Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
15.04.2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoniga muvofiq hamda litsenziyalashni va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish mexanizmlarini yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning:

2014-yil 1-iyundan boshlab, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyatning va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarning alohida turlarini 1- va 1-a ilovalarga muvofiq bekor qilish;

faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini va ruxsat etish xarakteriga ega tartibotlarni rasmiylashtirishning muddatlari va yig‘imlari miqdorlarini 2- va 3-ilovalarga muvofiq qisqartirish;

ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni va litsenziyalarni olish tartibotlarini yanada qisqartirish va soddalashtirish to‘g‘risidagi takliflari 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish bo‘yicha vakolatli organlar, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

2015-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashda “bir darcha” tamoyilini qonun hujjatlari darajasida joriy etishni 5-ilovaga muvofiq ta’minlasin;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan litsenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo‘yicha davriy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etib borish uchun dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etishni 2014-yilning oxirigacha tamomlasin.

3. Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali tadbirkorlik subyektlari uchun ustuvor interaktiv xizmatlarni joriy etish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi quyidagilarni ta’minlasin:

faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini va ruxsat etish tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o‘tkazish, shuningdek, davlat organlarining tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro elektron hamkorligini joriy etish samaradorligini baholash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli monitoring qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, “O‘zkommunxizmat” agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2014-yilning oxirigacha Kommunal xo‘jalik va uy-joy fondi portalini elektron to‘lov tizimlari va kommunal xizmatlarning billing tizimlari bilan birlashtirish yo‘li orqali mazkur portalni takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tadbirkorlik subyektlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, real vaqt rejimida o‘zaro hisob-kitoblar holati to‘g‘risida xabar berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini nazarda tutish;

manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tadbirkorlik subyektlariga 2013-2020-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan axborot tizimlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 2014-yil 1-oktabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradigan maxsus “tadbirkorlik subyektining kabineti” ishlashini ta’minlasin:

moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni interaktiv rasmiylashtirish va taqdim etish;

soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni, kommunal to‘lovlarni, litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo‘yicha ko‘rib chiqishda va ularni olishda to‘lanadigan yig‘imlarni va davlat bojlarini Internet-banking tizimi orqali to‘lash;

ma’lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish.

5. 2014-yil 1-iyundan boshlab, tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” tamoyili bo‘yicha elektron shaklda quyidagi jarayonlarni amalga oshirish huquqini beradigan tartib o‘rnatilsin:

tadbirkorlik subyektlarining ularni Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga taqdim etish;

milliy valyutada bir yilgacha bo‘lgan muddatga kredit olishga doir hujjatlarni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga taqdim etish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yish holatlari uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutgan holda qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ikki oy muddatda belgilangan tartibda kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni keng yoritish yuzasidan har bir hududda tadbirlar o‘tkazsin.

7. Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar va litsenziyalarni berish tartibotlarini belgilaydigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga 2014-yil 1-iyungacha tegishli o‘zgartishlar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2014-yil 15-aprel


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati