PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING TOSHKENT SHAHRINING 2200 YILLIGIGA BAG'ISHLANGAN TANTANALI MAJLISDAGI NUTQI
01.09.2009

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda poytaxtimiz ahli, butun xalqimizni Vatanimizning oltin ostonasi bo’lmish Toshkent shahrining 2200 yillik qutlug’ to’yi, ulug’ bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o’zimning samimiy hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Hammamizga ma’lumki, xalqimizda azal-azaldan to’yga to’yona bilan kelishdek ajoyib bir odat bor.

Shu ma’noda, azim Toshkentimizning aynan bugungi to’yiga atab barpo etilgan, “O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi deb nom olgan mana shunday muhtasham va betakror koshonada poytaxtimizning buyuk sanasini o’tkazar ekanmiz, barchamizning bayramona kayfiyatimizga quvonch va shukronalik tuyg’ulari qo’shilib ketayotgani tabiiy bir hol, desam, o’ylaymanki, ko’pchilikning fikrini ifoda qilgan bo’laman.

Qadimiy va hamisha navqiron Toshkent shahrining 2200 yilligini munosib o’tkazish maqsadida nufuzli xalqaro tashkilot bo’lmish YUNESKO qarori asosida ushbu yubileyni yurtimizda keng nishonlash to’g‘risida maxsus qaror va dastur qabul qilganimizdan sizlar albatta xabardorsiz.

O’tgan davr mobaynida bu sanani Toshkent shahrining mamlakatimiz hayotidagi beqiyos o’rni va mavqeiga mos ravishda, yuksak saviyada nishonlash, poytaxtimizni yanada obod qilish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Bugun to’la ishonch bilan aytish mumkinki, bunday ulkan, haqiqatan ham tarixiy ishlarni amalga oshirishda Toshkentda biron-bir tuman, mavze-mahalla, mehnat jamoasi yoki birorta odam yo’qki, bevosita o’z hissasini qo’shmagan, hech bo’lmaganda, o’zining fikri, maslahati bilan ishtirok etmagan bo’lsa.

Bir so’z bilan aytganda, mana shu davr mobaynida bu go’zal maskanda, ona diyorimizda yashayotgan, keksayu yosh barcha-barcha insonlar uchun Toshkentimiz naqadar sevimli va qadrli ekani yana bir bor amalda namoyon bo’ldi, desam, hech qanday xato bo’lmaydi.

Fursatdan foydalanib, azim Toshkent shahrining muborak to’yini o’tkazishga munosib hissa qo’shgan siz azizlarga, sizlar orqali butun poytaxt ahliga o’z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishni o’zimning burchim deb bilaman.

Bugun bizni o’z bag’riga olgan mana shu bino, chindan ham, milliy me’morlik san’atimizning ajoyib namunasi bo’lib, uning g’oyasi va loyihasi, muhandislik yechimlari, har qaysi ustuni, har qaysi g’ishti, ichki va tashqi bezaklari – bularning barchasi o’z kuchimiz, o’zimizning mohir usta, quruvchi va payvandchilarimiz, yetuk mutaxassislarimizning mehnati bilan bunyod etilgani hammamizga g’urur va iftixor bag’ishlaydi.

Ayni mana shunday hashamatli va betakror binoni Toshkentning qoq markazida barpo etishga erishganimizni bugungi kunda mamlakatimizning intellektual salohiyati, kuch va imkoniyatlari, jumladan, qurilish va bunyodkorlik, zamonaviy shaharsozlik sohasida ham tobora yuksalib borayotganining yaqqol isboti sifatida qabul qilish o’rinli bo’ladi, deb o’ylayman.

Muhtaram do’stlar!

Shu zalda o’tirgan siz, azizlarning, barchamizning nomimizdan bir ezgu tilakni bildirib, aytmoqchiman: hech shubhasiz, milliy binokorlik san’ati va mahoratining benazir namoyishi bo’lmish mana shu salobatli saroy azim va go’zal Toshkentimiz kabi dunyo turguncha tursin, bugungi tantana singari yurtimizning eng quvonchli va shodiyona kunlariga, ilohim, xizmat qilsin.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugun biz Toshkent shahrining mana shu buyuk sanasini nishonlar ekanmiz, bu ayyom Vatanimiz mustaqilligining 18 yillik bayrami bilan uzviy bog’lanib ketganini chuqur anglaymiz.

Aytish kerakki, bu holning o’ziga xos muhim siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati, ma’nosi bor, albatta. Nega deganda, Toshkentning tarixi va bugungi hayotini O’zbekistonning tarixi va bugungi hayotidan, O’zbekistonning kelgusi taraqqiyotini Toshkentning istiqbolidan ajratib, ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi.

Shu kunlarda diyorimizning uzoq-yaqin barcha qishloq va shaharlarida xalqimiz eng ulug’ va eng aziz ayyom bo’lmish Mustaqillik kunini katta xursandchilik bilan bayram qilayotgan ekan, yurtimizda yashayotgan, o’z taqdirini O’zbekistonning taqdiri va kelajagi bilan chambarchas bog’lagan har qaysi odam o’z fikri va zikri bilan bir haqiqatga yana va yana bir bor ishonch hosil qiladi. Ya’ni, u o’zining hayoti, oilasi, yoru birodarlari misolida O’zbekistonimiz shu o’tgan qisqa davrda bosib o’tgan yo’lni, amalga oshirilayotgan mislsiz o’zgarish va yangilanishlarni, mamlakatimizning kuch-qudrati ortib, uning qiyofasi yanada chiroy ochayotgani, xalqaro maydonda obro’-e’tibori yuksalib borayotganini beixtiyor o’ziga tasavvur qilishi tabiiydir.

Haqiqatan ham, shu bayram kunlarida mustaqillik biz uchun o’zligimizni anglash, yer osti, yer usti boyliklarimizga egalik qilish, mehnatkash xalqimizning va bugun kuchga to’lib, hayotga kirib borayotgan yoshlarimizning beqiyos salohiyati va orzu-intilishlarini ro’yobga chiqarish, shu muqaddas zaminda demokratik, erkin va farovon hayot barpo etish, bir so’z bilan aytganda, ertangi yorug’ kunimizni qurish uchun qanday ulkan imkoniyatlarni ochib berganini yana bir karra shukronalik bilan ko’z o’ngimizdan o’tkazishimiz – buyam tabiiy hol desam, hech qanday mubolag’a bo’lmaydi.

Shu ma’noda, biz ko’zlagan yuksak marralarga erishish yo’lida o’tgan davr mobaynida qo’lga kiritgan natijalar haqida gapirganda, faqatgina oxirgi besh yil davomida iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishini namoyon etadigan ba’zi bir raqamlarni olib kelish o’rinli bo’ladi, deb o’ylayman.

Birgina misolning o’zi, ya’ni keyingi, 2004-2008 yillar davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmining dollar hisobida 2,6 barobar o’sgani, ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulot hajmi esa aholi jon boshiga 2 barobardan ziyod oshgani, hech shubhasiz, iqtisodiyotimizdagi tub o’zgarishlar o’zining amaliy samarasini berayotganini yaqqol isbotlab turibdi.

E’tiborlisi shundaki, iqtisodiy o’sish sur’atlarini izchil ta’minlash va narx-navoning oshib ketishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha ko’rilgan chora-tadbirlar, o’z navbatida, xuddi shu davrda aholi real daromadlarini 4 barobar oshirish imkonini berdi.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, bugungi kunda jahon miqyosida tobora kuchayib borayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz oqibatida dunyoning juda ko’p mamlakatlarida iqtisodiy o’sishning pasayishi kuzatilmoqda. Minglab korxonalar, banklar va kompaniyalar bankrotlikka uchrab, ishsiz qolganlar soni ko’payib, aholining turmush darajasi pasayib bormoqda.

Albatta, ana shu inqiroz ta’sirida juda katta zarar va talafot ko’rayotgan davlatlarning iqtisodiyotini kuzatar ekanmiz, tabiiy bir savol tug’ilishi mumkin – bu inqirozning O’zbekiston uchun ta’sirini yumshatishga, avvalo, iqtisodiyotimizning o’sish sur’atlari va eng muhimi, aholimizning hayot darajasi pasayishining oldini olishga biz nimaning hisobidan va qanday qilib erishmoqdamizq

Shuni aytish kerakki, jamoatchiligimiz, xalqimiz vakillari, avvalambor, oddiy insonlar bu masalaning mag’ziga yetib borib, o’zining kundalik hayoti va tajribasi asosida bu savolga javob topmoqda. Yurtimizning turli hudud va mintaqalarida bo’lib, odamlar bilan uchrashganda, muloqot qilganda bunga ishonch hosil qilish mumkin.

Bugun biz erishayotgan yutuq va marralarning asosiy sababini avvalo o’zgalarga o’xshab, bir kunlik maqsad va manfaatni ko’zlamasdan, aksincha, uzoqni ko’zlab, mamlakatimiz va xalqimiz taqdirini atroflicha va chuqur o’ylagan holda qabul qilingan siyosiy qarorlar va shu asosda qat’iyatlik bilan amalga oshirilayotgan dasturlarimizda ko’rish zarur.

Biz qo’lga kiritayotgan ulkan natijalarning yana bir muhim omili – O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin biz hech kimdan nusxa olmasdan, jahonda o’zini oqlagan tajribani inkor etmasdan turib, “o’zbek modeli” deb nom olgan va mashhur besh prinsipga asoslangan o’zimizga xos, o’zimizga mos tadrijiy taraqqiyot yo’lini hayotimizda joriy etib kelayotganimiz va ayni shu model bugungi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham o’zining to’g‘riligini va hayotbaxsh kuchini isbotlab berayotganida, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz.

Shu borada biz eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan yangi – bozor tizimiga o’tish, islohotlarni hayotga tatbiq etish jarayonida “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” va shu bilan birga, “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang” degan hayotiy tamoyillarga asoslangan holda ish olib bordik.

Chetdan turib bizga turli xil tagi puch tavsiyalarni o’tkazishga qaratilgan har qanday urinishlardan voz kechib, o’z aql-zakovatimizni ishlatib, islohotlarni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish yo’lini tanlaganimiz bunda ayni muddao bo’ldi.

Ya’ni, boshqacha qilib aytganda, sirti yaltiroq, ichi qaltiroq, “shok terapeyasi”ga o’xshagan, bizga noma’qul bo’lgan usullarga berilmasdan, chetdan maslahatchilarni olib kelmasdan, oqibatini o’ylab, yangi jamiyat, yangi iqtisodiyotni qurishda vazminlik bilan, shoshilmasdan siyosat olib bordik.

Yana bir muhim xulosa chiqarishga da’vat etadigan masalaga e’tiboringizni tortmoqchiman.

Davlatimiz va iqtisodiyotimizning uzoq davomli kelajagini va manfaatlarini ko’zlab, strategik va ustuvor dasturlarni amalga oshirishda, boshimizdan kechirgan og’ir va keskin vaziyatlardan chiqishda, bugun ko’pchilik qatorida moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ta’sirini bartaraf qilishda davlat boshqaruv tizimi va usullariga suyanish va ularning rolini kengaytirish va kuchaytirish o’zini to’la oqlab berganini hayotimizning o’zi tasdiqlab berdi va bermoqda.

Bunday yondashuv, bunday qarash va tajribalarni qo’llash ayni muddao ekanini bugungi tobora keskinlashib borayotgan jahon moliyaviy va iqtisodiy inqirozi sharoitida ko’pgina eng yirik va taraqqiy topgan davlatlar shunday yo’lni qo’llab-quvvatlayotganida kuzatish qiyin emas.

Yurtimizni har qanday siyosiy va iqtisodiy qaramlikdan saqlash, kimgadir tobe bo’lmaslik uchun, lo’nda qilib aytganda, qarz botqog’iga botib, bo’ynimizga bo’yinturuq ilinib qolmasligi uchun biz xalqaro moliyaviy tashkilotlarning mablag’lari va chet el investitsiyalaridan foydalanishda ham o’ta sezgirlik va hushyorlik bilan ish tutganimiz naqadar to’g‘ri bo’lganini, o’ylaymanki, bugun barchamiz tushunib, anglab olmoqdamiz.

Shu borada ota-bobolarimizdan qolgan, “bir joyga kirishdan oldin chiqishni o’ylash kerak”, degan o’gitlar ham bu masalada bizni asrashga xizmat qilganini aytish joiz.

Bunday fikrlarni davom ettiradigan bo’lsak, yana bir holatni alohida ta’kidlash lozim. Biz xalqimizning boyligi, shu bilan birga, kelajak avlodimizning rizq-nasibasi bo’lgan tabiiy zaxiralarimiz, strategik resurslarimizni o’ta og’ir paytlarda ham hech qachon garovga qo’yganimiz yo’q.

Ayniqsa, chetdan taklif qilinadigan qisqa muddatli spekulyativ kreditlardan voz kechib, oladigan sarmoyalarni iqtisodiyotimizni, avvalo, ishlab chiqarish sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun ishlatganimiz hozirgi vaqtda mamlakatimizning salohiyatini, ertangi kunimizning kafolatini mustahkamlash imkonini yaratib bermoqda.

Muxtasar qilib aytganda, avvalo o’z kuchimizga ishonib, puxta o’ylangan taraqqiyot modelini tanlab, kelajagimizni qurishga kirishganimiz, keyingi yillarda esa iqtisodiyotimizni isloh etish, erkinlashtirish va modernizatsiya qilish, uning tarkibiy tuzilishini diversifikatsiya qilish borasida chuqur o’ylangan siyosatni amalga oshirayotganimiz yurtimizni har qanday iqtisodiy xavf-xatardan himoya qiladigan kuchli to’siq, ta’bir joiz bo’lsa, mustahkam va ishonchli himoya vositasini yaratdi.

Lekin butun jahon miqyosida tobora chuqurlashib borayotgan inqirozning salbiy oqibatlarini his etmaslik, bu inqiroz bizni chetlab o’tadi, degan fikr va xomxayolda yurish, o’ylaymanki, kechirib bo’lmaydigan xato bo’ladi.

Chunki bugungi kunda O’zbekiston xalqaro hamjamiyat va global moliyaviy-iqtisodiy bozorning ajralmas tarkibiy qismi sifatida rivojlanib borayotgani va bu jarayon tobora kuchayib borishini yaxshi anglab olish darkor.

Shundan kelib chiqqan holda, biz inqirozning dastlabki belgi-alomatlari paydo bo’la boshlashi bilan sergak bo’lib, iqtisodiyotimizdagi real ahvol va sharoitlarni hisobga olib, bu masala bo’yicha zarur tayyorgarlik ko’rganimiz, o’z vaqtida ehtiyotkorlik bilan ish tutib, keng ko’lamli dasturlarni qabul qilganimizdan barchangiz xabardorsiz.

Shu borada ko’rilayotgan chora-tadbirlarning asosiy yo’nalishlari va maqsadlari haqida gapirganda, avvalo, iqtisodiyotimizning real sektorining yukini osonlashtirish, soliqlarini kamaytirish va davlat tomonidan yordam berish, ishlab chiqarish sohasini ichki bozorning talab va ehtiyojlarini qondirish uchun qaratish, iste’mol tovarlarini tayyorlaydigan tarmoqlarga, kichik biznes va tadbirkorlik, fermerlik harakatiga keng yo’l ochish va qo’shimcha imtiyozlar berish, ayniqsa, qishloq xo’jaligi sohasini, qishloq taraqqiyotini mamlakatimiz rivojining yetakchi kuchi sifatida davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi darajasiga ko’tarishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Eksportga yo’naltirilgan korxonalarni har tomonlama rag’batlantirish, ularning soliq yukini keskin kamaytirish, mahsulotini realizatsiya qilish uchun bozorlarni yanada kengaytirish shular qatorida muhim o’rin tutadi.

Inqirozga qarshi choralarning eng asosiy jihatlaridan biri – bu transport yo’llari va kommunikatsiyalar, avvalambor, sotsial infratuzilmani, jumladan, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi tarmoqlarini, xizmat sohalarini rivojlantirish, qishloq joylarda yangi qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish va shularning hisobidan biz uchun o’ta dolzarb vazifa bo’lmish yangi ish o’rinlarini barpo etish masalalari e’tiborimiz markazida turganini ta’kidlash kerak.

Joriy etilayotgan dasturdan eng katta o’rin olgan asosiy maqsadlarimizdan biri mamlakatimizning moliya-bank, kredit tizimini yanada mustahkamlash, ularning real sektorga ijobiy ta’sirini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni, avvalo, to’g‘ridan-to’g‘ri investitsiyalarni yurtimizga olib kelish uchun kerakli sharoit tug’dirib berish va rag’batlantirish masalalaridir, desak, hech qanday xato bo’lmaydi.

Bizning inqirozga qarshi ko’rayotgan ana shunday choralarimiz hozirning o’zida dastlabki, ammo ishonchli natijalarni bermoqda.

Bu haqda ko’p gapirmasdan, faqat 2009 yilning birinchi yarmi yakunlarini oladigan bo’lsak, shu davrda O’zbekiston iqtisodiyotining izchil va mutanosib rivojlanib, barqaror o’sish sur’atlariga erishganimizni qayd etish lozim.

Shu vaqt mobaynida yalpi ichki mahsulot 8,2 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9,1 foizga, tovarlar eksporti hajmi 13,4 foizga o’sgani, shu bilan birga, inflyatsiya darajasi 3,5 foizdan ortmagani, amalga oshirilgan tadbirlar hisobidan mamlakatimizda 530 mingdan ko’proq yangi ish o’rni yaratilgani, aholining real pul daromadlari 26,0 foizga o’sgani buni yaqqol ko’rsatib turibdi.

Iqtisodiyotimizni rivojlantirish, uni modernizatsiya qilish va texnik-texnologik qayta jihozlash maqsadida jalb etilgan investitsiyalar hajmi shu yilning olti oyi mobaynida 32,7 foizga o’sgani, shu jumladan, to’g‘ridan-to’g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,6 barobar ko’payganini qayd etish lozim.

O’tgan 2008 yilda va 2009 yilning birinchi yarmida davlat byudjeti profitsit bilan bajarilgani tufayli joriy yilning 1 avgustidan mehnatchilarimizning ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 25 foizga oshirilgani va inshoollo, yilning oxiriga qadar yana oshirish imkoniyati mavjudligini inobatga olgan holda, aholimizning bu yilgi daromadlari o’tgan yilgidan kam bo’lmaydi, deb ishonch bilan aytishga to’liq asoslarimiz bor.

Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat, jumladan, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi tashkilotlar, nufuzli xalqaro ekspert va tahlilchilar O’zbekistonda olib borilayotgan chuqur va keng ko’lamli islohotlarning amaliy samarasini munosib baholab, xolisona tan olmoqda.

Shu yil may oyida Toshkentda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etish yo’llari va choralariga bag’ishlab o’tkazilgan xalqaro konferensiya ham shundan dalolat beradi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi boshqaruvchi direktori Dominik Stross-Kan janoblari yurtimizda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishib, joriy yilda O’zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmining o’sishi dunyodagi eng yuqori ko’rsatkichlardan birini tashkil etishini rasman ma’lum qilgani ana shunday e’tirofning yana bir tasdig’i bo’ldi.

Shuni aytish kerakki, biz hozirgi vaqtda nafaqat inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish ustida bosh qotiryapmiz, shu bilan birga, inqiroz tugagandan keyin O’zbekiston iqtisodiyotining yanada kuchli, barqaror va mutanosib rivojlangan holda maydonga chiqishi, jahon bozorida o’zimizning mustahkam o’rnimizni egallash, xalqimizning hayot darajasi va farovonligini oshirish bo’yicha jiddiy ish olib bormoqdamiz.

Bu to’g‘rida uzoq gapirmasdan, faqat bitta misolni olib kelmoqchiman.

Biz shu yilning boshida “2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo’yicha muhim loyihalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi”ni qabul qilganimizdan xabaringiz bor, deb o’ylayman.

Bu dasturga binoan umumiy qiymati 41,4 milliard dollarga teng bo’lgan to’rt yuzdan ziyod investitsiya loyihasini amalga oshirish ko’zda tutilganining o’zi bizning rejalarimiz naqadar ulkan va jiddiy ekanining dalili desak, aslo mubolag’a bo’lmaydi.

Aziz do’stlar, birodarlar, bugun mana shunday hal qiluvchi damlarni boshimizdan kechirayotgan ekanmiz, ertangi kunimiz yanada obod bo’lishi, O’zbekistonimizning rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi uchun puxta o’ylangan dasturlarni qabul qilayotgan ekanmiz, hech qachon qo’lga kiritgan yutuqlardan boshimiz aylanib, oyog’imiz yerdan uzilmasligi kerakligini, bu yo’lda har bir qadamni haqiqatan ham yetti o’lchab bir kesgan holda qo’yish lozimligini unutmasligimiz zarur.

Bugun jahonda, yaqin va uzoq atrofimizda bo’layotgan keskinlashuv holatlari, umuman, butun dunyoda saqlanayotgan xavf-xatar va qarama-qarshiliklar, shular qatorida avvalo xalqaro maydonda davom etayotgan moliyaviy inqirozning o’zi bizni yanada sezgir, hushyor va ogoh bo’lishga va o’z vaqtida tegishli xulosalarni chiqarishga da’vat etadi.

Biz tarixan qisqa davrda xalqimizning fidokorona mehnati, mardligi va matonati bilan tom ma’noda asriy o’zgarishlarga erishganimizni bugun hech kim – bizga xayrixoh bo’lgan insonlar ham, bizga qandaydir bepisand qaraydiganlar ham inkor etolmaydi.

Biz o’tgan davr mobaynida qanday murakkab va mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan bo’lsak, el-yurtimiz ana shu og’ir sinov va qiyinchiliklarda har tomonlama chiniqib, toblanib, irodasi baquvvat bo’lib bormoqda.

Eng muhimi, bugun bizning ongu tafakkurimiz, dunyoqarashimiz tubdan o’zgarmoqda. Biz bugun o’z taqdirini o’z qo’liga olgan ozod xalq, erkin millat bo’lib, hech kimdan kam bo’lmasdan, ma’rifiy dunyo bilan birga hamqadam bo’lib bormoqdamiz.

Endi biz o’tgan asrning 90-yillaridagi odamlar emasmiz. Yurtdoshlarimizda o’z yeri, o’z mulki uchun egalik hissiyoti, yon-atrofida va dunyoda yuz berayotgan o’zgarishlarga daxldorlik va mas’uliyat tuyg’usi tobora kuchayib bormoqda.

O’zligini chuqur anglab, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday aziz va muqaddas Vatanning farzandi ekanidan doimo g’ururlanib yashaydigan bunday bunyodkor va bag’rikeng xalq bilan har qanday yuksak cho’qqilarni zabt etish mumkin. Menda bunga hech qanday shubha yo’q.

Bugun bir fikrni to’la ishonch bilan aytishga barcha asoslarimiz bor – yo’limizda qanday og’ir, mashaqqatli sinov va qiyinchiliklar bo’lmasin, biz hech qachon bo’sh kelmaganmiz va bundan keyin ham hech qachon bo’sh kelmaymiz!

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun Toshkent haqida, bu buyuk shaharning nafaqat O’zbekistonimiz, balki butun Sharq olamidagi o’rni va ahamiyati, uning o’ziga xos xususiyat va alomatlari haqida gapirar ekanmiz, men ham ko’pchilik qatori, ruxsatingiz bilan, Vatanimizning gavhari bo’lmish bu shaharga o’z mehrimni bildirib, qalbimda, yuragimda bo’lgan o’y-fikrlarim, ezgu hissiyotlarimni izhor etishni o’zimning burchim, deb bilaman.

Toshkentning mayin havosi, go’zal tabiati, qut-baraka yog’iladigan fusunkor bog’lari, zilol va shifobaxsh suvlari haqida qanday go’zal ta’riflar bitilmagan. Xususan, XVI asrda yashab o’tgan tarixchi alloma Zayniddin Vosifiy Toshkentni ulug’lab, bu diyorni bir bor ko’rgan odam bamisoli jannat bog’larini kezgandek bo’ladi, deb yozganida ayni haqiqatni ifoda etgan edi.

Yigirma ikki asr avval barpo etilgan, Buyuk ipak yo’li chorrahasida joylashgan, o’zining muhim jug’rofiy va geosiyosiy o’rni, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo’shgan ulkan hissasi bilan haqli ravishda “Sharq darvozasi” deb nom olgan Vatanimiz poytaxti – azim Toshkent serquyosh O’zbekistonimizning boy tarixi va betakror ko’rku tarovatini o’zida yaqqol namoyon etadi.

Toshkent bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamizning yuksak taraqqiy etgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-moliyaviy va ma’naviy-ma’rifiy markazidir. U – qudratli sanoat va transport-kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmalarni o’zida mujassam etgan yirik megapolisdir.

Bu go’zal maskan sharqona qiyofa, an’anaviy va zamonaviy arxitektura hamda islom madaniyati qadriyatlarini noyob bir tarzda o’zaro uyg’unlashtirgan beqiyos shahardir. Betakror Toshkent – ko’pmillatli xalqimizning faxri va g’ururi, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik timsolidir.

Bu ko’hna shahar o’z tarixida ne-ne bosqin va sinovlarni ko’rmadi, necha bor vayron bo’lib, goh Qanqa, goh Binkat, goh Mingo’rik, goho Choch va Shosh kabi nomlar bilan shu tuproqda yashagan ajdodlarimizning mashaqqatli mehnati, matonati va jasorati tufayli har safar qayta tiklandi.

Toshkent haqida o’ylaganda, beixtiyor bu shahar nima uchun aynan shu yerda, shu zaminda paydo bo’lgan, degan savol tug’iladi.

Bizgacha yetib kelgan ilmiy ma’lumotlarni qiyoslab, umumlashtirgan holda fikr yuritadigan bo’lsak, Toshkentning shahar sifatida vujudga kelishi va shakllanishi ob’ektiv tarixiy zarurat natijasi bo’lganini ta’kidlash lozim.

Milodning dastlabki asrlariga oid xitoy manbalarida Shi, ya’ni “tosh shahar” deb tilga olingan bu o’lka tarixchi olimlarning fikrlariga ko’ra, mintaqamizdagi eng qadimiy odamzot manzilgohlaridan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, qadim zamonlarda shaharlarning paydo bo’lishida avvalo himoya va ta’minot masalasi hal qiluvchi o’rin tutgan. Shu ma’noda, Toshkentning Chotqol va Qurama tog’ tizmalari bilan o’ralgan hududda, azim Sirdaryo va Chirchiq daryolarining sersuv sohillarida, oltin va kumush, mis va qo’rg’oshin, rangli metall konlari, keng dala va yaylovlar, boy tabiat va hayvonot olamiga ega bo’lgan vohada paydo bo’lgani albatta bejiz emas.

Ana shunday beqiyos imkoniyatlar hisobidan bu yerda qadimdan dehqonchilik va chorvachilik, metall qazib olish, to’qimachilik, kulolchilik va shishasozlik singari kasbu hunarlar keng rivoj topgan. Buni ko’hna Toshkentda mavjud bo’lgan Temirchi, Misgarlik, Degrezlik, O’qchi, Egarchi, Taqachi, Mahsido’zlik, Ko’nchilik, Parchabof kabi ko’cha va mahallalar, guzarlarning tarixiy nomlari ham yaqqol isbotlab turibdi.

Ayniqsa, toshkentlik mohir ustalar tomonidan tayyorlangan jangovar qurollar, jumladan, Shosh kamonlari va o’q-yoylar, egar-jabduq va qalqonlar dunyoda mashhur bo’lganini ham turli manbalar tasdiqlaydi.

Toshkentning “non shahri” deb yetti iqlimda shuhrat qozonishida, albatta, bu shaharning qut-barakali, unumdor tuprog’i, eng muhimi, shu maskanda tup qo’yib, palak yozgan ota-bobolarimizning mehr-oqibati va qalb saxovati asos bo’lganini, o’ylaymanki, tushunish, anglash qiyin emas.

Poytaxtimiz nomiga, shoniga, tarixiga singib ketgan bunday xususiyatlar haqida ko’p gapirish mumkin.

Lekin, eng muhimi, har qanday hayotiy sinovlar, tabiiy ofatlarga qaramasdan, o’z o’rnida doimo muqim bo’lib kelayotgan Toshkentning bugungi yuksak taraqqiyotini ko’rgan inson, bu shahar uchun aynan shu joy tanlangani tarix davomida har tomonlama o’zini oqlaganiga takror va takror ishonch hosil qiladi.

Sodda qilib aytganda, bugun, oradan shuncha vaqt o’tishi bilan Toshkentning aynan shu makonda hanuz barqaror bo’lib kelayotgani odamni nafaqat hayratga soladi, shu bilan birga, uzoqni o’ylab ish tutgan, bu shaharga asos solgan olis ajdodlarimizning aqlu zakovatiga tan berishga, ta’zim qilishga undaydi.

Aziz do’stlar, bir holatni o’zimizga tasavvur qilib ko’raylik. Agarki, oradan asrlar, ming yillar o’tganidan keyin, bugungi kunda zamonaviy bilim va tajriba, sivilizatsiya yutuqlariga suyanib, Toshkentdek azim shahar uchun boshqatdan joy tanlash zarurati tug’iladigan bo’lsa, hech ikkilanmasdan aytish mumkin, yana aynan shu joyni tanlashga to’g‘ri kelgan bo’lur edi.

Har bir g’ishti, har bir qarich yerida ulug’ ajdodlarimizning izlari qolgan bu xosiyatli zamindan nomlari butun islom olamida ma’lumu mashhur bo’lgan Imom Qaffol Shoshiy va Shayx Xovandi Tohur, Xo’ja Ahror Valiy, Hofiz Ko’ykiy va Shayx Zayniddin bobo, Ibrohim ota va Qo’yliq ota singari aziz-avliyolar, “Shoshiy”, “Toshkandiy” taxallusi bilan ilmu ma’rifat, dinu diyonat, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo’shgan yuzlab alloma va mutafakkir zotlar yetishib chiqqan.

Toshkent haqida so’z yuritar ekanmiz, hech shubhasiz, bu shahar tarixiga yorqin sahifalar bitgan Amir Temur bobomizning muborak nomini esga olishimiz albatta tabiiydir.

Sohibqiron hazratlari Turkiston o’lkasida buyuk va qudratli davlat barpo etishda Toshkentning qanday hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham Toshkent haqli ravishda temuriylar davlatining mustahkam qo’rg’oniga, saltanat tayanchiga aylandi.

Toshkent hamma zamonlarda ham mehmondo’st, bag’rikeng shahar bo’lganini uning mashhur 12 darvozasi orqali sharqu g’arb, janubu shimoldan, dunyoning hamma mintaqalaridan savdo karvonlari bu maskanga kirib kelgani, o’z navbatida, Toshkentdan ham jahonning turli o’lkalariga qarab karvonlar yo’l olgani, shu tariqa bu zaminda sivilizatsiya va madaniyatlarning ajib bir tarzda o’zaro uyg’unlashib ketganini ko’p-ko’p misollarda ko’rish mumkin.

Azal-azaldan Toshkenti azimda barcha millat va elatlarning vakillari rizq-nasiba topib, bir-biri bilan ahil va hamjihat bo’lib, bir-biriga yelkadosh bo’lib yashab kelganiga ko’hna tarix guvohlik beradi. Bu fikrni Toshkent tuprog’ida qadimdan mavjud bo’lgan Qashqar, Turk ariq, Eron, No’g‘oy tepa, Qozoq bozor, Qirg’iz ko’prik, Tojik mahalla kabi mahalla va mavzelarning nomlari ham tasdiqlaydi.

Toshkentning Toshkent deb, ya’ni toshdek mustahkam shahar deb dovruq taratishida bu yerda yashagan aholining asrlar davomida yovlarga qarshi – bu mo’g‘ul bosqini yoki arab istilosi bo’ladimi, boshqa mustamlakachi kuchlar bo’ladimi – ularning barchasiga qarshi ko’rsatgan mardona jasorati muhim rol o’ynagani shubhasiz, albatta.

Ayniqsa, keyingi bir yarim asr davomida yurtimiz hayotida qanday ulkan va hal qiluvchi, shu bilan birga, qanday og’ir va iztirobli voqealar yuz bergan bo’lsa, Toshkent hamisha ularning markazida bo’lib kelmoqda.

Bu haqda gapirganda, XIX asrning ikkinchi yarmida chor Rossiyasi tomonidan O’rta Osiyoni zabt etishga qaratilgan harakatlarning dastlabki zarbasiga aynan Toshkent duch kelgani va shahar ahli o’z yurtini himoya qilishga butun kuch-quvvatini safarbar qilgani tarix sahifalarida muhrlanib qolganini eslash joiz.

XX asrda butun mamlakatimiz qatori boshiga qanday og’ir musibat va sinovlar tushmasin – bu sho’rolar tuzumining o’rnatilishi bo’ladimi, 20-30-yillardagi dahshatli ocharchilik va qatag’onlar bo’ladimi, urush davrining qiyinchiliklari bo’ladimi, 1966 yildagi kuchli zilzila talafotlari bo’ladimi – bularning barchasini Toshkent sabr-toqat va matonat bilan yengib o’tganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentning ming-minglab o’g‘il-qizlari fashizmga qarshi janglarda mardona ishtirok etdi. Ayni paytda u front hududlaridan ko’chirib keltirilgan necha o’n minglab insonlarni, ota-onasiz qolgan bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bag’riga oldi, bir burda nonini ular bilan baham ko’rdi. Toshkent ahli, el-yurtimiz tomonidan ko’rsatilgan insonparvarlik va mehribonlik fazilatlarining yorqin namunasi bo’lmish bunday misollarni yana ko’plab keltirish mumkin.

So’nggi paytda bu muazzam shaharga mansub go’zal ta’riflar qatoriga “Toshkent – islom madaniyati poytaxti” degan yuksak nomning qo’shilgani har qanday murakkab zamonlarda ham o’zining milliy-diniy qadriyatlarini saqlab qolishga erishgan poytaxtimiz, butun xalqimizga berilgan yana bir munosib baho bo’ldi.

Qadrli do’stlar!

Toshkent haqida so’z borganda, shu azim maskanda tug’ilib voyaga yetgan, oila qurib, baxt topganlar bo’ladimi, uzoq-yaqindan kelib, Toshkent bag’rida ta’lim-tarbiya olgan insonlar bo’ladimi, bir so’z bilan, o’zbekona qilib aytganda, kimki Toshkentning suvini ichib, tuzini totgan bo’lsa, barchamizning qalbimizda, tasavvurimizda bu shahar bilan bog’liq voqealar, yorug’ kechinmalar, shirin xotiralar jonlanadi. Shu ma’noda, Toshkent yagona Vatanning ifodasi, ajralmas qismi sifatida yurtimizda yashaydigan har qaysi insonning yuragidan umrbod joy olishi shubhasizdir.

Lo’nda qilib aytganda, har birimizning o’z Toshkentimiz bor, desak, buyam har tomonlama to’g‘ri bo’ladi.

Albatta, bugungi kunda Toshkent tanib bo’lmas darajada o’zgarib ketdi. Qadimiy dahalar, tangu tor, eski ko’chalar o’rnini zamonaviy binolar, go’zal maydon va xiyobonlar, ravon yo’l va ko’priklar, ko’rkam favvoralar egalladi. Lekin poytaxtimiz qanday o’zgarmasin, odam baribir bolaligi, yoshligi, ilk muhabbati kechgan joylarni beixtiyor eslaydi.

Toshkentning fayzli manzaralarini, o’zi uchratgan, mehridan bahramand bo’lgan mahalliy xalq vakillarini, saxovatli, dilkash va donishmand insonlarni, ularning diydorini, suhbatini qo’msaydi, sog’inadi.

Birov Beshyog’och maydonini, kimdir Arpapoya ko’chasini, yana kimdir Ko’kcha dahasini yodga oladi. Yana kimdir talaba do’stlari bilan Anhor sohillarida kechgan beg’ubor damlarini xayolidan o’tkazadi.

Bu shaharda tug’ilib kamol topgan Abdulla Avloniy, Munavvar qori, Abdulla Qodiriy, Oybek, Ғafur Ғulom, Zulfiya, Mirkarim Osim, Said Ahmad, Obid Sodiqov, Sobir Yunusov, Yahyo Ғulomov, Yunus Rajabiy, Shukur Burhonov, O’lmas Umarbekov singari – bu ro’yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin – o’nlab buyuk ilm-fan va madaniyat namoyandalari xalqimizning ijtimoiy tafakkuri, ma’naviy olamini yuksaltirishga bebaho hissa qo’shganini barchamiz hamisha minnatdorlik bilan eslaymiz.

Shular qatorida Toshkentda ildiz otib, uning bag’rida o’z iste’dodi va salohiyatini ro’yobga chiqarishga erishgan ming-minglab mashhur vatandoshlarimiz va uzoq-yaqin o’lkalardan kelgan insonlarning hayoti va faoliyati ham bu shahar tarixining uzviy bir qismiga aylanib ketganini yaxshi bilamiz.

Men ham boshqalar qatori ko’hna Toshkentni, uning eski tolzor ko’chalarini, paxsa devorli uylarini, rayhon hidi, tandirdan uzilgan non isi ufurib turadigan fayzli hovlilarni, tramvaylar qo’ng’irog’i, ularning gulduragan tovushini hali-beri yaxshi eslayman. Eski Jo’va, Chorsu, Xadra maydonlari, Navoiy ko’chasi, sobiq Ғalaba parki, zilziladan oldingi Chilonzor bog’lari hozir ham ko’z o’ngimda turadi.

Ishonchim komilki, bunday hissiyot va kechinmalar juda ko’p odamlarga xos bo’lib, yurtni sevish, uni jondan aziz ko’rish aynan mana shunday misollar orqali yaqqol namoyon bo’ladi.

Aytish kerakki, Toshkent xalqining hech kimga o’xshamaydigan tabiati, istarasi issiq chehrasi, o’ziga xos betakror shevasi yuragimdan chuqur joy olgan bo’lib, men bu elning insoniy fazilatlarini yuksak qadrlayman, doimo ularga munosib bo’lishni istayman.

Bugungi kunda Toshkentimizning hayoti butun mamlakatimiz hayoti bilan shunday uzviy bog’lanib ketganki, buning ta’sirini sezmaslik, anglamaslik mumkin emas.

Vatanimizning bepoyon hududini Toshkentda turib, xuddiki tog’ cho’qqisidan qaragandek kuzatish, qiyoslash, tasavvur qilish mumkin. Ta’bir joiz bo’lsa, Xudoning o’zi bu muazzam shaharni shunday yuksakka ko’tarib, uning maqomini poytaxt bo’lishga har tomonlama munosib qilib yaratgan, desak, mubolag’a bo’lmaydi.

Toshkentning barcha jabhalarda, ayniqsa, bunyodkorlik va obodonchilik borasida yurtimizdagi boshqa shaharlarga o’rnak bo’lib, haqiqatan ham, xalqimiz, millatimiz qiyofasini, uning moddiy va ma’naviy qudratini o’zida yorqin mujassam etib kelayotgani bilan har qancha g’ururlansak arziydi.

Avvalambor, Toshkentning markazi va yuragi bo’lgan, butun xalqimiz uchun faxr va iftixor timsoliga, qutlug’ qadamjoga aylangan Mustaqillik maydonini bir marta ko’rgan inson unga umrbod maftun bo’lib qolishi muqarrar.

Barchamiz qayerda bo’lmaylik, qaysi yurtlarni kezmaylik, doimo Toshkentni sog’inib, unga talpinib, suyanib yashaymiz. Toshkentning tarig’ini yegan chumchuq Makkadan ham qaytib keladi, degan naql bejiz aytilmagan.

Shaxsan men o’z hayotim, rahbarlik faoliyatim davomida jahondagi ko’plab uzoq-yaqin, katta-kichik mamlakatlarni ko’rdim. Mana, yaqinda dunyoning narigi chetida joylashgan, Braziliya deb nom olgan yirik davlatni ham borib ko’rish nasib etdi.

Men bir fikrni ilgari ham aytganman va uni bugun ham takrorlasam, to’g‘ri tushunasizlar, deb o’ylayman. Qayerga bormayin, u o’lka qanday go’zal va betakror bo’lib tuyulmasin, men u yerda ikki-uch kundan ortiq turolmayman. Qandaydir buyuk, balki ilohiy bir kuch meni beixtiyor o’z yurtimizga, Toshkentga tortaveradi.

Bunday hissiyotni faqat men emas, balki juda ko’pchilik yurtdoshlarimiz ham boshidan kechiradi, desam, o’ylaymanki, adashmagan bo’laman.

Nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham, men Toshkentda ta’lim olganman, uning suvini ichib, nonini yeganman, men Toshkent maktabini ko’rganman, deb bu shaharga mehr va hurmat bilan yashayotgan ming-minglab odamlarni uchratganda, albatta, hammamiz iftixor tuyg’usini his etamiz.

Tabiiyki, bugungi yoshlarimizning ham o’z Toshkenti bor. Ular Toshkent deganda, avvalambor, mustaqil Vatanimiz poytaxtini, eng zamonaviy talablarga javob beradigan maktablar, litsey, kollej va oliy o’quv yurtlarini, sport, madaniyat va ma’naviyat maskanlarini tasavvur qiladi.

Toshkent bugungi kunda millionlab farzandlarimizning ezgu intilishlariga qanot beradigan, ularning parvozi uchun yangi-yangi ufqlar ochadigan, tom ma’noda yoshlarning orzusidagi shaharga aylanmoqda.

Bu gaplarning barchasini umumlashtirib, bir so’z bilan aytadigan bo’lsak, biz Toshkent timsolida O’zbekistonni, O’zbekiston timsolida esa Toshkentni sevamiz va qadrlaymiz.

Barchamizga ayonki, poytaxt ahli, degan iborada juda katta ma’no, juda katta mas’uliyat bor. Mana shunday yuksak sharafni chuqur anglab, unga doimo o’zining amaliy ishlari bilan munosib bo’lib kelayotgan Toshkent xalqi har qanday hurmat-e’tiborga sazovordir.

Men shu yuksak minbarda turib, Toshkentni Toshkent qilgan, uning tuprog’ini ko’ziga to’tiyo etib yashayotgan, ko’pni ko’rgan, fidoyi, oqko’ngil va mehridaryo Toshkent ahliga bosh egib ta’zim qilaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Endi ruxsatingiz bilan menga yuklatilgan sharafli va quvonchli bir vazifani ado etishga o’tsam.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, yurtimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, mustaqil huquqiy demokratik davlat barpo etish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, davlatlararo hamkorlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlik munosabatlarini rivojlantirishga qo’shgan katta hissasi, ezgu an’analarni saqlash, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun hamda 2200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahri “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Endi katta mamnuniyat bilan Toshkent shahriga ana shu yuksak mukofotni topshirishga ijozat bergaysiz.

Muhtaram Toshkent ahli, qadrdonlarim!

Mana shunday unutilmas lahzalarda sizlarni bugungi qutlug’ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va qut-baraka tilab qolaman.

Fursatdan foydalanib, Toshkentning bugungi katta to’yini o’tkazishga munosib hissa qo’shgan nufuzli YUNESKO xalqaro tashkilotiga, bizning quvonchimizga sherik bo’layotgan xorijiy elchixonalar va vakolatxonalar vakillariga, uzoq-yaqindagi barcha do’stlarimiz va hamkorlarimizga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Yurtimizning faxru iftixori bo’lmish azim Toshkent shahrining umri boqiy bo’lsin!

Toshkentdek buyuk shaharlarni yaratgan xalqimiz mangu yashasin, baxtu saodati yanada ziyoda bo’lsin!

Ollohning o’zi barcha ezgu ishlarimizda madadkor bo’lsin!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati