MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARIGA
25.06.2010

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, siz, hurmatli jurnalistlarni, nashriyot va matbaa, radio va televideniye sohasi fidoyilarini, muhtaram faxriylarimiz, yurtimizdagi barcha mushtariylarni bugungi qutlug‘ ayyom – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jurnalist ahlining mashaqqatli va sharafli mehnatidan, ta’sirchan so‘zi va ijodiy mahoratidan har kuni bahramand bo‘ladigan millionlab odamlar sizlarning timsolingizda el-yurt manfaatini o‘ylab yashaydigan fidoyi insonlarni, olijanob kasb egalarini ko‘radi.

Bundan bir asr muqaddam o‘zbek milliy jurnalistikasining tamal toshini qo‘ygan ma’rifatparvar bobolarimiz matbuotning asl mohiyatini ana shunday chuqur anglab, mas’uliyat bilan ish yuritganlari, o‘ylaymanki, sizlarga yaxshi ma’lum.

Bu fikrni birgina misol – 1914 yili “Sadoi Farg‘ona” gazetasining ilk sonida chop etilgan “Matbuot butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yo‘llari, olamdagi darajalari va insoniyat taraqqiyotining cho‘qqisi uchun lozim bo‘lgan say’-harakatlar to‘g‘risida maslahatlashmoq va kengashmoq uchun zarur bir vositadir” degan so‘zlar ham yaqqol isbotlaydi.

Mustaqillik yillarida milliy matbuotimiz ana shunday tamoyillar va zamonaviy talablar asosida tubdan yangilanib va rivojlanib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Shu bilan birga, barchamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz yashayotgan shiddatli XXI asr, hayotimizga keskin sur’atlar bilan kirib kelayotgan globallashuv jarayonlari ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarimiz oldiga yanada muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Bu o‘rinda gap jurnalistning nafaqat iste’dodi va mahorati haqida, ayni paytda o‘z umrini shu zahmatli kasbga bag‘ishlagan har qaysi insonning fuqarolik mas’uliyati, hamisha davr bilan hamnafas bo‘lib, jamiyatdagi o‘tkir muammolarni dadil ko‘tarib chiqishi, ularga jamoatchilik va keng ommaning e’tiborini qaratishi, qisqa qilib aytganda, el-yurt dardi va istiqboli uchun, hayotimizda inson huquq va erkinliklari, adolat va haqiqat qaror topishi uchun kuyib-yonib yashashi haqida bormoqda.

Shu ma’noda, o‘zini yurtparvar deb his qiladigan har bir jurnalistning Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning xalqaro maydonda munosib obro‘-e’tibor qozonishi, bugungi notinch zamonda, ayniqsa yon-atrofimizdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda ona yurtimizni asrash-avaylash, do‘stni dushmandan, oqni qoradan ajratishga, aholimizni doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashga da’vat etishda o‘z hissasini qo‘shishi alohida ahamiyatga ega.

Bu esa matbuot ahlining tez o‘zgarib borayotgan hayot bilan hamqadam bo‘lib yashashini, taraqqiyot sirlarini egallash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, avvalo Internet imkoniyatlaridan to‘la foydalanishga erishishni, o‘z ustida doimiy ishlashini taqozo etadi, albatta.

Qattiq iroda va tinimsiz mehnatni talab qiladigan bunday vazifalar haqida gapirganda, barchamiz yaxshi anglaymizki, avvalo mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining faoliyatini zamon darajasiga ko‘tarish uchun huquqiy kafolat va sharoitlarni, jurnalist va texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish masalalari demokratik davlat barpo etish vazifasining uzviy bir qismi bo‘lishini ta’minlash maqsadida hali yana ulkan ishlarni amalga oshirishimiz zarur.

Bu xususda so‘z borganda, keyingi yillarda markazda va joylarda ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanayotgani, ayniqsa nodavlat nashrlar va teleradiokanallar faoliyati kengayishi axborot maydonida o‘zaro raqobat muhitining, eng muhimi, jamiyatimizda fikrlar va qarashlar rang-barangligining kuchayishi, aholimizning dunyoqarashi va ma’naviy olamini yanada yuksaltirishga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shunday ijobiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yangi amaliy turtki berish maqsadida matbuot bayramiga bag‘ishlab joylarda bo‘lib o‘tadigan turli tadbir va uchrashuvlarda jurnalistlarning hayotimizdagi o‘rni va vazifasi xususida hokimiyat va jamoatchilik vakillari ishtirokida keng va atroflicha fikrlashib olish ayni muddao bo‘lur edi.

Shu borada chuqur bir haqiqatni anglab olishimizni istardim: ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati, ularning saviyasi, o‘tkirligi va ta’siri, bir so‘z bilan aytganda, bu sohani amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarish uchun yana qanday chora-tadbirlar ko‘rish, qanday vazifalarni amalga oshirish kerakligini belgilab olishda, ilg‘or dunyo tajribasini joriy qilishda bizga o‘zimizdan boshqa hech kim ko‘mak berolmaydi.

O‘zimiz belimizni qattiq bog‘lab, qo‘l-oyog‘imizda bamisoli zanjir bo‘lib turgan eskicha qarash va qoliplardan ozod bo‘lib, qonun oldida barchaning teng ekani amalda o‘z tasdig‘ini topishi uchun charchamasdan doimo kurashish – bugungi davr talabi ekanini unutmasligimiz lozim.

Bugun yurtimizda matbuot bayramini nishonlar ekanmiz, qaysi soha bo‘lmasin – bu gazeta-jurnal yoki radio-televideniye bo‘ladimi, nashriyot va matbaa sohasi bo‘ladimi – jurnalistikamiz rivojiga katta hissa qo‘shayotgan barcha ijodiy va texnik xodimlarni, muhtaram faxriylarimizni ushbu qutlug‘ sana bilan yana bir bor tabriklab, sizlarning sharafli mehnatingizni xalqimiz, Vatanimiz hamisha yuksak qadrlaydi, deb qalbimdagi ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Hurmatli va aziz do‘stlar!

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, mas’uliyatli faoliyatingizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Mehnat va ijod zavqi sizlarni hech qachon tark etmasin.

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati