Prezident Islom Karimovning Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi
23.03.2010
Prezident Islom Karimovning Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Aziz do‘stlar, muhtaram mehmonlar!

Biz orziqib kutadigan, bahor, yasharish va yangilanish ramzi – Navro‘zi olam qutlug‘ qadami bilan o‘lkamizga kirib kelmoqda.

Mana shu ulug‘ ayyom bilan siz azizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Navro‘z barchamiz uchun azal-azaldan avvalo tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yil debochasi, ma’naviyatimizning uzviy qismiga aylanib ketgan eng qadimiy, asl milliy bayram sifatida aziz va mo‘tabardir.

Haqiqatan ham, bu dilbar faslda oftob charaqlab, yeru ko‘kni qizdirishi bilan biz ham o‘zimizni xuddiki yangitdan tug‘ilgandek his qilamiz, qalblarimiz, yuraklarimiz pok niyatlarga to‘lib, butun vujudimizda yangi kuch-g‘ayrat jo‘sh urgandek bo‘ladi.

Ayni shu munavvar kunlarda inson tabiatdan bahra olib, sumalak va halim, go‘ja va ko‘ksomsa kabi bahoriy ne’matlar tortilgan dasturxonlar atrofida Navro‘z quvonchini o‘z yaqinlari, do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishga intiladi.

Ayni shu go‘zal pallada betakror Vatanimizning barcha go‘shalarida – Farg‘ona vodiysidan Surxon tog‘larigacha, Qoraqalpoq diyoridan Samarqand bog‘larigacha, Toshkent vohasining yam-yashil qir-adirlarigacha – xalqimiz, keksayu yosh yurtdoshlarimiz tabiat bilan uyg‘un bo‘lib, sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni katta xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Saxovatli zaminimizda yashaydigan barcha-barcha insonlar, qaysi millat, qaysi elat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, bu ajoyib bayramni yagona oila bo‘lib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.

Ayni shu damlarda xalqimizga mansub bo‘lgan bag‘rikenglik va mehribonlik, keksalarning duosini olish, yetim-yesirlarning boshini silash, muhtoj va ko‘ngli yarim odamlarga beminnat yordam berish kabi yuksak fazilatlar yana va yana bir bor o‘zining tasdig‘ini topmoqda.

Bu buyuk va betakror ayyomning yana bir noyob xislati shundaki, bahor kelishi, gul-chechaklar ochilishi bilan har qaysi inson o‘z oila a’zolari, qadrdonlarini bag‘riga bosib, nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaydi, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, ahillik tobora mustahkamlanib borishini, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lishini istaydi.

Necha ming yillik tarixdan ma’lumki, Navro‘z faslida turli nizo va adovatlar unutiladi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, hamjihatlik kabi insoniy tuyg‘ular yanada kuchayadi.

Navro‘zi olamning umuminsoniy sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini inobatga olib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu yildan boshlab bu ayyomni Xalqaro Navro‘z kuni deb tan olgani albatta bejiz emas va bu barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Qadrli do‘stlar!

Bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqimiz o‘ziga ravo ko‘rgan yaxshilik va ezgu tilaklarni doimo o‘zgalarga ham ravo ko‘radi.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, bizga yaxshi niyat va xayrixohlik bilan qaraydigan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun katta ko‘mak berayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, chet el vakolatxonalari vakillariga, uzoq-yaqindagi do‘stu hamkorlarimizga samimiy minnatdorchilik bildirib, ularni chin dildan qutlashga ruxsat etgaysiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Ko‘klamning beg‘ubor nafasi ufurib turgan, dehqonlarimiz yangi orzu-umidlar bilan yerga urug‘ qadayotgan shu qutlug‘ pallada barchangizni bag‘rimga bosib, Navro‘z bayrami bilan yana bir bor muborakbod etaman.

Shu go‘zal maydonga fayz berib o‘tirgan muhtaram faxriylarimizga, munis opa-singillarimizga, chehrasida xush kayfiyat, kuch-g‘ayrat porlab turgan yoshlarimizga, mening aziz farzandlarimga o‘zimning chuqur hurmatim va samimiy tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Ilohim, mana shunday xursandchilik bilan boshlanayotgan Yangi yilimiz Vatanimizga tinchlik, baxtu saodat, obodlik va farovonlik olib kelsin.

Dehqonlarimizning omadini bersin!

Hosilimiz mo‘l, xirmonlarimiz baland bo‘lsin!

Xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin!

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati