IQTISODIYOT
ЭКОНОМИКА

12 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2007 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish natijasida iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari, inflatsiya darajasining pasayishi va xalq farovonligining oshishi tendensiyalari mustahkamlanganligi qayd etildi.

Eng avvalo, iqtisodiyotning barqaror va muvozanatlashtirilgan o‘sishini ta’minlash, eng muhim tarmoqlarni yanada tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, shu jumladan, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga amalga oshirish, ish haqlari va aholi turmushi sifatini muttasil oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay ish muhitini yaratish, xususiy mulkchilikni mustahkamlash, bank-moliya tizimida va kommunal xo‘jalikda islohotlarni chuqurlashtirish ana shular jumlasidandir.

27 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Yaponiyaning iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Akira Amarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Yaponiyani ishonchli va yaqin hamkor mamlakat sifatida bilishini, o‘zaro aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.

1 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda General Motors-DAEWOO Auto and Technology (GMDAT) kompaniyasi prezidenti Maykl Grimaldini qabul qildi.

Oqsaroyda bo‘lgan uchrashuvda Maykl Grimaldi GMDAT kompaniyasi o‘zbekistonlik sheriklari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Muzokarada "O‘zDEUavto" aksiyadorlik jamiyati bilan GMDAT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlariga doir masalalar muhokama qilindi.

10 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi sanoat va energetika vaziri Viktor Xristenkoni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yuksak sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. O‘zaro hamkorlikni oliy darajaga ko‘tarishda mamlakatlarimiz o‘rtasida 2005 yili imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

V.Xristenko Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, gaz-transport magistrallarini zamonaviylashtirishda o‘zaro hamkorlik mamlakatlarimiz manfaatiga mos kelishini ta’kidladi.

30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Devonining mamlakatimiz Mustaqilligining 16 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi bo‘ldi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekistonning 16 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li” mavzuida ma’ruza qildi. Davlatimiz rahbari istiqlol yillarida mamlakatimiz, xalqimiz bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini batafsil, chuqur tahlil qildi. Kelgusida oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab berdi.

28 sentabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 sentabr kuni Oqsaroyda Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi Bosh kotibi Xamadun Tureni qabul qildi. 

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini kompyuterlashtirish va ularga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida mazkur xalqaro tashkilot bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

9 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 9 oktabr kuni Oqsaroyda “General Motors Europe” (“GME”) kompaniyasi prezidenti Karl Peter Foster va “GM Daewoo Auto & Tehnology” (“GMDAT”) kompaniyasi prezidenti Maykl Grimaldini qabul qildi.

31 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 31 oktabr kuni Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston dunyodagi aksariyat yirik xalqaro moliya muassasalari bilan aloqa o‘rnatganini, lekin Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.

16 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 noyabr kuni Oqsaroyda Yaponiyaning “Isuzu Motors” kompaniyasi raisi Ida Yoshinori rahbarligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

– O‘zbekiston Yaponiya bilan rivojlanib borayotgan iqtisodiy hamkorlikni yuksak qadrlaydi, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Jumladan, sizning O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlaringiz mamlakatlarimizning iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

11 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11 dekabr kuni Oqsaroyda Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi prezidenti Tan Sri Dato Sri Moxd Hasan Marikanni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uni ishonchli sherik deb bilishini ta’kidladi.

- Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz hamkorlik izchil davom etishi va uning istiqboli porloq ekanidan yana bir dalolatdir, – dedi Islom Karimov.

12 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 dekabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya va iqtisodiyot vaziri Kvon O Kyuni qabul qildi.

– Sizning tashrifingiz O‘zbekiston-Koreya hamkorligi izchil rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘idir, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Biz Koreya Respublikasini O‘zbekistonning ishonchli sherigi, deb bilamiz.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati