O‘ZBEKISTON QUROLLI KUCHLARINING 19 YILLIGI MUNOSABATI BILAN VATAN HIMOYACHILARIGA BAYRAM TABRIGI
13.01.2011

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Sizlarni va o‘z hayotini ona Vatanni himoya qilishdek muqaddas va olijanob ishga bag‘ishlagan barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 19 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bu yil xalqimiz barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bo‘lgan shonli sana – O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yillik bayramini keng nishonlaydi.

Ana shu yillar davomida bosib o‘tgan murakkab yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan, o‘zining ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra g‘oyat ulkan va noyob, tom ma’noda tarixiy ishlarimiz natijasida bugungi kunda O‘zbekiston zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi tayyorlangan, mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir o‘z milliy armiyasiga ega bo‘ldi, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Yurtimizda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi va armiyani isloh etish va modernizatsiya qilish hamda uning eski yondashuv va qoliplardan prinsipial jihatdan ajralib turadigan qurilish tizimi bo‘yicha chuqur o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan kompleks dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish asosida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini boshqarishning zamonaviy talablarga va mintaqamizda yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatri talablariga javob beradigan yangi tizimi yaratildi.

Qo‘shinlarning tuzilishi va jangovar tarkibi, tashkiliy-shtat qurilishi tubdan o‘zgardi.

Bugungi zamonaviy sharoitda boshqarish nuqtai nazaridan noqulay, samarasiz bo‘lgan qo‘shilmalarning, ko‘p pog‘onali boshqaruv tizimining tugatilishi armiyamiz qiyofasini butunlay o‘zgartirdi. Qurolli Kuchlarimizning qudrati, jangovar salohiyati, harbiy qism va bo‘linmalarning harakatchanligi, tez va shiddatli tarzda kechadigan mahalliy operatsiyalarni olib borishga tayyorgarligi, mamlakatimiz chegaralari daxlsizligiga raxna solishga, uning hududiga suqilib kirishga urinadigan har qanday tajovuzkor bosqinchiga zarba berish qobiliyati yuqori darajada oshdi.

Ofitser va serjant kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimi yaratildi. Bu tizim harbiy xizmatchilarga o‘z professional, nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, harbiy-jangovar faoliyatning tajriba va malakasini egallash uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda.

Oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarni tayyorlash tizimi tubdan o‘zgarmoqda. Ushbu bilim yurtlarida bo‘lg‘usi ofitserlarni o‘qitish va tarbiyalash ishlari zamonaviy fikrlaydigan, o‘z xalqi, o‘z Vataniga sadoqatli ofitser kadrlarni shakllantirishni ta’minlaydigan mutlaqo yangi o‘quv-texnik va ma’naviy-axloqiy asosda yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash lozim.

Hozirgi vaqtda qo‘shinlardagi harbiy xizmatchilarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i o‘quv mashg‘ulotlarini jangovar vaziyatga mumkin qadar to‘la yaqinlashtirilgan holda olib borish imkonini beradigan zamonaviy trenajyor majmualari, modellashtirish va simulyatsiya vositalari bilan jihozlangan serjantlar tayyorlash maktablarida tayyorgarlikdan o‘tgani ayniqsa muhim ahamiyatga egadir. Bunday tizim o‘quv materialini yanada sifatli o‘zlashtirish, birlamchi bo‘g‘in komandir kadrlarining tayyorgarlik jarayonini o‘zgartirish, serjantlar korpusini sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni va harbiy intizomni shakllantirish tayanchiga – Qurolli Kuchlarimizning mustahkam o‘zagiga aylantirish imkonini berdi.

Qurolli Kuchlarning qism va bo‘linmalarini qurol-yarog‘ va texnikaning zamonaviy turlari bilan ta’minlash masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qolmoqda.

Muddatli harbiy xizmatning bir yil etib belgilanishi, safarbarlik-chaqiruv rezerv xizmatining joriy etilishi, chaqiruvning bir yilda bir marta tashkil etilayotgani, qo‘shinlarda shartnoma bo‘yicha xizmat qiladigan harbiy xizmatchilar sonini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘quv-jangovar va tarbiyaviy ishlar tizimini prinsipial jihatdan o‘zgartirish, harbiy bo‘linmalarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, jamiyatimizda harbiy xizmatga bo‘lgan ishonch va hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, bir so‘z bilan aytganda, armiyamizning jangovar tayyorgarligini butunlay oshirishga olib kelmoqda.

Harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish sohasida aniq maqsadga qaratilgan katta ishlar olib borilmoqda. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlat dasturlarining amalga oshirilishi harbiy xizmatchilar hayotining moddiy-maishiy sharoitlarini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bermoqda. Faqat keyingi besh yilda harbiy unvonlar bo‘yicha beriladigan oylik maoshlar, harbiy xizmatdan bo‘shaganda to‘lanadigan yordam puli sakkiz martadan ko‘proq oshirildi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan shaxslarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralari, jumladan, oliy o‘quv yurtlariga kirishda ularga davlat tomonidan imtiyozlar belgilab qo‘yilgani, ishga joylashishda amaliy yordam ko‘rsatilayotgani mamlakatimiz Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmatning nufuzi va obro‘sining yanada yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.

Bugun o‘tgan davr mobaynida harbiy va mudofaa qurilishi, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini mustahkamlash sohasida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, Vatanimiz sarhadlarining mudofaasi va himoyasi, xalqimizning tinch mehnati va osoyishtaligini ta’minlash ishonchli qo‘llarda, deb to‘liq asos bilan ayta olamiz.

Qadrli do‘stlar!

Bizning eng muhim vazifamiz – har jihatdan zamonaviy, harakatchan, yaxshi qurollangan, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan armiyani shakllantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, uning tizimli va kompleks modernizatsiya qilinishini ta’minlashdan, qisqacha aytganda, xalqimiz munosib va haqli ravishda faxrlana oladigan Qurolli Kuchlarni yaratishdan iboratdir.

Afg‘onistondagi vaziyatning tobora murakkablashib borayotgani, narkotrafik, xalqaro terrorizm, ekstremizm keng tus olayotgani, bizga chegaradosh ba’zi mamlakatlarda yuzaga kelgan beqarorlik, shuningdek, mintaqamizda boshqa tahdid va xavf-xatarlarning saqlanib qolayotgani bizdan Qurolli Kuchlarimizning harbiy tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini muttasil oshirish, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, uning davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash borasidagi choralarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Bularning barchasi bizdan doimo hushyor va ogoh bo‘lish, yaqin atrofimizda ig‘vo qo‘zg‘atib, keskinlik va qarama-qarshilik o‘choqlarini keltirib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishlarni bartaraf etishga tayyor turishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan quyidagi vazifalarni amalga oshirish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchi. Mintaqamizdagi zamonaviy tahdidlar va xavfsizlikka qarshi qaratilgan xatarlarni tizimli va chuqur tahlil qilib borish, ularning o‘rta va uzoq kelajakda olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini inobatga olgan holda, yuz berish ehtimoli bo‘lgan harbiy harakatlar teatrini kuzatish va uning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib borishimiz zarur.

Allaqachon o‘z umrini o‘tab bo‘lgan bir qolipdagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligiga raxna soladigan har qanday xatti-harakatlarga qarshi Qurolli Kuchlarimizning munosib va samarali zarba berish imkoniyati va tayyorgarligini tanqidiy baholab borishimiz darkor.

Ikkinchi. Barcha qo‘shin turlarini boshqarish va o‘zaro uzviy muvofiqlashtirishning samaradorligini yanada oshirish, qism va bo‘linmalarning strategik, operativ va taktik nuqtai nazardan aniq va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishiga erishish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash, mamlakatimiz chegaralarini buzib, yurtimizga bostirib kirishga qaratilgan har qanday yovuz urinishlarga zarba berish va ularni bartaraf etishga doimo tayyor turish lozim.

Bu borada Qurolli Kuchlarning Birlashgan shtabi, harbiy okruglarning qo‘mondonlik va shtablari oldida g‘oyat mas’uliyatli vazifalar turibdi. Ushbu tuzilmalar hozirgi sharoitlarda har qanday xavfning chorasini oldindan ko‘rishga va uzoqni ko‘zlab ish olib borishga tayyor bo‘lib turgan holda, mamlakatimiz mudofaa tizimidagi zaif nuqtalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularning bartaraf etilishini ta’minlash uchun qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida ayni shunday tayyorgarliklar ustida ishlashni maqsad qilib qo‘yishi zarur.

Bugungi kunda hayotning o‘zi Qurolli Kuchlarni boshqarish, rejalashtirish va qo‘llash tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, boshqaruvning informatsion vositalari va harbiy aloqa tizimlarini uyg‘unlashtirishni, Qurolli Kuchlarimiz axborot-kommunikatsiyalarining raqamli yagona tarmog‘ini yaratishni taqozo etmoqda.

Uchinchi. Barcha darajadagi qo‘shin turlarining hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida qo‘mondonlik-shtab, tezkor-taktik, taktik-maxsus o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlarini o‘tkazish, individual va guruh shaklidagi jangovar tayyorgarlikning butun tizimini qayta ko‘rib chiqish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Hamkorlikdagi operatsiyalarga jalb etiladigan chegara qo‘shinlari, Mudofaa vazirligining harbiy qismlari, vertolyot-hujum bo‘linmalari va maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan kuchlar, boshqa jalb qilinadigan qo‘shin turlari hamkorligida turli model hamda variantlarni amalda qo‘llash barcha o‘quv mashg‘ulotlarining muhim tarkibiy qismiga aylanishi shart. Shu borada harbiy okruglar qo‘mondonliklarining turli xavf-xatar va tahdidlarga qarshi tezkor zarba berish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda belgilangan operatsion yo‘nalishlar doirasida amalda mustaqil va o‘zini o‘zi boshqarishga qodir bo‘lishiga erishish lozim.

To‘rtinchi. Qurolli Kuchlarimizning harakatchanligi, o‘zini o‘zi boshqarishi, yuksak jangovar tayyorgarlikka ega bo‘lishiga erishishda harbiy qism va bo‘linmalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, aloqa va individual himoya vositalari bilan qayta jihozlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini nazarda tutgan holda, havo hujumidan mudofaa vositalari va vertolyot texnikasi, bronetank qurol-yarog‘lari, artilleriya tizimlari, zenit raketalari komplekslari, zalpli o‘t ochishning reaktiv tizimlari, yuksak darajada aniq nishonga oladigan zamonaviy qurollar, individual va guruh shaklida, shu jumladan, radioaktiv nurlanish hamda kimyoviy va biologik qurollardan himoyalanishning maxsus vosita va texnikalarini modernizatsiya qilish va ularning zamonaviy namunalarini sotib olish masalasiga alohida e’tibor qaratish darkor.

Beshinchi. Qurolli Kuchlarimizni isloh etishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – ofitser va serjant kadrlarni tayyorlaydigan, qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, intellektual jihatdan yuksak, analitik va strategik fikrlash qobiliyatiga, jangovar harakatlarni mohirlik bilan rejalashtirish salohiyatiga ega, qo‘l ostidagi bo‘linmalarni samarali boshqarish, ularda sog‘lom axloqiy-ruhiy muhitni qaror toptirishga qodir bo‘lgan professional harbiylarni shakllantirishni ta’minlaydigan uzluksiz tizimni yanada takomillashtirishdan iboratdir.

Qurolli Kuchlar qo‘mondonligi harbiy ta’lim muassasalari, serjantlar tayyorlash maktablarini eng zamonaviy ta’lim jihozlari, jumladan, modellashtirish va simulyatsiya vositalari, kompyuter texnikasi, harbiy poligon asbob-uskunalari bilan ta’minlash masalasiga bundan buyon ham asosiy e’tiborni qaratishi lozim. O‘quv jarayonini tashkil etishda harbiy sohani rivojlantirishning asosiy tendensiyalarini, muayyan hudud doirasida tez va shiddatli tarzda kechadigan operatsiyalar va jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha bugungi tajribalarni aks ettiradigan fan va ixtisosliklarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy ta’lim dasturlariga asoslanish zarur. Kursantlarni nazariy jihatdan tayyorlash ularning qo‘shinlar safidagi amaliy tayyorgarligi bilan uzviy ravishda to‘ldirilishi, kundalik jangovar xizmat faoliyati bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilishi kerak.

Bularning barchasi harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va instruktorlari tarkibi oldiga alohida yuksak talablar qo‘yadi. Ular yuqori darajadagi professional bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, zamonaviy o‘quv-tarbiya ishlarining shakl va usullarini puxta egallagan holda, o‘zining pedagogik va harbiy-professional malakasini doimo oshirib, xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirib borishi darkor. Muxtasar aytganda, ular o‘z xizmat burchini yuqori darajada ado etish, tartib-intizomga qat’iy rioya qilish, yuksak madaniyat va axloq borasida ibrat va namuna ko‘rsatishlari lozim.

Yuqorida zikr etilgan masalalarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi oldida katta vazifalar turibdi. Yaqinda uni tubdan qayta tashkil etish jarayonida oliy qo‘mondonlik tarkibidagi ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, mudofaa qurilishi sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqot va ishlanmalarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish mas’uliyati aynan shu akademiyaga yuklangani ham buning yaqqol dalilidir.

Harbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda yetakchi xorijiy davlatlar, jumladan, NATOga a’zo mamlakatlarning ofitser va serjantlar tayyorlash tajribasidan kengroq foydalanish zarur.

Oltinchi. Mudofaa qurilishi sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi bilan bevosita bog‘liqdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, armiyaning qudrati faqatgina uning jangovar tayyorgarligi, harakatchanligi, eng yangi qurol-yarog‘lar bilan ta’minlangani bilan emas, balki Qurolli Kuchlarimiz saflari professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxsiy tarkib bilan qay darajada to‘ldirilgani, ofitser, serjant va askarlarning ma’naviy, axloqiy-ruhiy fazilatlari, ularning faol hayotiy pozitsiyasi va qat’iy e’tiqodi, ona Vatan taqdiri uchun mas’uliyat hissining naqadar yuksak ekani bilan belgilanadi.

Bu maqsadlarga erishish uchun eng zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, jumladan, yetakchi jamoat tashkilotlari, olimlar, mutaxassislar, madaniyat va san’at namoyandalarining kuch va imkoniyatlaridan keng foydalanish lozim.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ehtiyojlariga javob beradigan zamonaviy harbiy shaharchalar barpo etish, harbiy okruglar miqyosida integratsiyalashgan qo‘shinlarorti ta’minotini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy, uy-joy, maishiy, tibbiy ta’minot tizimlarini yaratish yuzasidan qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish vazifalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.

Bu vazifalarning o‘ta muhim ahamiyati shundaki, avvalambor bugungi sharoitda faqat puxta tayyorgarlikka ega bo‘lgan, har tomonlama yaxshi ta’minlangan va ijtimoiy himoyalangan Qurolli Kuchlargina xavfsizlik va barqarorlikning, sarhadlarimiz daxlsizligi va mamlakatimiz hududiy yaxlitligining, pirovard natijada el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligining, osuda hayotimizning mustahkam va ishonchli kafolati bo‘la oladi.

Aziz vatandoshlar!

Mana shu qutlug‘ ayyomda sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 19 yilligi bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barcha harbiy xizmatchilarga – askar va serjantlar, ofitser va generallarga – bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz saflarida mas’uliyatli xizmat vazifasini o‘tayotgan yurtimizning mard va jasur o‘g‘lonlariga, Vatanimizni himoya qilishdek olijanob burchini munosib ado etayotgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik so‘zlarini izhor etishdan baxtiyorman.

Barchangizga yangi 2011 yilda mustahkam sog‘lik, baxt va omad tilayman!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati