Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Ashxobod sammiti
05.12.2012
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Ashxobod sammiti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-dekabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘ldi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Sammit boshlanishidan avval O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining suhbati bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov do‘stona muhitda, o‘zaro ishonch va ochiqlik ruhida o‘tgan suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini, mamlakatlarimizning MDH doirasidagi hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.

MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida iqtisodiy va gumanitar sohalarda, xavfsizlikni ta’minlashda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash kerakki, Hamdo‘stlikning tashkil etilishi yangi mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq tarixiy sharoitlarda an’anaviy gumanitar, iqtisodiy va boshqa sohalardagi aloqalarni saqlab qolishdagi ob’ektiv zarurat bilan izohlanadi.

O‘tgan yillar davomida MDH o‘zini siyosiy, iqtisodiy, gumanitar hamkorlik masalalarini xalqaro-huquqiy vositalar yordamida ko‘rib chiqish va hal qilish bo‘yicha siyosiy platforma sifatida kerakli tashkilot ekanligini namoyon etdi.

MDH tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi shaklini yaratish, mintaqaviy va mintaqalararo rivojlanish masalalarini hal qilishda muhim rol o‘ynadi va o‘ynamoqda.

Hamdo‘stlik mamlakatlari yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirishga hamda bugungi kunning dolzarb vazifalarini hal qilishda MDHning salohiyatini mustahkamlashga intilib kelmoqda.

Ayni paytda Ashxobod sammiti ishtirokchilari MDH doirasidagi mavjud ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga, xalqlari farovonligini ta’minlashga erishish uchun Hamdo‘stlik faoliyatining tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Shundan kelib chiqib, tomonlar bundan keyin ham mintaqaviy va mintaqalararo munosabatlar tizimini shakllantirishda MDH rolini mustahkamlashga, uni hamkorlikning zamon talablariga javob beruvchi rivojlangan va samarali mexanizm sifatida qaror topishida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ma’lumki, bugungi kunda iqtisodiy omillarning xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga ta’sirining sezilarli darajada kuchayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu bois ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni kompleks hal qilishda MDHning iqtisodiy hamkorlik sohasidagi salohiyatidan yanada samarali foydalanish birinchi navbatdagi vazifa ekani ta’kidlandi. Xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘laklarini yaratish, energetika va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, eksport imkoniyatlarini yuksaltirish va sarmoyaviy faoliyatni rag‘batlantirish bu boradagi munosabatlarni rivojlantirishdagi eng istiqbolli yo‘nalishlardir.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash – MDHni to‘laqonli rivojlantirishning muhim vazifasi ekanligi qayd etildi.

Tomonlar Hamdo‘stlik faoliyati va uning shartnomaviy-huquqiy asosini xalqaro jarayonlarni boshqarishning jahon tajribasini hisobga olgan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladilar. Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida turli sohalardagi munosabatlarni bundan keyin ham rivojlantirish, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashish zarurligiga qat’iy ishonch bildirildi.

Sammit yakunlari bo‘yicha MDH Davlat rahbarlarining Har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, MDHda 2013-yilni Ekologik madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilish yili deb e’lon qilish to‘g‘risida, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi va boshqa hujjatlar imzolandi.

Davlat rahbarlarining qaroriga ko‘ra, MDH raisligi Belarus Respublikasiga o‘tdi.

MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini 2013-yilning oktabr oyida Minsk shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati