PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING “SHARQ TARONALARI” YETTINCHI XALQARO MUSIQA FESTIVALINING OCHILISHIGA BAG‘ISHLANGAN MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
26.08.2009

Qadrli festival qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Bugun mana shu qadimiy va betakror Samarqand zaminiga uzoq-yaqin o‘lkalardan tashrif buyurgan siz aziz mehmonlarimiz bilan, dunyoda nom qozongan “Sharq taronalari” festivalining ishtirokchilari, barcha do‘stu birodarlarimiz va men uchun qadrdon bo‘lgan Samarqand ahli bilan diydor ko‘rishib turganimdan benihoya xursand bo‘lganimni bildirib, barchangizga o‘zimning ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Shu go‘zal va shukuhli oqshomda muhtasham Registon maydonida sizlar bilan birga nufuzli YUNESKO xalqaro tashkiloti, Xalqaro xalq ijodiyoti kengashi vakillari, xorijiy davlatlarning elchilari ham hozir bo‘lganini biz, avvalo, o‘zbek xalqiga, bugungi ajoyib anjumanga hurmat belgisi sifatida qabul qilamiz va buning uchun barchangizga minnatdorlik bildiramiz.

Bugun mana shu yuksak minbardan turib, o‘z zimmamga olgan sharafli burchimni bajarib, dunyoning turli qit’a va mintaqalaridan kelgan siz aziz mehmonlarni butun xalqimiz nomidan samimiy qutlab, “Xush kelibsiz azim Samarqand shahriga, xush kelibsiz O‘zbekistonga!” deb o‘z hurmat-ehtiromimni bildirishga ruxsat bergaysiz.

Qadrli do‘stlar, muhtaram mehmonlar!

Barchamizga ma’lumki, dunyoda juda ko‘p va turli-tuman san’at va musiqa festivallari o‘tkaziladi. Albatta, ularni har birining o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari, o‘ziga xosligi, qadr-qimmati, o‘z mavzu va g‘oyalari, obro‘-e’tibori bor.

Shular qatorida biz bundan 12 yil oldin tashkil qilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining aynan sharqona ma’no-mazmuni, betakror ruhi va qiyofasi borligini, o‘ylaymanki, hech kim inkor etolmaydi.

Avvalo, bu festival Sharq olamini va falsafasini, benazir go‘zallik, nazokat va nafosatni aks ettiradigan, inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib boradigan kuy va qo‘shiqlarni, qadimiy tasvirlarni ifoda etgani bilan insonning butun vujudini qamrab olishi va o‘ziga maftun etishi muqarrar.

Shu bilan birga, bu festival biz yashayotgan bugungi notinch va o‘ta murakkab zamonda elu elatlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa ohanglari orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, mushtarak tomirlarni bir-biriga payvand etish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida e’tiborga sazovor.

Chunki tili, millati, dini va urf-odatidan qat’i nazar, yer yuzidagi yuzlab millat va xalqlarni birlashtiradigan eng qudratli, eng ta’sirchan bir vosita borki, bu – musiqa, bu – ohang, bu – tarona.

Men bir narsaga aminman – bizning hayotimizga, avvalo, farzandlarimiz, bolalarimizning ongi va qalbiga hech qanday chegarani, hech qanday g‘ov-to‘siqni bilmaydigan musiqa sadolari, mumtoz kuy va qo‘shiqlar qanchalik chuqur kirib borsa, bu o‘z navbatida xalqlarni bir-biriga yaqin qilishga, hamkorlik va do‘stlikka da’vat etadi va tom ma’noda yengilmas kuchga aylanib qoladi.

Butun dunyoda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan bu festivalning jahondagi eng ko‘hna shaharlardan biri bo‘lmish, har qadamda Sharq nafasi ufurib turadigan go‘zal va afsonaviy Samarqand shahrida o‘tkazilishi bu anjumanga beqiyos joziba va ma’no-mazmun bag‘ishlaydi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Sharq olamining o‘lmas ruhini, uning qadimiy va hamisha navqiron qiyofasini, betakror me’moriy yodgorliklarni namoyon etadigan bu shahar va bu yerda yashayotgan, ko‘p asrlar davomida turli millat va elatlarning eng olijanob fazilat va xususiyatlarini, tili va tabiatini o‘zida mujassam etgan, mehmondo‘st va mehribon xalq bu festivalning uzviy, ajoyib bir qismiga aylanib, unga yangicha fayzu tarovat baxsh etadi, desam, barcha-barcha shu maydonda o‘tirganlar bu fikrga qo‘shiladi.

Shu buyuk shaharda tug‘ilib, unib-o‘sgan inson sifatida men Samarqand xalqiga qaratib, uni ta’riflab, o‘zimning mehrim, farzandlik muhabbatim haqida takror va takror gapirishdan hech qachon charchamayman. Va bu tabarruk tuproq oldida o‘zimni hamisha qarzdor deb bilaman.

Aziz do‘stlarim, birodarlarim!

Bugun ochilayotgan yettinchi festival haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu festival o‘z qatnashchilarining soni va ishtirokchi davlatlar jug‘rofiyasi bilan, turli xalqlarning bebaho ma’naviy boyligini keng tarannum etishi, unga yangi-yangi iste’dodlar va dunyoga mashhur san’atkorlarning tashrif buyurgani, musiqiy olamining rang-barangligi bilan “Sharq taronalari” musiqa anjumanlari tarixida alohida o‘rin egallaydi.

Buni birgina misol, ya’ni festivalimizning dastlabki anjumanida 31 ta mamlakat vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi musiqa bayramida 47 ta davlatdan kelgan 260 dan ziyod mohir sozanda va xonandalar qatnashayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Biz mamlakatimizda “Sharq taronalari” festivalini yuksak saviyada o‘tkazish, uning dong‘ini dunyoga taratish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.

San’atni, musiqani butun qalbi bilan sevadigan, ijod ahlini munosib qadrlaydigan o‘zbek xalqi “Sharq taronalari” festivalining har bir anjumanini katta bayramdek orziqib kutadi, barcha ishtirokchilarning san’atiga yuksak hurmat bilan qarab, ularning chiqishini samimiyat bilan qarshi olib, o‘z xursandchiligi va minnatdorligini bildiradi.

Ishonaman, bugun o‘z ishini boshlayotgan navbatdagi festival “Sharq taronalari” musiqa anjumanining jahon san’at olamida qozongan obro‘siga obro‘ qo‘shib, uning betakrorligi va go‘zalligini yanada oshiradi, bu nufuzli madaniy forum o‘zida mujassam etgan yuksak insoniy, gumanistik g‘oya va maqsadlarni, uning o‘ziga xos an’analarini davom ettirishda yorqin sahifa bo‘lib qoladi.

Sizlarni bugungi san’at va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati