Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 22-noyabr kuni Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishi boshlandi
22.11.2013

Mazkur tadbirning o‘tkazilishi Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 2010-yil may oyida Toshkentda o‘tgan yillik majlisida ilgari surilgan Osiyo mintaqasida quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi doirasida e’lon qilingan edi.

Osiyo quyosh energiyasi forumining mazkur yig‘ilishida Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlaridan qariyb 300 nafar xalqaro moliya institutlari, kompaniya va korporatsiyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, olimlar, soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barqaror rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat barpo etishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda keng e’tirof etilgan taraqqiyotning «o‘zbek modeli» bu boradagi ishlarda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu modelning asosiy maqsadi kuchli milliy iqtisodiyotni tashkil etish, yangi yuqori texnologiyali korxona va ishlab chiqarishlarni jadal rivojlantirish hisobidan uning raqobatbardoshligini oshirish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun resurslarni tejash imkonini beradigan zamonaviy texnologiya hamda uslublarni joriy qilishdan iborat. Shu bois yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish, jumladan, resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalarni joriy etish hisobidan taraqqiy ettirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Mamlakatimizning to‘la energetika mustaqilligiga erishgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir.

Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao o‘z nutqida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda quyosh energiyasini rivojlantirish borasida yetakchi mamlakat bo‘lishi uchun zarur ulkan yer resurslari, quyoshli kunlarga, yuqori malakali va bilimli inson resurslariga ega ekanini ta’kidladi. Shu bois quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir.

Istiqlol yillarida O‘zbekistonda muqobil energiya manbalaridan, ayniqsa, quyosh energiyasidan foydalanish borasida boy tajriba to‘plandi. Serquyosh o‘lkamizda yilning 320 kundan ko‘prog‘ida quyosh charaqlab turadi. Quyosh energiyasining yillik salohiyati esa neft ekvivalentida 51 milliard tonnadan oshadi. Bu quyosh energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarish, issiq suv va isitish tizimi bilan ta’minlash, quduqdan suv olish va uni chuchuklashtirish, meva-sabzavotlarni quritish hamda boshqa ko‘plab maqsadlarda keng ko‘lamda foydalanish imkonini beradi.

Majlisda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish katta istiqbolga ega ekani va bu borada samarali ilmiy tajriba to‘plangani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda quyosh va biogaz energiyasini ishlab chiqarish hamda undan foydalanish uchun zarur ko‘p tarmoqli ilmiy-tajriba va moddiy-texnik baza samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida quyosh energiyasini yarim o‘tkazadigan fotoo‘zgartirgichlarni ishlab chiqish va ularning nazariy asoslarini yaratish, turli maqsadlarga mo‘ljallangan bioenergetika manbalari, qurama geliotexnik qurilmalar, mustaqil ta’minot manbalarini loyihalashtirish, yuqori haroratli geliomaterialshunoslik sohasida ilmiy maktablar shakllantirilgan.

Prezidentimizning 2010-yil 15-dekabrda qabul qilingan «2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarori qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini faollashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Qarorda sanoat tarmoqlari, shu jumladan energetika sohasida tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga doir muhim vazifalar belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Obod turmush yili» Davlat dasturi, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martda qabul qilingan “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida energiya tejaydigan tizimlarni joriy etish, muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu va boshqa dasturiy hujjatlar energiya iste’moli sohasida yuzaga kelayotgan qator masalalarni hal etish, noan’anaviy energetika resurslari, jumladan, quyosh energiyasidan keng ko‘lamda foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish, quyosh panellari uchun tegishli uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarni sanoatlashtirilgan holda ishlab chiqarishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘plab geliotizimlar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, «Eko-energiya» ilmiy-tadbiqiy markazi, “Mir Solar” mas’uliyati cheklangan jamiyati va boshqalar shular jumlasidandir. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘llanilmoqda. Uy-joy kommunal xo‘jaligida quyosh energiyasi elementlarini joriy etishga ham katta e’tibor berilmoqda. Chunonchi, qishloq joylarda namunali loyihalar asosida barpo etilayotgan ayrim uylarda quyosh va shamol energiyasida ishlaydigan gibrid tizimlar o‘rnatilmoqda. Yaqin kelajakda mamlakatimizning borish qiyin bo‘lgan tumanlarida joylashgan umumta’lim va kasb-hunar o‘quv muassasalarini ham quyosh energiyasi elementlari bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan forum ishtirokchilari ham bunday texnologiyalardan foydalanish yaxshi samara berishini qayd etdi. Ular mamlakatimizda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi mavjud imkoniyatlar va olimlarimizning bu boradagi eng so‘nggi yutuqlarini yuksak baholadi, O‘zbekistonning xorijiy sheriklar bilan samarali hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Xan Chjin Xyon Koreya Respublikasi O‘zbekistonda Surgil koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo kompleksini qurish va “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini rivojlantirishga oid muhim investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotganini ta’kidladi. Mamlakatimiz muqobil energiya manbalari sohasida katta salohiyatga ega ekani e’tiborga olinib, quyosh energetikasini rivojlantirish, shu jumladan quyosh elektr stansiyalarini bunyod etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Fizika-texnika instituti olimlarining ishlanmalari forum ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda qattiq jism nazariyasi, yuksak texnologiyalar va yarim o‘tkazgichlar, quyosh energiyasini o‘zgartirish fizikasi sohasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martda qabul qilingan Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil qilishga oid qaroriga muvofiq, Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi negizida Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari ishtirokida Xalqaro quyosh energiyasi instituti tashkil etildi. Quyosh energiyasidan sanoat ko‘lamida foydalanish sohasida yuqori texnologik ishlanmalarni amalga oshirish, ilg‘or va iqtisodiy jihatdan samarali texnologiyalar asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada quyosh energiyasi imkoniyatlaridan amaliy foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlash mazkur ilmiy dargohning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridandir. Shuningdek, quyosh energetikasidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida foydalanish, shu jumladan maxsus materiallarni sintez qilish va ularga termik ishlov berish texnologiyalarini qo‘llash bilan bog‘liq amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish, quyosh energetikasi sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish ham institutning vazifalari sirasiga kiradi.

Olimlarimizning yuqori haroratli materialshunoslik sohasidagi yutuqlari ham forum qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ekspertlar Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan 1 MVt issiqlik quvvatiga ega katta quyosh pechi barpo etilgan «Quyosh» ob’ektini borib ko‘rdilar. «Fizika-Quyosh» majmuining ushbu noyob bazasi quyoshni har tomonlama kuzatish, nazariy va tajriba tadqiqotlari bilan shug‘ullanish imkonini beradi.

– O‘zbekiston quyosh energiyasidan foydalanish borasida ulkan salohiyatga ega, – dedi Brandenburg instituti prezidenti, professor Kloze Edgar (Germaniya). O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ilg‘or tizimlar ishlab chiqarish imkonini beradigan texnologik baza mavjud. Hamkorligimiz yo‘lga qo‘yilgan “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini borib ko‘rganimizdan so‘ng bunga yana bir bor amin bo‘ldik. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham joriy etish maqsadida qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida yangi texnologiyalarni ishlab chiqmoqdamiz.

Xalqaro ekspertlar quyosh energetkasini rivojlantirish istiqbollari va ushbu sohadagi texnologiyalarni taraqqiy ettirish borasidagi so‘nggi tendensiyalar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Jumladan, Seviliya universiteti professori Eduardo Galvanning (Ispaniya) fotoelektrik texnologiyalarni rivojlantirish tendensiyalari, integratsiya va tahdidlar masalalari, Yevropa quyosh issiqlik energiyasi uyushmasi boshqaruvi direktori Marsel Bialning (Belgiya) quyosh issiqlik energiyasining istiqbollari, “Solar Technology Advisors” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yorge Servertning (Ispaniya) O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, “Alstom” kompaniyasining strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Paolo Montresorning KSE elektr energiyasining muhim ahamiyatiga doir ma’ruzalari tinglandi.

Osiyo quyosh energiyasi forumining yalpi majlisida so‘zga chiqqan Xalqaro quyosh energiyasi institutining direktori Alim Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Sa’dulla Lutfullayev va boshqalar O‘zbekiston olimlarining muqobil energiya manbalarini, shu jumladan, quyosh energiyasini rivojlantirish sohasida katta yutuqlari va noyob ishlanmalarini qayd etdi.

Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishi o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati