Milliy matbuot ravnaqiga e’tibor
25.06.2010

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mustaqilligi va erkinligini amalda ta’minlash barobarida mas’uliyatini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik soha xodimlaridan jamiyat oldidagi ma’naviy-ijtimoiy burchini yanada teranroq his etishni, zamon ruhi bilan hamnafaslik, hamqadamlikni, faol va qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishni, voqelikka chuqur tahliliy yondashuvni talab etadi.

Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu jihatlar yana bir karra o‘z isbotini topmoqda.

Xalqimizning siyosiy, ijtimoiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, barcha sohalarda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga xolis, haqqoniy va tezkor yetkazishda, barkamol avlodni tarbiyalashda, yoshlarni millatimiz uchun yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Prezidentimiz rahnamoligida milliy matbuotni izchil ravnaq toptirish, uning jahon axborot makonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lishi, erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan turli anjumanlar va ijodiy uchrashuvlarda bu boradagi vazifalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlab 25 iyun kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, soha faxriylari, ommaviy axborot vositalari, nashriyot matbaa-ijod uylarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari, ijodkorlar, talabalar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi SH.G‘ulomov ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, matbuotimizning sifati va ta’sirchanligini oshirish, uning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarning ijodiy, texnik mahorati va malakasini yuksaltirish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi. Nodavlat ommaviy axborot vositalarining tarmog‘ini yanada kengaytirish, ularning yurtimizda kechayotgan islohotlar va xorijda sodir bo‘layotgan voqealarni faol, ishonchli tarzda yoritishi uchun qo‘shimcha sharoit va imkoniyatlar yaratish, jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Barkamol avlod yili deb e’lon qilingan joriy 2010 yilda jamiyat hayotining barcha jabhalarida bo‘lgani kabi milliy matbuot sohasiga dadil kirib kelayotgan iste’dod sohiblarini kashf etish, o‘z so‘zi va ovoziga ega bo‘lgan iqtidorli yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish, yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari da’vat etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yilning eng faol jurnalisti» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari va sovrindorlariga mukofotlar topshirildi. Bolalar sportini rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etishga oid chora-tadbirlarni faol va keng yoritgan jurnalistlar Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligining sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy jurnalistikani rivojlantirish, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Tadbirda O‘zbek Milliy akademik drama teatrining badiiy dasturi namoyish etildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati