Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida
06.03.2015

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yurtimizda mo‘tabar ayol zotiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, barkamol xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq qabul qilingan Nizomga asosan:

1. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, san’at, ta’lim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.

2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015-yil 3-mart



* * *

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ro‘yxati

Bazarbayeva Shaxzada Alliyar qizi

-

Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi

Abdullayeva Go‘zaloy Adxamjon qizi

-

Andijon davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi

Ismatova Sitorabonu Farhod qizi

-

Buxoro shahridagi 39-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi

Shavkatova Laziza Sherzod qizi

-

Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi «Sayiljoy» akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi

Rahmonova Go‘zal Bahriddin qizi

-

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi sport-pedagogika kollejining 3-bosqich o‘quvchisi

Jumanova Iroda Shokirjon qizi

-

Navoiy viloyati Uchquduq konchilik kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi

Xodjayeva Kumushxon Saydullo qizi

-

Namangan olimpiya zaxiralari kollejining 2-bosqich o‘quvchisi

Irgasheva Ruxshona Zokirjonovna

-

Samarqand pedagogika kollejining 2-bosqich o‘quvchisi

Yusufova Madina Olimbek qizi

-

Guliston davlat universiteti qoshidagi Yangiyer akademik litseyining 3-bosqich o‘quvchisi

Sayfiddinova Manzura Ikromiddin qizi

-

Termiz davlat universiteti qoshidagi Sariosiyo akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi

Abdullayeva Umida Alisher qizi

-

Toshkent viloyati Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejining 3-bosqich o‘quvchisi

Saidxo‘jayeva Sarvinozxon Sobirxo‘ja qizi

-

Farg‘ona olimpiya zaxiralari kollejining 3-bosqich o‘quvchisi

Raximova Shirin Bahram qizi

-

Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi

Maratova Charosxon Ulug‘bek qizi

-

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 260-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati