O‘ZBEKISTON XOTIN-QIZLARIGA BAYRAM TABRIGI
05.03.2010

Munis va muhtarama onaxonlar!

Qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Barchamiz hamisha sog‘inib, orziqib kutadigan mana shu ilk bahor kunlarida, tabiat ochilib, ko‘ngillar shodlik va quvonchga to‘lib borayotgan shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni, sizlar orqali butun O‘zbekiston xotin-qizlarini qutlug‘ sana – 8 mart bayrami bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.

Sizlarga qalbimiz to‘rida bo‘lgan eng ezgu tilaklarimiz, chuqur hurmat va ehtiromimizni izhor etish uchun barchamizga, avvalo, erkak zotiga yana bir imkon beradigan, bamisoli ko‘klam elchisi yanglig‘ kirib keladigan bu bayram bahorning o‘zi kabi qadrli va sevimlidir.

Bahor timsolida tabiat go‘zalligi, uning bor sehri va jozibasi qanchalik yaqqol namoyon bo‘lsa, ayol timsolida eng yuksak insoniy fazilatlar shu qadar yorqin namoyon bo‘ladi.

Biz odatda tabiat, yer, til va vatan kabi mo‘tabar tushunchalarni “ona tabiat”, “ona yer”, “ona tili” va “ona Vatan” deb ulug‘laymiz, ularni aziz va mehribon onalarimizga qiyos etamiz. Va bu qiyoslashning juda chuqur ichki ma’no-mazmuni borligini anglash, tushunish qiyin emas, deb o‘ylayman.

Ayol zoti o‘zining nafosati va latofati, muhabbati va sadoqati, onalik mehri bilan tom ma’noda Yaratganning tengsiz mo‘jizasidir.

Ko‘nglimiz farishtasi, xonadonimiz chiro g‘i, oila tayanchi bo‘lmish ayol siymosi xalqimiz tasavvurida azal-azaldan ezgulik va fidoyilik timsoli bo‘lib keladi. Buning tasdig‘ini el-yurtimizning milliy tarixi, hayot va tafakkur tarzida, ayol sha’nini ulug‘lab, go‘zal qasidalar yaratgan mumtoz adabiyotimiz sahifalarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bizning ayollarga munosabatimiz, hech shubhasiz, ana shunday yuksak mezonlar negizida kamol topgan bo‘lib, ayol zotiga beqiyos hurmat va ehtirom namunasini boshqalar balki bizdan o‘rganishi kerakdir.

Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin onani, ayolni doimo e’zozlab, ardoqlab yashashga intilish tuyg‘usini bolalarimiz va nabiralarimizga, kelgusi avlodimizga bezavol yetkazish biz uchun eng olijanob, eng buyuk vazifa bo‘lib qolishi zarur, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Aziz opa-singillar!

Biz o‘z mustaqilligimizning birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda demokratik davlat, hech kimdan kam bo‘lmaydigan erkin va farovon hayot qurish yo‘lida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, ayollarimizni jamiyatimizning teng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish borasida qanday ulkan ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.

Bunday siyosatning amaliy samarasini bugungi kunda oliy qonunchilik idoralari, joylardagi vakillik organlari va ijro hokimiyatidan tortib sud-huquq sohasida, mahalliy va o‘zini o‘zi boshqarish tizimlari, nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar faoliyatida, muxtasar aytganda, hayotimizning barcha bosqichlarida ko‘rish, kuzatish mumkin.

Shunisi e’tiborga sazovorki, xotin-qizlar yurtimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etish bilan birga, o‘zining bilimi, professional malakasi va mahorati hisobidan ko‘pgina jabhalarda yetakchi mavqelarni egallab kelmoqda. Bugungi kunda hayotimizda tobora katta o‘rin olayotgan fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, ilmu fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi o‘nlab muhim soha va tarmoqlar rivojini ayollarning ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Biz mamlakatimizning yorug‘ kelajagini ko‘zda tutgan holda 2010 yilni yurtimizda “Barkamol avlod yili” deb e’lon qildik. Bu qarorimizning ma’no-mohiyatini lo‘nda qilib ifoda etadigan bo‘lsak, ko‘p marta takrorlangan bir haqiqatni yana bir bor ta’kidlashga to‘g‘ri keladi.

Bugun hech kimga sir emaski, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik hukmronlik qiladigan asr. Kimki, qaysi jamiyat bu haqiqatni o‘z vaqtida anglab olmasa, intellektual bilim, intellektual boylikka intilish uning kundalik hayot mazmuniga aylanmasa, bunday jamiyat jahon taraqqiyoti yo‘lidan chetda qolib ketishi muqarrar.

Biz o‘z oldimizga ana shunday o‘ta murakkab maqsadni qo‘yar ekanmiz, bunday ulug‘ vazifani ado etish, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda ayollarimizning o‘rni va ta’siri, buyuk hissasini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi. Ya’ni, ertangi kunimizning mustahkam va ishonchli poydevorini bunyod etishda aynan ayol zoti hal qiluvchi kuch, chinakam tayanchimiz va suyanchimiz bo‘lib maydonga chiqishini barchamiz hech qachon unutmasligimizni istardim.

Faqat sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘iladi. Faqat aql-zakovatli, ma’rifatli onalargina komil insonlarni tarbiyalashga qodir bo‘ladi.

Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, mamlakatimizda ayollarning salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy, intellektual va ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan, uzoqni o‘ylab, puxta ishlab chiqilgan va hayotga izchil joriy etilayotgan dastur va tadbirlarimiz bugungi kunda o‘zining dastlabki samarasini berayotgani barchamizni quvontiradi.

Bu haqda uzoq gapirish, ko‘p misollarni olib kelish mumkin, lekin men faqat uchta muhim yo‘nalish bo‘yicha ba’zi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Keyingi uch yil mobaynida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari jahon miqyosida o‘tkazilgan nufuzli fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib, jami 41 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ularning 8 tasi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yoki san’at va musiqa sohasida dunyoning Parij, Rim, Berlin, Tokio, Moskva, Praga, Qohira, Seul, Dehli kabi yirik madaniyat markazlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda 273 nafar o‘quvchi va talabamiz g‘oliblikka erishgani va ularning 153 nafari qiz bolalar ekanini katta mamnuniyat bilan ta’kidlash o‘rinlidir.

Ana shu oxirgi uch yil mobaynida 1 ming 464 nafar iste’dodli sportchi yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda zafar qozongan bo‘lsa, ularning 448 nafari aynan qizlarimiz ekani albatta barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Aytinglar, azizlar, bundan o‘n besh-yigirma yil oldin o‘zgalar havas qiladigan bunday ulkan ufq va marralarga yetishni tasavvur qilish mumkinmidi? Ochiq aytish kerakki, bularni faqat shirin tushlarimizda ko‘rishimiz mumkin edi, xolos.

Shu borada bugun yana bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak. Biz bolalarimizning sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sishiga qancha e’tibor, kuch va mablag‘ safarbar etsak, yurtimizdagi yosh talantlarning noyob iste’dodi ochilishiga qancha ko‘p imkoniyat tug‘dirib bersak, hech shubhasiz, farzandlarimizning ilmu fan, san’at, sport va boshqa sohalar bo‘yicha jahon shohsupalariga ko‘tarilishi uchun shunchalik mustahkam zamin yaratiladi, inshoollo. Men bunga qat’iy ishonaman.

Bunday yuksak va ezgu marralarga erishishda avvalambor jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, ahillik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, iqtisodiyotimizni jadal sur’atlar bilan rivojlantirish, yurtimizni yanada obod va farovon etish masalasi biz uchun doimiy ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Albatta, bunday siyosatni yanada kuchaytirish, uning samarasini oshirishda xotin-qizlarning mavqeini, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini ham huquqiy, ham amaliy nuqtai nazardan yuksaltirish ana shunday muhim vazifalarimiz qatoriga kiradi.

Fursatdan foydalanib, men yurtimizning barcha mard o‘g‘lonlarini ayollarga faqat bayram kunlarida emas, balki hamisha hurmat va e’tibor ko‘rsatib yashashga, aynan shunday yondashuvni o‘z burchimiz deb bilishga va uni hayotimiz mezoniga aylantirishga da’vat etmoqchiman.

Toki ayollarimiz bizdan rozi va mamnun bo‘lib, baxtli hayot kechirsin. Zero, onalarning, ayollarning baxti – oilaning, xalqimizning, butun O‘zbekistonimizning baxtidir.

Qadrli opa-singillar!

Bugungi bayram shodiyonasida siz, muhtarama ayollarimizning fidoyi qalbingiz, beminnat mehru muhabbatingiz uchun sizlarga har qancha tashakkur aytsak, ta’zim qilsak arziydi.

Yana bir karra samimiy tabrigimni qabul etgaysiz.

Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda bo‘lsin!

Baxtimizga hamisha omon bo‘ling, azizlarim, mehribonlarim!

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati