O‘zaro munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan yanada boyitish yo‘lida
15.04.2013
O‘zaro munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan yanada boyitish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 14-15-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda oliy darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Islom Karimov 2010-yilning aprel oyida rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. 2012-yilning iyun oyida Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Mazkur tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya va boshqa bir qator hujjatlar imzolandi.

Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov joriy yilning 5-aprelida tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida imzolangan qariyb 200 davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini tashkil etadi. 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdagi asosiy hujjatlar bo‘lib, mazkur shartnomalarda harbiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda o‘zaro sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Ushbu shartnomalarda milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, terrorizmga, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga hamda yangi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarida yaqin hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Prezident Islom Karimovning Rossiyaga rasmiy tashrifining asosiy tadbirlari 15-aprel kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov va Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb muammolar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat rivoji, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikning tarqalishiga qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari davlatlarimizning BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligi masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Kengaytirilgan tarkibdagi muhokamalarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlik masalalariga qaratildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining mustahkam asosini tashkil etishi ta’kidlandi. 2012-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,6 foiz o‘sdi va 7,6 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Joriy yilning birinchi choragida bu boradagi o‘sish 20 foizga yetdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 850 Rossiya-O‘zbekiston kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda, mamlakatimizda Rossiyaning 100 dan ortiq korxonalarining vakolatxonalari ro‘yxatga olingan. Rossiyada O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq kompaniya faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik yoqilg‘i-energetika sohasida faol rivojlanmoqda, Rossiyaning yirik neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizda muvaffaqiyatli va samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muzokaralarda tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish orqali sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, transport, transport kommunikatsiyalari sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, yoqilg‘i-energetika kompleksi hamda iqtisodiyotning boshqa sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik komissiyasi faoliyati doirasida ko‘rib chiqilmoqda. 2012-yilning dekabrida Toshkentda ushbu komissiyaning 14- majlisi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida komissiya faoliyati va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.

Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta’lim, sport va turizm bo‘yicha vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, fanlar akademiyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Toshkentda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida bitim, 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2013-2015-yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik dasturi imzolandi. Shuningdek, tashrif doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish muassasalari, bojxona va soliq xizmatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar qabul qilindi.

Islom Karimov va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgani, ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi hamda fikrlari bir-biriga o‘xshashligi va yaqinligini, imzolangan hujjatlar ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Ishchanlik muhitida o‘tgan muzokaralar, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Rossiya ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan yanada boyitish yo‘lidan borayotganini ta’kidlash uchun asos bo‘la oladi.

 


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati