O‘zaro hamkorlik va tenglikka asoslangan uzoq muddatli strategik sheriklik
19.05.2011
O‘zaro hamkorlik va tenglikka asoslangan uzoq muddatli strategik sheriklik O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Hindistonga davlat tashrifi yakunlariga doir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2011 yil 17-18 may kunlari davlat tashrifi bilan Hindiston Respublikasida bo‘ldi.

Hindiston tomonining tashabbusiga binoan ushbu tashrifga xalqaro tajribadagi eng oliy – davlat tashrifi maqomi berildi. Bunda ikki tomonlama hamkorlikning yuksak darajada rivojlanayotgani, shu bilan birga, o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi har tomonlama do‘stlik aloqalarining ko‘p asrlik qadim ildizlari inobatga olingan.

Hindiston noyob tarixga ega, yurtimiz bilan azaliy va mustahkam madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar, eng muhimi, samimiy do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan mamlakat sifatida yaxshi ma’lum.

O‘zbek va hind xalqlarining tarixi, adabiyoti, musiqasi, tasviriy san’ati va me’morchiligida ham mushtarak jihatlar ko‘p. Ularning bir-birini yaqindan bilishi, madaniyatini o‘zaro boyitishi ko‘p jihatdan buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liq.

Tashrifning rasmiy qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sharafiga Hindiston Prezidentining “Rashtrapati Bxavan” saroyi oldidagi maydonda o‘tkazilgan tantanali kutib olish marosimi bilan boshlandi. O‘zbekiston rahbariga oliy darajada izzat-ikrom ko‘rsatildi.

Shu yerning o‘zida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti matbuot uchun qisqacha bayonot berib, sammitning yuksak saviyasini namoyon etuvchi ushbu davlat tashrifidan ko‘zlangan maqsad hamda vazifalar haqida so‘zladi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbolini tanqidiy tahlil qilish zarurligini ta’kidladi. Ikkinchi muhim jihat – mamlakatlarimizni bir xilda tashvishlantirayotgan va qiziqtirayotgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokamasidir. Uchinchidan, ishga solinmayotgan imkoniyatlardan foydalanish, siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish orqali O‘zbekiston-Hindiston munosabatlariga yangicha sur’at baxsh etish.

Tashrif rasmiy qismining dastlabki voqeasi Bosh vazir Manmohan Singx bilan tor doiradagi uchrashuv bo‘ldi. Unda ikki mamlakat rahbarlari o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbolini atroflicha muhokama qilib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga bevosita taalluqli bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston-Hindiston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, shuningdek, BMT, SHHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi samarali hamkorlik yuzasidan o‘zaro ishonch va ochiqlik ruhida fikrlashdilar. O‘zbekiston Hindistonning BMT Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibiga doimiy a’zo bo‘lish borasidagi intilishlarini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Muzokarada ikki tomonlama, mintaqaviy va global darajadagi deyarli barcha masalalar bo‘yicha yondashuvlarning o‘xshash va yaqinligi qayd etildi. O‘zbekiston ham, Hindiston ham teng huquqlilik va manfaatlarni o‘zaro hurmat qilish asosida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Tomonlar qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilib, ushbu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik qaror topishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Zero, bu nafaqat mintaqaviy hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi, ayni paytda Hindiston va O‘rta Osiyo bozorlari o‘rtasidagi masofani qisqartiradigan iqtisodiy foydali yo‘nalishlarni shakllantirish va rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi “O‘rta Osiyo – Fors ko‘rfazi” va Transafg‘on yo‘lagi yerusti transport koridorlarining shakllantirilishi tufayli yuzaga keladigan imkoniyatlarga qiziqish ortib bormoqda.

Prezident Islom Karimov va Bosh vazir Manmohan Singxning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan tarkibdagi ikki tomonlama muzokarasida ham shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Oliy darajadagi muzokarada savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda o‘sayotgan O‘zbekiston va Hindiston uchun ikki tomonlama tovar ayirboshlashning bugungi hajmi qoniqarli emasligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Hindiston kompaniyalarining ular o‘zlari ilg‘or texnologik salohiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarda sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu ma’noda “Spenteks Indastriz” kompaniyasi bilan hamkorlik muvaffaqiyatli sheriklikka yaxshi misoldir. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga yirik miqdorda sarmoya kiritayotgan kompaniyalardan biri bo‘lgan “Spenteks Indastriz” bilan hamkorlikda paxta xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Farmatsevtika kompaniyalarida, neft-gaz sohasi va kimyo sanoatida ham talay yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Hindiston ishbilarmon doiralari vakillari Navoiy shahri aeroportidagi qit’alararo intermodal xabda ochilayotgan imkoniyatlarga qiziqish bildirmoqda. Tranzit yuklash va tushirish maskani bo‘lgan bu xab Yevropa, MDH, Yaqin Sharq mamlakatlari va dunyoning boshqa mintaqalariga optimal muddatlarda o‘zaro yuklar tashilishini ta’minlaydi. Hozirgi kunda ushbu xalqaro xabdan jahonning yetakchi tranzit nuqtalariga, jumladan, Hindistonning Dehli va Mumbay kabi sanoat markazlariga muntazam ravishda qatnovlar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida axborot texnologiyalari sohasini, birinchi galda, hindistonlik mutaxassislar haqli ravishda dunyoda yetakchi o‘rin tutadigan dasturiy mahsulotlar va telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish, masofali ta’lim va boshqa tarmoqlarni qayd etdilar. Shu ma’noda besh yil muqaddam Toshkentda ochilgan Javoharla’l Neru nomidagi O‘zbekiston-Hindiston axborot texnologiyalari markazi ommaviylashib borayotgani ta’kidlandi. Bu yerda yosh mutaxassislar eng ilg‘or usullar bo‘yicha ta’lim olmoqda, dasturlashning zamonaviy tamoyillari keng joriy qilinmoqda.

Tashrif doirasida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan Hindiston sayyohlikni rivojlantirish korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan “Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar dasturi” sayyohlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida manfaatlar mushtarakligining tasdig‘i bo‘ldi.

Ilmiy-texnikaviy hamkorlik borasida keng imkoniyatlar mavjud ekani qayd etildi. O‘zbekistonlik olimlar va ilmiy markazlar vakillari fizika, biotexnologiyalar, materialshunoslik, quyosh energetikasi, lazer texnologiyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish kabi sohalarda hindistonlik hamkasblari bilan qo‘shma tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Hindistonning boshqa oliy martabali rahbarlari – Prezident Pratibha Patil, Vitse-prezident, Parlamentning yuqori palatasi Spikeri Hamid Ansari, tashqi ishlar vaziri Somanaxalli Malayya Krishna bilan uchrashib, samarali muzokaralar o‘tkazdi. Hindiston protokoliga binoan Parlament quyi palatasidagi muxolifat yetakchisi Sushma Svaraj bilan muloqotda bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbari Mahatma Gandi yodgorlik majmuiga tashrif buyurdi va butun umrini milliy ozodlik kurashiga baxshida qilgan hind xalqining buyuk farzandi xotirasiga hurmat bajo keltirib, gulchambar qo‘ydi.

Umuman, muzokaralar qatnashchilari hamda O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifini yoritgan Hindiston ommaviy axborot vositalari xodimlari e’tirof etganlaridek, oliy darajadagi O‘zbekiston-Hindiston muloqoti, imzolangan uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hujjatlar ikki tomonlama hamkorlik rivojiga kuchli sur’at baxsh etish uchun yaxshi zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotda ta’kidlanganidek, ikki tomonlama munosabatlar tenglik va o‘zaro anglashuv tamoyillari asosidagi uzoq muddatli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Strategik hamkorlik keng ko‘lamli yo‘nalishlarda, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, terrorizmga qarshi kurash, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini, ilm-fan va texnologiyalarni, sayyohlik va madaniyatni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni faollashtirishni nazarda tutadi.

Tashrif asnosida iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik doirasida yoqilg‘i energetikasi, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik, farmatsevtika, bank sohasi va savdo-sotiqni rivojlantirish borasida aloqalarni tubdan kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. O‘ttizdan ziyod, jumladan, Hindistonning yetakchi “Oyl end nachural gez korporeyshn” neft-gaz kompaniyasi bilan hamkorlikda uglevodorod zaxiralarini izlash, razvedka qilish va o‘zlashtirishga, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida optik tolali kabel ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni, substansiyalar va turli tibbiy dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Yetakchi yirik to‘qimachilik kompaniyalari bilan paxta, ipak va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar savdosi bo‘yicha hujjatlar imzolandi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida smartfonlar, planshetli kompyuterlar va internet-pristavkalar, shuningdek, quyosh-gibrid texnologiyalari asosida elektr ta’minoti manbalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Imzolangan hujjatlar kimyo sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Hindistonning Eksport-import banki o‘rtasida uzoq muddatli imtiyozli shartlar bilan kredit liniyasi taqdim etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu bitimga muvofiq mineral o‘g‘it va boshqa strategik tovarlarni yirik miqdorda va uzoq muddatli asosda yetkazib berish hujjatlari rasmiylashtirildi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi asnosida imzolangan iqtisodiy sohaga oid hujjatlarning umumiy qiymati 2,2 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Tomonlarning umumiy e’tirofiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Hindistonga davlat tashrifi yakunlari, o‘tkazilgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar o‘zaro munosabatlarning hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan yangi bosqichi uchun mustahkam zamin bo‘ladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati