Barkamol avlod – jamiyat taraqqiyotining yetakchi kuchi
10.12.2009

Davlatimiz rahbari Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 17 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2010 yilni mamlakatimizda “Barkamol avlod yili” deb e’lon qildi.

Barkamol avlod – jamiyat taraqqiyotining asosidir. Shu bois yurtimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq ham jismoniy, ham ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 4 martda qabul qilingan farmoniga muvofiq ta’sis etilgan mustaqil Vatanimizning ilk ordeni – «Sog‘lom avlod uchun» deb nomlanishi ham istiqlolning ilk yillaridan bu masalaga nechog‘li ulkan e’tibor qaratilganidan dalolatdir. Zero, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu niyatni amalga oshirish imkoniyati mustaqillik sharofati bilan paydo bo‘ldi. Buyuk davlatni barpo etishga qodir barkamol avlodni – mustaqil insonni tarbiyalash uchun zarur barcha iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamda ma’naviy imkoniyatlar tobora kengaymoqda.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, sog‘lom avlod deganda, avvalo, sog‘lom nasl, jismonan baquvvat, iymon-e’tiqodi butun, bilimli, ma’naviyati yuksak, mard va jasur, vatanparvar avlod tushuniladi. Mantiqan bir-biriga hamohang bo‘lgan «Inson manfaatlari yili», «Oila yili», «Sog‘lom avlod yili», «Ona va bola yili», «Sihat-salomatlik yili», «Yoshlar yili», «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili»da ham barkamol avlod tarbiyasi, uning manfaatlarini ta’minlash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etdi.

O‘tgan yillar davomida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi. Xususan, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari, yangi tug‘ruqxonalar barpo etish, onalar va bolalar salomatligini himoyalash maqsadida joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Yurtimizda yoshlar huquqlarini barcha sohalarda himoya qilish maqsadida tegishli tashkiliy-huquqiy asoslar to‘la shakllantirildi. Ayni chog‘da ushbu huquqiy asosni yanada takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Qabul qilinayotgan barcha qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlarning zamirida yagona g‘oya mujassam. Bu g‘oya, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, sog‘lom zurriyot, ya’ni jismoniy va ma’naviy yetuk avlod shakllanishi va o‘z imkoniyatlarini hamda salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur tizimni yaratish, yoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoyalash, zamonaviy bilim va kasbga ega bo‘lishini, jamiyatimiz hayotida munosib o‘rin egallashini ta’minlashdan iborat.

Yoshlarimizni jismonan va ma’nan barkamol avlod etib tarbiyalash borasidagi islohotlar hayotimizning boshqa sohalari bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan holda, tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yilida bu boradagi sa’y-harakatlar yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Yangi ta’lim maskanlari zamonaviy mebel, o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan, ularda kompyuter sinflari va lingafon xonalari tashkil etilgan. O‘quvchi va talabalarning zamonaviy bilim olishini ta’minlash bilan birga, ularning maishiy sharoitini yanada yaxshilash, sport bilan muntazam shug‘ullanishi bo‘yicha aniq rejalar hayotga keng tatbiq etilmoqda.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining hayotimizga chuqur tatbiq etilayotgani yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatish, ularni ish bilan ta’minlash, sog‘ligini asrab-avaylash, ma’naviyatini yuksaltirish, qobiliyati va iqtidorini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalari berayotgan yuksak samaralar, bolalar sportini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni alohida ta’kidlash joiz. Yurtimizda ko‘plab zamonaviy sport majmualari, suv sporti saroylari, stadionlar barpo etilib, sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Yoshlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga xizmat qilayotgan bunday zamonaviy inshootlar ommaviy sport rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bir tomondan, bolalarimiz zamonaviy sharoitdan unumli foydalangan holda jismonan chiniqayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodir yosh sportchilarning yangi avlodlari yetishib chiqmoqda.

Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimizning kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga dadil kirib kelmoqda. Yoshlarimiz siymosida muayyan kasb, ba’zan bir necha yo‘nalish bo‘yicha diplom olgan, bir necha xorijiy tilni o‘rgangan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, mustaqil inson sifatida shakllangan, bir so‘z bilan aytganda, el-yurt xizmatiga shay, yuragi yonib, ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan navqiron yigit-qizlarni ko‘rib, qalbingizda ishonch, g‘urur-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi.

Xalqimiz o‘zining iste’dodli farzandlari bilan, ularning xalqaro fan olimpiadalari, jahon sport maydonlari, madaniyat va san’at olamida erishayotgan katta yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Yurtimizda yashayotgan har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyati va iste’dodini o‘z vaqtida payqash, tarbiyalash va ro‘yobga chiqarish doimiy e’tiborda.

«Kelajak ovozi», «Yangi avlod», «Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» kabi respublika tanlovlarining yuqori saviyada tashkil etilayotgani yoshlarda chuqur bilim olishga intilishni kuchaytirish, ilg‘or o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish, pedagoglar o‘rtasida innovatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha raqobat muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Farzandlarimizning zamon va texnikaviy taraqqiyot bilan baravar odimlayotgani qalbimizga g‘urur bag‘ishlasa, ularning ongu tafakkurini dunyoda kuchayib borayotgan turli ma’naviy tahdidlardan, «ommaviy madaniyat»ning zararli ta’siridan himoya qilish mas’uliyati bizni yanada hushyor, sezgir va ogoh bo‘lishga undaydi.

Yurtimizda iqtidorli yoshlarni moddiy rag‘batlantirish va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratilgan. Oliy o‘quv yurtlarida bakalavr, magistr va aspirantlar uchun davlat stipendiyalarining turli shakllari joriy etilgan. Shuningdek, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida respublika olimpiadalari, tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkazish, ana shu tadbirlarda va xalqaro miqyosdagi olimpiada, tanlov va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh ishtirokchilarni moddiy rag‘batlantirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda sog‘lom oilani shakllantirish va oilada yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, yoshlarni oila qurishga tayyorlash, oilalar mustahkamligini va manfaatlarini ta’minlash, sog‘lom farzand o‘stirish, tarbiyalash va voyaga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Bunda, avvalambor, oilaning muqaddasligi hamda nikoh mas’uliyati bo‘yicha kelajakda oila quradigan yigit va qizlarimizning tafakkurini, ongini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qizlarimiz ongida onalik, o‘g‘illarimizda esa ota bo‘lish mas’uliyatini shakllantirish, bunga ularni tayyorlash, yosh oilalarning huquqiy savodxonligini tubdan yaxshilash va oilada bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlar ko‘lami kengaymoqda. Zero, oila farovonligi milliy farovonligimiz asosidir.

Hayot, taraqqiyot doimiy yuksalishda, yangi-yangi marralar sari odimlayveradi. Yurtimizning ertangi kuni, taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yetuk mutaxassis yoshlar Vatanimiz rivoji yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarni amalga oshiradigan, ro‘yobga chiqaradigan qudratli kuchdir. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, har tomonlama yetuk avlodgina bugun hayot oldimizga qo‘yayotgan o‘ta murakkab, og‘ir sinov va qiyinchiliklarni yengish, biz ko‘zlagan yuksak marralarni egallashning eng asosiy shartidir.

Xalqimiz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmagan va hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalashda, ezgu maqsad-muddaomiz – erkin, ozod va obod hayot bunyod etishda ham hech kimdan kam bo‘lmaydi.

Shuning uchun bu muhim masalaga doimo davlatimiz, jamiyatimizning asosiy vazifasi sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz tomonidan yangi – 2010 yilga Barkamol avlod yili deb nom berilishi ham buning yaqqol tasdig‘idir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati