O‘zbekiston xalqi demokratik islohotlarning chuqurlashtirilishi uchun ovoz berdi
29.12.2009

2009 yil 27 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘lib o‘tdi.

28 dekabrda saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov qayd etdiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash borasidagi islohotlarni chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari, xorijiy va xalqaro kuzatuvchilarga ma’lum qilindiki, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 15 million 108 950 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 87,8 foizini tashkil etadi. Shunday qilib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 44-moddasiga binoan, parlamentning Qonunchilik palatasiga saylov bo‘lib o‘tgan, deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, 96 ta saylov okrugida deputat saylandi. Qonunchilikka binoan qolgan 39 ta saylov okrugida ikki haftalik muddatda eng ko‘p ovoz olgan deputatlikka ikki nomzod uchun qayta ovoz berish o‘tkaziladi.

Saylov kuni O‘zbekiston Ekologik harakatining Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasining har bir ma’muriy-hududiy birligi va Ekoharakat Ijroiya qo‘mitasi vakillari bo‘lgan nomzodlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qonunchilik palatasiga mazkur harakatdan 15 nafar deputat saylandi.

Matbuot anjumanida ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligida belgilangan barcha demokratik norma va prinsiplarga to‘la mos holda o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi ta’kidlaganidek, qonunchilik talablari buzilganligi holatlari haqida xabar va ma’lumotlar tushmagan.

Saylov – kuchli fuqarolik jamiyatiga ega demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalqning o‘z xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining asosiy shaklidir. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda siyosiy, davlat va huquqiy sohalarning izchil, bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Saylovning samarali, umume’tirof etgan xalqaro me’yorlar va standartlarga javob beradigan asosi yaratildi. Saylovning ochiqlik, oshkoralik va adolat kabi tamoyillarga muvofiq holda o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonuni, «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan.

Bu galgi saylovning o‘ziga xosligi shundaki, u sifat jihatidan yangi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda o‘tkazildi. Mahalliy hokimiyat vakillik organlarining roli va ahamiyati sezilarli darajada kengaydi va mustahkamlandi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirsh to‘g‘risida“gi Konstitutsiyaviy qonunining amalga oshirilishi ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishi va mustahkamlanishiga, Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar rolining kuchayishiga va ular tomonidan qarorlar qabul qilinishiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Partiyalarning faolligi va partiyalararo raqobat darajasi oshdi.

Milliy qonunchilikka ko‘ra siyosiy partiyalarga, ular tavsiya etgan deputatlikka nomzodlarga saylovoldi kampaniyasini olib borishda, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda, ularga o‘z saylovoldi dasturlari mohiyatini yetkazishda, ommaviy axborot vositalarida saylovoldi targ‘ibotini olib borishda teng huquq va imkoniyatlar yaratildi.

2009 yilgi saylovni qonunchilik talablari asosida, yuksak demokratik saviyada o‘tkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha konsepsiya qabul qilindi. Qonunchilikda va konsepsiyada belgilangan barcha uchun bir xil saylov me’yorlari va talablari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibiga saylov kampaniyasi davomida to‘liq amal qilindi.

Saylovning demokratligi, bu jarayonda amaldagi qonunchilikka rioya qilinishi okrug va uchastka saylov komissiyalarining qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik va adolatlilik tamoyillariga asoslangan aniq, uyushgan faoliyati orqali ta’minlandi. Barcha 8447 ta saylov uchastkasi aloqa vositalari, kompyuterlar va tashkiliy texnika, saylov qonunchiligi me’yorlariga oid huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Hududlarda okrug va uchastka komissiyalari a’zolari uchun o‘quv-seminarlari, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi.

Saylov jarayonining ochiq va oshkoraligi mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirokini ta’minladi. O‘zbekison Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov monitoringi 36 davlatdan va to‘rt xalqaro tashkilot – YEXHT DIIHB, SHHT va IKT missiyalaridan 270 dan ziyod kuzatuvchilar, shuningdek, deputatlikka o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning 30 mingdan ziyod kuzatuvchilari va 30 mingdan ziyod vakolatli vakillari tomonidan ta’minlandi. Bundan tashqari, saylov jarayonini yoritishda mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalarining 630 dan ortiq vakili qatnashdi.

Matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi raisi ma’lum qilganidek, hozir Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatining oliy organi – Konferensiyasi tomonidan taqdim etilgan bayonnomalarni va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida“gi qonunga muvofiq, zarur hollarda – ayrim saylov uchastkalari komissiyalari materiallari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yana bir bor sinchiklab tekshiriladi. Faqat shundan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Milliy saylov qonunchiligiga muvofiq saylov natijalari to‘g‘risidagi xabar va Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovdan so‘ng 10 kunlik muhlatdan kechiktirilmay matbuotda e’lon qilinadi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan mamlakatimiz va xorijiy jurnalistlar 2009 yilgi saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov yuksak tashkiliy saviyada, demokratik tamoyillarga to‘la mos holda o‘tkazildi. Bo‘lib o‘tgan saylov elektorat faolligi oshganligidan, ularning siyosiy va huquqiy yetukligidan dalolat beradi.

27 dekabrda xalqimiz jonajon O‘zbekistonning demokratik huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidan, aholi farovonligini oshirish va Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidan olg‘a odimlayotganligini yana bir bor namoyish etdi.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati