IJTIMOIY HAYOT

18 yanvar. Istiqlol yillarida harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar Qurolli Kuchlarimizning harbiy-texnik jihatdan mukammal ta’minlanishi va rivojlangan mamlakatlar armiyalari qatoridan munosib o’rin egallashi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan harbiy xizmatning zamonaviy shart-sharoiti hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining turarjoy ta’minotiga bag’ishlangan ko’rgazma bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaralari haqida keng tasavvur beradi. Ko’rgazma Prezidentimizning 2007 yil 30 noyabrda qabul qilingan Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g‘risidagi farmoyishi asosida tashkil etildi.

Prezident Islom Karimov 18 yanvar kuni mazkur ko’rgazma ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

Mamlakatimiz rahbari harbiy xizmatchilarning dala sharoitida xizmat qilishi va yashashi uchun zarur moddiy-texnik ta’minot bo’yicha asosiy vositalar – 60 kishiga mo’ljallangan ko’chma oshxona, yuvinish va cho’milish xonalari, konteyner-muzlatgich namunalarini ko’zdan kechirdi. Mutasaddilarga ushbu ko’chma vositalarni yanada takomillashtirish bo’yicha tegishli ko’rsatmalar berdi.

20-21 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari va keng qamrovli o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari safarining ikkinchi kuni Qashqadaryo viloyatida dala ishlari bilan tanishishdan boshlandi.

17 iyul. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Buxoro viloyatining Kogon tumanida bo’ldi. Davlatimiz rahbari 2008 yil 10 iyul kechasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan harbiy qismining raketa-artilleriya omborida yuz bergan yong‘in sabablarini aniqlash, sodir bo‘lgan voqea oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlar, shu hududda ishlayotgan harbiy xizmatchilar xavfsizligini ta’minlash, voqea sodir bo‘lgan joyning yaqinida yashaydigan va xavfsiz joyga ko‘chirilgan aholiga tegishli moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar bilan tanishib, zarur ko‘rsatmalar berdi.

29 avgust. Prezident Islom Karimov poytaxtimizda yangi o‘quv yiliga shay holga keltirilgan Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan tanishdi.

Shuningdek, poytaxtimizda bunyod etilgan, o‘zining ko‘rku salobati bilan poytaxtimiz husniga husn bag‘ishlagan, o‘zining me’moriy yechimi, imkoniyatlari jihatidan noyob bo‘lgan Yoshlar ijod saroyi va Toshkent islom universitetining yangi binosini ham ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz jahon andozalari darajasida tubdan rekonstruksiya qilingan “Paxtakor” markaziy stadionini ham borib ko’rdi. Islom Karimov dastavval stadionning markaziy sektorida amalga oshirilgan ishlar, xususan, murabbiylar, sportchilar, mehmonlar uchun qurilgan zallar va dam olish xonalari bilan tanishdi. Mamlakatimiz rahbari inshoot dizaynida Sharq va G'arb me’morchiligi namunalarining an’ana va uslublari o’zaro uyg’unlashgani e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi.

31 avgust erta tongida poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan marhumlarni yod etish marosimi o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. Mamlakatimiz rahbari “Shahidlar xotirasi” majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xususan, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi hududida yangitdan barpo etilgan binolar bilan tanishdi, muzeyning yangi ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdi.

Shu kuni Prezidentimiz Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

31 avgust. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Istiqlolimizning 17 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Bayram tantanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etib, Mustaqilligimizning o’n yetti yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etdi.

2 oktabr. Prezident Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va bunyodkorlik ishlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyatida bo‘ldi.

Prezidentimiz fermerlar, tuman va viloyatning mutasaddi rahbarlari bilan muloqot chog‘ida hosildorlikni yanada oshirishning muhim omillari, ilm bilan amaliyotning hamkorligi haqida to‘xtaldi.

3 oktyabr. Prezidentimiz Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, agrar sohadagi yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

5 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 16 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

12 dekabr. Navoiy shahrida Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

16 dekabr.  Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, viloyatda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga e’tiborni qaratib, ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilab berdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati