O‘ZBEK MILLIY AKADEMIK DRAMA TEATRINING 100-YILLIGINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA
23.01.2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbek Milliy akademik drama teatrining nafaqat mamlakatimiz, balki O‘rta Osiyo mintaqasida professional teatr san’atiga asos solish va uni rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol toptirish, yosh iste’dodlarni tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlarini inobatga olib hamda tashkil etilganining 100-yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va keng jamoatchilikning O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda mazkur sanaga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda uni yuksak darajada o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Ushbu rejada:

– O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosini kapital ta’mirlash, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash hamda hududini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– “O‘zbek Milliy akademik drama teatri” kitob-albomini nashrga tayyorlash va chop etish;

– O‘zbek Milliy akademik drama teatri haqida hujjatli film yaratish;

– “O‘zbekiston teatr san’ati: tarix, taraqqiyot va istiqbol” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda teatr faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etish;

– 2014-yilning sentabr oyida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida mamlakatimiz teatrlari vakillari va faxriylari, madaniyat va san’at namoyandalari, keng jamoatchilik ishtirokida ushbu sanaga bag‘ishlangan badiiy kecha o‘tkazish tadbirlari belgilansin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2014-yil 22-yanvar


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati