O‘ZBEKISTON G‘ALLAKORLARIGA
20.07.2010

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, siz, aziz dehqon va fermerlarimizni, barcha dala mehnatkashlarini 7 million tonnaga yaqin yuksak g‘alla xirmoni bunyod etib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida hech shubhasiz navbatdagi yangi sahifa ochishga erishganingiz – mana shunday ulkan g‘alabangiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Azaldan nondek aziz va tabarruk ne’matning qadriga yetadigan, uni ko’ziga to’tiyo qilib yashaydigan xalqimiz bu beqiyos yutuq qanday og’ir va mashaqqatli mehnat evaziga qo’lga kiritilganini chuqur anglaydi va rizq-ro’zimiz bo’lmish bunday bebaho boylikni bizga nasib etgani, el-yurtimizning yo’lini ochib bergani, o’zi madadkor bo’lgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildirib, zahmatkash, fidoyi dehqonlarimizga tasannolar aytadi.

Bir vaqtlar o’lkamiz o’z ehtiyojini qondirish maqsadida kimgadir muhtoj bo’lib, kimgadir yalinib, katta mablag’lar to’lash hisobidan donni chetdan olib kelganini inobatga oladigan bo’lsak, bugungi kunda Vatanimiz g’alla mustaqilligiga erishib, har tomonlama to’qchilikni qo’lga kiritganimiz, kerak bo’lsa, g’allani eksport qilish imkoniyatiga ega bo’lganimiz, shu kunlarga yetganimiz uchun barchamiz chin qalbdan minnatdor bo’lishimiz tabiiy, albatta.

Azizlarim, barchangiz yaxshi bilasiz, bunday marralarga yetish oson bo’lgani yo’q.

Buning negizida avvalo uzoqni ko’zlab, izchillik bilan amalga oshirilayotgan davlat siyosati, chuqur o’ylangan islohotlar, shu yo’lda eng muhim o’rin va ahamiyat kasb etgan fermerlik harakatiga o’tganimiz, unga keng yo’l va imtiyozlar ochib berganimiz, hozirgi vaqtda yurtimizda fermerlik haqiqatan ham tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgani, ayni paytda sohaga ilmiy asoslangan, O’zbekistonning iqlimi va sharoitiga moslashtirilgan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish, bir so’z bilan aytganda, qishloq aholisining mehnatini qadrlash va rag’batlantirish masalalari mujassam bo’lganini takror-takror aytish o’rinli deb bilaman.

Shu borada yerni haqiqiy egasiga topshirganimiz, mulkdorlik va o’z mehnatidan manfaatdorlik hissiyoti dalada ishlaydigan har bir odamning qalbidan chuqur joy olgani, shu asnoda mehnatchilarimizning dunyoqarashi o’zgarib, ongu tafakkuri yuksalib, kelajakka ishonch tuyg’usi yanada mustahkam bo’lib borayotganining o’zi bugun qishloqlarimizda yuz berayotgan tub o’zgarishlarning yaqqol namunasi, desak, hech qanday xato bo’lmaydi.

Keyingi yillarda mintaqamizda ob-havo va iqlimning o’zgarib borayotgani, xususan, o’tgan yili kuzning noqulay kelgani, bahorda do’l, sel va yog’ingarchilik me’yoridan ko’p bo’lgani, qolaversa, turli zararkunandalar va kasalliklar boshoqli ekinlar rivojiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Hatto g’alla o’rimga kelgan paytda kuchli shamol va jala tufayli ayrim dalalarda bo’liq maysalarning yotib qolishi qo’shimcha tashvish tug’dirdi. Muxtasar aytganda, mana shunday murakkab holatlar g’allakorlarimizning irodasini yana bir marta jiddiy imtihondan o’tkazdi.

Shuni g’urur va iftixor bilan ta’kidlash lozimki, hayot sinovlarida toblangan, azmu shijoatli dehqonlarimiz bu imtihondan yorug’ yuz bilan o’tib, barcha qiyinchiliklarni yengib, mo’l hosil yetishtirishga erishdilar. Mamlakat bo’yicha o’tgan yilga nisbatan 286 ming tonna ko’p don yetishtirilgani, sug’oriladigan yerlardan hosildorlik gektariga o’rtacha 51 sentnerni tashkil etgani, lalmi yerlardan ham barakali hosil olingani buning amaliy tasdig’idir.

Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida hosildorlik darajasi o’rtacha 53-58 sentnerni tashkil etgani, Paxtaobod, Baliqchi, Ishtixon, Yakkabog’, Kasbi, Uchqo’rg’on, G’ijduvon, Peshku, Quyi Chirchiq, Do’stlik tumanlarida bu ko’rsatkich 55-67 sentnerdan yuqori bo’lgani fidoyi o’zbek dehqonining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Eng muhimi, shartnoma majburiyatlariga amal qilgan holda, yetishtirilgan hosilning 4 million 90 ming tonnasi, ya’ni qariyb 60 foizi fermer xo’jaliklari va aholi ixtiyorida qoldirilgani dehqonlarimizning ombori g’allaga, ro’zg’ori qut-barakaga to’lib, ularning o’z mehnatidan katta manfaat topayotganining yorqin ifodasidir.

Bularning barchasi, o’z navbatida mamlakatimiz taraqqiyoti, Vatanimizning yorug’ istiqboli uchun, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirish, barkamol avlodni tarbiyalashdek olijanob ishlarimizni yanada keng ko’lamda davom ettirish, yurtimizda erkin va obod, farovon hayot barpo etish yo’lida belgilab olgan dastur va rejalarimizni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo’lib xizmat qilishi muqarrar.

Albatta, hali dalalarimizda qiladigan ishlarimiz ko’p. Eng avvalo, yetishtirilgan g’alla hosilini to’la yig’ib-terib olish, yerni shudgorlash ishlarini sifatli bajarib, kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratishimiz kerak.

Ishonchim komilki, yurtimiz dehqonlari qishloq xo’jaligi ishlarini samarali davom ettirib, paxta, sabzavot, poliz va boshqa ekinlardan ham mo’l hosil yetishtirishga va bu yilgi mavsumni barcha sohalar bo’yicha yorug’ yuz bilan yakunlashga erishadilar.

Mana shunday xursandchilik kunda siz mirishkor fermerlarimizga, o’rim-yig’imda jonbozlik ko’rsatib mehnat qilgan mexanizatorlarga, mutaxassis va mutasaddilarga, bugungi ulkan yutuqqa munosib hissa qo’shgan barcha-barcha insonlarga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorlik izhor etaman. Lafzi halol, mard va tanti bobodehqonlarimizga butun xalqimiz nomidan ta’zim qilaman.

Xonadonlarimizdan, el-yurtimizdan tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka arimasin!

Mehnatingizning rohatini ko’ring, hech qachon kam bo’lmang, azizlarim!

Islom Karimov, 
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati