HAMDO‘STLIKKA A’ZO DAVLATLAR TEMIR YO‘L TRANSPORTI BO‘YICHA KENGASHINING 51-MAJLISI ISHTIROKCHILARIGA
27.10.2009

Muhtaram majlis ishtirokchilari!

Qadrli mehmonlar!

Temir yo‘l transporti bo‘yicha Kengashning navbatdagi majlisi qatnashchilarini mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Buyuk ipak yo‘li o‘tgan mamlakatimiz qadim zamonlardan buyon bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasida muhim geostrategik o‘rin egallab kelgan va hozir ham egallab kelmoqda. Bu yerdan azaldan asosiy savdo yo‘llari o‘tgan va kesishgan, turli sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlik qaror topgan. Sharq va G‘arbni, Janub va Shimolni magistral yo‘llar orqali tutashtirgan O‘zbekiston bugun ham ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega.

Hozirgi kunda dunyoda, ayniqsa, mintaqamizda ro‘y berayotgan chuqur va izchil siyosiy-iqtisodiy jarayonlar amaldagi transport yo‘laklaridan oqilona foydalanish bilan birga, mavjud yirik xalqaro bozorlar va faol shakllanib borayotgan istiqbolli bozorlarni bog‘laydigan yangi, samarali yo‘nalishlarni ochish va o‘zlashtirishni taqozo etmoqda.

Bu uzoq muddatli umumiy manfaatlarimizga mos keladi, boy tabiiy zaxiralar va mineral-xomashyo resurslaridan keng foydalanishni ta’minlashga ko‘maklashadi, shuningdek, davlatlarimizni ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlantirishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha 2013 yilgacha mo‘ljallangan kompleks dastur ana shu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Ushbu dastur poyezdlar parkini yangilash, yo‘llarni qayta tiklash, ixtisoslashtirilgan sanoat korxonalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga doir birinchi galda bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu konsepsiyada, shuningdek, biz uchun va butun mintaqa uchun yangi bo‘lgan tezyurar yo‘lovchi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu temir yo‘l transporti va unga nisbatan odamlarning munosabatini tubdan o‘zgartiradi.

Ishonchim komilki, mamlakatimiz hududida murakkab tabiiy-iqlim sharoitida “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” zamonaviy temir yo‘l liniyasi bunyod etilgani, faoliyat ko‘rsatayogan “Navoiy” multimodal logistika markazining rivojlantirilishi, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Transafg‘on transport yo‘lagining “Hayraton – Mozori Sharif” qismining barpo etilishi mintaqa davlatlarining transport-kommunikatsiya va tranzit imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Temir yo‘l transporti bo‘yicha Kengash majlisida muhokama qilinadigan masalalar ushbu tuzilmaga a’zo davlatlar vakillari uchun dolzarb bo‘lib, muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalarning muvaffaqiyatli hal etilishi, shubhasiz, temir yo‘l tizimini yanada takomillashtirish, davlatlarimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan mazkur sohada integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish imkonini beradi.

Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati