“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida
06.12.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25-yilligini nishonlash hamda davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarni, Qurolli Kuchlar faxriylarini va xizmatchilarini qo‘llab-kuvvatlash maqsadida:

1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni ta’sis etilsin.

2. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari bir oy muddatda belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi                                                     Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri, 2016-yil 28-noyabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil
28-noyabr PF-4859-sonli Farmoniga 1-ilova


“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishoni to‘g‘risidagi
NIZOM 

1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni bilan davlatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslar, yuqori professional mahorati, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan harbiy xizmatchilar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha jangovar harakatlarda ishtirok etgan, zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, harbiy hamda xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan yoxud yarador bo‘lgan va shikastlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.

2. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni nomidan qo‘shilma komandiri va undan yuqori lavozimdagi shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.

3. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni mukofotlanganlarga kuch ishlatuvchi tuzilmalar vazirlik va idoralari rahbarlarining buyruqlariga asosan topshiriladi.

4. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni ko‘krakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil
28-noyabr PF-4859-sonli Farmoniga 2-ilova


“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishoni
TAVSIFI

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi.

Esdalik nishonining old tomoni markazida taralayotgan quyosh nurlari fonida Amir Temur haykali tasvirlangan. Uning orqa tomonida Shahrisabz shahrida joylashgan qadimgi Oqsaroy majmuasi peshtoqi aks ettirilgan. Esdalik nishonining yuzasida tasvirlangan haykalning o‘ng va chap tomonida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan yil va yubiley yili 1992 – 2017 raqamlari aks ettirilgan.

Esdalik nishonining aylanasi bo‘ylab “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIGA” so‘zlari, pastki qismi markazida esa ikkita sakkiz qirrali yulduz oralig‘ida «25-YIL» yozuvi aks etgan.

Esdalik nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi, pastki qismining markazida “2017” yozuvi tasvirlangan.

Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.

Esdalik nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan.

Esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining rangidagi yo‘llari bo‘lgan 24 millimetrli shoyi lenta bilan sirilgan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha yordamida ulanadi. Ko‘k, oq va yashil yo‘llarning eni 7 millimetrdan, qizil yo‘lning eni esa 1,5 millimetrdir. Qadag‘ichning balandligi 48, eni 45 millimetr. To‘g‘nag‘ichga mustahkamlangan.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 23.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati