O‘ZBEKISTON – OZARBOYJON: DO‘STLIK VA HAMKORLIKNI YANADA MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA
15.10.2012
O‘ZBEKISTON – OZARBOYJON: DO‘STLIK VA HAMKORLIKNI YANADA MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-12 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Ozarboyjon Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Ozarboyjonga tashrifining ilk daqiqalaridanoq qadim ozarboyjon zaminiga xos bo‘lgan an’anaviy mehmondo‘stlik, samimiylik, do‘stona munosabat tuyg‘ulari hamda mamlakatimizga katta hurmat-ehtirom namoyon bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tashqi siyosiy kon’yunktura qanday bo‘lishidan qat’i nazar chuqur tarixiy ildizlar, o‘xshash va yaqin milliy an’analar, urf-odatlar, til, madaniyat va dinga asoslanadi, hamkorligimiz aniq belgilangan yo‘nalishlarga ega. Do‘stona aloqalarimizning yangi tarixida mamlakatlarimiz turli darajalarda o‘zaro samimiy yordam qo‘lini cho‘zib, bir-birini qo‘llab-quvvatlaganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ozarboyjonga rasmiy tashrifi avvalambor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, ilgari erishilgan kelishuvlarni to‘la amalga oshirish, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishga qaratildi.

O‘zbekiston Ozarboyjon bilan keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga hamisha alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Mustaqillik yillarida o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar qaror topdi, mamlakatlarimiz o‘rtasida hech qanday muammolar yo‘q.

Tomonlar o‘rtasida ana shunday samimiylik va o‘zaro ishonch muhitida, konstruktiv va amaliy muloqot ruhida o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka doir dolzarb muammolar muhokama qilindi. Bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Prezidentimizning tashrifi asnosida erishilgan aniq natijalar ikki tomonlama munosabatlarni strategik hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichiga olib chiqish imkonini berdi.

Mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qilar ekan, tomonlar davom etayotgan mojarolar va keskinlik o‘choqlarini davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyiliga qat’iy rioya qilish asosida tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidladilar.

Janubiy Kavkazda qarama-qarshiliklar davom etayotgan bugungi murakkab vaziyatda ham Ozarboyjon mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga doir dasturlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, mamlakatning boy resurslaridan samarali foydalanish borasida salmoqli natijalarga erishmoqda. Mamlakatda zamonaviy texnologiyalarga, eksportni kengaytirish va jahon bozorlariga integratsiyalashishga asoslangan sanoat bazasi yaratilgan. Ozarboyjon o‘zining qulay geografik va geostrategik o‘rnidan samarali foydalanib, ushbu ulkan mintaqadagi muhim logistik markazlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamladi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon chegaradosh bo‘lmasa-da, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liqligi tobora kuchayib borayotganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, mamlakatlarimizni ko‘p jihatlar birlashtirib turadi.

So‘nggi yillardagi voqealar shuni yaqqol ko‘rsatmoqdaki, ulkan mineral-xomashyo va uglevodorod resurslari, boy madaniy-tarixiy va inson salohiyatiga ega bo‘lgan, jahon siyosatidagi eng muhim mintaqalardan bo‘lgan dunyoning mazkur ikki mintaqasida turli tashqi kuchlar va qudratli davlatlarning manfaatlari o‘zaro duch kelmoqda va ba’zida ochiqdan-ochiq to‘qnashmoqda.

Mazkur mintaqalar, tabiiyki, o‘ziga xos xususiyatlarga, shu bilan birga umumiy jihatlarga ham egadir.

Bu, tabiiyki, mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz xavfsizligini hamda ularni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash yo‘lida qulay tashqi sharoitlar yaratish uchun davlatlarimiz faoliyatini va mamlakatlarimizning o‘zaro aloqalarini muvofiqlashtirish zaruratini taqozo etadi.

Mintaqalarimizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar ehtimoli kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekiston va Ozarboyjonning vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi o‘rni g‘oyat muhimdir va mamlakatlarimiz bunday tahdidlarga nisbatan adekvat munosabatda bo‘lishi darkor.

Muzokaralarda, shuningdek, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama savdoning hozirgi holati O‘zbekiston va Ozarboyjonning iqtisodiy salohiyatiga mos emasligini ta’kidladilar. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada yuksak darajaga ko‘tarish uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston Ozarboyjonning neft-gaz sanoatidagi salohiyatini inobatga olib, ushbu mamlakatdan uzoq muddatli asosda neft-gaz sanoatida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar va ular uchun ehtiyot qismlar, neft-kimyo sanoati mahsulotlari, shuningdek, Ozarboyjon korxonalarida ishlab chiqarilayotgan boshqa mahsulotlarni sotib olishga tayyor.

Ayni paytda O‘zbekiston korxonalari Ozarboyjonga zamonaviy yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, keng turdagi elektrotexnika mahsulotlari, kimyo sanoati, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, sement va qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar va boshqa tovarlarni yetkazib berishga tayyor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ozarboyjonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan bir qator tadbirlar, ozarboyjonlik hamkorlar bilan tashkil etilgan ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Ozarboyjon hukumatlararo komissiyasining o‘ninchi majlisida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun mavjud katta zaxiralar va imkoniyatlarni ishga solishdan, shuningdek, transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishdan, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

11-oktabr kuni O‘zbekiston – Ozarboyjon biznes-forumi o‘tkazildi. Ozarboyjonning yetakchi kompaniyalaridan yuzdan ortiq vakillar ishtirok etgan mazkur anjumanda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud ekanini ta’kidladilar va keng turdagi mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qildilar.

Misol uchun, Ozarboyjonda “GM O‘zbekiston” korxonasida “Shevrole” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarga talab katta. Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi besh yilda Ozarboyjonga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qariyb 4,5 ming avtomobil yetkazib berildi va yaqin yillarda yana 3,3 ming avtomobil yetkazib berish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ozarboyjonga avtomobillar yetkazib berish hajmini ko‘paytirishni yanada rag‘batlantirish maqsadida Boku shahrida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan “Kobalt” rusumli yangi avtomobil taqdimotini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ozarboyjonga O‘zbekistondagi “MAN” va “Isuzu” korxonalari bazasida ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, og‘ir yuk avtomobillari, maxsus texnika, shahar kommunal xo‘jaligi texnikasi, shu jumladan, o‘t o‘chirish mashinalari, suv sepish va sug‘orishga mo‘ljallangan mashinalar, yuk ko‘targichlar va boshqa texnika vositalarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridandir.

Misol uchun, hozirgi kunda “SamAvto” korxonasida ishlab chiqarilgan 400 dan ortiq avtobus Ozarboyjon yo‘lovchi tashish tizimida xizmat qilmoqda. Ushbu mashinalar o‘zining yuqori sifati va qulayligi bilan ishonchga sazovor bo‘ldi va 2013-yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yana 150 avtobusni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Ozarboyjonda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturlari amalga oshirilayotganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ushbu mamlakat bozoriga “O‘zKlassAgro” qo‘shma korxonasi va “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan kombayn va traktorlarni, shuningdek, mineral o‘g‘itlar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish yaxshi istiqbolga ega.

O‘zbekiston bug‘doyini Ozarboyjon bozoriga yetkazib berish borasida muayyan tajriba to‘plangan va mazkur mamlakat kompaniyalari bunday hamkorlikni Ozarboyjonga yiliga 50 ming tonnagacha don yetkazib berishni tashkil etish bilan davom ettirishdan manfaatdor.

Umuman, ozarboyjonlik sheriklar bilan o‘tkazilgan tadbirlar va ikki tomonlama muzokaralar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qiziqish yuqori ekanligini ko‘rsatdi. Ozarboyjonga avtomobillar va ehtiyot qismlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, bug‘doy, mineral o‘g‘itlar, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari va boshqa tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha imzolangan hujjatlar buning dalilidir.

Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari o‘rtasidagi transport yo‘laklarini rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Ushbu yo‘laklar Qora dengizdagi Poti va O‘rtayer dengizidagi Mersin (Turkiya) bandargohlari orqali Yevropa mamlakatlariga chiqish imkonini beradi.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarboyjon va Gruziya temir yo‘llarini Turkiya temir yo‘llari tizimi bilan bog‘laydigan va Mersin bandargohi orqali O‘rtayer dengiziga chiqish imkonini beruvchi Navoiy – Turkmanboshi – Boku – Tbilisi – Kars (Turkiya) temir yo‘l transport yo‘lagidan foydalanishga mamlakatimizda har tomonlama manfaatli loyiha sifatida qaralmoqda.

Bu xususda so‘z ketganda, tomonlar Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li loyihasini amalga oshirish transport va kommunikatsiyaga oid loyihalar uchun tamomila yangi sharoit yaratishini, bu ancha qisqa va iqtisodiy nuqtai-nazardan samarali yangi transport yo‘nalishini barpo etish imkonini berishini ta’kidladilar.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan Qo‘shma bayonotda savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish uchun iqtisodiy kooperatsiyani faollashtirish va mavjud yuksak salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligiga, Prezident Islom Karimovning tashrifi asnosida imzolangan va savdo-iqtisodiy hamkorlikning aniq tadbirlari va yo‘nalishlari belgilab berilgan 2012-2015-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini so‘zsiz bajarish lozimligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Tomonlar Hukumatlararo komissiyaning izchil faoliyati bu masalada asosiy muvofiqlashtirishuvchi mexanizmga aylanishi lozimligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, tomonlar so‘nggi yillarda Boku va Toshkent shaharlarida mamlakatlarimizning milliy ko‘rgazmalari o‘tkazilganini, mazkur anjumanlar O‘zbekiston va Ozarboyjon ishbilarmon doiralari hamkorlik sur’atlarini oshirishga, ayniqsa, davlatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan sohalarda sheriklikni yanada rivojlantirishga katta qiziqish bildirayotganini namoyon etganligini qayd etdilar.

Tomonlar, shuningdek, mamlakatlarimizning mavjud ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatidan yanada samarali va o‘zaro manfaatli asosda foydalanish uchun hamkorlikni ikki va ko‘p tomonlama darajada davom ettirishga kelishib oldilar.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardandir. Bu xalqlarimizning azaliy madaniy aloqalari, ma’naviy yaqinligi, an’ana va madaniyatining mushtarakligi bilan izohlanadi.

Boku shahrida Alisher Navoiy haykali, Toshkent shahrida Nizomiy Ganjaviy haykali o‘rnatilgan. Ozarboyjon poytaxtidagi ko‘chalardan biriga buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek nomi berilgan. O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘chalardan biri ozarboyjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev nomi bilan ataladi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi qirq minglik ozarboyjon diasporasi vakillari yurtimizdagi ko‘plab millat va elatlar bilan birga tinch-totuv yashab, mustaqil va suveren O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

So‘nggi yillarda ozarboyjon millatiga mansub 27 nafar O‘zbekiston fuqarosi, ular orasida mashhur olim va o‘qituvchilar, quruvchi va harbiy xizmatchilar, el sevgan madaniyat va san’at namoyandalari bor, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani ular jamiyatimizda o‘zining munosib o‘rniga ega ekanligidan yaqqol dalolat beradi.

Ozarboyjonlik san’at ustalari Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Qo‘shma ilmiy-texnik ishlanmalarni tashkil etish, ikki mamlakat Fanlar akademiyalari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish, madaniyat sohasida turli tadbirlarni o‘tkazish o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridandir.

O‘zining betakrorligi va bunyodkorlik ishlari sur’atining yuqoriligi bilan kishida katta taassurot qoldiruvchi Boku shahrining bugungi qiyofasi izchil rivojlanib borayotgan Ozarboyjon erishayotgan yutuqlarni yaqqol namoyon etadi. Bugun mamlakat poytaxti jadal rivojlanayotgan megapolisdir. Boku bir tomondan Sharqona shahar bo‘lsa, boshqa tomondan G‘arb sivilizatsiyasidan aslo qolishmaydigan zamonaviy shahardir.

Shaharda deyarli barcha magistral kommunikatsiyalar butunlay yangilangan. Boku o‘ziga xos, ehtimol Sharq mamlakatlariga unchalik xos bo‘lmagan arxitektura asosida barpo etilgan ko‘plab inshootlarga ega shahardir. Bularning barchasi bugun Ozarboyjon nafaqat Sharqning markazlaridan biri, balki ilg‘or me’moriy yechimlar asosida barpo etilgan zamonaviy mamlakat ekanligidan yana bir bor dalolat beradi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ozarboyjonga amalga oshirgan mazmunli va samarali tashrifi natijalaridan xulosa qilib shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tashrif ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishda, strategik hamkorlikni mustahkamlashda, xalqaro hayotning dolzarb muammolari bo‘yicha o‘zaro manfaatli munosabatlarning keng ko‘lamli masalalarini o‘z ichiga olgan dasturni shakllantirishda muhim yangi bosqich bo‘ldi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 23.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati