O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA
29.09.2009

Muhtaram muallim va murabbiylar!

Qadrli ustozlar!

Avvalambor, sizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Bugun siz, azizlarning – ko‘z nuri va qalb qo‘rini, bor bilim va tajribasini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlab, ma’rifat ziyosini taratib kelayotgan fidoyi insonlarning sha’niga samimiy tilaklarimizni izhor etishni har birimiz uchun ham qarz, ham farz deb bilamiz.

Hurmatli vatandoshlar!

Shu oyning boshida butun xalqimiz barchamiz uchun eng ulug‘ va eng aziz bo‘lgan milliy bayramimizni – Vatanimiz mustaqilligining 18 yilligini katta zavq, g‘urur va iftixor bilan nishonladi.

Bundan 18 yil oldin xalqimiz o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olib, asrlar davomida orziqib kutgan erkinlik va ozodligini qo‘lga kiritib, o‘z oldiga hech kimdan kam bo‘lmaydigan mustaqil demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish, yurtimizda tinch-osoyishta va farovon hayot barpo etish, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash kabi ulug‘ va ezgu maqsadlarni qo‘yib, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.

O‘tgan yillar mobaynida Vatanimiz erishgan yutuq va marralarni sarhisob qilar ekanmiz, tarixan qisqa bir davrda yurtimizning, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora o‘zgarib, chehrasi obod bo‘layotganini, iqtisodiyotimiz yangi bosqichga ko‘tarilib, tez sur’atlar bilan rivojlanayotganini, turmushimiz, hayot tarzimiz yuksalib borayotganini kuzatib, diyorimizda yashayotgan har qaysi inson o‘zi va oilasi misolida biz tanlab olgan yo‘lning, qanday og‘ir va mashaqqatli bo‘lmasin, naqadar to‘g‘ri ekanini kundalik hayotida sezib, uning natijalaridan bahramand bo‘lib bormoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, biz o‘z maqsadlarimizga erishish uchun oson yo‘lni qidirmadik. Turli xil yengil-yelpi maslahat va zug‘umlarga berilmasdan, vazminlik va qat’iyat bilan eski tizimdan qolgan asoratlardan voz kechib, chuqur o‘ylangan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, biz uchun butunlay yangi jamiyatni bunyod etish yo‘lida astoydil, bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qildik.

Avvalambor, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga suyanib, yer osti va yer usti boyliklarimiz, tabiiy zaxiralarimizni xalqimiz va kelajak avlodimiz manfaatlari yo‘lida oqilona ishlatdik. Jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganib, ularning texnika va texnologiyalarini olib kelib, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangitdan qurishga, davlat boshqaruvi, iqtisod va moliya tizimi sohasida hayotning o‘zi talab qilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarni amalga oshirishga erishdik.

Muxtasar aytganda, qonunchilik tizimi bo‘ladimi, ijro va sud-huquq tizimining markaziy va hududiy bo‘g‘inlarini shakllantirish bo‘ladimi, yurtimizni himoyalash, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash, xalqimizning osuda hayotini mustahkamlash masalasida davlatni davlat, jamiyatni jamiyat qiladigan, zamonaviy taraqqiyot uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan barcha siyosiy-ijtimoiy tuzilmalarni yaratdik.

Shu borada muhim bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mamlakatimizda barpo etilgan ana shu tuzilmalarning to‘laqonli faoliyat yuritishi, milliy manfaatlarimizga xizmat qilishi uchun ularni yangicha fikrlaydigan, zamon talablariga javob beradigan yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlash, O‘zbekistonning mustaqil davlat bo‘lib shakllanish davrida bizning oldimizda turgan eng og‘ir, eng murakkab, shu bilan birga, eng nozik masala bo‘lganini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas.

Biz boshlagan ishlarning davomchisi bo‘lgan, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdek o‘ta muhim va dolzarb vazifa aynan siz azizlarning – ming-minglab maktablarimizda, litsey va kollejlarimizda, oliy o‘quv yurtlarimizda faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi o‘qituvchi va domlalarning zimmasiga tushganini va sizlar bu vazifani butun borlig‘ingizni bag‘ishlab, katta mas’uliyat bilan ado etib kelayotganingizning ahamiyati va mohiyatini bugun vaqt o‘tishi bilan barchamiz tobora chuqur anglab yetmoqdamiz.

Biz istiqlolimizning dastlabki kunlaridanoq yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor berib, bu masalani davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturini qabul qilganimiz va hozirgi vaqtda ularni yakuniga yetkazib, bu borada hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan mislsiz ishlarni amalga oshirganimiz, hech shubhasiz, Vatanimiz tarixida albatta saqlanib qoladi.

Bu ishlarning miqyosi va ko‘lami, darajasi va mohiyatini o‘zimizga tasavvur qilish uchun ba’zi bir raqamlarni olib kelishni o‘rinli deb bilaman.

Birgina Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi doirasida so‘nggi to‘rt yil mobaynida 8 ming 500 ta maktabda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, yurtimizda 351 ta maktab binosi yangitdan barpo etildi, 2 ming 470 ta maktab binosi va ularning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi kapital rekonstruksiya qilindi, 3 ming 607 ta maktab kapital, 2 ming 72 ta maktab esa joriy ta’mirdan chiqarildi.

Ayni paytda maktablarimizni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan jihozlash masalasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni fizika, kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha laboratoriya xonalarining soni 2004 yilga nisbatan uch barobardan ziyod, sport zallarining soni esa 1,5 barobardan ortiq ko‘paygani ham tasdiqlaydi.

Haqiqatan ham, nihoyatda ulkan, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu Dasturning ijrosi bo‘yicha qariyb 1,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanganini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘tgan qisqa davr mobaynida biz bu sohada qanday katta qadam qo‘yganimiz yaqqol ayon bo‘ladi.

Ana shunday ishlarimiz qatorida o‘n ikki yillik uzluksiz ta’lim tizimini joriy etib, voyaga yetgan bolalarimizni hayotga tayyorlash, ularga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tizimini tashkil qilganimiz mamlakatimizda ushbu soha rivojida alohida yorqin sahifani tashkil etadi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga binoan yurtimizda 1997 yildan boshlab hozirga qadar 2 trillion 368 milliard 730 million so‘m mablag‘ sarflab, 1364 ta kasb-hunar kolleji, 137 ta akademik litsey bunyod etganimiz barcha uzoq va yaqin qo‘shnilarimizning, jahon hamjamiyatining e’tibori va havasini o‘ziga tortayotgani albatta bejiz emas. Zamonaviy yuksak talablarga har tomonlama javob beradigan ana shunday ta’lim maskanlarini bitirib, bugungi kunda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, boshqaruv, ijtimoiy sohalar va boshqa jabhalarda mehnat qilayotgan, ertangi kunga katta ishonch bilan qarab yashayotgan 1 million 446 ming nafar yoshlarimiz bugungi hayotimizda yuz berayotgan beqiyos o‘zgarishlarning yaqqol dalilidir.

Keyingi yillarda sohada xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida qabul qilgan qarorlarimiz avvalo pedagoglarning professional malakasini, ularning izlanish va tashabbuskorlik fazilatlarini yuksaltirishga, o‘quv-tarbiya jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Muhtaram do‘stlar!

Mana shunday bayram kunlarida biz mustaqillik yillarida har qanday og‘ir sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizning rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga erishish yo‘lida qilgan ishlarimizga xolisona baho berar ekanmiz, bir fikrni ta’kidlab aytishni o‘rinli deb bilaman.

Biz amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydigan, ularga ulkan ta’sir o‘tkazadigan o‘ta muhim bir omil borki, u ham bo‘lsa, shu zaminda yashayotgan odamlarning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, siyosiy, huquqiy va ma’naviy saviyasi, ijtimoiy faolligining yuksalishi bilan uzviy va chambarchas bog‘liqdir.

Butun jamiyatimiz hayotini tubdan yangilashning asosiy sharti va garovi bo‘lmish bu masalani o‘z navbatida ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirmasdan turib yechib bo‘lmasligini chuqur anglagan holda, biz hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bu vazifani ado etish uchun bor kuch-g‘ayratimiz, imkoniyat va salohiyatimizni safarbar etmoqdamiz va kelajakda ham bu masala doimiy e’tiborimiz markazida turishi shart.

Bu xulosaning yana bir tasdig‘ini bugun, dunyo miqyosida moliyaviy-iqtisodiy inqiroz chuqurlashib borayotgan bir paytda mamlakatimizda barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolishga erishayotganimiz negizida aynan ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirgan ishlarimiz mustahkam poydevor bo‘lib turganini ko‘rish, anglash qiyin emas.

Fursatdan foydalanib, ta’lim sohasining og‘ir, ayni paytda sharafli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan, mening eng yaqin maslakdosh va ko‘makchilarim bo‘lgan siz, aziz muallimlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishni o‘z burchim deb hisoblayman.

Sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Hech qachon kam bo‘lmang, umringizdan baraka toping, aziz ustozlar!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati