Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida
22.07.2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Stomatologiya sohasidagi yuqori malakali tibbiyot kadrlarini xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etish, bo‘lg‘usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:

Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish;

Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarining stomatologiya fakultetlari, Toshkent pediatriya instituti Nukus filialining stomatologiya fakulteti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutining respublika mintaqalaridagi filiallarini tashkil etish;

Toshkent davlat stomatologiya instituti huzurida Stomatologiya va

yuz-jag‘ jarrohligi ilmiy-amaliy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Toshkent davlat stomatologiya instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin;

zamonaviy talablarga mos keladigan va hozirgi zamon stomatologiyasining ilg‘or texnologiyalarini egallagan stomatologiya sohasining yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislarini tayyorlash;

stomatologiya, yuz-jag‘ jarrohligi sohasi va boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, biotexnologiyalar, hujayra va regenerativ tibbiyot sohalaridagi ilg‘or yutuqlardan foydalangan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;

institut klinikalari va uning filiallarida aholiga stomatologiya sohasida yuqori malakali davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatgan holda stomatologik kasalliklar diagnostikasi, profilaktikasi va ularni davolashning ilg‘or usullarini tatbiq etish;

respublikaning oliy tibbiyot ta’limi tizimida stomatologiya sohasi bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida axborot va multimediya uskunalaridan foydalangan holda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish;

stomatologiya sohasidagi tibbiyot mutaxassislari va o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni tashkil etish.

3. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent davlat stomatologiya instituti huzuridagi Stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi ilmiy-amaliy markazi:

tish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolashning samarali usullarini ishlab chiqish, ilg‘or stomatologiya texnologiyalarini, shu jumladan, yuz-jag‘ sohasidagi to‘qimalar va organlarni tiklash chog‘ida osteoplastika, biologik va sun’iy materiallarni qo‘llanish kabi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan chuqur ilmiy izlanishlarni olib borish bo‘yicha institutning asosiy tadqiqot bo‘linmasi hisoblanadi;

xalqaro standartlarga muvofiq stomatologik kasalliklar diagnostikasi, profilaktikasi va ularni davolashning ilmiy-metodologik bazasi takomillashtirilishini ta’minlaydi va shunga asoslanib, stomatologiya sohasida davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqadi, shuningdek, stomatolog-vrachlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

4. Toshkent davlat stomatologiya institutining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 35 kishidan iborat tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Institut rektoriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda institutning tashkiliy tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida, zarurat bo‘lganda, o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

5. Belgilansinki, 2014-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasiga hamda stomatologiya yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha respublikaning boshqa oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2014/2015 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2014-yil 26-iyundagi PQ-2193-sonli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda uning filiallarining tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qabul qilinadilar.

6. Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilish uchun 2-ilovaga muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.

Maxsus komissiya (R.S.Azimov) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirsin, ustav hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, institutning o‘quv yili boshidan to‘laqonli faoliyat yuritishni ta’minlash borasidagi boshqa tashkiliy masalalarni hal etsin;

Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi va boshqa oliy tibbiyot ta’limi muassasalarining tugatilayotgan stomatologiya fakultetlarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibini belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazishni hamda Toshkent davlat stomatologiya instituti va uning filiallarini stomatologiya sohasida amaliy ish tajribasiga ega, o‘qitish va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy usullarini faol qo‘llaydigan yuqori malakali tashabbuskor kadrlar bilan ta’minlasin;

zamonaviy ta’lim texnologiyalari, eng yangi axborot va o‘quv- laboratoriya asbob-uskunalarini joriy etish va ulardan keng foydalanish asosida o‘quv rejalari va dasturlarini yangilagan holda stomatologiya bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etishni tanqidiy tahlil qilsin va ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olib qayta ko‘rib chiqsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Toshkent davlat stomatologiya instituti uchun 2014/2015 o‘quv yilining boshlanishiga takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlariga qat’iyan mos keladigan, stomatologiyani rivojlantirishning zamonaviy talablariga javob beradigan yangi o‘quv rejalar va dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda Stomatologiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirsin;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mashhur mutaxassis va olimlarni institutda ishlashga va dars berishga jalb qilish, stajirovkalarni tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash, birgalikda o‘quv va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish maqsadida Toshkent davlat stomatologiya instituti uchun xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ixtisoslashtirilgan universitet va institutlaridan texnik hamkor belgilash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va joriy etsin.

8. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Toshkent davlat stomatologiya instituti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilsin, unda:

Toshkent davlat stomatologiya institutini vaqtincha Toshkent tibbiyot akademiyasining Toshkent shahri, Taraqqiyot ko‘chasi, 103-uyda joylashgan 3-sonli klinikasi hududida joylashishini;

2015-yildan institutning yangi binolari majmui, jumladan, yotoqxona, uning filiallari qurilishini boshlash uchun moliyalash manbalari, jumladan, grantlar, imtiyozli xorijiy kreditlar va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni belgilagan holda joriy yilning oxirigacha zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni nazarda tutsin.

9. Toshkent davlat stomatologiya instituti va uning filiallarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan stomatologik asbob-uskunalar, o‘quv-laboratoriya jihozlari, komputer texnikasi, boshqa maxsus asbob-uskuna va inventarlar uchun 2020-yilning 1-yanvarigacha boj to‘lovlari (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yig‘iladigan yig‘imlar bundan mustasno) to‘lashdan ozod qilinsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga 2014-yilda va keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti parametrlarida Toshkent davlat stomatologiya instituti va uning filiallarida qurilish ishlarini olib borish, moddiy-texnik ta’minlash, shuningdek, xorijiy tillarda adabiyotlar sotib olish, jurnal va boshqa vaqtli nashrlar, jumladan, axborot-kutubxona resurslariga obuna bo‘lishga maqsadli mablag‘lar, jumladan, zarur kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishi ko‘zda tutilsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I.Ikromov zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2014-yil 22-iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati