VATAN HIMOYACHILARIGA BAYRAM TABRIGI
13.01.2010

Qadrli Vatan himoyachilari – askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Sizlarni, Vatan himoyachisi degan olijanob ishga o‘zini bag‘ishlagan barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimizning o‘n sakkiz yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan, yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarni barpo etish va milliy armiyamizni shakllantirish borasida o‘zining mohiyati va ko‘lamiga ko‘ra tom ma’noda ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimiz xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan va kelib chiqayotgan xavf-xatarlarni har tomonlama tahlil etish asosida armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Ushbu dasturga muvofiq, Mudofaa vazirligining bo‘linma va qismlarini, chegara qo‘shinlarini, boshqa vazirlik va idoralarning harbiy tuzilmalarini yagona qudratli tizimga birlashtirgan Qurolli Kuchlarimiz qismlarining tarkibi va joylashuvi qayta ko‘rib chiqildi.

Qurolli Kuchlarimiz va ularning asosiy jangovar bo‘linmalarining prinsipial jihatdan mutlaqo yangi tashkiliy-tarkibiy tuzilmasi joriy etildi, boshqaruv va tuzilmalarning bir-birini takrorlaydigan, kam samarali bo‘g‘inlari tugatildi. Bu o‘z navbatida mazkur boshqaruv va tuzilmalarning harakatchanligi, tezkorligi va jangovar qobiliyatini oshirish imkonini berdi.

Mamlakatimiz hududiga suqilib kiradigan har qanday tajovuzkor bosqinchiga qarshi qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan Maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan kuchlar, Terrorchilikka qarshi kurashish korpusi bo‘linmalari va boshqa zamonaviy jangovar bo‘linmalar tashkil etildi va ularning faoliyatini kuchaytirish davom ettirilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatning bir yil etib belgilangani, muddatli harbiy xizmatga chaqiruvning bir yilda bir marta tashkil etilayotgani, qo‘shinlarda shartnoma asosida xizmat qilayotgan serjantlar tarkibining sezilarli darajada kengaygani, safarbarlik-chaqiruv rezerv xizmatining joriy etilgani armiyamizning qiyofasini, uning mazmun-mohiyati va jangovar imkoniyatlarini, harbiy jamoalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni prinsipial jihatdan tubdan o‘zgartirdi.

Shu yillar mobaynida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ turlari bilan qurollantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, pul ta’minotini oshirish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan aniq maqsadli, kompleks dasturlarning izchil ijro etilishi harbiy xizmatchilar va ularni oila a’zolarining moddiy, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi.

Shu davr ichida amalga oshirilgan ishlarni baholar ekanmiz, bugungi kunda O‘zbekiston amalda o‘zining zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi qurollangan, mamlakatimiz barqarorligi va xavfsizligini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Shu bilan birga, mintaqamiz va butun jahondagi murakkab, tez o‘zgarayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi tobora keskinlashib borayotgan ahvol bilan bog‘liq tarzda xavfsizlikka qarshi real va ehtimol tutilayotgan xavf-xatarlarning kuchayib, narkoagressiya, xalqaro terrorizm, ekstremizm va boshqa tahdidlarning miqyosi kengayib borayotgani Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligini har tomonlama mustahkamlash, davlat chegaralarimizni himoya qilish va qo‘riqlash choralarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish masalasi bizdan Vatanimizning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan va tobora kuchayib borayotgan ana shunday talablarni hisobga olgan holda, armiyamizni modernizatsiya va isloh qilish, uning salohiyati va jangovar tayyorgarligini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan strategiya hamda ustuvor yo‘nalishlarni bajarish yuzasidan boshlagan ishlarimizni yanada chuqurlashtirishni taqozo etadi.

Shu maqsadda quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblayman:

Birinchi. Qurolli Kuchlarimiz qismlarining safarbarlikka doimiy ravishda tayyorligi va harakatchanligini, ularning yuz berishi mumkin bo‘lgan turli tahdid va xavf-xatarlarni, chegaralarimiz daxlsizligi, fuqarolarimizning tinch-osoyishta mehnati va hayotini buzishga qaratilgan har qanday yovuz urinishlarni o‘z vaqtida va samarali bartaraf etish qobiliyatini ta’minlash darkor.

Ikkinchi. Qurolli Kuchlarimizning qism va bo‘linmalarini eng yangi qurol-yarog‘ va jangovar texnika bilan qayta jihozlash, zamonaviy vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhim prinsipial ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan xorijiy hamkor davlatlar bilan xalqaro harbiy-texnik hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish va ko‘lamini kengaytirish, 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini tayyorlash va amalga oshirish zarur.

Qo‘shinlarning vzvod–batalyondan tortib harbiy okruglargacha bo‘lgan yuksak darajadagi jangovar qobiliyatini ta’minlashga qaratilgan o‘quv-jangovar tayyorgarlik ishlarini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratish zarur. Jangovar operatsiyalarni amalga oshirishning taktikasi va usullari muntazam ravishda o‘zgarib, eng yangi qurol-yarog‘ va harbiy texnika tobora murakkablashib borayotgan hozirgi sharoitda shaxsiy tarkibning individual va guruh shaklidagi jangovar tayyorgarligi va harbiy malakani egallashi bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi dasturlarni jadal ishlab chiqish va joriy etishni, qo‘mondonlik-shtab va tezkor-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazishni tubdan qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

Harbiy san’atni o‘rganish va yana bir bor o‘rganish – bugungi kunda bu talab armiyamizni modernizatsiya qilish borasidagi barcha ishlarimizning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda.

Uchinchi. Harbiy boshqaruv tizimini takomillashtirish, ehtimol tutilgan jangovar harakatlar maydonining o‘ziga xos sharoitida butun mudofaa tizimida barcha qo‘shin turlariga qarashli qism va bo‘linmalar, vazirlik va idoralarning harbiy tuzilmalari faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish, ularning aniq va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishini ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirish va chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega. Armiyamizning davlat chegaralarimizni ishonchli qo‘riqlashga qodir bo‘lgan, mamlakat mudofaa tizimidagi zaif nuqtalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularning bartaraf etilishini ta’minlaydigan, har tomonlama puxta tashkil etilgan mexanizm, bir so‘z bilan aytganda, barcha tarkibiy qismlari o‘zaro uzviy bog‘langan yagona jangovar kompleks sifatida to‘laqonli faoliyat yuritishiga erishish g‘oyat muhim ahamiyatga egadir.

To‘rtinchi. Ofitser va serjant kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, intellektual jihatdan yetuk, strategik fikrlay oladigan ofitser kadrlar, shuningdek, qo‘l ostidagi bo‘linmalarni samarali boshqarishga, ularda sog‘lom axloqiy-ruhiy vaziyatni saqlashga qodir professional serjantlarni tayyorlaydigan harbiy bilim yurtlari va serjantlar maktablari faoliyatini zamon talablari va standartlarini e’tiborga olgan holda tubdan yaxshilash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.

Qurol-yarog‘ va texnikaning zamonaviy turlari, qo‘shinlarni boshqarish metodlari, jangovar operatsiyalarni amalga oshirishning taktik usullari, jangovar tayyorgarlik va tarbiyaviy ishlar dasturlarini tajriba va sinovdan o‘tkazishda asosiy baza vazifasini bajaradigan harbiy bilim yurtlari Qurolli Kuchlarimizning yetakchi, bosh harbiy-ilmiy markazlariga aylanishi darkor.

Shu maqsadda harbiy ta’lim muassasalarini zarur harbiy texnika va trenajyorlar bilan jihozlashga, o‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan foydalanish masalalariga o‘ta jiddiy e’tibor qaratish zarur.

Beshinchi. Yurtimizda 2010 yilning Barkamol avlod yili deb e’lon qilinishi armiyamizning o‘zagini tashkil etadigan yosh ofitserlar, serjantlar va askarlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining qo‘mondonlik va boshliqlar tarkibi zimmasiga yangi, yanada mas’uliyatli vazifalar yuklaydi.

Shu munosabat bilan askar, serjant va ofitserlar tarkibining xizmatni o‘tash va yashash joylaridagi ijtimoiy-maishiy sharoitlarini izchil va tizimli ravishda yaxshilash, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy shaharchalarni qurish va rekonstruksiya qilish, ularda eng zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturlarining to‘liq bajarilishiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Qurolli Kuchlarimizning oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish Mudofaa vazirligi, Birlashgan shtab, butun qo‘mondonlik tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondonining mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 18 yilligi munosabati bilan qabul qilingan Direktivasida belgilab berilgan qoida va ko‘rsatmalarni so‘zsiz bajarishni talab qiladi.

Aziz do‘stlar!

Bugungi qutlug‘ bayram kunida Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmatni munosib tarzda o‘tayotgan va zaxiradagi harbiylarga, barcha Vatan himoyachilariga murojaat qilar ekanman, armiyamiz Vatanimizning muqaddas sarhadlari, xalqimizning tinch va osuda hayoti, musaffo osmonimizning ishonchli himoyasini ta’minlashga qodir, deb qat’iy ishonch bildiraman.

Sizlarni yana bir bor Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati