Shanxay hamkorlik tashkiloti: hamjihatlikda global tahdidlarga qarshi kurashish va barqaror taraqqiyotni ta'minlash
15.06.2011
Shanxay hamkorlik tashkiloti: hamjihatlikda global tahdidlarga qarshi kurashish va barqaror taraqqiyotni ta'minlash SHHT Davlat rahbarlari kengashining 2011 yil 14-15 iyun kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi majlisi yakunlariga doir.

SHHT Davlat rahbarlari kengashi rasmiy dasturi 15 iyun kuni Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Roza Otunboyeva, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirokida tor doiradagi uchrashuvdan boshlandi.

Majlisda SHHT doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

An’anaga binoan majlis kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi. Unda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari – Eron Prezidenti Mahmud Ahmadinejod, Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy, Hindiston tashqi ishlar vaziri Somanahalli Krishna, Mo‘g‘uliston Prezidenti ma’muriyati rahbari Battulga Dashjams, raislik qiluvchi mamlakat mehmoni sifatida taklif etilgan Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay, shuningdek, BMT, MDH, ODKB kabi qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari SHHT makonida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish yo‘llari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar. Mintaqaviy masalalar, jahondagi voqealar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti SHHTning o‘n yillik faoliyatiga baho berar ekan, tarixan qisqa vaqt ichida Tashkilot e’tiborli va nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllanganini ta’kidladi.

SHHT doirasida salmoqli shartnomaviy-huquqiy poydevor yaratildi, uning institusional asosi shakllantirildi, tuzilmaviy organlari barqaror faoliyat ko‘rsatmoqda, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirish va rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini faollashtirish ta’minlanmoqda. Bular Tashkilotning ochiqligi, barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikka tayyor ekanidan dalolatdir.

“Shu munosabat bilan SHHTning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladigan quyidagi omillarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, – dedi Islom Karimov. – SHHT, avvalo, o‘zining asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni saqlashning ishonchli kafolati sifatida maydonga chiqmoqda, dunyo tez o‘zgaruvchan, notinch bo‘lib turgan hozirgi zamonda bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, bu ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama samarali hamkorlikni tashkil etish borasida qo‘yilayotgan va bajarilayotgan vazifalar, buning uchun zarur shartnomaviy-huquqiy asosni shakllantirish va har bir mamlakat uchun ahamiyatli bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirishdir.

Uchinchidan, SHHT davlatlarning teng huquqli birlashmasi bo‘lib, uning faoliyati boshqa mamlakatlarning manfaatlariga qarshi qaratilmagan va qarama-qarshilik qiladigan blok xususiyatiga ega emasligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda”.

Mamlakatimiz rahbari Tashkilot doirasidagi hamkorlik istiqbollariga to‘xtalar ekan, bunda SHHT Xartiyasidagi maqsadlar, vazifa va tamoyillarga to‘la mos ravishda sinovdan o‘tgan siyosatni davom ettirish, “Shanxay jarayoni”ning barcha ishtirokchilari manfaatlariga birdek javob beradigan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini hayotga tatbiq etish ustuvor jihatlar ekanini ta’kidladi.

Prezident Islom Karimov SHHTni yanada muvaffaqiyatli rivojlantirish a’zo davlatlarning muayyan amaliy natijalarga erishishiga, avvalo, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va butun mintaqa mamlakatlari aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga bog‘liq ekanini qayd etdi.

SHHT makonida istiqomat qilayotgan xalqlar hamkorlikdagi faoliyatning samaralarini aniq misollarda ko‘rsagina, SHHTning mavqei va nufuzi yanada oshadi.

O‘zbekiston SHHT makonida milliy va transchegaraviy ahamiyatga molik avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘li kommunikatsiyalarini barpo etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy logistika markazlari va xablar yaratish tarafdoridir. Bu ishlarning amalga oshirilishi SHHTga a’zo davlatlarning Yevropa Ittifoqi, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xitoyning SHHT Taraqqiyot bankini tuzish to‘g‘risidagi taklifi amalga oshirilishini muhim, deb hisoblaydi. Bu Tashkilot doirasida sotsial-iqtisodiy va infratuzilmaga oid ustuvor loyihalarni moliyalashtirishning ko‘p tomonlama mexanizmini shakllantirishga yo‘naltirilgan, a’zo mamlakatlar oldida turgan umumiy vazifalarni yanada samarali bajarish imkonini beradi.

Bu borada joriy yilning aprel oyida Ashxobodda imzolangan O‘rta Osiyo – Fors ko‘rfazi yangi xalqaro transport yo‘lagini shakllantirish to‘g‘risidagi davlatlararo bitimning hayotga joriy qilinishi muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Istiqbolda bu yo‘lak SHHT makonini yerusti yo‘llari orqali Fors va Ummon ko‘rfazlaridagi bandargohlar bilan bog‘lash imkonini beradi.

Mamlakatimiz rahbari Markaziy Osiyodagi vaziyatga baho berar ekan, dunyoda xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda mintaqamiz o‘z geosiyosiy va geostrategik ahamiyati, boy tabiiy resurslari tufayli jahon hamjamiyatining diqqat markazida qolayotganini ta’kidladi.

Afg‘onistonda 30 yildan buyon davom etayotgan urush nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda tinchlik va osoyishtalikka raxna solmoqda. Jahon hamjamiyati barcha chora-tadbirlarni ko‘rayotganiga qaramay, taassufki, bu yerdagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

“Bugungi kunda afg‘on muammosini harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligiga hech kim shubha qilmaydi. Deyarli barcha davlatlar, jumladan, afg‘on muammosini yechishga jalb qilingan mamlakatlar rahbarlari, shuningdek, bevosita Afg‘onistondagi koalitsiya kuchlari harbiy qo‘mondonligi ham bu haqda so‘z yuritmoqda, – deb ta’kidladi Islom Karimov. – Bizning qat’iy fikrimizga ko‘ra, o‘z mamlakatining muammolarini afg‘on xalqining o‘zi hal etishi kerak. Faqat qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish, bu jarayonga afg‘onistonliklarning o‘zini jalb qilish, shuningdek, jahon hamjamiyati yordami bilan Afg‘onistonni sotsial-iqtisodiy tiklash orqaligina boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini topish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston tomoni 2008 yilning aprel oyida Buxarestda bayonot bergan edi. Biz Afg‘oniston kelajagini tinch, barqaror rivojlanayotgan, atrofidagi mamlakatlarga hech qanday tahdid solmaydigan davlat sifatida ko‘ramiz. Toki mazkur mintaqada yashaydigan xalqlar ilgarigidek do‘stona, o‘zaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarning imkoniyatlaridan to‘laligicha foydalana olsinlar. O‘zbekiston bundan buyon ham Afg‘onistonga nisbatan o‘zaro milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda ikki tomonlama asosda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik siyosatini yuritaveradi”.

Majlisda tomonlar SHHTga a’zo davlatlarning global va mintaqaviy muammolarga qarashlari ko‘p jihatdan o‘xshash ekanini qayd etib, o‘zaro yaqin hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Sammit yakunida SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. O‘tgan davrda SHHT faoliyatining asosiy natijalari va yutuqlarini, a’zo davlatlarning mintaqa va dunyodagi bugungi vaziyatga qarashlarini, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va ustuvor yo‘nalishlarda SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid dolzarb muammolar yechimiga yondashuvlarini aks ettirgan O‘n yillik deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shuningdek, 2011-2016 yillarga mo‘ljallangan Antinarkotik strategiya va uni bajarish bo‘yicha Harakat dasturi tasdiqlandi. Bu hujjatlar SHHT makonida narkotiklar bilan bog‘liq tahdidlarni bartaraf qilish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

2010 yilda Toshkent sammitida tasdiqlangan SHHTga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida Tashkilotga davlatlarni qabul qilish protsedurasini tartibga solish maqsadida SHHTga a’zo mamlakat maqomini olish uchun ariza bergan davlatning majburiyatlari to‘g‘risidagi namunaviy memorandum imzolandi.

SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli vakillari tomonidan Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi. Bu bitim tomonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularni nazorat qilish, dori vositalarining xavfsizligi va sifatini, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Davlatimiz rahbari anjuman yakunlarini sarhisob qilar ekan, “barchamiz uchun dolzarb bo‘lgan muammolar yuzasidan ochiq va konstruktiv fikr almashuv natijalari hamda narkobiznesga qarshi kurash sohasida hamkorlik va SHHTni kengaytirish bo‘yicha bugun qabul qilingan qarorlar Tashkilotga a’zo mamlakatlar xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga, uning samaradorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam bo‘ladi”, deb ishonch bildirdi.

Sammit yakunida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida SHHT 10 yillik faoliyati mobaynida, xalqaro va mintaqaviy vaziyat qanchalik jiddiy o‘zgarganiga qaramay, barcha sinovlarga munosib tarzda dosh berib, a’zo davlatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishning muhim mexanizmi sifatida maydonga chiqqani ta’kidlandi.

Sammitda SHHTga raislik Xitoy tomoniga o‘tdi. Davlat rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasining o‘z raisligi davrini SHHT makonida “Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Shu bilan SHHT Davlat rahbarlari kengashining o‘n birinchi majlisi o‘z ishini yakunladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati