O'ZBEKISTON XALQIGA YANGI YIL TABRIGI
01.01.2010

Muhtaram vatandoshlar!

Qadrli otaxon va onaxonlar, opa-singillar, aziz o’g’il-qizlarim, bolalarim!

Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu fayzli va shukuhli damlarda sizlarni qizg’in muborakbod etishdan, barchangizga samimiy mehr va hurmatimni bildirib, ezgu tilaklarimni izhor qilishdan baxtiyorman.

Ayni mana shunday unutilmas, go’zal oqshomda bayram dasturxoni atrofida jamuljam bo’lib o’tirgan siz, aziz yurtdoshlarimga yangi yilda oilalaringizga shodu xurramlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat, yangi omadlar yor bo’lishini, keksayu yosh, har qaysi inson qalbining to’rida bo’lgan eng yorug’ orzu-niyatlar ushalishini chin yurakdan tilayman.

Hurmatli do’stlar!

Yakuniga yetib borayotgan 2009 yilni kuzatar ekanmiz, yil mobaynida el-yurtimiz boshidan kechirgan qancha-qancha sinov, qiyinchilik va muammolarni yengib o’tganimizni beixtiyor eslashimiz, bir so’z bilan aytganda, bu yil mamlakatimiz uchun oson kelmaganini ta’kidlashimiz tabiiydir.

Bu haqda gapirganda, avvalambor, butun jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan, o’zi bilan o’ta og’ir salbiy oqibatlarni olib kelayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning O’zbekistonga ta’sirini yumshatish, bu xavfning oldini olish biz uchun yil davomida g’oyat murakkab vazifa bo’lib turgani haqida, o’ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo’q.

Bugun barcha mamlakatlar va xalqlarning boshiga tushgan ana shu savdo, ya’ni iqtisodiy o’sish sur’atlari va ishlab chiqarishning keskin qisqarishi, minglab korxonalar kasodga uchrashi natijasida ishsizlikning ko’payishi, odamlarning daromadi va turmush darajasining tobora pasayib borishidan – bunday og’ir qismatdan O’zbekistonimizni, xalqimizni saqlab qolish va bu sinovdan yorug’ yuz bilan chiqish 2009 yilda biz uchun eng asosiy va dolzarb vazifaga aylandi.

Bizning bu boradagi harakatlarimiz yurtimizda mustaqillik yillarida amalga oshirgan islohotlar va mamlakatimizni yangilash siyosatining, biz tanlagan o’zimizga xos, o’zimizga mos milliy taraqqiyot yo’lining, inqirozga qarshi o’z vaqtida ko’rgan chora-tadbirlarimizning naqadar to’g’ri ekanini yana bir bor tasdiqlab bermoqda.

Bu yil ob-havoning g’oyat noqulay kelib, bahordagi uzluksiz yog’ingarchilik tufayli ekish mavsumining bir oyga kechikib ketgani va boshqa ko’plab qiyinchiliklar hosil taqdirini xavf ostiga qo’yib, qishloq xo’jaligi uchun jiddiy tashvish va muammolar tug’dirganidan ham hammamiz xabardormiz.

Faqat ko’pni ko’rgan, hayot sinovlarida toblangan dehqon va fermerlar, mutaxassislarimizning mehnat jasorati, sohaga berilayotgan doimiy katta e’tibor hisobidan barcha qiyinchiliklarni yengib, g’alla, paxta va boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlari bo’yicha belgilangan marralarga erishganimiz bu yilgi eng katta g’alabalarimiz qatoriga kiradi, desak, hech qanday xato bo’lmaydi.

O’tib borayotgan yilga yurtimizda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb nom berganimiz va shu munosabat bilan maxsus davlat dasturini amalga oshirganimiz qishloq hayotini obod etish, qishloq ahlining turmush madaniyatini yuksaltirish, ularning yashash sharoitini shahar darajasiga yaqinlashtirish kabi g’oyat muhim maqsadlarga erishish yo’lida qo’yilgan salmoqli qadamlar bo’ldi.

Shu borada boshlagan ezgu ishlarimizning mohiyati va ko’lamini, davlatimizning bu masalaga qanday ulkan ahamiyat berayotganini ushbu dasturni bajarish uchun barcha manbalar hisobidan shu yilning o’zida 2 trillion 600 milliard so’mdan ziyod mablag’ sarflangani ham ko’rsatib turibdi.

O’ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz, qishloq taraqqiyoti va obodonchiligiga qaratilgan bunday ulkan xarajatlarimiz mamlakatimiz miqyosida, uning turli soha va tarmoqlarida – bu sanoat va qurilish, transport va kommunikatsiya bo’ladimi, ta’lim-tarbiya, tibbiyot va madaniyat sohalari bo’ladimi – butun iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish va yangilash bo’yicha amalga oshirayotgan dasturlarimizning uzviy bir qismidir.

Bugun o’z salbiy ta’sirini o’tkazayotgan inqirozga qaramasdan, 2009 yilning o’zida yalpi ichki mahsulotimiz 8,1 foizga, iqtisodiyotimizga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 33,0 foizga o’sgani, aholining real daromadlari esa 26,5 foizga, oylik ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o’rtacha 40,0 foizga oshgani buning yaqqol dalili va isboti desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz.

Shuni ham katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, kirib kelayotgan 2010 yilda oylik ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini kamida 30 foizga ko’paytirish ko’zda tutilayotgani, hech shubhasiz, xalqimizning yangi yil oldi kayfiyatiga albatta yangi quvonch bag’ishlaydi.

Yurtimizni tobora obod etib, uning qiyofasini butunlay o’zgartirayotgan, Vatanimizning ildam rivojlanib borishini ta’minlayotgan, o’zgalarning havasini tortayotgan bunday yutuqlarning boisi, avvalambor, mamlakatimizda tinchlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o’zaro hurmat va mehr-oqibat hukm surayotganidadir.

Eng muhimi, xalqimizning mehnatsevarligi va fidoiyligi, uning hayotga, o’z mehnatiga munosabati tobora o’zgarib, ongu tafakkuri o’sib borayotgani biz qo’lga kiritayotgan marralarning hal qiluvchi omili va sababi, desam, o’ylaymanki, barchamizning fikrimizni ifoda etgan bo’laman.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo’lib o’tgan saylovlar bu haqiqatni yaqqol tasdiqlab, mamlakatimiz milliy manfaatlarimizga javob beradigan demokratik jamiyat qurish yo’lidan izchil rivojlanib borayotganini, xalqimizning o’z tanlagan yo’liga, ertangi kuniga, o’z kelajagiga bo’lgan mustahkam ishonchini yana bir bor amalda namoyon etdi.

Muhtaram vatandoshlar!

Kirib kelayotgan yangi – 2010 yilga mamlakatimizda “Barkamol avlod yili” deb nom berganimiz bu yo’nalishdagi sa’y-harakatlarimizning uzviy va mantiqiy davomi bo’ldi.

Bizning o’z oldimizga qo’ygan eng ulug’ maqsadimiz bo’lmish kelajagi buyuk davlat va erkin jamiyat qurish jarayoni, lo’nda qilib aytganda, taraqqiy topgan va farovon yashayotgan davlatlar qatoriga chiqish vazifasi, tabiiyki, yillar, balki o’n yillarni talab qiladi. Va bu maqsad yo’lida barchamizni belimizni qattiq bog’lab, qat’iyat va fidoiylik bilan, astoydil mehnat qilishga undaydi.

Ayni paytda barchamiz yaxshi anglaymizki, bunday ezgu orzu-niyatlarimizni amalga oshirish ko’p jihatdan bugun unib-o’sib kelayotgan, bizning davomchimiz, suyanchimiz va tayanchimiz bo’lgan yosh avlodning zimmasi va mas’uliyatiga tushadi.

Shu bois barchamiz o’zimizning muqaddas ota-onalik burchimizni jondan aziz farzandlarimizni nafaqat ham jismonan, ham ma’nan sog’lom qilib o’stirish, shu bilan birga, ularni har tomonlama barkamol avlod bo’lib, eng zamonaviy, biz yashayotgan XXI asr talab qilayotgan intellektual bilim va boylikka ega bo’lgan insonlar bo’lib hayotga kirib borishini ta’minlashda ko’rishimiz ham qarz, ham farzdir.

Bugun biz tuzayotgan va qabul qilayotgan uzoq muddatli dasturlarimiz aynan mana shunday o’ta muhim va ustuvor maqsad va muddaolarimizga javob bergan holdagina biz mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga ko’tarish, dunyoda yakkayu yagona bo’lgan Vatanimizning xalqaro maydondagi obro’-e’tiborini munosib darajaga yuksaltirishga erishamiz.

Ayni shu maqsadga qaratilgan, uzoq va davomli kelajagimizni ko’zlayotgan, bugun amalga oshirayotgan ulkan dasturlarimizda mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish tarmoqlarimizni zamonaviy texnika va texnologiya bilan qurollantirish masalalari bilan birga, eng zamonaviy va kuchli sotsial infratuzilmani barpo etish borasida oldin boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, aholimizni ijtimoiy himoyalash va qo’llab-quvvatlash siyosati doimo e’tibor markazida turishi darkor.

2010 yilning davlat byudjeti xarajatlarining 59 foizdan ortig’ini aynan sotsial xarajatlar tashkil etishi, faqatgina sog’liqni saqlash va ta’lim-tarbiya sohasiga davlat xarajatlarining 50 foizdan ziyodi yo’naltirilganining o’zi buning yaqqol tasdig’idir. Birgina tibbiyot sohasi rivoji uchun 1 trillion 700 milliard so’m mablag’ ajratilgan bo’lib, bu 2009 yilga nisbatan 30 foizga ko’p demakdir.

Aytish mumkinki, sotsial soha rivojiga bunday e’tibor dunyoda kamdan-kam davlatlar tajribasida uchraydi.

Aziz do’stlarim, qadrdonlarim!

Barchangizni bag’rimga bosib, kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Yangi – 2010 yilning qadami qutlug’ va xosiyatli kelsin!

Xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo’lsin, Yaratganimiz o’z panohida saqlasin!

Yangi yil barchamizga muborak bo’lsin!

Islom Karimov, 
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati