PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 18 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
31.08.2009

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Barchangizni Vatanimiz tarixidagi buyuk sana – O‘zbekiston mustaqilligining 18 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sizlarga, sizlar orqali butun xalqimizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va mehr-muhabbatimni bildirishdan baxtiyorman.

Aziz do‘stlar!

Bugun hech kimga sir emaski, ozodlik va erkinlikka, o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishga intilgan dunyodagi bironta xalq mustaqillik degan ulug‘ va bebaho ne’matni, siyosiy va iqtisodiy tobelik va qaramlik zanjirlaridan ozod bo‘lishni hech qachon osonlik bilan qo‘lga kiritgani yo‘q.

Bu azaliy haqiqatni biz o‘z tariximizda angladik, boshimizdan o‘tkazdik.

Biz bundan 18 yil oldin xalqimiz asrlar bo‘yi orziqib kutgan milliy istiqlolimizni e’lon qilib, o‘tgan davr mobaynida ezgu orzu-umidlarimizga erishish yo‘lida el-yurtimiz qancha-qancha uzilish va azob-uqubatlarni, qancha-qancha yetishmovchiliklarni, bir so‘z bilan aytganda, qanday og‘ir va mashaqqatli sinovlarni boshidan kechirganini bugungi va kelajak avlodlar hech qachon yodidan chiqarmasligi muqarrar.

Bugun mana shunday ulug‘ va hammamiz uchun haqiqatan ham aziz ayyom arafasida bosib o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, avvalo, o‘z kuch-qudratimiz va salohiyatimizga suyanib, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos taraqqiyot yo‘lini tanlab olganimiz, shu unutilmas yillarda mardlik va matonat, chidamlilik va bag‘rikenglik ko‘rsatib kelayotgan xalqimizning fidokorona mehnati bilan jahon ahli e’tirof etayotgan yutuq va marralarga erishayotganimiz barchamizga g‘urur va mamnuniyat yetkazadi, albatta.

Yurtimizda yangi jamiyat barpo etishda biz tanlagan va bosqichma-bosqich, izchil amalga oshirayotgan islohotlar modeli ayni shu kunlarda, ya’ni butun dunyo boshidan kechirayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida amalda naqadar to‘g‘ri ekanini va xalqimizning manfaatlariga to‘liq javob berayotganini hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

Buning yaqqol isboti oxirgi yillarda va shu yilning o‘zida iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sib, yangi marralarga ko‘tarilib, yurtimizning qiyofasi tobora o‘zgarib, yanada obod bo‘layotganida, aholimizning hayot darajasi, oylik va daromadlari uzluksiz yuksalib borayotganida yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Hayotimizning ma’no-mazmuni, maqsadlari o‘zgarishi bilan xalqimizning, avvalo, yoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi, fikrlashi, siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligi yuksalib borayotganini va bunday ijobiy o‘zgarishlar bugungi va ertangi yutuqlarimizga mustahkam zamin tug‘dirayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

O‘tgan davr mobaynida ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz haqiqiy mustaqillikka erishish, istiqlolimizni har qanday xuruj va g‘arazli, yovuz harakatlardan himoyalash yo‘lidagi mashaqqatli kurashlarda toblandi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotning qadr-qimmatini, mintaqamizda millatlar va dinlararo totuvlikni asrash va mustahkamlash naqadar muhim ekanini chuqur anglab yetdi.

Muxtasar qilib aytganda, o‘tgan davr mobaynida boshimizdan kechirgan qiyinchilik va sinovlar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, biz ularning barchasiga mardona bardosh berib, o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytmadik.

Va o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, shu muqaddas zaminimizda yashayotgan barcha insonlar uchun hech kimdan kam bo‘lmaydigan erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun mana shu yuksak minbarda turib, 18 yil davomida bizga xayrixoh bo‘lib, bizni qo‘llab-quvvatlab, yordam va madad berib kelayotgan do‘stu birodarlarimizga, biz bilan samarali hamkorlik qilayotgan mamlakatlar va xalqlarga minnatdorlik bildirib, qizg‘in salomlarimizni yo‘llashga, ularga baxt va ravnaq tilashga ruxsat bergaysiz.

Bizning bugungi tantanamizda quvonchimizga sherik bo‘layotgan yurtimizdagi xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlarning vakillariga, barcha aziz mehmonlarimizga yurakdan chiqqan olqishlarimiz bilan o‘z hurmat-ehtiromimizni izhor etsak, ayni muddao bo‘ladi.

Mana shunday yorug‘ kunlarga yetib kelishda o‘zini ayamasdan, fidokorona mehnat qilgan, O‘zbekistonning og‘ir yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga, mo‘tabar keksalarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur bildirishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.

Ayni paytda doimo latofat va go‘zallik, vafo va sadoqat timsoli bo‘lgan, hayotimizni ezgulik va mehr nuri bilan charog‘on etib kelayotgan munis ayollarimiz, opa-singillarimizni samimiy qutlab, ularning barchasiga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlariga fayzu baraka tilayman.

Bugun mana shu keng maydonni to‘ldirib, o‘zining navqiron azmu shijoatini namoyon etib o‘tirgan o‘g‘il-qizlarimizni, haqiqatan ham ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan butun mamlakatimiz yoshlarini, ularga ta’lim berayotgan ustoz-murabbiylarni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Yurt uchun, el uchun, bizning ertangi buyuk kelajagimiz uchun hech qachon, hech qayerda bo‘sh kelmang, aziz farzandlarim!

Barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 18 yillik qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati