“UNIVERSIADA-2010” SPORT O‘YINLARI ISHTIROKCHILARIGA
28.05.2010

Qadrli farzandlarim!

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalambor, siz azizlarni go‘zal va betakror Andijon zaminida boshlanayotgan “Universiada – 2010” sport o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech kimga sir emas, bugungi kunda o‘zining qadr-qimmati, g‘urur va iftixorini saqlab, o‘z kuchi va qudratiga ishongan, o‘z mehnati va aql-zakovati bilan o‘z kelajagini qurish, o‘z yurtini himoya qilishga qodir bo‘lgan davlat va jamiyatnigina dunyo ahli tan oladi va hurmat qiladi.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ana shunday yuksak maqsadni amalga oshirishda avvalo jismoniy barkamol, zamonaviy bilim va taraqqiyot yutuqlarini chuqur egallagan, irodasi baquvvat, ma’naviy yetuk avlodni hal qiluvchi kuch sifatida ko‘ramiz.

Yoshlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasdan voyaga yetishi, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan marralarga ko‘tarilishi, bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimizga maydonni keng ochib berish maqsadida qabul qilingan umummilliy dasturlarimiz, rejalarimiz va sa’y-harakatlarimiz bugungi kunda samarali natijalarni bera boshlayotgani barchamizni quvontiradi, albatta.

Mamlakatimizda barpo etilayotgan, o‘g‘il-qizlarimiz uchun bag‘rini ochayotgan ming-minglab zamonaviy maktablar, litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlari, san’at, madaniyat va sport maskanlari ana shu ezgu, haqiqatdan ham, tarixiy ishlarimizning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, insoniy kamolotning eng muhim sharti bo‘lgan jismoniy tarbiya va sportning har qaysi shahar va qishloq, har bir xonadonga kirib borishiga erishish, bu sohadagi barcha yutuqlarning poydevori bo‘lmish bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, sport orqali yosh avlod qalbida iroda, mardlik va matonat fazilatlarini tarbiyalash, hayotimizda sog‘lom muhitni yanada mustahkamlash yo‘lidagi ulkan ishlarimiz haqida, o‘ylaymanki, bugun ortiqcha gapirishga zarurat yo‘q.

Birgina Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan keyingi yillarda qariyb 160 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 1 ming 130 ta bolalar sporti obyekti bunyod etilgani va jihozlangani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Bu haqda gapirganda, yurtimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlarini o‘z ichiga olgan uch bosqichli noyob tizimning bamisoli qudratli to‘lqinga aylanib, million-million bolalarimizni o‘z safiga qamrab olayotgani, ularning ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim. Ayniqsa, bu tizimning yuqori bosqichi bo‘lgan Universiada musobaqalari yoshlarimiz uchun tom ma’noda chiniqish va kamolot maktabiga aylangani e’tiborlidir.

Mamlakatimizda beshinchi bor o‘tkazilayotgan Universiada o‘yinlari, mana, o‘n yildirki, nafaqat uning ishtirokchilari, balki barcha o‘g‘il-qizlarimiz, butun xalqimiz hayotidan mustahkam o‘rin egallab, O‘zbekiston talaba-yoshlarining nufuzli sport anjumaniga, ta’bir joiz bo‘lsa, kichik olimpiadaga aylandi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zining birinchi umidbaxsh yutuqlarini aynan Universiada musobaqalarida qo‘lga kiritgan 40 nafardan ziyod sportchi yoshlarimiz Olimpiada o‘yinlari, jahon va Osiyo bellashuvlarida, ko‘plab nufuzli xalqaro turnirlarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilgani ham shundan dalolat beradi.

Universiada harakatining ana shunday ezgu an’analarini boshlab bergan Abbos Atoyev, Abdulla Tangriyev, Rustam Saidov, Rishod Sobirov, Oqgul Omonmurodova, Svetlana Radzivil, Sevara Qodirova, Saida Iskandarova, Vadim Menkov, Dilshod Mansurov, Elmurod Xoliqov kabi iste’dodli sportchilarimiz bugungi kunda O‘zbekiston shuhratini butun dunyoga tarannum etib kelayotgani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Mana shu hayajonli daqiqalarda siz aziz farzandlarimizning ochiq chehrangizga boqib, biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar sizlarning timsolingizda vujudidan kuch-g‘ayrat yog‘ilib turgan, o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yib yangi dunyoqarash, yangi tafakkur bilan hayotga kirib kelayotgan, biz boshlagan ishlarning davomchisi bo‘lgan navqiron avlodni ko‘ramiz va bundan barchamizning yuragimiz quvonch va g‘ururga to‘ladi.

Universiada musobaqalarining navbatdagi bellashuvlari aynan Barkamol avlod yilida bo‘lib o‘tayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini, u har bir ishtirokchidan katta mahorat va mas’uliyat talab qilishini tushunish, anglash qiyin emas.

Bugun ana shunday ko‘tarinki ruh, baland kayfiyat bilan belni qattiq bog‘lab maydonga chiqayotgan ekansiz, hech qachon unutmangki, sizlarning ortingizda barchamiz uchun yagona va muqaddas Vatanimiz, har biringizga g‘alaba yor bo‘lishini tilab turgan bag‘rikeng va fidoyi xalqimiz bor.

Toki qalbingiz, yuragingizda shunday ishonch, shunday ezgu tuyg‘u jo‘sh urar ekan, aminmanki, sizlar har qanday yuksak marrani zabt etishda bo‘sh kelmaysiz.

Fursatdan foydalanib, ushbu Universiada o‘yinlarini yuqori darajada o‘tkazish uchun zamonaviy sport majmualarini barpo etgan quruvchilarga, me’mor va muhandislar, pudratchi va homiy tashkilotlarga, butun Andijon ahliga samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.

Sizlarni bugungi yoshlik va go‘zallik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, musobaqalarda barchangizga baxt va omad, kelgusi hayotingizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati