘m atrofida belgilab, ya’ni, bu yilga nisbatan 30 foizga ko‘paytirishni ko‘zda tutmoqdamiz.

O‘rni kelganda aytish kerakki, yangi 2010 yilda davlat budjetining 50 foizdan ko‘prog‘i mamlakatimizda faqat ta’lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Barkamol avlod haqida so‘z borganda, o‘tgan yillar davomida katta kuch va mablag‘ hisobidan ta’lim sohasida barpo etilgan moddiy-texnik bazadan oqilona va samarali foydalanish masalasi qanchalik muhim ekani barchamizga ayon bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

Shular qatorida davlat ta’lim standartlarini, o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarur.

Shuningdek, o‘quv jarayoniga yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, bolalarimizni komil insonlar etib tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatadigan o‘qituvchi va domlalarga e’tiborimizni yanada oshirish, qisqacha aytganda, ta’lim-tarbiya tizimini sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga ko‘tarish diqqatimiz markazida bo‘lishi darkor.

Takror aytishga to‘g‘ri keladi – ta’lim sohasida zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, internet tizimi, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalarning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, bugungi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan bunday ilg‘or yutuqlar nafaqat maktab, litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlariga, balki har qaysi oila hayotiga keng kirib borishi uchun zamin tug‘dirishning ahamiyatini chuqur anglab olishimiz lozim.

Qabul qilinadigan dasturda jismoniy tarbiya va sport sohasida boshlagan katta ishlarimizni hech susaytirmasdan davom ettirish, ayniqsa, bolalar sportini yanada rivojlantirish, har qaysi shahar va qishloqda davr talabiga javob beradigan sport majmualari va stadionlar bunyod etish, ularni zamonaviy sport anjomlari, yuqori malakali sport ustozlari va murabbiylar bilan ta’minlash masalalari keng o‘rin olishi kerak.

Ayni paytda kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimiz egallayotgan eng zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni amalda joriy etishi uchun ularni kichik biznes va tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish masalasiga prinsipial ahamiyat berilishi va bu vazifa dasturda o‘zining munosib o‘rnini topishi darkor.

Bu borada shuni e’tiborga olishimiz kerakki, hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi ijtimoiy faol aholining 70 foizdan ortig‘i aynan kichik biznes va tadbirkorlik sohasida band. Shunday ekan, bu sohani yanada rivojlantirmasdan turib, biz iqtisodiyotimizning kelgusi taraqqiyotini o‘zimizga tasavvur qila olmaymiz.

Nega deganda, mehnat faoliyatining aynan shu yo‘nalishi bugungi kunda aholimizning katta qismi uchun nafaqat asosiy daromad manbai, balki dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham shakllanib kelayotgan o‘rta sinf bo‘lmish mulkdorlar sinfining muhim tarkibiy qismi, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining tayanchi va suyanchi hisoblanadi.

Shunday o‘ta muhim omillarni inobatga olgan holda, qabul qilinadigan dasturda kichik biznes va tadbirkorlik sohasi oldida hali-beri mavjud bo‘lgan muammolarni yechish, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bartaraf etish, barcha hudud va mintaqalarda, avvalo, qishloq joylarda bu sohaga yoshlarni jalb etish uchun yetarli sharoit va imtiyozlar yaratib berish masalasi katta o‘rin egallashi zarurligini hammamiz, birinchi navbatda mahalliy rahbarlar yaxshi anglab olishimiz darkor.

Oldimizda turgan yana bir muhim masalaga diqqatingizni qaratishni lozim deb bilaman. Hammamiz yaxshi tushunamizki, bugungi kunda taraqqiyot haqida so‘z borganda, ilm-fanning o‘rni va ahamiyati haqida ortiqcha gapirishga hojat yo‘q, albatta.

Biz mamlakatimizning kelajagini ko‘zda tutgan holda, bugungi kunda taraqqiy topgan davlatlar ilmiy jamoatchiligining e’tibor markazida turgan, eng ilg‘or, istiqbolli ilmiy izlanish va tadqiqot ishlarini yurtimizda rivojlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi va oliy o‘quv yurtlari tarkibida yangi laboratoriyalarni tashkil qilish, ularning rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan markazlari bilan samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatishiga erishishimiz kerak.

Bu masalani hozirgi vaqtda oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘rishni bugun zamonning o‘zi talab qilmoqda.

Bu yo‘nalishdagi ishlarga yangi turtki berish, xorijiy davlatlardan zamonaviy ilmiy jihoz va uskunalarni olib kelish, eng iqtidorli, talantli yoshlarimizni bu ishga safarbar qilish va rag‘batlantirish maqsadida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi qoshida alohida fond tuzish va uni yetarli darajada valuta mablag‘lari bilan ta’minlash ezgu orzu-niyatlarimizga javob beradigan bir ish bo‘lur edi.

O‘ylaymanki, bu fikrni mana shu zalda o‘tirganlar qo‘llab-quvvatlaydi.

Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda jamiyatimizning eng muhim, men aytgan bo‘lardimki, hal qiluvchi bo‘g‘ini bo‘lmish oilaga alohida e’tibor berish va uni har tomonlama asrab-avaylash tadbirlarini bo‘lajak dasturning uzviy qismi sifatida ko‘rishimiz zarur.

Xalqimizda “Qush o‘z uyasida ko‘rganini qiladi”, degan ibora bejiz aytilmagan, bunda chuqur ma’no-mazmun bor.

O‘g‘il-qizlarimizni el-yurtimizga munosib farzand, ertaga Vatanimizning haqiqiy fuqarosi bo‘ladigan insonlar etib tarbiyalash avvalo oila bag‘rida, oilaning sog‘lom iqlimi, ota-onaning bir-biriga mehri va hurmati sharoitida chuqur ildiz otishini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi anglaymiz.

Bundan xulosa shuki, sog‘lom va mustahkam oila, birinchi navbatda, yangi qurilayotgan yosh oilalar masalasini davlatimiz va jamiyatimiz, mahallalarimizning doimiy e’tiborida turadigan ustuvor vazifa deb bilishimiz darkor.

Ma’lumki, bugungi kunda farzandlarimizning ma’naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi biz uchun eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ayniqsa, hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot va begona bo‘lgan turli xil xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli intilishlar tobora kuchayib borayotgani barchamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga da’vat etishi tabiiydir.

Shu sababli yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularni giyohvandlik, axloqsizlik, chetdan kirib kelayotgan har xil zararli ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdid va xatarlardan asrash masalalari bir zum ham e’tiborimizdan chetda qolmasligi darkor. Bu masalalar dasturda albatta o‘z ifodasini topishi zarur.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bugun hech kimga sir emaski, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik hukmronlik qiladigan asr.

Kimki bu haqiqatni o‘z vaqtida anglab olmasa, intellektual bilim, intellektual boylikka intilish har qaysi millat va davlat uchun kundalik hayot mazmuniga aylanmasa – bunday davlat jahon taraqqiyoti yo‘lidan chetda qolib ketishi muqarrar.

Buni chuqur anglab olgan davlat, bunday xulosani chiqargan, xalqaro hamjamiyat va taraqqiy topgan mamlakatlar qatoriga ko‘tarilish uchun harakat qilayotgan jamiyat, birinchi navbatda, bugun unib-o‘sib kelayotgan farzandlarining har tomonlama barkamol avlod bo‘lib hayotga kirib borishini o‘zi uchun eng ulug‘, kerak bo‘lsa, eng muqaddas maqsad, deb biladi.

Bugun bizning demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, zamonaviy iqtisodiyot tizimini barpo etish, dunyoda o‘zimizga munosib o‘rin egallash yo‘lida erishayotgan yutuqlarimizni va barqaror natijalarimizni jahon jamoatchiligi tan olayotgan ekan, buning boisi nimada, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Buning boisi – avvalo, el-yurtimizning qanday boy tarix va madaniy-ma’naviy merosga ega ekanida, uning intellektual salohiyati va ildizlari naqadar chuqur ekanida, xalqimizning o‘z oldiga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida qanday buyuk ishlarga qodir ekanidadir.

Buning boisi – biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va ezgu maqsad-muddaomiz bo‘lmish erkin, ozod va obod hayot bunyod etishda ham hech kimdan kam bo‘lmaymiz, inshoollo.

Shu yuksak minbardan turib, mana shu muhtasham zalda o‘tirgan siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga yana bir bor chuqur hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.10.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati