O‘ZBEKISTON PAXTAKORLARI VA BARCHA MEHNATKASHLARIGA
30.10.2009

Qadrli do‘stlar!

Bugun butun yurtimiz, O‘zbekistonimiz hayotidagi quvonchli bir voqea bilan, ya’ni, mamlakatimiz paxtakorlari o‘z zimmasiga olgan shartnoma rejasini muvaffaqiyatli ado etib, katta mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritgani, 3 million 400 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etishga erishgani bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hammamiz kutgan bu g‘alaba avvalambor zahmatkash, ko‘pni ko‘rgan dehqon va fermerlarimizning, bu yutuqqa munosib hissa qo‘shgan mutaxassis va mexanizatorlar, barcha qishloq mehnatkashlarining azmu shijoati va fidokorona mehnatining natijasidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Albatta, doimo yer bilan tillashib, unga butun borlig‘ini berib mehnat qiladigan dehqon uchun qishloq xo‘jaligi sohasida oson yilning o‘zi bo‘lmaydi. Aytish kerakki, 2009 yil mavsumi ham biz uchun ko‘p jihatdan murakkab bo‘ldi. Avvalo bahor seryog‘in kelib, iqlim injiqligi katta qiyinchilik tug‘dirgani, sel va do‘llar ko‘paygani, quyosh haroratining yetishmasligi tufayli dalalarni tayyorlash, chigitni ekish va to‘la undirib olish jarayoni, hammamizga ma’lum, qariyb bir oy orqaga surilib ketdi.

Bundan tashqari, namgarchilik yuqori bo‘lgani uchun turli kasalliklar, hasharot va zararkunandalar ko‘payib, dehqon va fermerlarimiz uchun yana bir jiddiy sinovga aylandi.

Bularning barchasi dehqonlarimizdan har tup g‘o‘za atrofida parvona bo‘lib, ekinga qo‘shimcha ishlov berish, agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish, bir so‘z bilan aytganda, kunni – kun, tunni – tun demasdan, har qachongidan ko‘ra ehtiyotkorlik bilan ish tutishni talab etganini tushunish, anglash qiyin emas.

Siz, mohir paxtakorlarimizning maqsad sari ana shunday tinimsiz intilish, har qanday og‘ir sharoitda ham ishning ko‘zini bilib mehnat qilish, eng muhimi, o‘z kuchingizga bo‘lgan ishonch, mustahkam iroda hisobidan barcha sinovlarni yengib, ulkan g‘alabaga erishganingiz yuksak tahsin va tasannolarga munosibdir.

Hech shubhasiz, bu yilgi mavsumda, mana shunday o‘ta murakkab sharoitda sizlar qo‘lga kiritgan bu yutuq mamlakatimiz paxtachiligi tarixiga alohida yorqin sahifa bo‘lib kiradi, albatta.

Bugungi katta g‘alabaga asos bo‘lgan omillar haqida gapirganda, buning zamirida avvalambor, istiqlol yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz, ota-bobolarimizning boy dehqonchilik tajribasi va zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan birga, dehqon va fermerlarimizning mehnatsevarlik, izlanuvchanlik va omilkorlik fazilatlari mujassam ekanini ta’kidlash har tomonlama o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Eng muhimi, fermerlik harakatini rivojlantirishga, uning istiqbolini o‘ylab, qishloq xo‘jaligi sohasida hal qiluvchi kuchga aylanishi uchun mustahkam qonuniy va tashkiliy-amaliy zamin yaratganimiz, bu harakatning samarasini oshirish yo‘lida keng miqyosda imtiyoz va imkoniyatlar tug‘dirib berganimiz nafaqat bugungi g‘alabaga erishishda, balki qishloq hayotini yangi bosqichga ko‘tarishda g‘oyat muhim omil bo‘lganini, o‘ylaymanki, hech kim inkor etolmaydi.

Bu yilgi mavsum yakunlari haqida gapirar ekanmiz, Andijon, Surxondaryo, Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mehnatkashlari ishni uyushqoqlik bilan tashkil etib, shartnomaviy majburiyatlarini 25-30 ish kunida ortig‘i bilan ado etishga erishganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

Mamlakatimizning ulkan paxta xirmoniga o‘zining salmoqli ulushini qo‘shgan Paxtaobod, Oltinko‘l, Qumqo‘rg‘on, Sherobod, Kasbi, Qiziltepa, Do‘stlik, Narpay, Namangan, Quva, Boyovut, Bo‘ka, Ellikqal’a, Gurlan va Vobkent tumanlari paxtakorlari bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘lgani alohida tahsinga sazovor.

Yurtimizdagi minglab ilg‘or fermer xo‘jaliklari qatorida ayniqsa Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Oqsuv”, Oltinko‘l tumanidagi “Namuna gulshani”, Bo‘ka tumanidagi “Sarkor”, Chinoz tumanidagi “Muqimiy”, Gurlan tumanidagi “Hayitmat ota”, Ellikqal’a tumanidagi “Ro‘zimboy”, Navbahor tumanidagi “Muslim Madaminov ”, Qamashi tumanidagi “Ashur bobo”, Pop tumanidagi “Ernazar”, Quva tumanidagi “Oltin diyor”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Guliston” singari fermer xo‘jaliklari hosildorlikni gektaridan 45-50 sentnerga yetkazgani fermerlik harakatining qanday katta imkoniyatlarga ega ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.

Bu sohada amalga oshirgan ulkan ishlarimiz qatorida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, dehqonlarimizning mashaqqatli mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish, ularning yerga, mulkka, o‘zi yetishtirgan mahsulotga egalik qilish, moddiy manfaatdorlik va mas’uliyat hissini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan katta ishlarimiz ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini qayd etish zarur.

Ayniqsa, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli nafaqat qishloqlarimiz qiyofasi butunlay o‘zgarayotgani, shu bilan birga, dehqonlarimiz, qishloq ahlining ongu tafakkuri, turmush madaniyati yuksalib, ularning ertangi kunga ishonchi, yon-atrofdagi voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi, hayotga faol munosabati kuchayib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu yil paxtachilikda qo‘lga kiritgan natija va marralarimiz o‘zining yuksak ko‘rsatkichlari, birinchi navbatda, hosildorlik darajasi, tola sifatining o‘tgan yillarga qaraganda yuqoriligi bilan e’tiborni tortadi.

Shu sababli bugungi kunda o‘zbek paxtasi xalqaro miqyosda tobora xaridorgir bo‘lib, respublikamiz jahon paxta bozorining markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Buning tasdig‘ini besh yildan buyon Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan, ko‘plab nufuzli xorijiy savdo kompaniyalari qatnashib kelayotgan xalqaro paxta yarmarkasida katta hajmdagi shartnomalar imzolanib, bu sohadagi hamkorlik aloqalari yanada kuchayib borayotganida ko‘rish mumkin.

O‘z-o‘zidan ravshanki, iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rin tutadigan qishloq xo‘jaligida yer unumdorligi va samaradorligini oshirish, xususan, katta mehnat, mas’uliyat va safarbarlikni talab qiladigan paxtachilik sohasiga ilg‘or tajribalar, zamonaviy yangi texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan dehqon va fermerlarimizning daromadlari va farovonligini yanada oshirish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish, qishloq aholisining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish masalalari biz uchun bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Aziz do‘stlarim, birodarlarim!

Sizlarni bugungi yuksak mehnat g‘alabangiz bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va fayzu baraka tilayman.

Doimo baxtingiz, omadingizni bersin!

Hech qachon kam bo‘lmang, qadrdonlarim!

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati