Go‘zal Vatanimizning ulug‘ bayrami
01.09.2014

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.

Mustaqillik – eng ulug‘, eng aziz bayramimiz. Bu kun hurriyatparvar ajdodlarimizning asriy orzusini, xalqimizning tenglar ichra teng bo‘lish huquqini yuzaga chiqargani, milliy o‘zligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagani bilan ulug‘, mo‘tabar. Mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlayotgani, farzandlarimiz kelajagiga mustahkam zamin yaratayotgani bilan aziz va mukarramdir.

Bayram tantanalaridan surur tuygan yurtdoshlarimiz tilida “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” degan so‘zlar qalb izhori yanglig‘ yangramoqda. Dillardan dillarga ko‘chmoqda.

2014-yil, 31-avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i, unga tutash xiyobonlar, yo‘llar va binolar bayramona bezatilgan. Gullar tarovati, chiroqlar shu’lasi atrofga ajib go‘zallik baxsh etgan. Rangin bayroqchalar mayin shamol epkinida tebranadi. Maydon atrofiga o‘rnatilgan yirik monitorlar qadim Registon madrasalari va bugunning buyuk obidasi – Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasini eslatadi. Sahna tegrasidan taralgan nurlar samoda tutashib, yana yoyilib ketadi.

Bu yerga Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari tashrif buyurgan.

Soat 19.00. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.

Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning yigirma uch yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi. Bayram ahli qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mamlakatimizning bosh qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ladi. Monitorlarda Istiqlol manzaralari namoyon bo‘ladi. Ularga boqib yurak to‘lqinlanadi, g‘ururga to‘ladi.

Maydon moziy nuriga sho‘ng‘iydi. G‘oyibdan Amir Temurning viqorli ovozi eshitiladi. Buyuk Sohibqiron avlodlariga Vatanni hurlik va obodlikka eltishni, millat dardlariga darmon bo‘lishni vasiyat qiladi. Bu da’vat va ezgu niyatning ijobati sifatida monitorlarda Prezidentimiz Islom Karimov 1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’lon qilgan tasvirlar namoyon bo‘ladi.

Bu kun tarix solnomasida yangi davrni boshlab berdi. Yurtimizga hurlik, elga baxt, najot ato etdi. Vatanimiz xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega bo‘ldi. Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda. Yurtimiz iqtisodiyoti izchil rivojlanib, xalqimiz turmush darajasi muttasil yuksalib bormoqda.

Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyot tamoyillari – “o‘zbek modeli” asosida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va siyosatdan ustunligi, davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi, qonun ustuvorligi barcha sohalarda ulkan samaralar bermoqda. Kuchli ijtimoiy siyosat xalqimizga moddiy va ma’naviy madad bo‘layotir. Islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy bo‘hronlarning oldini olib, islohotlar samaradorligini ta’minlamoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanish jarayonlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Uzoq muddatga mo‘ljallangan mazkur demokratik dasturga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar va ommaviy axborot vositalari faoliyati hamda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinmoqda.

Fuqarolik jamiyati rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda ushbu tizim aholini ijtimoiy himoyalash, bandlikni ta’minlash, ma’naviy muhit barqarorligi va tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, hududlarni obodonlashtirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator vazifalarni bajarib kelmoqda.

Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududdagi muhim masalalarni hal etmoqda. Mahalliy boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Mahallada tom ma’nodagi demokratik qadriyatlar rivojlanmoqda. Bu o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovida ham yaqqol ifodasini topdi. Umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilgan mazkur saylov joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan muhim bosqich bo‘ldi.

...Ildizlari mustahkam daraxt ko‘kka bo‘y cho‘zadi. Kelajak moziydan quvvat oladi. Bayram sahnasida yangrayotgan mumtoz kuy-qo‘shiqlarda xalqimizning ma’naviy merosi, ajdodlarimizning ijodiy salohiyati namoyon bo‘ladi.

Istiqlol yillarida Vatanimizning boy ma’naviy-madaniy merosi tiklandi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy singari ulug‘ bobolarimizning yubileylari keng nishonlandi. Abduxoliq G‘ijduvoniy, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolari obod etildi, hayoti va bebaho merosi o‘rganilmoqda.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Toshkent, Marg‘ilon singari qadim va muazzam shaharlarimiz yubileyi xalqaro miqyosda tantana qilindi. “Avesto”ning 2700-yilligi, “Alpomish”ning 1000-yilligi, Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000-yilligini nishonlash asnosida tariximiz yanada teran o‘rganildi, shaharsozligimiz, madaniyatimiz ildizlari tadqiq etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va Samarqandda muvaffaqiyat bilan o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya dunyoda buyuk ajdodlarimizning dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamon yuqori ekanini ko‘rsatdi. Unda ishtirok etgan olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ilmiy markazlar va institutlar mutaxassislari O‘zbekiston allomalarining dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini yana bir bor e’tirof etdi. Mamlakatimizda tarixni o‘rganish, ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samaralarini yuksak baholadi.

...Bolalik umrning beg‘uborlik, baxtiyorlik pallasi. Bugungi bolalarning yuraklarida o‘tmish zalolati, nohaqlik asoratidan qolgan dog‘lar yo‘q. Ular – ozod va obod yurt bolalari. Ularning yuz-ko‘zlarida hamisha quvonch, dillarida olam-olam orzular bor. Bayram sahnasini shodlikka to‘ldirgan bolajonlarning qo‘shiqlari shunga hamohang.

Xalqimiz – bolajon. Barcha orzu-havaslarimiz, hayotimiz mazmuni farzandlarimiz bilan bog‘liq. Bu mentalitet davlatimiz siyosati, mamlakatimizning strategik maqsadlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Mustaqillik yillarida Yurtboshimiz rahnamoligida bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va barkamol ulg‘ayishi uchun barcha sharoit yaratildi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi sohalardagi islohotlar o‘zaro uzviylik kasb etib, izchil amalga oshirildi. Bugun zamonaviy tibbiy markazlar, ta’lim muassasalari, sport inshootlari har jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb e’lon qilingan joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, irsiy kasalliklarning oldini olish, oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Buning asosiy vositasi sifatida sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan asos solingan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyati umummilliy harakatga aylandi. Bu jarayon ta’lim-tarbiya tizimi bilan mutanosib ravishda olib borilayotgani yoshlarimizni ham ma’naviy, ham jismoniy jihatdan uyg‘un rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Sportda toblangan yoshlarimiz kamoloti do‘stlik va salomatlik bayramiga aylanib borayotgan uch bosqichli sport musobaqalarida yaqqol namoyon bo‘layotir. Joriy yil Namangan shahrida ushbu tizimning o‘rta bo‘g‘ini – “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Maydonga yaqinda Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan yosh sportchilarimiz kirib keladi. Jahonning eng nufuzli musobaqalaridan birida munosib qatnashib, 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritgan qahramon yigit-qizlarni bayram ahli olqishlar bilan kutib oladi.

...Harbiy orkestr sadolari ostida maydonda Vatan himoyachilari saf tortadi. Ularning qadamlaridagi zalvor yuraklarni larzaga soladi. Mustaqilligimizning mustahkam qalqonlari “Tinchliging asraymiz, muqaddas Vatan!” deya kuylaydi.

Tinchlik – taraqqiyot va farovonlikning asosiy omili. Mamlakatimizda ana shu omilning doim barqarorligi tufayli barcha sohalarda ulkan yutuq va marralarga erishilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida zamonaviy Qurolli Kuchlarni shakllantirish, uning qudrati va salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston qat’iy tinchliksevar siyosat yuritib kelmoqda. Davlatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi. Askarlarimiz faqat o‘z Vatani, o‘z xalqi tinchligi va daxlsizligini himoya qiladi. Davlatimiz tashqi siyosati milliy manfaatlarning ustuvorligi, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish, bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillariga asoslanadi.

Ana shunday qat’iy siyosati va ezgu tashabbuslari sabab mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora oshib bormoqda. Eng rivojlangan davlatlar, dunyoga dong‘i ketgan firma va kompaniyalar yurtimiz bilan hamkorlikka intilmoqda.

Bugun O‘zbekiston 130 dan ortiq davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Toshkentda 45 mamlakatning elchixonasi, yigirmaga yaqin xalqaro tashkilot va moliyaviy muassasa vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy davlatlarda, xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekistonning 50 ga yaqin diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilgan. Mamlakatimiz BMT, ShHT, MDH, Islom konferensiyasi tashkiloti kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarga a’zo.

...“Kim edigu kim bo‘ldik?”. Sahna ortidan o‘qilayotgan bu she’r xalqimizning fikrini ifoda etayotgandek, barchaning qalbidan chiqayotgandek tuyuladi. Monitorlarda elu yurtimizning zafarli odimlari, yigirma uch yillik tarix zarvaraqlari, betakror tabiatimiz, mehnatsevar yurtdoshlarimiz siymosi aks etadi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, asosan paxta xomashyosi yetkazib berishga ixtisoslashgan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan qoloq respublikadan sanoati tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan, jadal taraqqiy etayotgan mamlakatga aylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan avtomobilsozlik, motorsozlik zavodlariga, neft va gazni qayta ishlash, zamonaviy maishiy texnikalar, komputer va mobil telefonlar ishlab chiqarish kabi yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi. Oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo, qurilish materiallari sanoati korxonalari modernizatsiya qilindi. Bugun ularda tayyorlangan mahsulotlar aholi ehtiyojini to‘la ta’minlab, dunyo bozorlarini ham zabt etmoqda.

Yaqinda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlararo statistika qo‘mitasi mintaqa mamlakatlarining 2014-yil birinchi yarim yilligidagi rivojlanish ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha MDHda birinchi o‘rinni egalladi.

Bundan atigi 23-yil oldin O‘zbekiston ushbu mintaqada ayni shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng oxirgi o‘rinlarda turardi. Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyot tarkibi tubdan o‘zgartirilgani, sanoat rivojiga alohida e’tibor qaratilgani samarasida mamlakatimiz bu sohada ham birinchilar safiga chiqib oldi. Bugun yurtimizda yuksak texnologiyalarga asoslangan ko‘plab zamonaviy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularda inson uchun, xalqimiz ehtiyoji uchun zarur barcha mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Shu kabi islohotlar samarasida istiqlol yilarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 5 karra o‘sdi. Aholi daromadlari jon boshiga 8,7 barobar ko‘paydi. Keyingi o‘n yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 8 foizdan oshdi. Joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 8,1 foizni tashkil etdi.

Dunyoda kamdan-kam kuzatiladigan bunday natijalar xalqimizning hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tobora o‘zgarib borayotgani, yuz minglab uy-joylar va zamonaviy infratuzilma obyektlari bunyod etilayotgani, odamlarning sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlanayotganida namoyon bo‘layotir. Mamlakatimiz ijtimoiy farovonlik, jumladan, umr ko‘rish davomiyligi, oilalar mustahkamligi, bozorlar to‘kinligi bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinlarni egallab turibdi.

Erishilgan natijalar bilan cheklanmasdan, iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning qo‘shimcha imkoniyatlari izlanmoqda. 2013-yil 22-noyabr kuni poytaxtimizda Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Xalqaro energetika agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti, Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tuzilmalar vakillari, soha mutaxassislari va olimlar ishtirok etgan anjumanda mamlakatimizda quyosh energetikasini rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

...Maydon uzra navo yangraydi. So‘zlarga to‘kilgan hislar, hislardan tug‘ilgan kuylar qalblarni hayajonga soladi:

Hech kimni baxt o‘z-o‘zidan quchgan emas,

Qush ham ko‘kka mashaqqatsiz uchgan emas.

Oydin tunlar, osoyishta, tiniq tonglar

Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas.


Darhaqiqat, hech narsa osmondan tushmaydi. Maqsadga, baxt-saodatga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu kunlarga yetguncha xalqimiz ne-ne mashaqqatlarni boshidan o‘tkazdi. Avvalo o‘z fitratiga, o‘z qudrati va o‘z davlatiga ishonib, hammasini yengib o‘tdi. Bugun o‘sha sabr-toqatning, tinimsiz mehnatning rohatini ko‘rmoqdamiz.

Yurtimizda har bir inson mehr va e’tiborda. Bolalar sport bilan mashg‘ul. Yoshlar bilim olish, kasb egallash ishtiyoqida. Ota-onalar to‘ylar qilsam, bolalarimning kamolini ko‘rsam, degan yaxshi niyat bilan mehnat qilayotir. Yoshi ulug‘lar farzandlarini, el-yurtimizni duo qilib, tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirmoqda.

Yurtimizning har bir go‘shasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Dunyo miqyosida ham noyob sanalgan yirik zavodlar, sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz shaharlari bosh reja asosida qayta qurilmoqda. Buni Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Termiz, Qarshi, Urganch, Nukus, Farg‘ona kabi shaharlarimizning bugungi jamoli misolida ko‘rish mumkin. Natijada ushbu shaharlar qiyofasi butunlay o‘zgardi, ijtimoiy infratuzilma rivojlandi. Madaniyat va san’at saroylari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport muassasalari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, dam olish maskanlari hududlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.

Qishloqlarimizda barpo etilayotgan zamonaviy uylar oilalar farovonligini yuksaltirmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida minglab ana shunday yangi uy-joylar o‘z egalariga topshirildi.

Yurtimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlanmoqda. Yangi yo‘llar, yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilmoqda. Mamlakatimiz hududlari yagona temir yo‘l tarmog‘iga bog‘lanmoqda. 2013-yilda ulkan strategik ahamiyatga ega yana bir yangi yo‘l – Angren-Pop temir yo‘li qurilishi boshlandi. 124 kilometrlik mazkur temir yo‘l, shu jumladan, 19 kilometrlik tunnel O‘zbekistonning markaziy qismini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydi, Sharqiy Osiyo mamlakatlarining G‘arb davlatlariga chiqishida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi.

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar, fermerlik harakatining samaradorligi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bozorlarimiz to‘kin va farovon, dasturxonlarimiz fayzu barakali. Sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, meva, uzum yetishtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi oshib borayotir.

Mamlakatimizdagi bunday farovonlik, mo‘l-ko‘lchilikka butun dunyo havas qilmoqda. Joriy yilning 6-iyunida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan xorijlik mutaxassislar va ishbilarmonlar buni yana bir bor e’tirof etdi, yutuqlarimizni tan oldi.

Bu yil dehqonlarimiz 8 million 50 ming tonnalik yuksak xirmon bunyod etdi. Mustaqillikkacha don va un ta’minoti bo‘yicha boshqalarga qaram bo‘lib kelgan xalqimiz ayni paytda o‘z ehtiyojini ta’minlash bilan birga, xorijiy davlatlarga don eksport qilmoqda. G‘allachilik rivoji chorvachilik va parrandachilik kabi boshqa ko‘plab tarmoqlarga ham ijobiy ta’sir etib, go‘sht, sut, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l bo‘lishini ta’minlayotir.

– O‘zbekiston mustaqilligi bayramida yana bir bor ishtirok etayotganimdan mamnunman, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. – Bayram tantanasidagi ko‘tarinki ruh, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va shodlik yurtingizdagi to‘kinlik, farovonlik, tinch va osuda hayot ifodasidir. Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston har tomonlama jadal rivojlanmoqda. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, baxt-saodat tilayman!

...Bayram tantanasi yanada qiziydi. Vatanni, sevgi va sadoqatni, bugungi dorilomon kunlar shukuhini madh etuvchi qo‘shiqlar yangraydi. Yurtdoshlarimiz shunday mustaqil va go‘zal mamlakatda yashayotganidan g‘urur va surur tuyadi.

– Men 23 yoshdaman, Istiqlolimiz bilan tengdosh ekanimdan, mustaqillik yillarida kamolga yetganimdan faxrlanaman, – deydi bayram tantanalarida ishtirok etgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dilafro‘z Usmonova. – Biz baxtli avlodmiz. Shunday go‘zal va farovon yurtimiz, yoshlarning g‘amxo‘ri Prezidentimiz bor. Yurtboshimiz tabrik so‘zida bizga yana bir bor murojaat etib, o‘z mehr-e’tiborini bildirdilar. Bunday e’tibor biz, yoshlarga kuch-g‘ayrat, qanot bag‘ishlaydi.

Qalblardan toshayotgan hayajon misol samoda rang-barang mushaklar porlaydi. Uning yog‘dulari odamlar yuzini, butun poytaxtimizni yoritib yuboradi. Go‘yo xalqimizning yuzi hamisha yorug‘, mamlakatimiz kelajagi porloq bo‘lishidan nishona beradi.

Bayram tadbirlari yerning sun’iy yo‘ldoshi orqali dunyoning saksondan ortiq mamlakatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatildi.

Yillar o‘tadi, zamonlar o‘tadi. Xalqimizning xohish-irodasi, davlatimiz rahbarining jasorati bilan qo‘lga kiritilgan Mustaqillik kuni mamlakatimiz tarixidan aslo o‘chmaydigan abadiy sana bo‘lib qoladi. Asrlarga tatigulik bu kun asrlar davomida eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida nishonlanaveradi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati