O‘ZBEKISTON G‘ALLAKORLARIGA
22.07.2011

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi.

Qadrli yurtdoshlar!

Shu kunlarda g‘alla tayyorlash mavsumiga yakun yasab, yuksak xirmon bunyod etgan zahmatkash va fidoyi dehqonlarimizning mardona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildirish, ularni bag‘rimga bosib, chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat yetkazadi.

Bu yilgi o‘ta og‘ir mavsum sharoitida bunday ulkan g‘alabaga erishish, ya’ni 6 million 800 ming tonnaga yaqin g‘alla xirmoni yaratish, jumladan, sug‘oriladigan maydonlardan 6 million 700 ming tonna hosil olish naqadar mashaqqatli mehnat evaziga bo‘lganini barchamiz yaxshi tushunamiz va buning uchun azamat dehqonlarimizga har qancha tahsin-tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Haqiqatan ham, ob-havo g‘oyat noqulay kelgan, kuchli suv tanqisligining salbiy ta’siri barcha hudud va mintaqalarimizda yaqqol sezilib turgan joriy yilda mamlakatimiz qishloq xo‘jalik xodimlari har qachongidan ham murakkab qiyinchiliklarga duch kelganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.

Avvalo, kuzda va ko‘klamda yog‘ingarchilikning yetarli darajada bo‘lmagani tufayli g‘alla nihollarini bir tekis undirib olish qanchalik qiyin bo‘lganini esga olaylik. Afsuski, bunday vaziyat ko‘p joylarda lalmi maydonlarga ekilgan g‘allaning nobud bo‘lishiga olib keldi. Suv tanqisligi o‘z navbatida sug‘oriladigan maydonlarda ham jiddiy muammolarni tug‘dirdi. Tuproqda namlik darajasining yetishmasligi, havo haroratining me’yoridan oshib ketishi, qishloq xo‘jalik zararkunandalari va turli kasalliklarning salbiy ta’sirini bartaraf etish dehqonlarimizdan katta matonat va mahoratni talab qildi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Faqat ishni to‘g‘ri va oqilona tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni puxta o‘tkazish, barcha kuch va imkoniyatlarni hosilni saqlab qolishga safarbar qilish, har tomchi suvdan tejamkorlik bilan foydalanish dehqonlarimizga bunday og‘ir sinovdan yorug‘ yuz bilan chiqish imkonini berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, yerning sirini chuqur bilish, tuproq bilan tillashib yashash kabi bizning dehqonlarimizga mansub bo‘lgan azaliy tajriba va omilkorlik fazilatlari joriy yilda mana shunday mo‘l hosil yetishtirishga mustahkam zamin yaratdi. Bu yilgi g‘alabani ta’minlashda dalada ishlayotgan mehnatchilarimizning ongu tafakkuri tubdan o‘zgarib, ularning o‘z yeri, o‘z mulkiga nisbatan egalik hissi kuchayib, o‘z mehnatidan tobora ko‘proq bahramand bo‘lib borayotgani hal qiluvchi omil bo‘ldi, deb aytishga to‘liq asosimiz bor.

Albatta, belgilangan shartnoma rejasini ado etishda butun qishloq xo‘jaligi sohasi qatori g‘allachilikni zarur moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sifatli urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida yetkazib berish, imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgani dehqonlarimiz uchun katta kuch va madad bag‘ishladi.

Bu yilgi mavsumda Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarida hosildorlik o‘rtacha 53-64 sentnerni tashkil etgani, Oltinko‘l, Paxtaobod, Romitan, Peshku, Toshloq, Quva, Ishtixon, Pastdarg‘om, Oqqo‘rg‘on, Denov, Sariosiyo, Do‘stlik, Xatirchi, Kitob, Uchqo‘rg‘on, Boyovut tumanlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 60 sentnerdan yuqori bo‘lgani mirishkor o‘zbek dehqonining qanday ulug‘vor ishlarga qodir ekanidan yaqqol dalolat beradi.

Sariosiyo tumanidagi “Hayitali Boymuhammedov” fermer xo‘jaligi gektaridan 88 sentner, G‘ijduvon tumanidagi “Marjona Fayz” fermer xo‘jaligi 80 sentner, Baliqchi tumanidagi “Obidjon ota” fermer xo‘jaligi 76 sentner, Zangiota tumanidagi “Shuhrat Ziyo” fermer xo‘jaligi 76 sentner, Uchko‘prik tumanidagi “Hakimboy” fermer xo‘jaligi 75 sentner, Xatirchi tumanidagi “Bahriddin ota” fermer xo‘jaligi 74 sentnerdan oshirib hosil olgani fermerlik harakatining naqadar beqiyos imkoniyatlarga ega ekanini amalda ko‘rsatib turibdi.

Hurmatli do‘stlar!

Qo‘lga kiritilgan bugungi ulkan g‘alaba haqida gapirganda, albatta, o‘z donimiz, o‘z beminnat nonimizga ega bo‘lish, g‘alla mustaqilligiga erishish yo‘lida qo‘ygan tarixiy qadamlarimizni esga olishimiz tabiiydir.

O‘tgan yillar davomida va bu yil yurtimizda g‘allachilik sohasida erishgan yutuqlarimizning naqadar katta ahamiyat va qadr-qimmatga ega ekanini o‘zimizga tasavvur qilar ekanmiz, mustaqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki yillarni beixtiyor xayolimizdan o‘tkazamiz.

Agar 1991 yilda o‘lkamizda jami 940 ming tonna g‘alla yetishtirilib, hosildorlik 17 sentnerni tashkil qilgan bo‘lsa, ushbu raqamlarni bu yilgi xirmon bilan solishtiradigan bo‘lsak, tayyorlangan don mahsulotining umumiy hajmi 7 barobardan ziyod, hosildorlik esa 3 karra oshgani misolida bizning bu sohada qanday ulkan, tarixiy rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganimiz yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugun ana shunday raqamlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, yana bir o‘ta muhim va hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydigan holatni alohida ta’kidlamasdan bo‘lmaydi.

Bundan 20 yil avval, ya’ni sovet tuzumi davrida respublikamizda tayyorlangan g‘allaning barchasi davlat oldidagi majburiyatni qoplash uchun topshirilar, mashaqqatli mehnati bilan hosil yetishtirgan dehqonning o‘zi esa, donsiz, unsiz qolib ketar edi. Uning ustiga, xalqimizni boqish uchun har yili 3,5-4 million tonna g‘allani chetdan olib kelishga majbur bo‘lgan holni eslasak, bugungi kunda mamlakatimizda tayyorlanayotgan umumiy hosilimizning faqatgina 37 foizi davlat oldidagi shartnomani bajarish uchun topshirilayotgani ko‘p narsani anglatadi. Tayyorlangan donning aksariyat qismi, ya’ni 55 foizdan ortig‘i fermer xo‘jaliklari va aholi ixtiyorida qoldirilayotgani dehqonlarimizning omborini g‘allaga, ro‘zg‘orini qut-barakaga to‘ldirishga xizmat qilmoqda.

Mana shu birgina misolning o‘ziyoq Vatanimiz istiqlolining 20 yillik qutlug‘ to‘yiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mustaqillik el-yurtimizga uning manfaatini ta’minlashda qanday beqiyos imkoniyatlar yaratib berganining yaqqol, hech qanday targ‘ibot-tashviqot talab qilmaydigan isboti emasmi?

Ayni vaqtda g‘allachilikni rivojlantirish hisobidan yurtimizda oziq-ovqat sanoati, chorvachilik va parrandachilik kabi tarmoqlar jadal taraqqiy topib, ichki bozorimizni un va non, go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum bilan ta’minlash masalasida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan natijalarga erishayotganimizni bugun har qadamda ko‘rish, sezish qiyin emas.

Shu borada amalga oshirgan izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli biz endilikda don bo‘yicha nafaqat o‘z ehtiyojlarimizni to‘la qondirishga, kerak bo‘lsa, g‘allani chetga eksport qiladigan davlatlar qatoridan joy olishga muyassar bo‘lganimiz albatta barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugungi quvonchli ayyomda siz, mirishkor g‘allakorlarimiz, ilg‘or mexanizator va kombaynchilarimizni, mutaxassis va mutasaddilar, bu ulkan zafarga munosib hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarni yana bir bor qizg‘in tabriklab, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. O‘zining olijanob, fidokorona mehnati bilan O‘zbekistonimizni yanada obod va farovon qilayotgan yurtdoshlarimizga butun xalqimiz nomidan ta’zim qilaman.

Xonadonlarimizdan, el-yurtimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin!

Hamisha baxtingiz, omadingizni bersin, halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, azizlarim!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati