Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
12.04.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimiz qayta ishlash korxonalarini xomashyo resurslari bilan muntazam ta’minlash, ichki iste’mol bozorini yil davomida sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, shuningdek, tashqi bozorlarda xaridorgir va raqobatbardosh bo‘lgan ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun ularni yetishtirish, ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha yagona tizimni shakllantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasining 2016-yilgi hosildan boshlab ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi:

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan barqaror ta’minlash;

ichki iste’mol bozorini qish-bahor mavsumida barqaror ta’minlash maqsadida zaxiraga g‘amlash;

tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan ho‘l meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish ushbu mahsulotlarga nisbatan talabdan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

2. Viloyat va tuman hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha hududiy boshqarma va bo‘limlariga fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirish hajmi bo‘yicha hisob-kitoblarning haqqoniyligini ta’minlash va ular tomonidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilishini monitoring qilish;

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasiga ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni sanoat asosida qayta ishlash uchun xarid qilish;

«O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasiga qish-bahor mavsumi uchun ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni g‘amlash;

«O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasiga ho‘l meva-sabzavotlarni eksport qilish vazifalari va mas’uliyati yuklansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, davlat buyurtmasi doirasida:

mahsulotlarni sanoat asosida qayta ishlash uchun xarid qilish, mahsulot yetkazib beruvchilar – fermer va dehqon xo‘jaliklari va iste’molchilar – «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘nak berish orqali amalga oshiriladi;

ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum fermer va dehqon xo‘jaliklaridan kelishilgan, bozor narxlarida xarid qilinadi;

ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tomonidan xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan eksport shartnomalari, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan komissiya shartnomalari bo‘yicha eksport qilinadi;

ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini komissiya shartnomalari asosida eksport qilishda komissiya xizmati uchun to‘lov miqdori 1 foizdan oshmasligi lozim;

quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportga oldindan 100 foiz to‘lash yoki akkreditiv ochish yoxud xaridorning moliyaviy barqarorlik darajasi yuqori bo‘lgan eng ishonchli banklari kafolati bilan, ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari esa oldindan kamida 30 foiz to‘lash shartlari asosida yetkazib beriladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi Nizom;

ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin, unda eksportdan valyuta tushumining kafolati va uning belgilangan miqdorda majburiy sotilishini ta’minlaydigan normalar ko‘zda tutilsin.

4. 2016-yil uchun ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi 1-ilovaga muvofiq;

2016-yil uchun davlat buyurtmasi asosida meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish va ishlatilishi balansi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-martdagi 2505-qaroriga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasiga (Sh.Mirziyoyev) zarur hollarda jahon bozoridagi kon’yunktura o‘zgarishini inobatga olgan holda meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirish hajmidan kelib chiqib, balans parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga balans ijrosi haqida ma’lumot taqdim etsin.

5. Maxsus tashkil etilgan ishchi guruhlari joylarga chiqib, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazgani, ularning barchasi xususiy mulk shaklidagi korxonalar ekanligi va ularning aksariyati zamonaviy texnologiya uskunalari bilan jihozlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi o‘tkazilgan inventarizatsiya asosida uch oy muddatda meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash va tashqi bozorda raqobatbardosh sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan qayta ishlash korxonalarini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, zamonaviy qadoqlash buyumlari ishlab chiqarishni kengaytirishga doir aniq takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralarni jalb qilgan holda shu yilning may oyida yetakchi xorijiy ishlab chiqarish kompaniyalari va ularning dillerlari ishtirokida ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar hamda texnologiyalarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini tashkil qilsin.

6. 2019-yilning 1-yanvarigacha:

meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni qayta ishlaydigan xususiy mulk shaklidagi korxonalar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan qayta ishlash korxonalari yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq, davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, ushbu bandga muvofiq soliq va bojxona imtiyozlari berilishi hisobidan bo‘shaydigan mablag‘lardan ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilish uchun maqsadli foydalanilishi lozim. Bo‘shagan mablag‘lardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda ular qaytarib olinib, byudjet va tegishli davlat maqsadli fondlariga o‘tkaziladi.

7. Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, «O‘zagroeksport» kompaniyasi va boshqa manfaatdor tuzilmalarning:

joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida 2016-yilgi ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish uchun Xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasini o‘tkazish;

Xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkalarini o‘tkazish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maydonni tashkil etish va uning bazasida har yili oktabr oyida kelgusi yil uchun eksport shartnomalari tuzishni tashkil qilish maqsadida xorijiy kompaniyalarning faol ishtirokida yarmarka tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda Xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasini har yili o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.

8. Tijorat banklariga fermer va dehqon xo‘jaliklariga meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish uchun davlat buyurtmasi bo‘yicha bo‘nak va yakuniy hisob-kitoblar uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada kredit resurslari ajratish tavsiya etilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar toifasiga qarab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni yetishtirish hamda kontraktatsiya shartnomalari asosida xarid qilish hajmi bo‘yicha statistik hisobotlarni tanqidiy ko‘rib chiqsin va bu borada xalqaro tajriba hisobga olingan holda yangi statistik hisobotlar shakllarini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, shuningdek, tegishli statistika organlariga taqdim etsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi «O‘zstandart» agentligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi bilan birgalikda 2016-yilning 1-mayiga qadar ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni saqlash, transportirovka qilish va sotishda tabiiy yo‘qotish normativlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi Adliya vazirligi bilan birgalikda mazkur qarordan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni bir oylik muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov


Toshkent shahri,

2016-yil 12-aprel


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati