O‘ZBEKISTON-TURKMANISTON: AN’ANAVIY DO‘STLIK MUNOSABATLARINI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA
02.10.2012
O‘ZBEKISTON-TURKMANISTON: AN’ANAVIY DO‘STLIK MUNOSABATLARINI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 1-2-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O‘zbekiston va Turkmanistonni uzoq asrlarga taqaluvchi tarixiy yaqin munosabatlar, xalqlarimizni mushtarak madaniy va ma’naviy qadriyatlar, o‘xshash til, an’ana va urf-odatlar bog‘lab turadi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedovning ochiqlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan muzokaralari chog‘ida tomonlar mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarak ekanligini va ikki davlatda ham keng ko‘lamli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun siyosiy xohish-iroda mavjudligini, shuningdek, muhokama qilingan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega deyarli barcha muammolar yuzasidan O‘zbekiston va Turkmanistonning pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin ekanini tasdiqladilar.

Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida vaziyatning shiddat bilan o‘zgarayotganini, davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va uning oqibatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, bularning barchasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bois ikki davlat rahbarlari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va bu borada birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida temir yo‘llar barpo etish, hayotiy muhim infrastrukturalarni yaratish, elektr energiyasi va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirish yo‘li bilan ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish ishiga amaliy hissa qo‘shmoqda.

Muzokaralarda mintaqa suv resurslaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ushbu masala bo‘yicha umumiy pozitsiyani bayon qildilar – suv-energetika sohasiga doir masalalarni hal qilishda, transchegaraviy daryolarning yuqori qismida gidroenergetika majmualarini barpo qilish BMT konvensiyalarida mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq amalga oshirilishi shart, degan tamoyildan kelib chiqib ish yuritish lozim. Ushbu hujjatlar transchegaraviy daryolar resurslaridan foydalanishda atrof-muhitga va qo‘shni davlatlar manfaatlariga zarar yetkazmaslik tamoyiliga amal qilishni talab etadi. Ushbu talablardan kelib chiqib, gidroinshootlar qurilishi loyihasini nufuzli xalqaro ekspertizadan o‘tkazish zarur.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Savdo munosabatlarining o‘sishi xususida gap ketganda 2011-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 69 foiz oshib, 500 million AQSh dollariga yaqinlashganini ta’kidlash joiz.

Tomonlar davlat izchil qo‘llab-quvvatlab tursa, o‘zaro savdo hajmini ikki mamlakat manfaatlari yo‘lida yanada ko‘paytirish yaxshi istiqbollarga ega ekaniga ishonch bildirdilar.

Transport kommunikatsiyalari hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmaniston yaxshi integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘l tizimiga ega bo‘lib, bu Markaziy Osiyoni Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga chiqish uchun Kavkaz mintaqasi bilan bog‘lashda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Ikki mamlakat jamoatchiligi va san’at ustalari ishtirokida do‘stlik festivallarini o‘tkazish O‘zbekiston va Turkmaniston madaniy hayotida yaxshi an’anaga aylandi. Bunday tadbirlar xalqlarimizning ma’naviy va madaniy jihatdan yanada yaqinlashishiga katta hissa qo‘shmoqda.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Prezidentlarning Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik shartnomasi, O‘zaro yetkazib berishlar to‘g‘risidagi bitim, Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2013-2014-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.

Qo‘shma bayonotda ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish, ikki qardosh davlatning avval erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish maqsadida davlatlararo va hukumatlararo o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirishga bo‘lgan intilishdan qoniqish hosil qilayotgani ta’kidlangan.

Hujjatda tomonlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, huquqni muhofaza qilish va boshqa sohalarda hamkorligini rivojlantirish istiqbollari o‘z ifodasini topgan. Markaziy Osiyoda suv-energetika muammolari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mamlakatlarimizning yagona pozitsiyasi qayd etilgan.

Iqtisodiy hamkorlik shartnomasiga muvofiq mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarni, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, tovar va xizmatlar yetkazib berish hajmi hamda turlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston bilan Turkmaniston biznes-tuzilmalari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni o‘rnatish uchun qulay shart-sharoit yaratish orqali hamkorlikni yanada faollashtiradi. Bundan tashqari, tomonlar tashqi bozorlarga chiqish maqsadida transport koridorlari va magistrallarni diversifikatsiya qilish, uchinchi mamlakatlar yuklarini tranzit qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga doir ishlarni davom ettiradi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishni ko‘zda tutuvchi O‘zaro yetkazib berishlar to‘g‘risidagi shartnoma har ikki davlat vazirliklari, idoralari, tashkilot va korxonalarining hamkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishga qaratilgan. Boshqacha aytganda, mamlakatlarimiz tovarlarni ikki taraflama, jumladan, O‘zbekistondan Turkmanistonga yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo‘jalik texnikasi, ehtiyot qismlar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari, qurilish materiallari, maishiy elektr va elektr texnika asbob-uskunalari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib beriladi. Turkmanistondan mamlakatimizga neft, gaz kondensati, polipropilen, polistirol, bishofit, to‘qimachilik, qishloq xo‘jalik va qayta ishlash sanoati mahsulotlari, gilamlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ushbu tashrifni ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan oliy darajadagi samarali muloqotning mantiqiy davomi, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi muhim muammolar yuzasidan fikr almashish imkoniyati sifatida baholaganliklarini ta’kidladilar. Muzokaralar ochiqlik va hamjihatlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi an’anaviy teng huquqlilik va ikki mamlakat xalqlari manfaati yo‘lidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkmaniston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Gurbanguli Berdimuhamedovni o‘zi uchun qulay vaqtda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

 


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati