Hamkorlikning yangi ufqlari
21.09.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning taklifiga binoan 19 sentabr kuni davlat tashrifi bilan Seulga keldi.

O‘zbekiston rahbari sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan va faxriy qorovul saf tortgan Koreya Respublikasi poytaxti aeroportida bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimidan keyin mamlakatimiz delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.

Muntazamlik kasb etgan ushbu tashrif oliy darajadagi O‘zbekiston-Janubiy Koreya muloqoti doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Bunday uchrashuvlar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollariga doir ko‘plab masalalarni muhokama qilib, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik keng ko‘lamli dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari, xususan, Koreya Respublikasi Prezidenti va ushbu mamlakatning boshqa rahbarlari bilan rasmiy muzokaralar, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar 20-21 sentabr kunlariga mo‘ljallangan.

Uchrashuvlar yakunida Qo‘shma bayonot, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni 2006-yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinadi.

Tashrifning ikkinchi kuni Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qariyb 170 ming odam xoki poyi osoyish topgan Milliy yodgorlik majmuini ziyorat qilish bilan boshlandi.

Davlatimiz rahbari yurt ozodligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, Milliy yodgorlik majmuiga gulchambar qo‘ydi.

Ikki mamlakat Prezidentlarining rasmiy uchrashuv marosimi Koreya Respublikasi rahbarining qarorgohi joylashgan “Chong Va De” (“Moviy saroy”) tarixiy majmuida bo‘lib o‘tdi.

Islom Karimov va Li Myon Bak ochiqlik va hamkorlikni rivojlantirishga intilish ruhida ikki tomonlama munosabatlarga doir keng ko‘lamli, jumladan, o‘zaro siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalariga doir masalalarni, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qildilar.

Diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tayotgan ushbu uchrashuv jadal rivojlanayotgan va o‘zaro ishonch bilan yo‘g‘rilgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya muloqotlarining mantiqiy davomi ekani ta’kidlandi. 2011-yili Toshkentda o‘tgan oliy darajadagi muloqotning amaliy natijalaridan biri sifatida ikki mamlakat rahbarlari ishtirokida yirik qo‘shma loyiha – Surg‘il koni negizida gaz-kimyo majmui qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yorqin timsoli bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida Islom Karimov va Li Myon Bak ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holatiga munosib baho berilgan, har tomonlama munosabatlarning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan Qo‘shma bayonotni qabul qildilar.

Davlat rahbarlari ishtirokida Fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma, Sayyohlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, kredit-moliya va boshqa sohalarga oid qator hujjatlar imzolandi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z qarorgohida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari – “Posko” korporatsiyasi prezidenti Chung Jung Yangni, “Xanjin grupp” va “Korean eyr” kompaniyalari raisi Cho Yang Xoni qabul qildi. Uchrashuvlarda uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri Myong Xyung Kyu bilan suhbat chog‘ida axborot-kommunikatsiyalari sohasida, aloqa tizimida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

21092012.jpgO‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat ifodasi sifatida, Islom Karimovning buyuk yetakchilik fazilatlari va O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi sifatida Janubiy Koreya rahbarining tashabbusi bilan ushbu tashrifga yana davlat tashrifi maqomi berildi.

Ikki mamlakat davlat madhiyalari ijro etilishi va faxriy qorovul rotasi tomonidan oliy martabali mehmonga yuksak harbiy ehtirom ko‘rsatish kabi taomillarni ko‘zda tutuvchi rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Islom Karimov va Li Myon Bak o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak Prezident Islom Karimov bilan yana uchrashib turganidan g‘oyat mamnun ekanini, ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro do‘stlik va ishonchga asoslanganligini ta’kidladi. Koreya rahbari mazkur tashrif O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20 yilligi nishonlanayotgan yilda amalga oshirilayotgani uning ahamiyatini yanada oshirishini alohida qayd etdi.

Xalqlarimiz azaldan savdo va har tomonlama gumanitar aloqalar o‘rnatgan, o‘zaro bilim va tajriba almashgan, bir-birini madaniy va ma’naviy jihatdan boyitib kelgan. Mehnatsevarlik, kattalarga hurmat va oilaviy qadriyatlarni e’zozlash, mehmondo‘stlik, ochiqko‘ngillik kabi ko‘plab fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlariga birdek xos bo‘lib, ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bir paytlar o‘zbek xalqi taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan o‘n minglab koreyslarga mehr-oqibat va oliyhimmatlik bilan boshpana berganini koreys xalqi hech qachon unutmaydi. Ayni vaqtda ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining ajralmas qismiga aylangan mazkur millat vakillari yurtimizga kelganining 75-yilligi keng nishonlanmoqda.

Bugungi kunda izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar tufayli davlatlarimiz o‘rtasida ochiqlik, o‘zaro hurmat va ishonch, yaqin strategik hamkorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgan va bu aloqalar kundan- kunga yangi amaliy mazmun bilan boyib bormoqda.

Mamlakatlarimiz rahbarlari ochiqlik va oshkoralik ruhida fikr almashdilar va o‘zaro munosabatlarni, turli sohalardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb muammolar yuzasidan tomonlarning qarashlari o‘xshash ekanini tasdiqladilar.

Prezident Islom Karimovning mazkur tashrifi muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, tomonlarning o‘zaro munosabatlarning barcha sohalaridagi amaliy hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishga bo‘lgan mushtarak intilishini yaqqol namoyish etdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda qaror topgan va 2006-yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida izchil kengayib va yangi mazmun bilan boyib borayotgan hamkorlikning bugungi holatiga yuksak baho berdilar.

O‘zbekistonda Koreya Respublikasiga jadal rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy, industrial-texnik va intellektual salohiyatga ega, global moliyaviy inqiroz sharoitida ilg‘or innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish va amaliyotga faol tatbiq etish asosida barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish qilayotgan zamonaviy davlat sifatida qaraladi.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning uzoq muddatli, ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherigi bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam, tizimli va o‘zaro manfaatli hamkorlik qaror topgan.

Siyosiy sohada davlatlararo va hukumatlararo darajada faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, iqtisodiyot va tijorat tuzilmalari, banklar, kompaniyalar o‘rtasida ham izchil hamkorlik amalga oshirilmoqda. 2011-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,6 milliard AQSh dollaridan oshdi, joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich qariyb 50 foiz o‘sdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini tashkil etuvchi 230 dan ziyod hujjat imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlarining muzokaralari yakuni bo‘yicha tomonlarning o‘zaro manfaatli sohalarda ikki mamlakat xalqlarining tub va uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiluvchi hamkorlikni istiqbolda ham rivojlantirish maqsadi tasdiqlangan Qo‘shma bayonot imzolandi.

Prezidentlar Islom Karimov va Li Myon Bak huquqiy sohada, sayyohlik va moliya yo‘nalishlarida hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolanganidan, shuningdek, qiymati 5 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan va bunda Koreyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 3 milliard dollardan ortiqni tashkil qiluvchi shartnomalar tuzilganidan mamnuniyat izhor qildilar.

Mazkur loyihalarda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini, Navoiy shahri aeroporti bazasidagi xalqaro intermodal logistika markazi va “Angren” erkin industrial zonasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Qabul qilingan hujjatlar o‘zaro hamkorlikning mashinasozlik, energetika, yengil sanoat, farmatsevtika, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, neft-kimyo, elektronika mahsulotlari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarini ham qamrab olgan. Bu bilan mamlakatlarimiz strategik hamkorligining asosi yanada mustahkamlanmoqda va o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Koreya Respublikasi Prezidenti dunyoda beqaror moliyaviy-iqtisodiy ahvol davom etayotgan sharoitda O‘zbekiston Respublikasining muvozanatli va barqaror rivojlanayotganini yuqori baholadi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) liniyasi bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, energiya ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va ekologiya kabi sohalarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy-texnik yordam berish bo‘yicha o‘zaro manfaatli investitsion hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridandir. Ta’lim, fan, sport, tibbiyot va sayyohlik sohasida o‘zaro samarali hamkorlik davom etmoqda, talabalar, o‘qituvchilar va mutaxassislar almashish faollashmoqda.

Tashrif doirasida Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Kan Chxan Xi bilan uchrashdi. Mamlakatlarimizda amalga oshirilayotgan parlament islohotlari haqida fikr almashildi, o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Prezident Islom Karimov va Spiker Kan Chxan Xi oliy darajadagi strategik hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ikki mamlakat parlamentlarining faoliyatiga yuksak baho berdi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki mamlakatning parlament tuzilmalari o‘rtasida aloqalarni, axborot va tajriba almashishni kengaytirish lozimligini qayd etdi.

Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi Bosh vaziri Kim Xvan Sik bilan ham uchrashdi.

Islom Karimov o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashning muhim omili ekanini va iqtisodiyotlarimiz bir-biri bilan raqobatlashmasligini, aksincha, turli yo‘nalishlarda bir-birini to‘ldirib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Koreya Respublikasi Bosh vaziri ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotganini yuksak baholadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 dan ziyod qo‘shma korxona, jumladan, yuz foiz Koreya kapitali ishtirokida 64 korxona tashkil etilgan. Koreyalik biznes vakillarining faol ishtiroki natijasida mamlakatimizda qator strategik loyihalar amalga oshirilmoqda, xususan, “Surg‘il” koni negizida qiymati 4 milliard dollarlik Ustyurt gaz-kimyo kompleksi va Navoiy shahrida intermodal logistika majmui barpo etilmoqda.

Islom Karimov va Kim Xvan Sik mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga ikki tomon ham doimo tayyor ekanini bildirdi.

Tashrif asnosida Prezident Islom Karimov Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri Meng Xyung Kyu, “POSKO” kompaniyalari guruhi prezidenti Chung Jung Yang, “Xanjin grupp” va “Korean eyr” kompaniyalari raisi Cho Yang Xo bilan ham uchrashdi. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, Koreyaning yetakchi kompaniyalarini yangi mineral xomashyo konlariga ishlov berish, transport, logistika va axborot texnologiyalari sohasiga oid loyihalarga jalb etish masalalari atroflicha muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston bilan Koreya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi.

Uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga to‘liq javob berishi va hamkorlikning mavjud boy salohiyatini samarali amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tomonlar strategik sheriklikni faollashtirish, siyosiy muloqotni kengaytirish va barcha sohalardagi munosabatlarni o‘zaro manfaatli asosda chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor namoyon etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati