Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
05.10.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:

1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin.

Davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar:

o‘z faoliyatida yuqorida ko‘rsatilgan talabni hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlasinlar;

o‘z vazifalari va vakolatlarining tanqidiy tahlili asosida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirishga va ularning samaradorligini oshirishga doir asoslangan takliflarni ikki oy muddatda, belgilangan tartibda kiritsinlar;

tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari talablari qat’iy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta’minlasinlar.

2. O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab:

tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi, yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi;

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda (insonning sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazilgan holatlar bundan mustasno) ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo‘llanilishidan ozod etiladilar;

noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar;

tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llanilmaydi;

xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini (resurs va bojxona to‘lovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qo‘llash huquqi beriladi;

tadbirkorlik subyektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda davlat boji to‘lashdan ozod etiladilar;

tadbirkorlik subyektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-son Farmonining 1, 2 va 4-ilovalarida nazarda tutilgan tovarlarni eksport qilish bo‘yicha kontraktlar mustasno;

eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etilsin:

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’siri samaradorligini baholash;

davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarga yo‘naltirilgan asoslangan takliflar kiritsinlar:

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish xarajatlarini kamaytirish, masofaviy nazoratni keng joriy etish va soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishni ta’minlaydigan soliq ma’murchiligi sifati va samaradorligini yanada yaxshilash;

respublikaning eksport salohiyati o‘sishini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag‘batlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlarini joriy etish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazishning aniq huquqiy asoslari hamda mezonlarini nazarda tutgan holda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatining kameral nazorati samaradorligini oshirish orqali tekshirishlarni o‘tkazish soni va muddatlarini qisqartirish;

huquqbuzarliklarning oldini olish va qonunga itoatkor tadbirkorlik subyektlarining barqaror faoliyati kafolatlarining asosiy mexanizmlaridan biri sifatida auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalarining haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish;

bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari tomonidan tijorat banklari faoliyatiga, birinchi navbatda, kredit siyosatiga ma’muriy aralashuvlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik;

bankning samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi g‘ovlarni tugatish, shuningdek, mijozlarning o‘z pul mablag‘larini erkin tasarruf etish huquqi to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

barcha texnik talablarni (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va texnik normativlarni) xatlovdan o‘tkazsin hamda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan tegishli normativ hujjatlarni ishlab chiqsinlar va qabul qilsinlar;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlardan moneliksiz va bepul foydalanish imkonini berish maqsadida ularning jahon Internet axborot tarmog‘idagi o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi va doimiy yangilab borilishini ta’minlasinlar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlariga nisbatan ma’muriy jazolarni qo‘llash borasidagi funksiya va vakolatlarini bosqichma-bosqich sud organlariga o‘tkazish yuzasidan takliflar kiritsinlar;

iqtisodiy jinoyatlar sodir etish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashning asoslangan yagona mezonlari va asoslarini ishlab chiqsinlar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini;

jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq normalarini yanada liberallashtirish bo‘yicha takliflarni;

qonun hujjatlariga, eng avvalo, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati to‘xtatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini (taftishlarni) tayinlash, o‘tkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq protsessual tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tadbirkorlar huquqlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishini, shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida uch oy muddatda sud majlislariga audio va video qayd etish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishini, shuningdek, qabul qilingan sud qarorlari veb-saytlarda joylashtirilishini nazarda tutuvchi dasturning ishlab chiqilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish yuzasidan takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziya berish va tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga normativ-huquqiy hujjatlar qanchalik muvofiqligini tanqidiy o‘rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga eskirib qolgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish hamda ruxsat berish tartib-taomillarining muddatlarini qisqartirish yuzasidan takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmalariga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
vazifasini bajaruvchi                                                            
Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri,
2016-yil 5-oktabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tadbirkorlik faoliyatining
jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga
sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qabul qilingan Farmoni, eng avvalo, xususiy mulkni xuquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan va ushbu sohada davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishidan dalolat beradi.

Xususan, Farmon “kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga aralashuvni tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik"ni eng muhim ustuvor yo‘nalish va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida mustahkamlaydi.

Ushbu maqsadlarda davlat organlariga, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarga:

o‘z faoliyatida belgilangan talablarning hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash, shu munosabat bilan o‘z vazifalarini va vakolatlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish;

tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari talablari qat’iy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta’minlash topshirildi.

Ushbu norma davlat organlariga aybdor xodimlarga nisbatan nafaqat intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikning eng qat’iy choralarini qo‘llash majburiyatini yuklabgina qolmasdan, balki tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita ushbu xodimlardan undirilishini ta’minlashni ham yuklaydi.

Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi noqonuniy tekshirishlarni tashkil etishga va ularni o‘tkazishga, ayniqsa, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishiga va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka yo‘naltirilgan.

Farmonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishdan ishonchli huquqiy kafolatlarni ta’minlashga yo‘naltirilgan davlat nazoratining prinsipial jihatdan yangi bir qator mexanizmlari belgilanmoqda.

Jumladan, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab quyidagi ilgari ko‘rilmagan choralar joriy etiladi:

tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi, bundan yuridik shaxsning tugatilishi bilan bog‘liq tekshirishlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar mustasno;

shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi.

Shunday qilib, nazorat qiluvchi organlar endilikda rejadan tashqari tekshirishlar o‘tkazishni tashkil qilish huquqiga ega emas. Bunda fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini ta’minlash maqsadida faqat jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazishning cheklangan imkoniyati saqlanib qoladi. Bunday tekshirish faqat Respublika kengashining qaroriga muvofiq o‘tkazilishi mumkin va tekshirish muddati bir ish kuni bilan cheklangan.

Shu bilan birga, Farmon ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lini davom ettirib, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlarini hamda tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslarni, ular tomonidan yetkazilgan zararni qoplagan va huquqbuzilishi oqibatlarini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilish kabi tubdan yangi choralarni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llash taqiqlangan.

Ko‘rsatib o‘tilgan normalar tadbirkorlik subyektlarini ikki marta jazolashni istisno etibgina qolmay, balki birinchi marta huquqbuzarlikni sodir etgan va o‘z aybini yuvgan fuqarolarga o‘zining tadbirkorlik faoliyatini salbiy oqibatlarsiz davom ettirish imkonini beradi, bu chora ularning ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga ham yo‘naltirilgan.

Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga va bir qancha boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalariga besh yil mobaynida ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanada amalda bo‘lgan soliq stavkalari va boshqa majburiy to‘lovlarni qo‘llash huquqi beriladi.

Shuni qayd etish zarurki, ushbu imtiyoz investitsiya sifatida kiritilgan mablag‘lar miqdoridan qat’i nazar xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha korxonalarga tatbiq etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunlar ijrosi ustidan Parlament nazorati shakllarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu institut tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni ta’minlashda, davlat tuzilmalari bilan munosabatlarda ularning manfaatlarini ifodalashda muhim o‘rin tutadi.

Farmon qoidalarini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo‘yicha 42 ta aniq chora-tadbir amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat va biznesning o‘zaro hamkorligidagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, davlat resurslaridan foydalanishning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash doirasida umumiy e’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida bir qator qonunlarni, shu jumladan, "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida", "Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida", "Davlat xaridlari to‘g‘risida" va "Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonunlarni qabul qilish nazarda tutilmoqda.

Dasturga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazish tartibining aniq huquqiy tartibotini belgilash uchun "Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida"gi qonunga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasida tergov qilishni amalga oshirishda noqonuniy aralishish imkonini beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, Dastur tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq jinoyat qonunchiligi normalarini yanada erkinlashtirish, jinoyatlar sodir etilishi natijasida yetkazilgan zararni aniqlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralishishning yagona mezonlari va asoslarini belgilash to‘g‘risida takliflar ishlab chiqilishini nazarda tutadi.

Soliqqa tortish tizimi va bojxona ishini takomillashtirish, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytingini oshirish sohasida Dasturda quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga doir tadbirlar mo‘ljallangan:

valyutani tartibga solish va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlarini, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, bank faoliyatini samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi g‘ovlarni bartaraf etish;

soliq ma’murchiligining sifati va samaradorligini yanada yaxshilash;

tadbirkorlik subyektlarining eksport kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;

huquqbuzilishlarining oldini olishning asosiy mexanizmlaridan biri va qonunga itoatkor tadbirkorlik subyektlarining barqaror faoliyati kafolati sifatida auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilarining xizmatlar sifati uchun javobgarligini oshirish va ular tomonidan taqdim etiladigan xulosalarning ishonchliligi yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Dasturda tadbirkorlik subyektlariga va ularning xodimlariga nisbatan ma’muriy jazolarni qo‘llash borasidagi vazifa va vakolatlarni bosqichma-bosqich sud organlariga o‘tkazish yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilishni kuchaytirish choralari rejalashtirilgan.

Ushbu choraning amalga oshirilishi tadbirkorlik subyektini tekshirgan nazorat qiluvchi organ tomonidan ma’muriy huqubuzarlik to‘g‘risidagi ishni mustaqil ko‘rib chiqish va bu orqali ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishdagi betaraflik va xolislikka ta’sir ko‘rsatuvchi amaliyotning bartaraf etilishiga yo‘naltirilgan.

Dastur, shuningdek, xo‘jalik sudlari tizimiga sud majlislarini audio va video qayd etish mexanizmlarini joriy etish tadbirlarini, qabul qilingan qarorlarning veb-saytlarda e’lon qilinishini, hakamlar sudi qarorlarini majburiy ijro etishga ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza berishda tadbirkorlik subyektlarini davlat boji to‘lashdan ozod etishni ham o‘z ichiga oladi.

"Elektron hukumat" tizimini joriy etish doirasida davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligining bevosita muloqot qilmaydigan shakllarini kengaytirish bo‘yicha kompleks tadbirlar mo‘ljallangan. Xususan, Dastur tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazlar orqali “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda texnik talablar (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirish va boshqalar) kabi maxsus normativ hujjatlarni, samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o‘rnini egallab olgan normalarni bekor qilish yuzasidan tanqidiy qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Farmonning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi ma’muriy g‘ovlar va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan belgilangan yo‘lning uzviyligi va izchilligini ta’minlash imkonini beradi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati