O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
06.12.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ibot qilish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish maqsadida:

1. Quyidagilar o‘rta muddatli istiqbolda turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadli vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va izchil amalga oshirish, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, ushbu sohani barcha hududlarni va o‘zaro bog‘liq tarmoqlarni kompleks ravishda jadal rivojlantirishning yetakchi kuchiga aylanishi lozim bo‘lgan iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, tarkibiy o‘zgartirish va barqaror rivojlanishning qudratli vositasiga aylantirish, yaratiladigan yalpi ichki mahsulotda, mahalliy byudjet daromadlarida turizmning ulushini ko‘paytirish, ish bilan bandlikni ta’minlash, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

turizm industriyasi subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan turizm faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, turizmning rivojlanishidagi barcha to‘siq va g‘ovlarga barham berish, viza va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini, pasport va bojxona nazoratini soddalashtirish, turizm sohasini davlat tomonidan boshqarish va bozorga xos tarzda tartibga solish mexanizmini maqbullashtirish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish va turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, turizm sohasida statistik hisobga olish tizimini takomillashtirish;

turizm xizmatlarini tashkil etishda, eng avvalo, turistlar joylashtiriladigan joylarda, ovqatlanish punktlarida, respublika hududi bo‘ylab harakatlanishda, turizm obyektlariga tashriflarni uyushtirishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

mamlakatda turizmni jadal rivojlantirish, mavjud ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, an’anaviy madaniy-tarixiy turizm bilan birgalikda turizmning boshqa salohiyatli turlarini – ziyorat qilish, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik turizmi va boshqa turlarini jadal rivojlantirish, bolalar, o‘smirlar va yoshlar turizmini, oilaviy turizmni, keksalar uchun ijtimoiy turizmni rivojlantirish hisobiga turizmning ijtimoiy ahamiyatini kuchaytirish, hududlarda yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish, ularni pasportlashtirish, turizm yo‘nalishlari va turizm obyektlari bo‘yicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

turizm faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni, birinchi navbatda, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO), xorijiy mamlakatlarning turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlari – turizm xizmatlari mintaqaviy va jahon bozorlarining faol ishtirokchilari bilan hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning turizm sohasida tartibga soluvchi universal xalqaro konvensiyalar va bitimlardagi ishtiroki, turizm faoliyati amaliyotiga xalqaro va davlatlararo standartlar va normalarni joriy etish;

respublikaning barcha mintaqalarida zamonaviy jahon standartlariga, turistlarning ehtiyojlari va talablariga javob beradigan turizm industriyasi obyektlarini – mehmonxonalarni va joylashtirishning shu kabi vositalarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini, transport-logistika tuzilmalarini, axborot markazlarini, madaniyat va sport muassasalarini jadal rivojlantirish, asosiy turizm yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini jadal qurish va rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investorlarni keng jalb etish;

xalqaro turizm rivojlanishi tendensiyalarini va zamonaviy marketing vositalari qo‘llanilishini hisobga olgan holda, raqobatbardosh turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqish, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ‘ibot qilish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish, qulay turizm axborot muhitini tashkil etish va rivojlantirish, keng reklama-axborot faoliyatini amalga oshirish, mamlakat hududlarida turizm axborot markazlari va chet elda turizm vakolatxonalari ochish, Internet tarmog‘idan faol foydalanish, har yili Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini o‘tkazish yo‘li bilan turizm sohasida mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirish;

turizm tarmog‘i uchun, ayniqsa menejment va marketing sohasida malakali kadrlarni sifatli tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, gidlar (ekskursiya yetakchilari) tayyorlash, turizm faoliyati subyektlari xodimlarini muntazam ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

2. Tugatilayotgan “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi zimmasiga quyidagi funksiyalar:

turizm turoperatorlik faoliyatini litsenziyalash;

O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish bo‘yicha milliy organi – “O‘zstandart” agentligi bilan mustahkam o‘zaro hamkorlikda turizm faoliyati subyektlari tomonidan ko‘rsatiladigan turoperatorlik (turizm mahsulotlari) xizmatlari va mehmonxona xizmatlarini majburiy sertifikatlash, shu jumladan turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi mehmonxonalarning (motellarning) tasnifini belgilash;

sertifikatlanadigan turizm xizmatlarining normativ hujjatlarda belgilangan majburiy talablar va standartlarga muvofiqligi bo‘yicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish yuklansin.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlash tizimida akkreditatsiya qilingan turizm xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha organlar ham turizm xizmatlarining ayrim turlarini sertifikatlash subyektlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu Farmonda belgilangan turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadlari va ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasini, shuningdek 2017-2021-yillarda Konsepsiyani amalga oshirishga doir aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Belgilansinki, 2017-yil 1-yanvardan boshlab:

faqat turizm faoliyatini tashkillashtirishni ta’minlaydigan turizm korxonalari – turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalari turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi yuzasidan litsenziyalanadilar;

turizm faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya olishda turizm xizmatlari sertifikati bilan tasdiqlangan turistlar va ekskursantlarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfsizlikni ta’minlash tizimining mavjudligi majburiy litsenziya talabi va sharti hisoblanadi;

mehmonxonalarda va joylashtirishning shu kabi vositalarida turizm xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirishga litsenziya mavjud bo‘lishi bo‘yicha talabni bekor qilgan holda, turizm faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan subyektlar – mehmonxonalar, motellar, kempinglar va joylashtirishning shu kabi vositalari tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari majburiy sertifikatlanadi. Bunda 2018-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini majburiy sertifikatlash joriy etiladi;

gidlar (ekskursiya yetakchilari), kuzatib boruvchi-yo‘riqchilarning xizmatlari faqat ular O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan malaka sertifikati olgandan keyin jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin;

turizm korxonalari turizm faoliyati subyektlari bilan faqat ularda muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda ular tomonidan xorijiy turistlarga turizm xizmatlari ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar (bitimlar) tuzish huquqiga ega.

5. Xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va viza tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2017-yil 1-apreldan boshlab:

turizm maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveytsariya va Yaponiya fuqarolari uchun;

55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasiga keluvchi Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilinsin.

Belgilansinki:

2017-yil 1-apreldan boshlab ushbu bandda ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga kirishda 50 AQSh dollari miqdorida Davlat byudjetiga o‘tkaziladigan kirish yig‘imi to‘laydilar;

kirish yig‘imi to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjat mamlakatga kirish uchun asos hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2017-yil 1-martgacha bo‘lgan muddatda xorijiy fuqarolar tomonidan kirish yig‘imi to‘lanishi tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mehnat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun:

barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalarini joriy etish;

xalqaro aeroportlarda va O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida vizalarni olish, shu jumladan tranzit vizalarni olish tartibini sezilarli ravishda soddalashtirish;

xorijiy mutaxassislarning O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olish tartib-taomilini soddalashtirish hamda ularga jismoniy shaxslarning daromadlaridan soliq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berish;

vizalarni rasmiylashtirish va berish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligining konsullik boshqarmasiga va O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga tashrif buyurmasdan viza olishga hujjatlarni topshirish va so‘rovnomalarni to‘ldirishda onlayn tizimdan foydalanish, shuningdek 2018-yildan boshlab elektron vizalar tizimini joriy etish bo‘yicha aniq takliflar kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari huzuridagi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar zimmasiga milliy turizm mahsulotlarini targ‘ibot qilish va O‘zbekiston Respublikasiga turistlar oqimi ko‘payishida ko‘maklashish majburiyatini yuklasinlar.

8. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

2017-yil 1-aprelgacha bo‘lgan muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida respublikaga keluvchi (ketuvchi) xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning, transport xizmati ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar;

respublika aeroportlari va vokzallarida xorijiy fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda pasport nazoratidan o‘tish jarayonini tezlashtirish maqsadida rezidentlar va norezidentlar tomonidan ushbu tartib-taomildan alohida-alohida o‘tishni tashkil etsinlar;

xorijiy turistlarni kutib oluvchi yoki kuzatuvchi turizm faoliyati subyektlari xodimlariga rejim va qo‘riqlash choralari talablariga rioya etgan holda belgilangan tartibda berilgan maxsus ruxsatnomalar bo‘yicha aeroportlar va vokzallar binolariga kirish huquqini bersinlar;

aeroportlarda va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini, turizm navigatsiya tizimini, yo‘nalish olish belgilarini o‘rnatish va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish va rivojlantirish hisobiga yo‘lovchilarga, shu jumladan bepul asosda ko‘rsatiladigan xizmatlar darajasi va sifatini oshirish chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirsinlar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida yashovchilarni elektron shaklda Internet tarmog‘i orqali hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturini yaratsin.

10. 2017-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi hududida mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida xorijiy fuqarolarga hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy turar joyiga ega bo‘lmagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, joylashtirish bo‘yicha xizmatlarga shu jumladan turizm faoliyati subyektlari orqali haq to‘lash faqat erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning taklif etuvchi davlat va byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan holatlar bundan mustasno. Bunda turizm yig‘imi xizmatlarga haq to‘langan valyutada to‘lanadi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan turizm operatorlariga to‘lovni naqd erkin almashtiriladigan valyutada to‘lashga ruxsat etiladi va bu to‘lovlar keyinchalik turizm xizmatlari uchun xorijiy sheriklarga naqdsiz to‘lov uchun inkassatsiya qilinadi;

turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;

mehmonxonalar va boshqa joylashtirish joylari xorijiy fuqarolarga ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumning 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;

turistlarni qabul qiladigan turizm operatorlari, shuningdek ularning xodimlari turistlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lishiga doir tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar bundan mustasno.

11. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tavsiya qiladigan turizm infratuzilmasi obyektlarining valyuta to‘lovlarini qabul qilish terminallari bilan jihozlanishini ta’minlash tavsiya etilsin.

12. Yuridik shaxslar belgilangan tartibda sertifikatlangan kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirganda ular yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan, shuningdek yagona soliq to‘lovidan 5-yil muddatga ozod qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki, turizm faoliyati subyektlari tomonidan turistlarni tashish uchun mo‘ljallangan, sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi avtotransport vositalari sotib olinganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im sotib olingan avtotransport vositalari qiymatining 3 foizi miqdorida undiriladi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 27-iyuldagi PF-447-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
vazifasini bajaruvchi 
Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri,
2016-yil 2-dekabr

* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 

"O‘zbekiston Respublikasining

 turizm sohasini jadal rivojlantirishni 

ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga

SHARH 

O‘zbekiston noyob bir mamlakat bo‘lib, uning hududida eng qadimgi tamaddun va madaniyatlar yuzaga kelgan, rivojlangan, o‘z jozibadorligi jihatidan dunyodagi dam olish va sayohatlar uchun eng yaxshi maskanlardan qolishmaydigan ulkan turizm salohiyatiga egadir. Bugungi kunda mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorliklar va ulug‘vor hamda betakror arxitektura namunalari mavjud. Mamlakatning so‘lim qo‘riqxonalari va milliy bog‘lari uning boy va rang-barang tabiati durdonalaridir. Mamlakatda milliy madaniyat, san’at va hunarmandchilikning ko‘p asrlik an’analari avaylab asrab kelindi va rivojlantirilmoqda. Jahonga mashhur milliy taomlarimiz va pazandachilik sohasidagi an’analarimiz Sharq mehmondo‘stligining ramzi hisoblanadi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasi, turizm xizmatlari sifati va uning darajasi, shuningdek tarmoqni boshqarish tizimi globallashuv va keskin raqobat sharoitida zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Turizmning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlash jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan orqada qolmoqda.

Vaholanki, turizm industriyasi jahon iqtisodiyotining eng jadal rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi, turizmning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 10 foizdan ko‘proqni tashkil etadi, tarmoqda jahondagi mehnatga qobiliyatli aholining 8 foizga yaqini ish bilan band, turizm xizmatlari jahon eksportining 7 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan Farmoni turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishni ta’minlashga, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berishga, uni mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘stirishning, mintaqalarda turizm salohiyatidan samarali foydalanishning, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishda turizm rolini kuchaytirishning qudratli vositasiga aylantirishga qaratilgandir.

Farmonda turizm sohasida davlat siyosatining sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tishini belgilab beradigan ushbu tarmoqni tubdan isloh qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar nazarda tutiladi, quyidagi asosiy maqsadli vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi:

turizm industriyasi subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishdagi barcha to‘siq va g‘ovlarga barham berish, viza va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini, pasport va bojxona nazoratini soddalashtirish;

turizm xizmatlarini tashkil etishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

turizmning yangi salohiyatli turlari – ziyorat qilish, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy turizmni jadal rivojlantirish;

turizm sohasida xalqaro va milliy tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or jahon sifat standartlarini joriy etish;

respublika mintaqalarida turizm infratuzilmasining zamonaviy obyektlari, eng avvalo mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish;

raqobatbardosh turizm mahsulotlarini ishlab chiqish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlarini yaratish, ularni jahon turizm bozorlariga olib chiqish;

turizm tarmog‘i uchun malakali kadrlarni sifatli tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish.

Davlat siyosatini samarali amalga oshirish, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadli vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi, uning mintaqalarda bo‘limlari va vakolatli vakillari faoliyat olib boradi.

Shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining faoliyati eng avvalo nazorat va ma’muriyatchilik vazifalarini amalga oshirishga emas, balki turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini kuchaytirishga butun choralar bilan ko‘maklashishga, turizmni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan barcha g‘ovlar va to‘siqlarni bartaraf etishga, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Farmonda turizm sohasida litsenziya berish, sertifikatlashtirish hamda boshqa ruxsatnomalar berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan davlat tomonidan boshqariladigan bir qator prinsipial yangi mexanizmlar belgilab qo‘yildi.

Jumladan, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab turizm faoliyatiga litsenziya berish vazifasi Vazirlar Mahkamasidan yangi tashkil qilingan davlat qo‘mitasiga o‘tkaziladi, bunda mehmonxonalar va odamlar yashaydigan boshqa joylarning litsenziya olishlari to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. O‘z navbatida 2018-yildan boshlab xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini xorijiy turistlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash maqsadida majburiy sertifikatlash joriy etiladi.

Xorijiy turistlar uchun mamlakatimiz jozibadorligini oshirish maqsadida davlatning viza siyosatini tubdan liberallashtirishni nazarda tutuvchi Farmonning eng muhim jihati quyidagilardan iboratdir:

2017-yilning 1-aprelidan boshlab 15 ta davlat, shu jumladan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveytsariya va Yaponiya kabi davlatlarning turistlari, shuningdek 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 12 davlat, shu jumladan Belgiya, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi;

barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalari joriy etiladi, vizalar olish, shu jumladan viza olish so‘rovnomalarini to‘ldirishning onlayn tizimidan foydalangan holda olish tartibi sezilarli ravishda soddalashtiriladi, shuningdek 2018-yildan boshlab elektron vizalar tizimi joriy etiladi.

Mazkur tartib-qoidalar O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy qiyofasini yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatga turistlar oqimini talay darajada ko‘paytirish, shuningdek, mazkur sohadagi ishbilarmonlik faoliyatini kuchaytirish imkonini beradi.

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa o‘tish punktlarida xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

2017-yilning 1-apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish;

aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar ko‘rsatish sifatining eng ilg‘or jahon standartlariga mos kelishini ta’minlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgandir.

Turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini yanada rag‘batlantirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm tashkilotlariga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish Farmonning yana bir muhim xususiyatidir. Jumladan:

turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;

mehmonxonalar xorijiy valyutadagi tushumning faqat 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;

xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalar xizmatiga haq to‘lash erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning davlat va byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;

yuridik shaxslar kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirganda ular yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan, shuningdek yagona soliq to‘lovidan 5-yil muddatga ozod qilinadi;

turizm faoliyati subyektlari tomonidan sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi avtotransport vositalari sotib olinganligi uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im avtotransport vositalari qiymatining maksimal darajadagi 20 foizi emas, balki 3 foizigacha miqdorda undiriladi.

Farmonda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish Konsepsiyasini, shuningdek 2017-2021-yillarda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi topshirilgan.

Farmonni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Qarorda davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berilgan, davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va Nizomi tasdiqlandi, shuningdek milliy turizm mahsulotini xorijga namoyish qilish, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va turizm xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha bir qator idoraviy tashkilotlar tuzildi.

Mazkur Farmonni amalga oshirish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga, tarkibiy o‘zgartirishlar va diversifikatsiya qilishga, barcha mintaqalarni va turdosh tarmoqlarni kompleks ravishda ildam rivojlantirishning yetakchi kuchi bo‘lish imkoniyatiga ega mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlashga, shuningdek O‘zbekistonning jozibador turizm markazi sifatidagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga butun choralar bilan ko‘maklashadi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati