“BARKAMOL AVLOD” SPORT O‘YINLARI QATNASHCHILARIGA
29.04.2011

Aziz farzandlarim!

Hurmatli ota-onalar, ustoz-murabbiylar!

Avvalambor, barcha-barchangizni bugun go‘zal va betakror Surxondaryo zaminida boshlanayotgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etishdan xursandman. Qadimiy Termiz shahriga mutlaqo yangicha qiyofa va chiroy bag‘ishlagan, yangidan bunyod etilgan sport inshootlari, jumladan, barchaning hayrati va havasini uyg‘otadigan mana shu muhtasham maydonda to‘plangan siz azizlarni – men uchun qadrli bo‘lgan barkamol o‘g‘il-qizlarimni qutlar ekanman, hammangizni g‘oyibona bag‘rimga bosib, sizlarning qaddi-qomatingiz, azmu shijoatingizga, yonib turgan ko‘zlaringizga boqib, o‘zimning cheksiz mehr-muhabbatim, katta ishonch va umidimni bildirishdan haqiqatan ham baxtiyorman.

Navbatdagi – beshinchi “Barkamol avlod” o‘yinlarining yurtimizning janubiy ostonasi bo‘lmish Surxon diyorida, Vatanimiz mustaqilligining shonli 20 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotganining o‘zi chuqur ramziy ma’noga ega bo‘lib, nafaqat mamlakatimiz, balki yon-atrofda joylashgan davlatlar aholisining ham e’tiborini tortayotganini, hech shubhasiz, hammamiz yaxshi anglaymiz.

Mamlakatimiz, qit’a va jahon miqyosidagi nufuzli bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, bugun sizlarning saflaringizda barchaga o‘rnak va namuna bo‘lib turgan o‘g‘il-qizlarimiz ertangi kunda jahon maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, eng yuksak sovrin va nishonlarning sohibi bo‘lishiga, xalqimizning g‘urur va iftixoriga aylanishiga ishonchimiz komil.

Shu borada birgina misol – yosh sportchilarimizning o‘tgan yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan XVI Osiyo o‘yinlarida 11 ta oltin, 22 ta kumush, 23 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgani, futbol bo‘yicha o‘smirlar milliy terma jamoamiz Meksikada bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganining o‘zi, o‘ylaymanki, ko‘p narsani anglatadi.

Yoshlar sportini rivojlantirish, yuksak darajaga ko‘tarish maqsadida amalga oshirgan ishlarimiz ko‘lamini so‘nggi yillarning o‘zida barcha viloyat va tumanlarimizda 1200 dan ziyod bolalar sporti inshooti, jumladan, 61 ta suzish havzasi, 724 ta maktab sport zali barpo etilgani, ular zamonaviy jihoz va anjomlar, malakali ustoz-murabbiylar bilan ta’minlangani misolida ko‘rish, kuzatish qiyin emas, albatta.

Bu yilgi “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining dastlabki bosqichida akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan 1 million 600 ming nafardan ziyod farzandlarimizning 740 ming nafari yoki qariyb 50 foizi ishtirok etgani ushbu musobaqalarning qamrovi qanday keng ekani va mana shu kurash maydonlarida bo‘lajak bellashuvlarning naqadar qizg‘in bo‘lishidan darak beradi.

Bugungi yoshlik va nafosat bayramini, yurtimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari deb nom olgan uch bosqichdan iborat noyob tizimni biz ming-minglab yoshlarimiz uchun sport olamida eng yuksak marralarni egallashda o‘ziga xos parvoz maydonchasi sifatida qabul qilamiz. Bunday samarali tizim siz, aziz bolalarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk, irodasi baquvvat, imon-e’tiqodi mustahkam insonlar etib voyaga yetkazishda, qat’iyat va mardlik ruhida tarbiyalashda yoshlarimizning chiniqish va mahorat maktabiga aylanib borayotgani barchamizni albatta quvontiradi.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

El-yurtimizga xos bag‘rikenglik, oriyat va g‘urur tuyg‘usini ulug‘lab yashaydigan Surxon ahli mardlarni sevadi, maydonga bel bog‘lab chiqqan insonlarni ardoqlab boshiga ko‘taradi. Shunday otashin sport muxlislarining ishonch va e’tiborini qozonib, ularning olqishlariga sazovor bo‘lishning o‘zi, hech shubhasiz, har bir ishtirokchi uchun katta sharaf va mas’uliyatdir.

Shu hayajonli daqiqalarda sizlar g‘alaba ishtiyoqi bilan kurashga shaylanib turar ekansiz, Termiziy bobolarimizdek ulug‘ zotlarni voyaga yetkazgan, Alpomishdek mard o‘g‘lonlar, Barchinoydek barno qizlarni ulg‘aytirgan qanday muqaddas zaminda maydonga tushayotganingizni, o‘ylaymanki, chuqur anglab, his etib turibsiz. Bu esa sizlarning har biringizga baland ruh, jo‘shqin g‘ayrat va ishonch bag‘ishlaydi, albatta.

Fursatdan foydalanib, “Barkamol avlod” sport o‘yinlarini yuksak saviyada o‘tkazish uchun zamonaviy sport majmualarini barpo etgan mohir quruvchilarga, me’mor va muhandislarga, ana shunday ezgu ishlarga katta hissa qo‘shgan mutasaddi va homiy tashkilotlarga, butun Surxon ahliga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Sizlarning, butun el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan ko‘hna va navqiron Termiz shahri tobora obod bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonimizning oltin darvozasiga aylanib bormoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Aziz farzandlarim!

Mamlakatimiz mustaqillik yillarida qanday og‘ir va murakkab yo‘lni bosib o‘tib, bugun barqaror o‘sish sur’atlariga erishayotgan, jahondagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish uchun ishonch bilan bardam qadam tashlayotgan ekan, buning eng muhim sharti va mezoni bitta: ya’ni, dunyoda yakkayu yagona bo‘lgan ona Vatanimiz taraqqiyoti uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilish, mana shu musaffo osmonimiz, tinch va osoyishta hayotimizni qat’iyat bilan himoya etish, bu yo‘lda har qanday sinov va mashaqqatlarga tayyor turishdan iboratdir.

Aynan shu asosda buyuk va muqaddas yurtimizning tuprog‘ini ko‘zingizga to‘tiyo qilib, uning shonu shuhratini yetti iqlimga tarannum etish uchun o‘z hissamni qo‘shaman, deb Vatanga chin farzandlik sevgisi va sadoqati bilan yashasangiz, ishonamanki, hech qachon kam bo‘lmaysiz.

Sizlarni yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga bugun boshlanayotgan musobaqalarda baxt va omad, kelgusi hayotingizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Islom Karimov, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati