Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
08.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilish maqsadida:

1. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tizimini joriy etish, unga muvofiq:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari aholi bandligi o‘sishining tasdiqlangan har chorak prognoz ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – prognoz ko‘rsatkichlari) bajarilishini ta’minlagan taqdirda ularga lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida jarima shaklida intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlangan taqdirda lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida jarima solinadi.

2. Quyidagilar:

Aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlarini bajarganligi uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida 2017-yilning III va IV choragida aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2017-yilning III va IV choragida aholi bandligi o‘sishini ta’minlash hududiy prognoz ko‘rsatkichlarini tuman va shaharlar kesimida tasdiqlasin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yildan boshlab:

aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari respublikamiz hududlari kesimida har chorak bo‘yicha taqsimlangan holda, tasdiqlangan hududiy va tarmoq rivojlanish dasturlariga muvofiq tashkil qilinadigan doimiy ish o‘rinlari ko‘rsatkichlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi Aholi bandligi dasturiga kiritiladi;

aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari shahar va tumanlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi aholi bandligi manzilli hududiy dasturlariga kiritiladi.

4. Quyidagilar belgilansin:

mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va ularning birinchi o‘rinbosarlariga hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga mukofot yoki jarima hajmini belgilash uchun asos bo‘ladigan aholi bandligi o‘sishi ko‘rsatkichlarini aniqlashda band aholi sonining tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘zgarishi hisoblanadi;

band aholi soni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘layotgan fuqarolar umumiy soni asosida aniqlanadi;

mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga mukofot berish va ularning oylik maoshidan jarima undirish har chorak prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalariga ko‘ra kelgusi chorak davomida amalga oshiriladi.

5. Mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tarkibi 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

Komissiya (A.N.Aripov):

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarining hududlar kesimida bajarilishi to‘g‘risida kiritilgan ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlariga nisbatan ularni moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish choralarini qo‘llash haqidagi masalani har chorak yakunlari bo‘yicha ko‘rib chiqsin;

aholi bandligi prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar kiritsin.

Komissiyaga, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Mehnat vazirligi, mahalliy ijro hokimiyati organlarining prognoz ko‘rsatkichlari amalda bajarilishi dinamikasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqqan asoslangan takliflari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida tasdiqlangan 2017-yilning III va IV choragida aholi bandligi o‘sish prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

6. Belgilansinki, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilganligi uchun mukofotlar to‘lash, bajarilmaganligi uchun lavozim maoshlaridan jarimalar undirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlariga – Komissiyaning taqdimnomasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida;

shahar va tuman hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlariga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarorlari asosida;

iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga – iqtisodiy kompleksning respublika organlari rahbarlari qarorlari asosida.

7. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy ijro hokimiyati organlarining rahbarlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga mukofotlar to‘lash manbai byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisoblanadi.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat,, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari o‘z ish faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlariga ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qat’iy va so‘zsiz rioya etsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari uzluksiz ikki chorak davomida yoki yil davomida uch chorakda prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmaganligi taqdirda ularning aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topilishi va egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining aholi bandligi oshishini ta’minlashda moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini oshirish tartibini, jumladan, tegishli prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va uning bajarilishini nazorat qilishni hisobga olgan holda, ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 6-may


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

ShARH 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qabul qilingan qaror yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq 2017-yilning 1-iyulidan boshlab joylardagi rahbarlarni moddiy rag‘batlantirish va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishning prinsipial jihatdan yangi tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlariga aholi bandligi o‘sishining tasdiqlangan har chorak prognoz ko‘rsatkichlarini bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun lavozim maoshining 15 foizi miqdorida mos ravishda mukofot beriladi yoki jarima solinadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga esa ular lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida huddi shunday mukofotlash yoki jarima solish choralari qo‘llaniladi.

Qarorning muhim jihati shundan iboratki, unda aholi bandligi o‘sishining mezoni sifatida aholini davlat ijtimoiy sug‘urta hamda mehnat va pensiya qonunchiligi tizimlari bilan qamrab olingan doimiy, barqaror ishga joylashtirilishi belgilangan. Aynan shunday bandlik shakli mehnat kafolatlarini himoyalash, pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun mehnat stajini hisobga olish, uy-joy sotib olish va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun olingan kreditlarni to‘lashda soliq imtiyozlariga ega bo‘lish hamda aholining kundalik hayotida zarur bo‘ladigan boshqa amaldagi qonunchilik me’yorlaridan fuqarolarimiz to‘laqonli foydalanishiga barcha imkoniyat yaratadi.

Shu munosabat bilan qarorda joylardagi rahbar xodimlarga mukofot berish yoki ularning lavozim maoshlaridan jarima undirish miqdorini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘layotgan aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi hisobga olinishi belgilab qo‘yilgan.

Aholi bandligi o‘sishining mamlakatimiz hududlari, tuman va shaharlari kesimida prognoz ko‘rsatkichlari 2018-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Aholi bandligi dasturi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan aholi bandligining manzilli hududiy dasturlari bilan belgilanadi. 2017-yilning uchinchi va to‘rtinchi choraklarida aholi bandligi o‘sishining O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida prognoz ko‘rsatkichlari qabul qilingan mazkur qaror hamda mahalliy ijro hokimiyati organlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.

Qayd etish muhimki, mazkur qaror bilan Aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlarini bajarganligi uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va ushbu nizomda aniq va tasdiqlangan ma’lumotlarga asoslangan holda tegishli rahbarlarga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash choralari qo‘llashning aniq, ravshan va shaffof mexanizmini joriy etish ko‘zda tutildi.

Shuningdek, nizomda band bo‘lgan aholi soni va uning o‘sishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq xizmati organlari va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma’lumotlar bazasidagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lovchi jismoniy shaxslarning identifikatsiya raqami (STIR) asosida shakllantiriladi.

Nizomga muvofiq mehnat hududiy boshqarmasi, davlat soliq boshqarmasi va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi aholi bandligi o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda shakllantirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga taqdim etadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari olingan ma’lumotlar asosida uch ish kuni davomida tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlarini mukofotlash yoki ularning lavozim maoshlaridan jarima undirish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi olingan ma’lumotlar asosida uch ish kuni davomida aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi axborotni har bir hudud bo‘yicha shakllantirib, mazkur qaror bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida maxsus tashkil etilgan Mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaga taqdim etishlari lozim.

Nizomga ko‘ra Komissiya olingan ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini va ularning birinchi o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish yoki ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, tasdiqlangan nizomga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Markaziy bankga bir oy muddatda aholi bandligi o‘sishini ta’minlash uchun iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish va ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirig‘i yuklatilgan.

Bunda iqtisodiy kompleksning tegishli hududiy organlari rahbarlari uchun aholi bandligi o‘sishining ko‘rsatkichlari va mezonlari sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalari, xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yo‘l xaritalari” va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha ishga joylashtirilgan fuqarolar hamda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini kreditlash, kasb-hunarga qayta o‘qitish va jamoat ishlariga jalb etish hisobiga ishga joylashgan aholi soni qabul qilinishi lozim.

Alohida qayd etish lozimki, qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari o‘z ish faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlariga ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qat’iy va so‘zsiz rioya etish to‘g‘risida topshiriqlar berilgan.

Shu bilan birga, qarorda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish to‘g‘risida me’yor ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari uzluksiz ikki chorak davomida yoki yil davomida uch chorakda bajarilmagan taqdirda ularning egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Mazkur qarorning amalga oshirilishi natijasida quyidagilarga:

birinchidan, aholining barqaror bandligini ta’minlashda tizimli va aniq yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish uchun mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlariga kerakli rag‘batlantirish choralarini yaratish va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishga;

ikkinchidan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, mehnat va pensiya qonunchiligi tizimining barcha afzalliklari bilan to‘liq qamrab olingan doimiy ish o‘rinlari hisobiga aholi bandligi o‘sishiga;

uchinchidan, barqaror bandlikni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali aholi daromadlari oshishiga va turmush darajasi sifati yaxshilanishiga, soliq tushumlari va pensiya ajratmalari bazasini kengaytirishga imkon yaratiladi. 

                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati