Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida
16.06.2015

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bugungi kunda ona Vatanimiz, O‘zbekistonimizning barqaror sur’atlar bilan rivojlanib, barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotganini, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta, farovon hayotni xalqimiz avvalambor Yaratganimizning marhamati sifatida shukronalik va rozilik tuyg‘usi bilan qabul qilmoqda.

Shu borada ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2015-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 18-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, sabr-qanoat tuyg‘ularini, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni o‘zaro yaxshilik qilishga, barcha millat va xalqlar bilan hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etishga qaratilgan keng ko‘lamdagi savobli amallar, targ‘ibot ishlari tashkil etilsin.

Ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning tabarruk qadamjolari va ziyoratgohlarini obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2015-yil 16-iyun


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati