Ahmad bin Abdulnabi Makkiy: "O‘zbekistonga sarmoya kiritish ko‘p jihatdan samaralidir"
07.10.2009

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ummon Sultonligiga amalga oshirgan tashrifi, O‘zbekiston-Ummon munosabatlarini rivojlanishi va chuqurlashuvi xorijiy mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlilchi, ishbilarmon doira vakillari hamda ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

«Oman News Agency» axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ummon Sultoni Qobus bin Said bilan Sulton saroyida bo‘lib o‘tgan muzokaralari haqidagi xabarida uchrashuv davomida davlat rahbarlari ikki birodar mamlakat o‘trasidagi hamkorlikning barcha jabhalarini, Ummon va O‘zbekiston xalqlari manfaatlarini ilgari surish yo‘llarini atroflicha ko‘rib chiqishgani, shuningdek muzokara kun tartibiga kiritilgan qator mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilishganini qayd etadi.  
Agentlik Sulton Qobus bin Said O‘zbekiston Prezidenti va delegatsiyasi sharafiga Sulton saroyida rasmiy qabul marosimi uyushtirgani haqida yozadi. Rasmiy qabul marosimida Ummon Davlat Kengashi va al-Shura Majlisi raislari, Sultonlik qurolli kuchlari qo‘mondonlari va Sultonlik politsiyasi rahbarlari, Davlat Kengashi va parlamentning amaldagi a'zolari, diplomatiya korpuslari vakillari, Tashqi ishlar vazirligi rahbar xodimlari, qator shayxlar va Maskat shahri gubernatorligining yuqori darajali amaldorlari, ommaviy axborot vositalarining bosh muharrirlari va boshqalar ishtirok etishdi.

“Oman News Agency” o‘zining navbatdagi xabarida O‘zbekiston rahbari Islom Karimov tashrifi doirasida Sultonlik hukumati va O‘zbekiston tomoni davlatlar, hukumatlar va idoralararo bir qator hujjatlarni imzolashganini qayd etadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ummon Sultonligiga qilgan tashrifi yakuni bo‘yicha Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.

Tomonlar imzolagan bitimlar va memorandumlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi va Ummon Sultonligi o‘rtasida Hamkorlik va o‘zaro munosabatlar asoslari to‘g‘risidagi bitim, Savdo va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, shuningdek Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi vakilligidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Ummon hukumati o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi, Turizm vazirligi vakilligida Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi, Havo qatnovi to‘g‘risida bitim, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi va Ummon investitsiya jamg‘armasi o‘trasida “Navoiy” EIIZ hududida yangi meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga oid loyihani amalga oshirish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumlarni sanab o‘tish mumkin.

“Ikki mamlakat, shuningdek, Ummon Sultonligi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish va daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qo‘shimcha protokol imzolashdi. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Ummon Sultonligi Moliya vazirligi o‘rtasida memorandum imzolashdi” - deyiladi agentlik xabarida.

Shuningdek mamlakatlar Ummon neft va gaz kompaniyasi va “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi o‘rtasida ikkita bitim va uchta memorandum imzolashga erishdilar.

Ummon milliy iqtisodiyot vaziri Ahmad bin Abdunabi Makkiy ning ta'kidlashicha, Sulton Qobus bin Said janobi oliylari va Prezident Islom Karimov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar siyosiy qarashlarning yaqinligi va o‘zaro manfaatlarni ilgari surish maqsadida Toshkentda Ummonning elchixonasini ochish orqali ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishdan tomonlarning o‘zaro manfaatdorligini namoyish etdi.

A.Makkiy “O‘zbekistonga investitsiya kiritish ko‘p jihatdan samaralidir, zero mamlakat Markaziy Osiyonig qoq markazida joylashgan, qolaversa u jadal iqtisodiy o‘sish suratlarini namoyish etmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston neft va gaz kabi tabiiy qazilmalarga, qishloq xo‘jalik resurslari va inson salohiyatiga boy o‘lka. Sultonlikda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham siyosiy barqarorlik, xavfsizlik saqlanmoqda, ikkala mamlakat ham geografik joylashuv jihatdan muhim strategik o‘rinda joylashgan va sarmoyaviy jozibadorlikka ega”, - deya qayd etadi.

“Times of Oman”ning xabariga ko‘ra, investitsiyalarni rag‘batlantirish va ikki tomonlama savdo-sotiqni faollashtirish ikki birodar mamlakat va ular xalqlarining manfaatlariga xizmat qiladi. Nashrning ta'kidlashicha, muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan natijadan o‘zaro qoniqish hosil qilganini bildirishgan.

Tomonlar, shuningdek, milliy va xalqaro me'yorlardan kelib chiqqan holda o‘zaro hurmat, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan ikki davlat manfaatlariga daxldor mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Bundan tashqari, ular mintaqaviy va xalqaro muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdilar.

Tomonlar iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmini oshirishga yo‘naltirilgan bitimlarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatda xususiy tarmoqni rivojlantirishni rag‘batlantirish muhimligini ta'kidladilar.

Pokistonning mashhur “Plus News Pakistan” nashri O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ummonga qilgan davlat tashrifi to‘g‘risida so‘z yuritib, bu masalada “Sultonlik saroyi devonxonasi tarqatgan xabarda keltirilishicha, mazkur tashrif Ummon Sultonining taklifiga bildirilgan javob bo‘lib, O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiladi. Tashrif ikki davlat rahbarlarining ikki birodar xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilishga bo‘lgan intilishining natijasi hisoblanadi va xalqaro maydonda sodir bo‘lgan so‘nggi voqyealarni muhokama etishga qulay imkoniyat yaratadi”, - deb yozadi.

“Al-Xolij” gazetasi (BAA) O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Ummon Sultoni o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar jaryoni va yakunlarini keng yoritdi. Xususan uning xabar berishicha, Sultonlik rahbariyati O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash va barcha sohalarda hamkorlikni jadallashtirishga katta qiziqish bildirgan.

“Al-Jazira” gazetasi (SAQ) tarqatgan axborotda aytilishicha, O‘zbekiston arab dunyosi bilan aloqalarni izchil rivojlantirishni davom ettirmoqda. O‘zbekiston tashqi siyosatida Ummon muhim o‘rin tutadi. Jug‘rofiy jihatdan bir-biridan olisda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu mamlakatlarni mushtarak tarixiy ildizlar birlashtirib turadi.

Masqatning Toshkentda Ummon Sultonligi elchixonasini ochish borasidagi niyati tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlik doiralarini kengaytirishga bo‘lgan intilishidan dalolatdir. Shuningdek, Ummon rahbariyati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng yetakchi davlatlardan biri sifatida e'tirof etishi qayd etiladi.

Arab mamlakatlari axborot agentliklarining yagona tizimi bo‘lgan “al-Xolij fil I'lom” “O‘zbekiston bilan Ummon Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlarning mushtarak ildizlari” sarlavhali maqolani chop etdi. Unda ta'kidlanishicha, Ummonning hozirgi rahbariyati tarixiy, jug‘rofiy va diniy ildizlar birlashtirib turuvchi musulmon olami mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqda.

Shu ma'noda Ummon Sultonligining ko‘hna tarix va madaniyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘zaro munosabatlari ustuvor ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zero, hozirda har bir musulmon kishisi islom tarixi orqali O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva kabi mashhur shaharlari nomlarini biladi. Aynan ushbu mamlakat butun dunyoga musulmon sivilizatsiyasi va fani tarixida chuqur iz qoldirgan al-Buxoriy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino, az-Zamahshariy, at-Termiziy kabi umume'tirof etilgan olimlar va mutafakkirlarni yetishtirib bergan.

Yana ta'kidlanadiki, bugun dunyoda iqtisodiy jihatga asoslangan ikki tomonlama aloqalar xalqaro munosabatlarda ustivor o‘rinni egallaydi. Shu ma'noda Ummon Sultoni Qobus bin Said va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajali muzokaralarda O‘zbekiston va Ummon xalqlari faravonligi yo‘lida ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Agentlik tarqatgan xabarda aytilishicha, ikkala mamlakat iqtisodiyotlari o‘zaro bir-birini to‘ldirishi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

«Omanobserver» nashrida chop etilgan «O‘zbekiston-Ummon: ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqich” sarlavhali maqola O‘zbekiston-Ummon aloqalariga bag‘ishlangan. Unda ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Ummon munosabatlari o‘z rivojlanishining yangi davriga qadam qo‘ydi. Savdo aylanmasi hajmi 2009 yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yetti baravarga oshdi.

Nashrning qayd etishicha, “O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Sulton Qobus zoti oliylari taklifiga ko‘ra Ummon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi, shubhasiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadi. Yana shuni komil ishonch bilan aytish mumkinki, tashrif asnosida imzolangan hujjatlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Nashrning ta'kidlashicha, O‘zbekiston va Ummon o‘zaro savdo-sotiqni diversifikatsiyalash va kengaytirishga intilmoqda. O‘zbekiston va Ummonda milliy ko‘rgazmalar va yarmarkalarning o‘tkazilishi yuridik shaxslar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga va o‘zaro tijoriy aloqalarni kengaytirishga zamin yaratadi.

Agentlikning ta'kidlashicha, ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish borasida yetarli imkoniyatlar mavjud. Xususan, ular qatorida investitsiya, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy, neft va gaz sohasida, kimyoviy va neft-kimyo sanoati, metallurgiya, ta'lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni sanab o‘tish mumkin. Ummonning yirik kompaniyalarini Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyati mavjudligi ayniqsa qiziqtirmoqda.

Ozarboyjonning «Trend» axborot agentligining xabar berishicha, Masqatga davlat tashrifi bilan kelgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Ummon Sultoni Qobus bin Said bilan uchrashdi va O‘zbekiston va Ummon rahbarlari ikkitomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Ummon Sultonligi bilan rivojlanib borayotgan aloqalarni yuqori baholashini ta'kidladi. U ushbu uchrashuv tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

Agentlik xabarida Ummon Sultoni Qobus Bin Saidning “O‘zbekiston rahbarining Ummonga davlat tashrifi tarixiy voqyea bo‘lib, ikki tomonlama oliy darajali uchrashuvlarning boshlanganidan dalolat beradi” degan so‘zlarini keltiradi.

“Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning turli sohalardagi hamkorligini chuqurlashtirishga mo‘ljallangan qator hujjatlar imzolandi. Uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlar ikkitomonlama hamkorlikning yangi bosqichi shakllanishi uchun xizmat qilishiga ishonya bildirildi. Islom Karimovning Ummonga amalga oshirilgan muzkur ilk tashrifi so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Ummon munosabatlarining faollashuvi ruhida bo‘lib o‘tdi”, - deya qayd etadi «Trend».

Ozarboyjon agentligi ta'kidlaydiki, “O‘zbekiston va Ummon ulkan yoqilg‘i-energetika salohiyatiga, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida katta tajriba ega. Neft va gaz sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida tajribalar o‘tkazishdan har ikkala tomon ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Ikki mamlakat ham sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida yaxshi imkoniyatlarga ega. Xususan, O‘monda O‘zbekistonning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilishga qiziqish katta».

Rossiyaning “REGNUM” axborot agentligining xabariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining Ummon Sultonligiga ilk tashrifi investitsiya sohasidagi hamkorlikning faollashuviga jiddiy turtki bo‘ldi, O‘zbekiston va Ummon hukumatlari investitsiyalarni o‘zaro muhofaza qilish hamda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi bitimlari imzolandi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston-Ummon hamkorligidagi ijobiy sa'y-harakatlar tomonlarning delegatsiyalar almashuvi faollashganida ham ko‘rinadi.

Agentlikning xabariga ko‘ra, «Ummon arab dunyosidagi eng nufuzli va obro‘li davlatlardan biri sanaladi. O‘zbekiston uchun ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish arab mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashning yangi imkoniyatlarini ochadi. O‘z navbatida, Ummon O‘zbekistonga mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish ufqlarini kengaytiruvchi Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida qaraydi».


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati